SO‘ZIMIZNING OLMOS QIRRALARI

Xalqni zamonlar evrilishida unutilib ketishdan asraydigan asosiy qiymat – uning ona tili va so‘zlaridir. Turkiy shajaraning baquvvat xalqasi bo‘lmish o‘zbek lisonimizda so‘zlar mo‘l-ko‘l hamda rang-barang: ularni xotira tegirmonidan olib yanada jaranglatish fursati yetdi. So‘zlarni qayrab, yarqiroq holatda jonli muloqotga solish lozim. Bu yo‘lda har birimiz astoydil xizmatga bel bog‘lashimiz mumkinga o‘xshaydi. 

Mabodo, biror so‘zni tanlab olib tovushiga quloq solsangiz, ularning o‘zaklari qalqib chiqaveradi. Ming yillik ma’nolari guldek yuz ochib, kutilmagan qirralari o‘z jamolini ko‘z-ko‘z qiladi. Agarda paydo bo‘lgan yangi so‘zdan, so‘z orqali ma’nosidan yuzingizga tabassum yoyilsa – nur ustiga yana ham a’lo nur bo‘ladi.

Shevalarimizda bitta nomning turlicha atalishi juda qiziq. O‘zbek tili grammatikasida bir so‘zning o‘nlab sinonimlari mavjud. Birgina “chehra” so‘zi bashara, turq, yuz, oraz, bet, aft-angor, qiyofa, diydor, ko‘rinish, avzo, husn, jamol kabi shakli har-xil, lekin ma’nosi bir-xil ekaniga guvoh bo‘lamiz.

Sadriddin Ayniy o‘z taxallusiga “ayn” so‘zining 48 xil ma’no berishini aytib o‘tadi. O‘zbek tilining izohli lug‘atida “ish” so‘zi mavjud. Bu so‘z 13 ta mustaqil so‘z orqali tajnis san’ati (omonim)da ishtirok etadi.

Omonim so‘zlardan foydalangan holda so‘z o‘yinlarini yaratish tajnis (jinos) san’ati deyiladi. Badiiy adabiyotda qo‘llanilgan to‘rt qatorli she’r – tuyuq bo‘lib, Alisher Navoiy uni janr sifatida asoslab bergan. Ilk tuyuq Burhoniddin Sivasiy (XIV asr) qalamiga mansubdir. Tuyuq ozarbayjonlarda bayot, turklarda ma’ni, turkmanlarda la’li nomi bilan uchraydi. Xuddi bo‘laklangan so‘zlarga o‘xshab ketadi. Sharada ham topishmoq – so‘z o‘yini hisoblanadi. Beriladigan so‘z bir necha bo‘laklardan iborat bo‘lib, har biri boshqa-boshqa ma’no anglatadi, ya’ni qo‘shma otli so‘zlardan tuziladi. Butun holatda esa yangi ma’nodagi so‘z paydo bo‘ladi. Ular ko‘pincha topishmoq usulida yoziladi:

Yarmi shakar,

Yarmi zahar. (asal+ari)

 

Besh harfli adabiy janrga

“a” harfi qo‘shilsa matematik

bir so‘z o‘qiladi.  (masal+a)

 

HARFLAR TILGA KIRGANDA

Muayyan g‘oyaviy maqsadni o‘quvchiga aniq yetkazishda yorqin ifoda va san’at usullaridan foydalanish – chinakam san’atkorlarning diqqat markazida bo‘lgan. O‘tmish shoirlarimizning  turli xil she’riy janrlardan tarkib topgan nodir kulliyotlariga nazar tashlasak, o‘ziga xos san’atkorlikni ko‘ramiz. Fikri o‘quvchiga toza, sodda, ravon yetib borishi uchun ular qo‘llagan usullardan biri – harfiy san’atlardir. Zamona shuarolari alifbo tartibida devon tuzganlar. Tasviriy harflarni eski arab yozuvida ijod etgan mumtoz adabiyotimiz vakillari – Uvaysiy, Ogahiy, Ado, Xoja, Atoiy g‘azallarida ko‘proq uchratish mumkin.

XIX  asrda yashab o‘tgan buxorolik shoir Mirza Rahim Salimiy muxammasida barcha harflarni obrazlar orqali ifoda etilganini ko‘ramiz. Bolalik nigohi bilan alifbolarga qarasak, sehrli qiyofalarning guvohi bo‘lamiz. “U” va “e” harflari mustaqil o‘z ma’nosiga ega. “M”– metro, “T”– taksi, “A”– avtobekatligini tushunamiz va hokazo. “O”– nolga, “Z”– uchga, “V”– o‘n uchga, “Ch”– to‘rtga, “S”–yarim oyga, “X”– Rim raqami o‘nga o‘xshashligi barchani hayratga soladi.

Darvoqe, hazrat Navoiy “Ze” harfiga “Zebolarning ziynati” yoki “Nun” harfiga “Nozaninlarning nozi” singari sarlavhalar qo‘yganki, bu adabiyotshunoslikda alliteratsiya, ya’ni tavze mavjudligini namoyon qiladi. Tovushlar ohangdorligi, asosan, bir xil tovushlarning takrorlanishidan hosil bo‘lgan ohangdorlik tavze bo‘lib, bunda she’r, jumla, band va nasriy asarlarda ham bir xil tovushlar (sirtqi va ichki)silsilasi takrorlanadi. Ana shunday jarangdorlik aks etgan “q” tovushi E.Vohidov ruboiysi va Kaloniyning (a, x, r, t, s, m tovushlariga) qit’alari misol bo‘ladi. Umuman xalq ijodiyotida bu kabi misollar ko‘plab ko‘zga tashlanadi.

 

MUVAShShAH

Muvashshah (“bezatilgan”) – ma’naviy san’at turlaridan biridir. Ayni vaqtda buning o‘zi mustaqil she’riy janr hisoblanadi. Bunda she’r, asosan, g‘azal shaklida yoziladi. She’r misralari boshidagi terma harflar yig‘indisidan birorta ism yoki narsaning nomi kelib chiqadi. Muvashshah janrida inson nomi berkitilib, o‘sha odam haqida ta’rif beriladi. Boshqacha aytganda, xat boshidagi harflarni tepadan pastga qarata o‘qilganda, kishining ismini bilib olish mumkin. Ba’zi o‘rinlarda ichki va tashqi harflar tartibida ham bo‘lishi mumkin. Azaldan maktub hamda yodgorliklarda, shuningdek, oyat, hadis va hikmatli so‘zlar she’r tarkibiga joylash maqsadida foydalanilgan. Dastlab muvashshah janri IX-X asrlarda Ispaniyada arab shoiri Muqaddam ibn Muaf tomonidan ijod qilingan.

So‘zlarimizning bosh mezoniga qayta murojaat qilamiz. Navoiy ta’biri bilan aytganda, Hirot adabiy muhitida “so‘z pardozchisi”, “qasida maydonining chavandozi” va “o‘z zamonasining mislsiz so‘z ustozi” deb tan olingan Xoja Savojiy va Mavlono Kotibiyning “Dah bob” (“O‘n bob”), Mavlono Ahli Sheroziyning dostonlari boshdan-oyoq ikki vaznli va qo‘shqofiyali bo‘lib, qofiyalarning birinchisi – to‘g‘ri so‘zlardan, ikkinchisi – tajnislardan tashkil topgan. Bu allomalarning katta-kichik qasidalari ham muvashshah shaklida yozilgan. She’rning ayrim so‘zlaridan yoki baytlarning boshlanish harflaridan yangi she’rlar kelib chiqadi. Shunaqa usullar bilan kelib chiqqan ruboiy va qit’alarda yana o‘ziga xos “san’at” mavjud bo‘ladi. Bu janrning mukammal namunalari Munis, Ogahiy, Shavqiy, Uvaysiy, Muqimiy, Furqat, Maqsud Shayxzoda, Erkin Vohidov kabi shoirlar ijodida ravnaq topgan.

Oy desam oftoba o‘xshar,

dilrabo hayronlaring,

Jonima qasd otlamoqda

tiyrati mujgonlaring

deb boshlanadigan g‘azal-muvashshah shoir Yolqin qalamiga mansub bo‘lib, san’atkorlar murabbiysi Ovtodxon Murodovaga atab yozilgan. Yetti banddan iborat g‘azalning bosh harflari bittadan tashlanib, bo‘yiga o‘qilganida – “OVTODXON” ismi paydo bo‘ladi.

 

ANNOGRAMMA

Annogramma – qiziqarli boshqotirmalardan biri bo‘lib, ajoyib so‘z o‘yini hisoblanadi. Unda tub ma’noda berilgan yaxlit so‘zdagi harflarning tartib o‘rnini begona harf qo‘shmasdan yangi mustaqil so‘z hosil qilinadi. Masalan, “nomli” so‘zini olaylik. Undagi mavjud harflarning o‘rnini almashtirish orqali “limon” so‘zini yasash mumkin. Shuningdek, “simob” so‘zidan “bosim”, “to‘ra” so‘zidan “o‘rta” so‘zlari kelib chiqadi.

Annogramma yunon grammatigi Likofron tomonidan eramizdan oldingi III asrlarda kashf qilingan. Qadimgi adabiyotchilar deyarli o‘z taxalluslarini, hatto yaratgan asarlari nomini she’riy lavhalarda jozibali namoyon etishni uddalaganlar. Bu san’at Sharq adabiyotida “Maqlub” va “Qalb” (mateteza) nomi bilan ma’lum. Abu Ali ibn Sino aytadi: “Ramazon — ozarman”. “Ramazon” so‘zi 1,2,3,4,5,6,7 = 6,5,2,1,3,6,7 tartibida harflar o‘rin almashgan, xolos. Bunga quyidagi ruboiylar misolida amin bo‘lamiz:

Odam o‘z yurtida xizmat topadi,

O‘nadi, o‘sadi, lazzat topadi.

Vatanu eliga “tizza”sin bukkan

Bir umr iqbolu “izzat” topadi.

(Muhibbiy)

Endi topishmoq shaklidagi oddiy annogramma bilan tanishaylik:

O‘simlik-ki, yovvoyi,

Dalada o‘sar joyi.

 

Bir harf o‘rin almashsa –       

Isitgichlar binoyi. (pechak — pechka)

Tez aytishmoqlarda esa birinchi qatordagi so‘zning annogrammasi ikkinchi qatorda ko‘rinish bermoqda:

 

Lofchi folchimas,

Folchi lofchimas.

 

Nazarmat – Matnazar.

Narzullaev – Nazrullaev.

Nashida – andisha.

Arasot – asorat.

 

Shikoyatnoma – shikoyatnamo.

Xonadon – donxona.

Olchinbek – lochinbek.

Banoras – Sanobar.

Mirza Hayit Sahob (1845/46-1918) – Buxoro zaminida yashab ijod etgan zullisonayn (ikki tilda ijod qiluvchi) shoirdir. Quyidagi she’riy parcha orqali Sahobning xalq tilida “Sahbo” taxallusiga aylanishini ko‘ramiz:

Yo‘liga jon ila Sahbo boshini

        aylayin qurbon,

Hama abyotim ul oy uchun boshin

        fido qilmishi.

 

Pisandiy (1875-1916) ham Samarqand diyorida o‘zbek va tojik tillarida she’rlar yozgan zullisonayn shoirlar sirasiga kiradi. Otasi shoir Sipandiy ta’sirida juda erta ijod boshlagan. Otasi – Sipandiy, o‘g‘li Pisandiy taxallusida birinchi va uchinchi harf o‘rin almashganligi osongina annogrammali nomni namoyon qilmoqda. Juda uyqash, ayni vaqtda, noyob taxalluslar hisoblanadi.

 

PALINDROM NIMA?

“Palindrom” – grekcha so‘z bo‘lib, “orqaga qaytaman” ma’nosini anglatadi. U biror so‘z yoki jumlaning boshidan ham oxiridan bir xil o‘qilib, bitta ma’no beruvchi so‘zlardan iboratdir. Ko‘pgina o‘quvchilar buni qiziqarli so‘z o‘yini, ya’ni so‘zlarni to‘ntarish deb bilishadi. Bir misol asosida palindrom so‘ziga murojaat etamiz. Rus yozuvchisi A.Tolstoyning “Oltin kalitcha” ertagida Malvina ismli qo‘g‘irchoq Buratinoga o‘qish bilan yozishni o‘rgatadi. Shunda u ajoyib bir jumlani aytib turadi: “A Roza upala na lapu Azora” (tarjimasi: Roza Azorning panjasiga yiqildi). Bu qiziqarli jumla asrdan-asrga o‘tib kelyapti.

Ilk bor palindrom dumaloq narsalardan paydo bo‘lgani ma’lum. Eng qadimiy palindrom yozuvlarni lotincha harflarda (eramizdan oldingi IV asrlarda yunon zaminida ibodatxona, saroy devorlarida) – mantiqiy kvadratlarda uchratish mumkin. Sehrli kvadratlarimizga o‘xshab ketsa-da, ulardan butunlay farq qiladi. Qadimgi yunonliklar joduli kuchga ega deb bilgan quyidagi so‘zlarni aynan o‘zini keltiramiz:

Bu sehrli kvadratlardagi so‘zlar faqat bo‘yiga va eniga – gorizontaliga o‘qiladi.

Deyarli barcha xalqlar so‘zlashuvida palindrom so‘zlar ko‘plab uchraydi. O‘zimizning lisonimizda esa “imi-jimi”, “azza-bazza”, “ana-mana”, “u-bu”, “aqa-baqa” kabi egizak, “obbo”, acha, aqiqa, Aziza, Tal’at, Afifa singari birlamchi palindrom so‘zlarga duch kelamiz. Alisher Navoiy adabiyotimizda “masnu’” mavjudligi haqida yozarkan, Mavlono Fasih Rumiy haqida qisqa ma’lumot berib, uni: “donishmand kishi erdi… Xoja Salmonning masnu’ qasidasiga tatabbu’ qilibdur… Hazrat shayxning “Mahzanul asror”ig‘a javob aytibdur…” deydilar. Abdurahmon Jomiy ham shunday san’atda she’rlar yaratishda bebahra qolgan emas. Bunga o‘zbek shoirlari ijodida ham ko‘plab misollar topiladi. Masalan, Ogahiyda:

Hazrat Navoiy g‘azalida esa bu holat yanada mazmunli ko‘rinish oladi:

Ko‘zing ne balo qaro bo‘libtur,

Kim jonga qaro balo bo‘libtur.

 

LOGOGRIF

Logogrif – ajoyib boshqotirmalardan biri bo‘lib, so‘z o‘yinlari turkumiga kiradi. U metogrammadan keskin farq qiladi. Logogrifda topilgan so‘zdan biror harf olib tashlanadi yoki yangi birorta harf qo‘shilib, mustaqil so‘z yasaladi. Masalan, “bahor” so‘zidan oxirgi “r” harfi olib o‘qilsa, “baho” so‘zi qoladi. “Iroq” so‘ziga “m” harfini juftlaganimizda yangi “irmoq” so‘zi paydo bo‘ladi. Shuningdek, boshqa variantlari ham bo‘lishi mumkin.

MUAMMO

Muammo — arabcha so‘z bo‘lib, yashirilgan hamda berkitilgan ma’nolarini anglatadi. Muammo janr sifatida qo‘llanilib, asosan bir baytdan tashkil topadi. XV asrdan boshlab Xuroson va Movarounnahr adabiy muhitida keng tarqalgan. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” asarida faqat muammo yozish bilan shug‘ullangan Mavlono Muammoiy, Mavlono Arg‘un, Vosifiy va boshqalar haqida ma’lumot berib o‘tadi. Shuningdek, hazratning o‘zlari ham o‘zbek tilida 50 dan ortiq, fors-tojik tilida (“Devoni Foniy” to‘plamida) 400 ga yaqin muammo yaratgan.

Bunday o‘ylab qaraganimizda, qo‘shma so‘zlar, bo‘laklangan jumlalar sharadaga, harflar almashinishi annogramma, metogramma, logogriflarga o‘xshab ketadi. Ularning umumlashganini – yaxlit bir muammo desa bo‘ladi. Imkon qadar hozirgi davrimizga mos tarzda yozilgan muammoni e’tiboringizga havola etamiz:

Uchib o‘tdi oqqush gallasi,

Qushni otdi kim, tush pallasi?

(“Oq” qoladi,“qush” yo‘q.)

 

To‘rtov Samarqandga bordik biz kecha,

Shiralarni ulashib qoldik bir kecha. 

(“Samar” qoladi,“qand” ulashilgan.)

 

Bulbul kuylasa, ul Moniy kulib turar,

Dil yig‘lasa, benavo iymon keltirar.    

(“Navoiy” so‘zi yashirilgan.)

 

Darhaqiqat, o‘zbek tili nihoyatda boy va jozibali, ayni paytda, ko‘rkam va serjilo tildir. Unga qanchalik kirib borsak yoki o‘zlashtirsak – yangidan-yangi qirralari yuz ochib, betakror ohanglari shunchalik yuraklarni zabt etaveradi. Endigi vazifa tilimizni yot-unsur illatlardan qattiq himoya qilish va so‘zimizning olmos qirralariga qanot bag‘ishlashdan iboratdir. Shunday ekan, til ravnaqi va rivoji uchun barchamiz birdek mas’ul, birdek kurashmog‘imiz lozim bo‘ladi.

 Anvar MIRZAZODA,

tadqiqotchi

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 4 =