IJTIMOIY TARMOQLAR KONTENTIDAN QANDAY FOYDALANISH KERAK?

Suhbatlashish qaysi ko‘rinishda bo‘lmasin, taraqqiyotning barcha bosqichlarida odamlarning tabiiy ehtiyoji ustun bo‘lib qolaveradi. Internet paydo bo‘lishidan oldin kishilarning o‘zaro muloqoti qanday amalga oshirilar edi?

Odamlar asosan ko‘cha-ko‘yda, bozorda, ish joylarida tanishar edilar. Bir-birlarinikiga tez-tez mehmonga borishar, teatr, kino va kontsertlarni birgalikda tomosha qilardilar. Boshqacha aytganda, suhbatlashish jarayoni bevosita, yuzma-yuz amalga oshar edi. Internet paydo bo‘lishi bilan hayotning juda ko‘p aspektlari – kundalik maishiy  xizmatlardan tortib, biznes va menejment, yuridik va konsullik xizmatlarigacha birin-ketin virtual dunyoga ko‘cha boshladi. “O‘rgimchak to‘ri” fuqarolarning an’anaviy suhbatlashuv shaklini tubdan o‘zgartirib yubordi. Olis masofadan turib nafaqat eshitish, balki ko‘rish imkoniyatining yuzaga kelishi virtual suhbatlarni yanada ommalashtirdi. Bugungi kunda nafaqat bir devor qo‘shnilar, hatto bir oilaning a’zolari ham internet vositasida “gurunglashmoqda”.

 Axborot kommunikatsion texnologiyalarning rivoji, xususan, ijtimoiy tarmoqlar   dunyo jurnalistlari uchun zarur, dolzarb axborot manbai bo‘lib bormoqda. Sir emas,  hattoki  yirik gazeta, televidenie va radiokanallar ham texnogen, tabiiy halokatlar, harbiy harakatlar xususidagi aksariyat axborotni ijtimoiy tarmoqlardan olib tarqatayotir. Halokat guvohlari esa o‘zlari shohid bo‘lgan, uyali aloqa vositalariga yuklab olgan voqea kadrlari, suratlarini birinchi galda ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalari orqali tarqatyapti. Xo‘sh, bu qanchalik to‘g‘ri?

Soha olimlarining qayd etishlaricha, birinchi to‘laqonli ijtimoiy tarmoq Rendi Konrads tomonidan 1995 yilda ishlab chiqilgan “Classmates. com” saytidir. Ingliz tilidan “slassmates” so‘zi sinfdoshlar (“odnoklassniki”) deb tarjima qilinadi. Mazkur tarmoq sobiq sinfdoshlar, kursdoshlar, harbiy xizmatdoshlar va umuman do‘stlar o‘rtasidagi aloqalarni qayta tiklashga qaratilgan. Sayt hozirgi kungacha faoliyat yuritmoqda. Bu yerda, asosan, AQSh va Kanada fuqarolaridan iborat 50 milliondan ziyod foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Sayt hozir Shvetsiya, Germaniya, Avstriya hamda Frantsiya aholisiga ham xizmat qilmoqda. Keyinchalik birin-ketin paydo bo‘lgan “Facebook”, “Twitter”, “Google plus”, “Instagramm” kabi ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari sahifalarida ko‘proq siyosiy jarayonlarga ham o‘rin bermoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarning ikki turi mavjud bo‘lib, bular ochiq va yopiq ijtimoiy tarmoqlardir. Ochiq ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar o‘z kontentlarini o‘zlari yaratib, o‘z fikrlari borasida ochiq muloqot o‘rnatishlari va boshqa foydalanuvchilarni bunga jalb qilishlari mumkin. Buning yorqin misoli sifatida “Facebook.com”, “Odnoklassniki.ru”, “Vkontakte.ru”, “Twitter.com” va boshqalarni keltirish mumkin. Yopiq ijtimoiy tarmoqlar, asosan, bir maqsad sari harakatlanayotgan insonlarni birlashtirib, unga “begona”lar kirmaydi. Ko‘p holatlarda yopiq ijtimoiy tarmoqlarga biror-bir kompaniya xodimlari uchun  yaratilgan tarmoqlar misol bo‘la oladi. Masalan, AQSh banklari xodimlari uchun maxsus yaratilgan ijtimoiy tarmoq “Sbanc Network” fikrimizga dalil bo‘ladi. Yuqorida sanab o‘tilgan jahonga mashhur ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan foydalanish yaxshi natijalar berishi shubhasiz. Shunga qaramay, OAV hamda jurnalistlarning o‘zlarida mazkur kontent bilan ishlashda qaysi axloqiy me’yorlarga rioya etish kerakligi xususida aniq tasavvur yo‘q. Butun dunyoda faoliyat yuritayotgan barcha OAV tahririyatlari uchun aniq axloqiy me’yorlarni ishlab chiqish zarurati Bryussel, Anqara, Lahor va Yamanda yuz bergan terroristik harakatlar timsolida yanada dolzarblashdi. Bunday holatlarda montaj qilingan, fotoshop orqali o‘zgartirilgan faktlarni haqiqat sifatida qabul qilish va noxolis axborot tarqatish juda ham oson. Shuningdek, zo‘ravonlik ko‘rinishlari auditoriya hamda jurnalistlarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin. So‘nggi yillarda mazkur holatlarning ko‘payishi va bunday harakatlarning birinchi galda aynan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi Onlayn yangiliklar assotsiatsiyasi (ONA) tomonidan ijtimoiy tarmoqlar kontenti orqali tarqatilayotgan xabarlar bilan ishlovchi jurnalistlar uchun axloq kodeksini yaratishga undadi. Mazkur axloq kodeksining asosiy maqsadi butun dunyo jurnalistlar tashkilotlari yordamida  ijtimoiy tarmoqlar kontenti bilan ishlashning eng yaxshi namunalarini  topish va jurnalistlar uchun harakat standartlarni tavsiya etishdan iborat. Ayni paytda axloq kodeksi Onlayn yangiliklar assotsiatsiyasining rasmiy veb sahifasida berilgan.

– Bunday paytda biz jurnalistlar oldida jiddiy vazifa turadi. Tezlik bilan aniq faktlar asosida, bo‘lib o‘tgan hodisa xususida kengroq xabar berishimiz zarur, – deydi  “Associated Press” axborot agentligining ijtimoiy media bo‘yicha muharriri, kodeks mualliflaridan biri Erik Karvin. – Raqamli kontent dengizidagi axborotni qidirish va u topilgach, uning qiymatini aniqlash uchun ko‘p vaqt ketadi.

Kodeks ijtimoiy media kontentidan topilgan yangilik bilan ishlashda quyidagi qoidalarga amal qilish kerak. Bu yangilikning haqqoniyligini tekshirishdan tortib, kontent muallifining roziligini olishgacha bo‘lgan jarayondir: ijtimoiy tarmoqdagi sahifa kontentining haqiqiyligini tekshirish, o‘z auditoriyangiz bilan shaffof bo‘lish, voqea qatnashchilari va guvohlarning ruhiy holati va  xavfsizligini inobatga olish, hodisani yoritish jarayonida  qatnashchilarga qo‘shimcha xavfni keltirib chiqarmaslikni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, u axborot manbalarining anonimligini ta’minlash, xabarni tarqatishdan oldin axborot manbasi yoxud xabar muallifining roziligini olish, axborotning xolisligini saqlash (u boshqa onlayn platformalarga tarqalishini unutmaslik), voqea xususidagi xabarni joylashtirgan sahifa mualliflarining jismoniy, ma’naviy va ruhiy farovonligini ta’minlash, axborot manbalariga boshqa har qanday xavf solinishining oldini olish, xavfli holatlarda jurnalistlarga yordam ko‘rsatish va ularni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.

Nargis QOSIMOVA,

filologiya fanlari nomzodi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 3 =