FARG‘ONADA YOSHLIK VA KAMOLOT MUSOBAQALARI

Yurtimizda bolalar sportini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Bu borada, «Kichik olimpiada» deb atalayotgan  uch bosqichli — “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari bo‘lajak sportchilar uchun o‘ziga xos pillapoya vazifasini o‘tamoqda.

 Mazkur sport o‘yinlari o‘tkazila boshlagandan buyon to shu kunga qadar ularda yuz mingdan ortiq yigit-qizlar qatnashdi. Yuzga yaqin sportchilar esa musobaqalar davomida toblanib, vatanimiz sharafini xalqaro arenalarda munosib himoya qilish darajasiga yetishdi. Jumladan, Rishod Sobirov, Anzur Ismoilov, Elshod Rasulov, Nigina Abduraimova, Nafisa Mo‘minova, Rustam Umarov, Ruslan Nuriddinov, Svetlana Radzivil, Ra’no Omonova, Aziza Mamajonova, Bektemir Meliqo‘ziev kabi atletlarimizni uch bosqichli sport musobaqalarining kashfiyotlari desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ayniqsa, tizimning yuqori bosqichi — Universiada yoshlarimiz uchun tom ma’noda chiniqish va kamolot maktabiga aylangani e’tiborlidir.  Universiada o‘yinlari ilk marotaba 2000 yilda Namangan shahrida o‘tkazilgan. Unda bellashuvlar sportning  9 ta turi bo‘yicha tashkil etilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib sport turlari 15 taga yetdi. Bular basketbol, voleybol, erkin kurash, yunon-rum kurashi, dzyu-do, taekvondo, yengil atletika, og‘ir atletika, tennis, stol tennisi, futbol, gandbol, shaxmat, suzish va boks. Mazkur sport turlari yozgi olimpiya o‘yinlari dasturiga mansub ekani e’tiborlidir. Bundan ko‘zlangan maqsad ayon. Yurtimizda kuchli  olimpiyachilarni tayyorlashdir.

Ertaga Farg‘ona shahrida oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida “Universiada – 2016” musobaqalarining final bosqichiga start beriladi. Unda Toshkent shahri, Qoraqalpo­g‘iston Respublikasi va viloyatlar terma jamoalari kurashga kirishadi. Joriy yilgi  musobaqalarda jami 1068 nafar sportchi sovrindorlar shohsupasidan joy olish uchun maydonga chiqadi.

Yettinchi marotaba o‘tkazilayotgan talabalar o‘rtasidagi musobaqa tom ma’noda go‘zallik va sport bayramiga aylanishi shubhasiz.

Ta’kidlash joizki, Farg‘ona viloyatida yoshlik va kamolot bayramini yuqori saviyada o‘tkazish uchun keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Farg‘ona davlat universiteti, Farg‘ona politexnika instituti, Far­g‘ona olimpiya zaxiralari kolleji hududlarida qayta rekonstruktsiya ishlari bajarildi. Musobaqalar o‘tkaziladigan sport ob’ektlari jahon talablari asosida ta’mirlanib, jihozlandi. Davlatimiz rahbarining 2011 yil 19 yanvardagi “2011–2013 yillarda respublikada futbolning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Farg‘onada yangi “Istiqlol” stadioni jahon andozalari darajasida qurilib foydalanishga topshirildi. O‘z bag‘riga 20 ming tomoshabinni sig‘dira oladigan mazkur o‘yingohda musobaqalarning ochilish va yopilish marosimlari o‘tkaziladi. Farg‘ona davlat universitetida 3 200 o‘rinli futbol maydoni, yopiq suzish havzasi, uchta voleybol maydoni va yengil atletika yo‘laklari qurilib, foydalanishga topshirildi. Shaharda 12 ta sport inshooti atletlarni qabul qilishga shay.

Sportchilar va mehmonlarning yashashi, ovqatlanishi va mazmunli dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratildi. Jumladan, sportchilar yashashi uchun Farg‘ona davlat universiteti va Politexnika institutining talabalar turar joyi binolarida keng ko‘lamli pardozlash ishlari amalga oshirildi. Bu yerga qadam ranjida qilgan kishi ularning zamonaviy mehmonxonalardan kam emasligiga amin bo‘ladi.

— Viloyat markazida amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari — vodiy gav­hari chiroyiga yanada chiroy qo‘shgan, — deydi far­g‘onalik yurtdoshimiz No‘’monjon Umarov. — Xiyobon va ko‘chalarda gulzorlar tashkil etildi. Bu gulzorlar kishi kayfiyatiga o‘zgacha shukuh baxsh etadi. Farg‘ona, Ma’rifat, Murabbiylar markaziy ko‘chalari zamonaviy arxitektura talablari asosida ta’mirlandi. Qariyb 5 kilometr yo‘l rekonstruktsiya qilindi. Barcha ko‘chalarga Universiada, sport, yoshlikni tar­g‘ib etuvchi pannolar, shiorlar o‘rnatildi. Shahrimiz aholisi va mehmonlar bunday o‘zgarishlardan juda xursand. Ayniqsa, biz yoshlarning quvonchimiz cheksiz. Yurtimizda yoshlarning har tomonlama yetuk, barkamol, milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash bo‘yicha samarali ishlar qilindi. Universiada musobaqalari ham yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Go‘zal Farg‘onamiz sport arenalari barcha sportchilarga omad keltirishini tilayman. Bu yerda o‘tkazgan har bir kuningiz butun umr xotirangizda qolishiga ishonaman. 

Universiada mash’alasi bugun Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan, Markaziy Osiyoda o‘xshashi yo‘q ilmiy-eksperimental markaz — Fanlar akademiyasi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida tantanali yoqildi. Mash’ala Toshkent, Namangan, Andijon viloyatlari oralig‘idagi 364,5 kilometr masofani bosib o‘tib Farg‘ona shahriga kirib boradi. Joylarda Universiada mash’alasini  kuzatish marosimlarida keng jamoatchilik ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Farg‘onada boshlangan Universiada musobaqalari sportchilarimizning kelgusidagi  yuqori maqsadlarga yetishishda muhim bosqich bo‘lishi, shubhasiz. 

 Jobir XO‘JAQULOV,

«Hurriyat» muxbiri

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 − 1 =