HUQUQIY SAVODXONLIK — ZAMON TALABI

 

Kuchli fuqarolik jamiyati sari intilayotgan mamlakatimizda har bir o‘zbek farzandiga huquqiy ong, fuqarolik pozitsiyasi, fuqaroviy faollik suv va havodek zarur. Vatanni asrash har birimizning burchimiz, unga munosib farzand bo‘lish esa eng oliy saodatdir. Dunyoqarashi keng, vatanparvar, huquqiy savodxon insongina bunday saodatga erishishi mumkin.

 “Hurriyat” gazetasi tahririyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining  “Huquqiy ong yuksakligi — komillik kafolati” loyihasini amalga oshirib keladi. Loyiha doirasidagi nav­batdagi tadbir Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat ins­tituti qoshidagi akademik litseyda o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar Yakkasaroy tuman bo‘limi katta inspektorlari Muzaffar Obidov va Bun­yod Mahmudov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Abdumajid Azimov, litseyning eng faol yoshlari, o‘qituvchilar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Yurtimizda ta’lim-tarbiya olish uchun barcha sharoit yaratilgan. Aholining turmush darajasi yuqori. Qad rostlayotgan yangi binolar, tashkil qilinayotgan aholi dam olish maskanlari, zamonaviy ta’lim muassasalari bu imkoniyatni yanada kengaytirmoqda. Insonparvarlik, milliy istiqlol g‘oyasining ustuvorligi jonajon yurtimizning porloq kelajagidan dalolatdir.

Mulkdorlik tushunchasi ham bugun hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Xohlagan kishi xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, o‘zining korxona, firmasini tashkil qilishi mumkin. Ular manfaatlari qonunlar asosida himoya qilinadi. Sohaga doir qabul qilinayotgan yangi qonunlarga asosan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish, ularning litsenziya olish uchun tayyorlaydigan hujjatlari soni kamaytirildi. Respublika banklari orqali yangi ish boshlagan tadbirkorga ajratilayotgan kreditlar imtiyozli tarz­da berilmoqda. Bu esa aholi turmush darajasining yanada yaxshilanishiga poydevor bo‘layotir.

Ona va bola salomatligiga e’tiborli bo‘lish, keksalarni e’zozlash, komil farzand tarbiyasi kabilar hayotimizda ustuvorlik kasb etayotir. Qurolli kuchlarimiz safidagi vatanparvar yoshlarning yurtimiz tinchligi yo‘lida ko‘rsatayotgan jasoratlari tahsinga sazovor.

Mamlakatimiz, xalqimiz bugun jahon sahnasida o‘zi tanlagan yo‘l – “o‘zbek modeli” bilan tanildi. Har jabhada olib borilayotgan islohotlar natijasi buni namoyon etib turibdi. Yurtimizdagi osoyishtalik, bun­yodkorlik va yaratuvchanlikni bosh­qa davlatlardagi ahvol bilan taqqoslaganda, qalbimizni shukronalik hissi egallaydi. Yer yuzida qaynoq nuqtalar, deya atalayotgan Suriya, Iroq, Afg‘oniston kabi mamlakatlar haqida gap ketganda beixtiyor ochlik, qashshoqlik, turli yuqumli kasalliklar(o‘lat, ziko, ebola kabi)dan aziyat chekayotgan, urushlardan charchagan aholi gavdalanadi. Bu davlatlarda yashovchi insonlarning aybi nima, ular nima uchun qiynalib yashashi kerak, degan savol har qanday mulohazali insonni qiynashi tabiiy. Tadbir davomida namoyish etilgan “Tinchlik – oliy ne’mat” nomli hujjatli film orqali ishtirokchi yoshlar ushbu savollarga javob topdi.

— Namoyish etilgan film­da kasallikdan, ochlikdan aziyat chekayotgan insonlarni, ko‘zlarida faqat dard, alam mujassam bo‘lgan bolalarni, farzandini ochlikdan asrab qolish uchun og‘ir mehnat bilan band, qo‘llari qabarib, yuzlari qorayib ketgan ayollarni ko‘rdim, — deydi litsey o‘quvchisi Oyatulla Tosh­po‘latov. — Haqiqatdan ham biz jannatmonand yurtda yashayapmiz. O‘qishimiz, ilm o‘rganishimiz, yashashimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga, bildirilgan ishonchga munosib bo‘lishimiz kerakligiga yana bir bor amin bo‘ldim.

Davlat zanjirga o‘xshaydi. Uning tarkibidagi har bir hal­qa o‘ta muhim. Masalan, soliq tizimini olaylik. Fuqarolar o‘zi to‘lagan soliqlarni ikki baravar qilib qaytib oladilar. Ammo negadir ba’zilar uchun bu og‘irlik qiladi. Ayrim tadbirkorlar davlatdan daromadini yashirishga, kamroq soliq to‘lashga harakat qiladilar. Qallobliklar natijasida davlat byudjetiga putur yetadi va iqtisodiy rivojlanish susaya boshlaydi. Birgina insonning qaltis ishi ko‘plarning aziyat chekishiga sabab bo‘lishi mumkin. Davlatda iqtisodiy barqarorlik bo‘lmasa, hech qanday rivojlanish ham, o‘sish ham bo‘lmaydi. Barcha yovuzliklarning onasi ilm­sizlikdir. Moddiy jihatdan o‘zini-o‘zi ta’minlay olmayotgan davlat, tabiiyki, ma’naviy muhitni, ta’lim-tarbiya ishlarini yaxshilashga qurbi yetmaydi. Natijada dunyoqarashi tor, kim nima desa indamay ergashib ketaveradigan avlod shakl­lanadi. Bunday avlodning ongidagi bo‘shliqni har qanday buzg‘unchi g‘oya bilan to‘ldirish mumkin. Diniy eks­tremizm, terrorizm tarafdorlarining maqsadi ham shunday yoshlarni topish va ularni osongina o‘ziga bo‘ysundirish. Bu esa yurt tanazzulga uchrashi bilan teng. Tadbirda ta’kidlangan bunday fikr-mulohazalar yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishda das­turil­amal bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

— Men bu tadbir davomida fuqarolik burchi, mas’uliyati nima, degan savollarga javob topdim, — deydi litsey o‘quvchisi Nodira Qayumjonova. — Har birimiz vatan taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. Buning uchun huquqiy savodxonlikka ega bo‘lishimiz lozim. Bugun soliqni o‘z vaqtida to‘lash borasidagi berilgan ma’lumotlar bu tizimni tushunishimizga asos bo‘ldi.

Darhaqiqat, yoshlarda shu yurt­ga, shu xalqqa daxldorlik hissini shakllantirish eng dolzarb masalalardan biri. Inson qachonki o‘zini nimagadir aloqador deb bilsa, u haqida o‘ylay boshlaydi, qayg‘uradi.

Jamoatchilik nazorati sust­ligi, “Bo‘layotgan ishlarga mening umuman aloqam yo‘q. Men aralashsam ham, aralashmasam ham shu ahvol. Hamma o‘z bilganicha yashasin”, qabilida fikr yuritayotganlarning ko‘pligi bugun jamiyatda turli qabihliklarga, korruptsiya va jinoyatchilikka yo‘l qo‘yilyapti. Bularning oldini olishning birgina yo‘li — shuurlarni uyg‘otish.

— Jamiyatda bo‘layotgan har bir voqeaga mamlakat manfaatlaridan kelib chiqib munosabat bildira oladigan fuqaroni o‘z pozitsiyasiga ega inson deyishimiz mumkin, — deydi  Bun­yod Mahmudov. — O‘z tajribamga tayanib aytishim mumkinki, kuzatilayotgan qonunbuzarlik holatlarining aksariyatiga savodsizlik, qonun-qoidani bilmaslik sabab bo‘lmoqda. Tashkil qilinayotgan mana shunday tadbirlar yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladi.

Tadbir so‘ngida litseyning eng faol yoshlariga diplom — “Hurriyat” gazetasiga bepul bir yillik obuna, esdalik uchun kitoblar topshirildi.

Kelajak egalari bo‘lgan yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, huquqiy bilimlarini mustahkamlashni maqsad qilgan bunday tadbirlar o‘z natijasini ko‘rsatmasdan qolmaydi, albatta.

 

Shohsanam KOMILOVA,

 “Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 3 =