“INTERNET MIYAMIZNI QAY TARZDA O‘ZGARTIRDI?”

Inson miyasi hali to‘liq ochilmagan qo‘riq. Uning imkoniyatlari cheksiz. Hanuzgacha nega ba’zi bir odamlar daho bo‘lib tug‘iladi-yu, birovlar esa umri davomida oddiy matematik misolni ham yecha olmay, o‘tib ketadi, degan savollarga jo‘yali javob yo‘q. Neyrolingvist va tajribali ruhshunos, filologiya va biologiya fanlari doktori Tatyana Chernigovskaya “Internet miyamizni qay tarzda o‘zgartirdi?” nomli ma’ruzasida ushbu savolga javob berishga harakat qiladi.

 Miya haqida nimalarni bilishimiz kerak?

Inson miyasining tarkibi taxminan quyidagicha: 78 foiz suv, 15 foiz yog‘lar, qolgani esa oqsillar, kaliy gidrati va tuzdir. Uning tuzilishi va faoliyati Yer yuzidagi mavjudotlarning birortasiga o‘xshamaydi. Axborot-kommunikatsion texnologiyalarining rivoji, axborotning shiddat bilan almashinuvi  inson miya­siga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Xo‘sh, inson miyasi qay tarzda rivojlanadi va o‘zgaradi?

Aytish joizki, hozirgi kunda inson miyasi va ongini tad­qiq etish rusum bo‘ldi. Ammo hali hech kim uning faoliyatini to‘liq tahlil etib, imkoniyatlarini anglab yetganicha yo‘q. “Birinchi ko‘rishda tasavvur hosil bo‘lish” xususiyati faqat insongagina xos. Hech bir hayvonda yoki o‘simlikda sun’iy intellektning o‘zi yo‘q. Yaqin kelajakda sun’iy intellekt o‘zining individualligini ko‘rsatishi aniq. Bu qo‘rqinchli holat. Aynan o‘sha damda uning o‘z rejalari, maqsadlari paydo bo‘lib, odamzod mazkur rejalardan tash­qarida qolishi hech gap emas. Bu haqida hozirdanoq ko‘plab film­lar yaratilgan. Ular fantastika janrida bo‘lsa-da, haqiqatga aylanmasligiga kim kafolat bera oladi?! Jonni Dep bosh rolni ijro etgan “Buyuklik” filmini ko‘rganmisiz? Unda hayotining so‘nggi daqiqalarini  boshidan kechirayotgan odam o‘zini tar­moqqa ulaydi. Mazkur film­ning Sankt-Peterburgdagi taqdimotida orqa qatorlarda o‘tirgan tomoshabinlardan biri yonidagisiga “Buning stsenariysini Chernigovskaya yozgan” deganini eshitib qoldim.

Bugun miya va uning faoliyati xususida ko‘plab bahs-munozaralar bo‘lib o‘tmoqda. Miya o‘ta sirli organ bo‘lib, biz adashib, “mening miyam” deymiz. Albatta, u bizning bosh chanog‘imizda joylashgani uchun shunday deb o‘ylaymiz. Ammo u sizga nisbatan ancha kuchli. Sizda haqli ravishda “Men va miyam har xilmi?” degan savol tug‘iladi. Men “ha” deb javob bergan bo‘lardim. Biz miyamiz ustidan hukmronlik qila olmaymiz, u mustaqil ravishda qaror qabul qiladi va insonga — buning hammasini sen bajarding, bu sening qaroring edi, diqqat bo‘lma, degan signal jo‘natadi. Nima deb o‘ylaysiz, miya qancha quvvatni iste’mol qiladi? Atigi 10 Vatt. Bunday quvvat bilan ishlaydigan lampochka ham bo‘lmasa kerak. Daholarning miyalari shiddat bilan ishlaganda ham atigi 30 Vatt iste’mol qiladi. Superkompyuterlarga esa megavattlar zarur. Haqiqiy kuchli superkompyuterlar uncha katta bo‘lmagan shahar uchun zarur bo‘lgan quvvatni iste’mol qilishadi. Demak, miya kompyu­terga nisbatan mutlaqo boshqacha tarzda ishlaydi. Agarda biz uning ishlash  tamoyillarini bilganimizda edi, bu inson faoliyatining barcha jabhalariga ta’sir qilib, birinchi galda uning quvvati boshqarishga yo‘naltirilgan bo‘lar edi. O‘tgan yili dunyoning barcha kompyuterlari bitta odam miyasining ishlab chiqarish quvvati bilan tengligi isbotlandi. Inson miyasi o‘z evolyutsiyasi jarayonida qancha katta yo‘lni bosib o‘tganini tasavvur qilasizmi?

Kasalliklar ichida asab va ruhiy buzilishlar dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Hattoki onkologiya va yurak-tomir tizimi kasalliklarini ham ortda qoldiradi. Bu avvalo, hayot dinamikligining ortishi, insonga ko‘proq mas’uliyat yuklatilishi bilan bog‘liq.

Virtual reallik miyani qanday o‘zgartiradi?

Internetda o‘tirsak, hozirgi kunda keng tarqalayotgan kasallik, kompyuterga qaramlik paydo bo‘ladi. Uni giyohvandlik, ichkilikbozlikni davolaydigan shifokorlargina tuzata olishadi. Bu kimnidir qo‘rqitish emas, haqiqiy qaramlik ekanini ta’kidlamoqchimiz. Kompyuter qaramligining eng salbiy tomoni — ijtimoiy muloqotdan voz kechishdir. Bunday odamlar boshqa inson ruhiyati modelini chiza olmaydilar. Ingliz tilida bu “theory of mind”, ya’ni “aql nazariyasi” deb ataladi. Biror voqeaga o‘z ko‘zing bilan emas, o‘zgalar nigohi bilan qarash demakdir. Ushbu kommunikatsiya ta’lim, hissiyotlar, empatiya asosidir. Shuningdek, mazkur holat inson miyasini o‘ziga xos sozlash bo‘lib, voqelikka real baho berish imkonini beradi. Bunday sozlash qurilmasi bo‘lmaganlar odatda autizm yoki shizofreniya bilan kasallangan bo‘ladi.

Kompyuter — tashqi axborotni saqlovchi vosita. Tashqi axborot saqlovchilar paydo bo‘lgan kundan boshlab, insoniyat madaniyati yuzaga kelgan. Hanuz olimlar o‘rtasida biologik evolyutsiya tugaganmi yoki yo‘q, degan bahslar ketadi. Genetiklar ushbu jarayon to‘xtagan deyishsa, qolganlar u hali davom etmoqda, deb javob berishayotir. Men doimo genetiklardan “Siz bu jarayonning to‘xtaganini qaerdan bilasiz?” deb so‘rayman. Biz sayyoramizda necha yildan buyon yashaymiz? Umuman, insoniyat tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, taxminan 200 ming yil. Masalan, chumolilar 200 million yildan buyon mavjud. Insoniyat tarixini ular bilan qiyoslaganda millisoniyadir. Qachon bizda madaniyat shakllangan? 30 ming yil oldinmi? Hayot haqiqatini tushunib yetish uchun bu juda kam, hech bo‘lmaganda million yil yashaylik! Shunda ko‘ramiz.

Vaqt o‘tgan sayin axborotni saqlash murakkablashib bormoqda. Kompyuter xotirasi, videoteka, kinoteka, kutubxona, muzeylar ko‘paymoqda. Axborotni nima qilish kerakligini hech kim bilmaydi? Chunki uni to‘liq qayta ishlash mumkin emas. Birgina miya faoliyati bilan bog‘liq maqolalarning soni  dunyo bo‘yicha 10 milliondan oshadi. Ularning barchasini o‘qib, o‘rganib, tahlil etishning imkoni yo‘q. Chunki bunday maqolalar har kuni 10 tadan chop etiladi. Axborotni saqlash manbalariga kirish kun sayin qimmatlashib bormoqda. Kirish bu kutubxonaning o‘quv chiptasi emas, balki insoniyatga hayoti davomida beriladigan bilimdir.  Avvalo, bu kerakli axborotni topish va uni qayta ishlashdir. Ta’lim esa tobora uzayib, qimmatlashib boryapti. Chiqimini kim to‘layotganining farqi yo‘q: talabami yoki davlat, homiymi yoxud ota-ona. Real qarasak, u juda qimmat. Shuning uchun ham biz virtual muhitdan qochib qutula olmaymiz. Undan o‘z bilimlarimizni kengaytirish va chuqurlashtirish uchun foydalanamiz.

Biz faqatgina axborotdan iborat dunyoga to‘liq ko‘chdik. Hozir muomalaga “fluid world”, ya’ni “suyuq dunyo” tushunchasi kirib kelmoqda. Suyuq tushunchasining ma’nosi shuki, internetda bir shaxs bir necha nom bilan ro‘yxatdan o‘tib, u aslida kim va qaerdaligini aniq bilib bo‘lmaydi. Uning kimligini aniqlashning iloji ham yo‘q. Nima farqi bor, u Himolayda yashaydimi, Perudami yoki qo‘shni xonada. Balki u  umuman yo‘q odamdir? Biz noma’lum ob’ektga aylangan dunyoda yashayapmiz: unda kim yashayapti, barchasi tirikmi yoki o‘ylab chiqarilganmi, hech kim aniq bilmaydi.

Biz masofaviy ta’lim borligidan xursandmiz, chunki bu dunyodagi barcha narsaga kirish demakdir! Ammo ta’limning mazkur usuli qaysi axborotni qabul qilish kerak, qaysisini esa yo‘q, bunga javob bermaydi.

Internetga kelsak, u yerda ham barcha berilayotgan axborot to‘g‘riligiga hech kim kafolat bermaydi. Yaqinda men “guakamole” sousini tayyorlash uchun avokado sotib oldim. Balki uni sanchqi bilan ezish kifoyadir yoki albatta blenderda maydalash kerakmi? Tabiyki, men internetda “Google” orqali avakado retseptini qidiruvga berib, bir soniyadan so‘ng javob oldim. Uning to‘g‘riligiga unchalik ishonmasam-da, retseptni qabul qildim. Agarda menga shumerlarning yozuvi haqida ma’lumot kerak bo‘lganida, albatta “Vikipediya”­ga kirgan bo‘lardim. Demak, qaysi axborotni qaerdan olishni men bilishim zarur. Shu yerda savol tug‘iladi raqamli: texnologiyalar bizni qanchalik o‘zgartiradi?

 

Onlayn-ta’lim va “Google”lashtirishning

ahamiyati nimada?

Har qanday ta’lim miyamizni rag‘batlantiradi. Ta’lim tushunchasida men sinfda o‘tirish va darsliklarni o‘rganishni emas, balki umuman miya tomonidan bajariladigan har qanday faoliyatni nazarda tutayapman.  San’at ustozdan shogirdga, shaxsdan shaxsga o‘tadi. Ov­qat pishirishni kitobdan o‘rganib bo‘lmaydi. Buning uchun aynan ovqat pishirayotgan odamning yonida turib, uning harakatlarini kuzatish lozim. Men dugonamnikiga mehmonga borganimda uning onasi oldimizga gumma qo‘ydi. Ular juda ham mazali edi. Men undan gummaning retseptini so‘radim. Dugonamning onasining gaplarini so‘zma-so‘z yozib olib, uyda uning ko‘rsatmalariga binoan gumma pishirdim va… hammasini axlat chelakka tashladim. Chunki ularni yeb bo‘lmas edi. Xulosa shuki, murakkab, ammo qiziq adabiyotni o‘qishga majburan qiziqtirib bo‘lmaydi. Inson ustaning oldiga hunarining sirlarini o‘rganishga boradi, xuddi shu narsani kitobdan san’at darajasida o‘rganib bo‘lmaydi.

Elektronlar uzata olmaydigan ko‘plab omillar mavjud. Hattoki ular videoma’ruzalar ko‘rinishida uzatilsa-da, baribir aynan inson ko‘rib, o‘rganganiday bo‘lmaydi. Mayli 5 milliard inson masofaviy ta’lim olsin, ammo ularning hech bo‘lmasa 100 nafari an’anaviy ta’lim orqali o‘qib, o‘rgansin. Menga yaqinda “bolalar maktabda endi qo‘l bilan yozishmaydi, faqatgina kompyuterda matn terishadi” deyishdi. Xat, bu qo‘llarning mayda harakatidir. Aynan ana shu harakat insonning nutqi va o‘z-o‘zini boshqarishi bilan bog‘liq.

Kognitiv va kreativ fikrlash bilan bog‘liq bir nechta qoida mavjud. Shulardan biri kognitiv nazoratdan qochish, ya’ni xato qilishdan, odamlarning gapidan qo‘rqmaslik, o‘z-o‘zini koyimaslikdir: “Men buni bajara olmayman, shuning uchun bu ishni boshlashning ham keragi yo‘q, bunga tayyor emasman” degan fikr­ning o‘zidan qochish zarur. Fikr­laringizni erkin qo‘ying, shunda ular sizni kerakli va to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Miya kalkulyator singari hisoblash ishlari bilan mash­g‘ul bo‘lmasligi lozim. 

1998 yili “Google”da so‘rovlar soni o‘rtacha 9,8 mingni tashkil etgan bo‘lsa, hozir 4,7 trilliondan oshmoqda. Hozir biz “Google”-samarani kuzatmoqdamiz, ya’ni biz axborotni istalgan miqdorda tezlik bilan olishdek yoqimli “nina”ga o‘tirdik. Bu o‘z navbatida xotiramizning pasayishiga olib kelmoqda. Ishchi xotiramiz tobora qisqarmoqda. 2011 yili “Science” jurnalida o‘tkazilgan bir tajriba haqida maqola chop etilgan edi. Maqolada keltirilishicha, internetga tez va oson kira oladigan talabalar  kompyutergacha bo‘lgan davrdagi talabalarga nisbatan axborotni 100 marta kam yodda saqlab qolar ekan. Bu o‘sha paytdan buyon bizning miyamiz o‘zgarganini bildiradi. Xotiramizda saqlash lozim bo‘lgan narsalarni kompyuter xotirasida saqlashni afzal bilmoqdamiz. Kompyuterga bo‘lgan qaramligimiz tobora kuchaymoqda. “Google” qanchalik ko‘p bo‘lsa, unga biz qidiruv tizimi emas, balki jonli mavjudot sifatida qarab, to‘liq ishonmoqdamiz. Afsus… Nega qidiruv tizimi sizga topib bergan axborotning to‘g‘riligiga ishonasiz? U bizning dushmanimiz emasligiga kim kafolat beradi? Internet texnologiyalariga to‘liq o‘z ixtiyorimizni topshirib, shaxs sifatida “men”imizni yo‘qotmoqdamiz. Biz kimmiz? Hattoki internetdagi do‘stimiz kimligini ham bilmaymiz. Yo‘q, men internetni to‘liq yomonlamoqchi emasman, chunki kunimning yarmi kompyu­ter yonida o‘tadi. Yaqinda men o‘zimga planshet sotib oldim va o‘zimdan so‘radim: nega men ularga qaramman? Nega ular menga tiqishtirayotgan “Win­dows”ning aynan mana shu ko‘rinishidan foydalanishim kerak? Nega men o‘zimning kulrang hujayralarimni qandaydir texnik jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan intellektual bosqinchilarning istaklarini qondirish uchun sarflashim zarur? Ammo bosh­qa tomondan ulardan qutilish yo‘lini ham topa olmayapman…

 Nargis QOSIMOVA tayyorladi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =