ISTE’DODNING BAHOSI QANCHA?

Iste’dod‚ bu — mo‘’jizadir. Chunki u juda ko‘p buyukliklarni kashf etishga qodir. Iqtidorli o‘g‘il-qizlarni mehrli og‘ushida ulg‘aytirayotgan ona O‘zbekistonimizning qaysi bir hududiga nazar solmaylik, yoshlar qobiliyati bilan dunyoga kelayotgan mo‘’jizalar bisyor. Ularning bari maqtovga loyiq, tahsinga sazovor.

 O`zbekiston Qahramoni, ustoz Erkin Vohidov: “Iste’dod shunday bir gavharki, u dengiz tubida, sadaf ichida ham gavhar; iste’dod shun­day bir zilol irmoqki, uning har qatrasida dar­yo­­larning qudrati, ummonlarning teranligi bor; iste’dod shunday bir gulki, uning har bir ochilmagan g‘unchasida chamanlarning bo‘yi, tarovati bor” deya go‘zal ta’rifni keltirgan edi. Far­g‘onalik yosh musavvir, Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan xalqaro festivalda gran-pri sovrindori Komronbek Shokirovning “Shohimardon” nomli kartinasini tomosha qilib, xuddi shu fikrlar yodimdan o‘tgan edi. Mar­g‘ilonlik yosh xonanda, Far­g‘ona san’at kolleji o‘quvchisi Muhammadamin Mamajonov esa Belorus Respublikasida o‘tkazilgan “Zolotaya pchyolka” xalqaro bolalar ijodiyoti festivalida “Yakka bu Farg‘onada” maqomini mahorat bilan kuylab xorijliklarni lol qoldiribdi. Ularning zafarlaridan quvonamiz. Bu kabi ukajonlarimizni, tengdoshlarimizni faqatgina qutlash kerak.

Ammo dilimizni tirnab o‘tadigan ba’zi holatlar ham bor. Xatlarni ishlash bilan ovora ekanman, tahririyatga o‘z yumushi bilan kelgan kishi farzandi hikoya yozishini, gazetada chop ettirish maqsadi borligini kuyunchaklik bilan gapirdi.

— Yaxshi yozilgan hikoya – eng o‘qishli material aslida. Ixlosmandi ham ko‘p. Farzandingiz bu borada kimdan maslahat oladi? —  so‘rayman suhbatdoshimdan.

— Shunchaki… qoralab yuradi, hali unaqa to‘garaklarga qatnamagan…

— Gazetada biz hikoyalar berib turamiz. Agar iloji bo‘lsa, qizingiz ijodiy ishlarini Yozuvchilar uyushmasiga birrov olib borsin. U yerda yosh nasrnavislar ko‘p. Ustozlarning maslahati ham kerak-ku. Undan so‘ng tahririyatga olib kelsa, albatta chiqaramiz. Ijodiy ish ham shunda ancha pishiq bo‘ladi, — dedim istihola bilan. Suhbatdoshimga so‘zim boshqacharoq ta’sir qildi:

— Demak, sizlarda tsenzura bor ekan-da. Xizmati bo‘lsa, aytavering…

— Siz meni umuman tushunmabsiz. Istasangiz, bosh muharrirga o‘zingiz uchrashing, — deya ishimni davom ettirishga tushdim. Ochig‘i, jahlim chiqdi. “Pishiq hikoyanavis”ning homiysi boshqa qaytib kelmadi.

Afsuski, bu kabi holatlarga juda ko‘p duch kelamiz. Qofiya, vaznda xatolari yaqqol ko‘rinib turgan she’r­larga izoh berib ulgurmasingdan ota-onalar so‘zingni bo‘ladi:

— Shu she’rlarga o‘zingiz sal ishlov bering… Bolam hali yosh-da, o‘rganib oladi…

“Yosh shoir” esa parvoyi palak. She’riyatdan ko‘ra uni qiziqtirayotgan boshqa narsalar borligi yelib-yugurayotgan onaning xayoliga ham kelmaydi. Dasta-dasta yor­liq­larni qo‘ltiqlab kelgan singillarimizdan biri ham shunga o‘xshash. Sohasi bo‘yicha bilganlaridan bilmaganlari ko‘p. “Meni gazetaga yozsangiz, televidenie  faoliyatimni ko‘rsatuv qilib bo‘l­di. Darvoqe, bu diplomlar yutuqlarimning hammasi emas!” Taajjub, bugun ayrimlar uchun maqtanchoqlik fazilatga aylanganmi, deysiz. Televizorda burro gapirayotgan boshqa bir tengdoshimizning intervyusi ham azbaroyi yodlab olingan gaplar: “Tanlovda g‘olib bo‘lishni kutmagan edim. Iste’dodimni juda yuqori baholashdi. Mehnat qilib kam bo‘lmadik. Barcha yoshlarimiz men kabi intilib, yutuqlarga ega bo‘lishini istardim”. “G‘olib bo‘lishini kutmagan yigit”ning so‘zlarini ting­lab ibrat olish naryoqda tursin, unga nisbatan bekorlarning beshtasini aytibsan, degingiz keladi. “Mehnat qilib kam bo‘lmagan” yigit 50 yillik tajriba egasidek, teng­qurlariga omad tilagani ham ortiqcha. Bu mukofotni olguncha u atrofidagi o‘zidan-da qobiliyatli qancha yoshlar bilan “kurashgani” ham ma’lum.

Qobiliyat yillar davomida shakllanadi, tarbiyalanadi, sayqal topadi. Biroq bu qobiliyatni nafis niholdek sindirib yuborishi hech gap emas.

To‘rtinchi kitobini nashr­ga tayyorlayotgan shoiraning misralari juda jo‘n. Muallifning aytishicha, kitoblar chop etish unga tanlovlarning g‘olibi bo‘lish uchun kerak.  Ammo saviyasiz to‘plamlarni qaysi kitobxon mutolaa qiladi? Ijodkor o‘z asarining chang bosib yotishidan, muxlislarni bezdirishidan, nahotki, iztirobga tushmasa? Bu haqiqat atrofimizdagi hodisalardan bir tasvir. Nachora, inson qanchalik donolikni da’vo qil­sa, u shuncha nodon. Donishmand bobolarimizning xulosalari shunday.

O‘zini porloq yulduz hisoblab yurgan qo‘shiqchi bilan suhbat ketyapti. Ko‘rsatuv boshlovchisining savollari shunaqangi bo‘shki, “hech qaerda qo‘llanmagan”. “Siz xonandalikdan tash­qari akt­yorlikda ham ko‘p muxlis topdingiz…” deya suhbatdoshiga yuzlanadi. “Men rol tanlamayman. Har ikki yo‘nalishda ijod qilayotganlar qandini ursin” deydi shovvoz xonanda. Maqtovlardan parvoz qilayotgan san’atkorning har ikki sohadagi nuqsoni tomoshabinga besh qo‘lday ayon. Buni his qilsa-da, xonanda battar avjiga chiqadi. Boshlovchida ham dadil savol berishga, tan­qidiy fikr bildirishga jur’at yo‘q. Qobiliyati xonandalik yoki artistlikka emas, tuzukroq hunarga yaqin bo‘lsa nega biz shuni tan olishni istamaymiz? Nima uchun kuylashda savodni bilmagan yallachini mash­hurlik samosiga ko‘taryapmiz? Dilimizga yaqin navolarni qidirmoqqa chog‘lanishimiz iste’dodsizlarning urchiyotgani sababli emasmikin, degan mulohaza har birimizning ongimizda charx urgani tabiiy.

Yozuvchilikka havas qilgan farzandini to‘garakka yetaklamagan ota, dilbandining she’rlari 3-4 ta nashrda chop etilganidan quvonib yurgan ona, yoshlarga omad tilagan “sovrindor”, yulduzlik samanini minib chopayotgan qo‘shiqchi aslida iqtidor nima ekanligini do‘ppini bir chetga qo‘yib o‘ylab ko‘rsa ko‘p hikmatni tushunib yetardi. Achchiq va ochiq gap ham shu. Haqiqiy iqtidor sohiblari baribir yuzlab shunday adashganlar orasini yorib chiqaveradi. Bunga misollarni sanash shart emas. Sizu bizning ko‘z o‘ngimizda ana shunday o‘g‘il-qizlar kamolga yetyapti.

Lekin… iste’dodni nima bilandir o‘lchashga urinayotganlar, ayting-chi, uning bahosi qancha? Uni qaerdan, qanchalab olish mumkin? Iste’dodni bozorga solganlar bitta haqiqatni unutmasalar bo‘lgani. Irmoqlarida ummonlarning qudrati bo‘lgan bu daryoni to‘sib bo‘lmaydi. Uning jo‘shqinligi iste’dodsizni ham itqitib yuborishi hech gap emas. Faqat bu gul kabi nozik fazilat vaqtida anglab olinsa, kamolga yetkazilsa, ISTE’DOD tufayli betakror mo‘’jizalar tug‘ilaveradi.

 Madaminjon SOLIJONOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − eighteen =