IFTIXOR TUYG‘USI

Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligini munosib kutib olishga har tomonlama qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan ayni kunlarda yuragida, qalbida ona yurtiga mehr-muhabbati, sadoqati, uning kelajagiga yuksak ishonchi bo‘lgan har qanday inson ortga — ko‘p asrlik shonli tariximizga nazar tashlashni o‘zining fuqarolik mas’uliyati deb biladi, desak, xato bo‘lmaydi. Zero, bu o‘rinda birgina “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik” degan hayotiy savolni o‘zimizga bersak, har birimiz eng ulug‘ va eng aziz ne’mat deb bilgan mustaqilligimizning qadr-qimmati biz o‘ylagandan ham ko‘ra buyukroq ekanini yanada teranroq tushunib yetamiz.

O‘tgan asrning mashhur siyosatchilaridan biri Uinston Cherchillning ayrim hayotiy saboqlarini o‘qiganman. Uning kundaliklaridan o‘rin olgan barcha qoralamalarga ham qoyil qolganman desam, xato bo‘lar. Lekin o‘ylab qarasam, taniqli siyosiy arbobning mana bu so‘zlari kaminaga yaxshigina ta’sir qilgan ekan: “Kecha men kemadagi kapitan ko‘prikchasiga chiqib, oldinda shiddat bilan bostirib kelayotgan ulkan to‘lqinni ko‘rdim. Ne ajabki, uni biz joylashgan kema qat’iy ishonch bilan yorib borardi. Shu kecha o‘zimdan so‘radim: birgina kemaning o‘zi butun boshli haybatli to‘lqinni qanday yorib borayapti? Tushunib yetdimki, kemaning maqsadi bor, to‘lqinlarda esa yo‘q”. 

Endi men o‘zimga shunday savol berayapman: mustaqil O‘zbekistonning o‘tgan yigirma besh yillik davrda bosib o‘tgan yo‘li ayni ana shunday maqsadli kemaning shiddatini esga solmaydimi? Albatta esga soladi. Buni ayni vaqtda yurtimizning istalgan hududida yashovchi fuqarodan so‘rasangiz, bir talay hayotiy, jonli, o‘z navbatida har birimiz uchun g‘oyatda kerakli misollar bilan ishontirib aytib berishi mumkin.

Besh yilcha avval Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinatida oddiy usta bo‘lib ishlaydigan sinfdoshimga: “Mustaqillik deganda nimani tushunasan?” degan savolni berganim esimda. U ko‘p o‘ylab o‘tirmay: “Bunday savollarni berishning mavridi o‘tgan. Yaxshisi, senga ko‘z tikib turgan oilangga, qadringni baland bilgan Vataningga nima berding?”, deb so‘ramaysanmi?” deya e’tiroz bildirgan edi. Shu-shu boshqa bunday xomaki savollar bilan birovni bezovta qilmaydigan bo‘lganman. Ikkinchi tarafdan, do‘stimning butkul o‘zgargan hayot haqidagi qarashlari, dunyoqarashi va tafakkur tarzi davr shiddatiga xos va mos tarzda kuchayib, o‘sib borayotganidan xursand bo‘lganman. 

Buyog‘ini so‘rasangiz, misol qilib keltirgan do‘stim bugun ko‘plab sohada – u xoh yurtdoshimiz bo‘lsin, xoh xorijlik bo‘lsin – manaman degan  ishbilarmon bilan raqobatlasha oladi. U bir-ikki yilcha avval o‘zi yashaydigan hududda namunaviy loyiha asosida qurilgan zamonaviy hovli-joylardan birining egasi bo‘ldi. “Nexia” avtomashinasining tagidan kunda shamol o‘tib turibdi. To‘rt-besh sotixlik tomorqasida pomidor, bodring deysizmi, gilos, olma, olcha deysizmi, o‘zidan chiqib turibdi. Er-xotin  ikkovlon boshqalarning havasini uyg‘otgulik darajada tinch-farovon hayot kechirmoqda. Turmush o‘rtog‘i tikuvchilik qilib, mahallasidagi ayollarning koriga yarab turibdi. Qozoni qaynab, ro‘zg‘ori bir tekis yurib, yana ertasi uchun ham bir-ikki so‘m jamg‘arib qo‘yayotgan bo‘lsa – bitta yosh oilaga yana nima kerak?

Birgina misol. Toshkent viloyatida AQShning “Jeneral motors” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilgan, MDH hududida noyob bo‘lgan, avtomobil dvigatellari ishlab chiqaradigan zavodni yaxshi bilasiz. Ushbu zavod avvalambor, minglab yoshlarimiz oldida yangi imkoniyatlarni ochib berganini bugun kim inkor eta oladi? Agarda mazkur korxonada bo‘lsangiz, yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish jarayonlarini mohirlik bilan boshqarayotgan yoshlarni ko‘rib, ularning o‘z kuchi va bilimiga bo‘lgan ishonchidan, chaqnab turgan ko‘zlaridan yanada hayajonga tushasiz. Muhimi shundaki, ular begona emas, o‘zimizning qorako‘zlar, ta’bir joiz bo‘lsa, Prezident katta ishonch bildirib, boshini silab, ulkan imkoniyatlar yaratib bergan kelajagi yorug‘ yoshlardir.

Xo‘sh, istiqloldan avval, deylik, men shunday hayotiy misollarni keltira olarmidim? Ochig‘i, bunday misollar tushga ham kirmagan bo‘lardi. U vaqtlarda yangi va zamonaviy uy-joylar, milliy avtomobillar, million-million oylik ish haqini orzu qilganlarning joyi aytishga til bormaydigan yerlarda bo‘lishi tayin edi. Bir burda non ilinjida ertadan-kechgacha dalada chang yutib, azbaroyi saratonning damidan ko‘mirday qorayib ketgan bobolar bo‘lsa, ularning ajin bosgan yuzlariga qarang, o‘sha og‘ir va mashaqqatli davrni xuddi ko‘zguda ko‘rgandek bo‘lasiz. Yaratganning inoyatini qarangki, bugun biz ko‘ksimizni tog‘ qilib, bundan yigirma besh yil oldin o‘z mustaqilligimizni qo‘lga kiritganimiz, milliy davlatchiligimizni tiklaganimiz, jahondagi mustaqil va suveren davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallaganimiz, o‘zini oqlamagan eski, mustabid tuzumdan butunlay voz kechib, chuqur o‘ylangan, milliy manfaatlarimizga to‘la javob beradigan islohotlarga asoslangan, butun dunyoda “o‘zbek modeli” degan nom bilan tan olingan taraqqiyot strategiyasini amalga oshirganimiz haqida bemalol gapirayapmiz. Eng muhimi, ayni vaqtda biz tanlagan, o‘zimizga xos va mos rivojlanish yo‘lining naqadar to‘g‘ri va hayotiy ekanini butun dunyo e’tirof etmoqdaki, bu har bir vatandoshimizning qalbini cheksiz g‘urur va faxr-iftixorga to‘ldirishi tabiiy.

Biroq bu o‘rinda yaqin tariximizga oid faktlarga e’tibor qaratsak, bugungi mislsiz o‘zgarishlar, o‘sish va yuksalishlarga o‘z-o‘zidan erishilmagani kundek ayon bo‘ladi. Misol uchun, o‘tgan asrning 80 yillari oxirini esga olaylik. Ma’lumki, o‘sha yillari mamlakatimizda uzoq yillar davomida hukm surgan kommunistik mafkura va faqat xomashyo yetkazib berishga asoslangan bir yoqlama iqtisodiy siyosat har bir sohada o‘zining halokatli salbiy ta’sirini ko‘rsatgan. Yurtimiz barcha iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan ham ancha orqada bo‘lib, mamlakatda oxirgi o‘rinlardan birida turgan. Yoki har kishi boshiga yalpi ijtimoiy mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatda 12-o‘rinda, aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatkich esa Ittifoqdagi o‘rtacha darajadan ham ikki hissa past bo‘lgan. O‘sha paytlarda sobiq Markaz tomonidan bizga qarshi qancha-qancha uydirmalar, tuhmat va bo‘htonlar yog‘ilgani, hatto xalqimizga millatchi deb nom berishga urinishlar bo‘lganini ko‘pchilik hamon yaxshi eslaydi. Respublikamizga nisbatan zo‘ravonlik siyosati olib borilib, xalqimizni kamsitish, uning ehtiyojlarini mensimaslik avj olgan, kamiga yurtimizda, paxta yakkahokimligi avjiga chiqib, iqtisodiy vaziyat butunlay keskinlashgan, odamlar o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolidan norozi bo‘lib, sabr kosasi to‘lib toshgan edi. Bu masalaning qat’iy yechimini topish uchun boshqa chora-tadbirlar qatorida  o‘sha  yillari O‘zbekiston bo‘yicha 2,5 million oilaga jami 700 ming gektar sug‘oriladigan yer qo‘shimcha tomorqa sifatida berilgani qishloqlarimizda ijtimoiy muammolarni yechish, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlab qolishda ulkan tarixiy qadam bo‘lgan edi.

Xolisona aytganda, biz bugun “Xo‘sh, bunday qaltis, shu bilan birga, katta jasorat talab qiladigan ishlarni kim bo‘yniga oldi? Kim amalga oshirdi? Qanday qilib amalga oshirdi?” kabi hayotiy savollar atrofida ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Zero, yoshi ulug‘ insonlar bilgan bunday tarixiy haqiqatlarni biz bugun yuksak ishonch bildirayotgan yosh avlod ham albatta bilishi kerak. 

Yoxud qiyoslash  uchun sovet hokimiyati 70 yil hukmronlik qilgan davrda O‘zbekistonda qishloq aholisiga hammasi bo‘lib bor-yo‘g‘i 300 ming gektarga yaqin yer tomorqa sifatida berilganini esga olaylik.  O‘ylashimcha, bular qandaydir tarixiy uydirmalar emas, balki ota-bobolarimiz o‘zi ko‘zi bilan ko‘rgan-kechirgan, eslaganda kishining yuragi bir qalqib tushadigan  kechagi o‘tmishimizning real voqealari ekanligi bugungi kunda tarixiy haqiqatga aylandi.

Uzoq xorij demaymiz, yaqin yon-atrofga e’tibor bering: kimlarningdir kuch-qudratiga ishonib, o‘z kelajagini qurmoqchi bo‘lgan davlatlar paydo bo‘layotganini ko‘rasiz. Yoki keling, o‘sha uzoq xorijga ham ko‘z tashlaylik. Yaqinda internet orqali Afrika davlatlaridan biridagi bugungi maktablarning odam bolasi chidab bo‘lmaydigan darajadagi nochor ahvolini, u yerdagi bolalarning kiyinishi, yurish-turishi, ta’lim olishi haqidagi ma’lumotlar bilan birga, foto lavhalarni ko‘rib, achinib ketdim. Shukrki, bizda butunlay boshqacha. Ya’ni, O‘zbekistonning o‘z yo‘lidan og‘ishmay, qat’iy borayotgani, tinchlikni, mustaqillikni hamma narsadan ustun bilib yuritayotgan odil va oqil siyosati hali yana juda ko‘plarga saboq va ibrat vazifasini o‘tashi shubhasiz.

Ayni vaqtda biz uchun muhimi shundaki, mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz qariyb 6 barobar, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar 12 barobardan ziyod oshdi. Yurtimiz aholisining asosiy oziq-ovqat tovarlari, avvalo don, kartoshka, go‘sht, sut va qandolat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji 1990 yilda import hisobidan qoplangan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ularning 96 foizi mamlakatimizda ishlab chiqarilmoqda. Ayniqsa, keyingi o‘n bir yil davomida jahondagi sanoqli davlatlar qatorida yalpi ichki mahsulotimiz 8 foizdan kam bo‘lmagan sur’atlar bilan  o‘sayotgani dunyo jamoatchiligining hayrati va havasini uyg‘otayotganini nafaqat yurtimiz, balki xorij matbuoti ham takror-takror yozmoqda.

Xo‘sh, bunday olamshumul o‘zgarishlar shu aziz Vatanda yashovchi fuqaroning ko‘ksini g‘ururga, faxr-iftixorga to‘ldirmaydimi? 

Bular – Yurtboshimizning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori bilan tanishib chiqish asnosida uyg‘ongan fikr-mulohazalar edi. Aslida yanada chuqurroq o‘ylab ko‘rib eslashga, yozishga, e’tirof etishga arzigulik gaplar  bir talay.

Tohir ShOMURODOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × five =