«DAVRA»NI KENGROQ OLING!

 

Bugun mamlakatimiz aholisining 11 milliondan ko‘prog‘i internetdan foydalanayotgan bo‘lsa, shundan to‘rt millioni ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qiladi. Bu global tarmoqdagi eng ommabop segmentdir.

Hozir ijtimoiy tarmoqlarda nafaqat yoshlar, uy bekalari, balki sport va shou-biznes olami vakillari, tadbirkorlar, hatto davlat hamda boshqaruv organlari xodimlari ham o‘z akkauntlariga ega. Bunday resurslar soni kun sayin ortmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarga birov do‘stlar bilan muloqot qilish, birov foyda ko‘rish va qayta aloqa, boshqasi ermak uchun kiradi. Eng muhimi, ular, avvalo, axborot olish manbasidir.

 Ayni paytda 25 ta yirik ijtimoiy tarmoq bo‘lib, “Odnoklassniki”, “Moy mir”, “Vkontakte” va “Facebook” ulardan eng yetakchilari sanaladi.

Xo‘sh, UZ domeni hududida-chi, qanday yangiliklar bor? WWW.UZ katalogi statistikasiga qaraganda, “Uznet”da 37 ta ijtimoiy tarmoq ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning aksariyati faoliyat yuritmaydi. Ishlayotganlari ham faol emas va ularda foydali, qiziqarli ma’lumotlar kam. Ana shularni hisobga olib, mamlakatimiz aholisi madaniyati va ehtiyojlariga moslashtirilgan milliy ijtimoiy tarmoq yaratishga ehtiyoj sezildi. Ushbu vazifani amalga oshirish bo‘yicha Respublika Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi yordamida UZINFOCOM markazi tomonidan “Davra.uz” ijtimoiy tarmog‘i yaratildi. Uning bir qator afzalliklari bor. Avvalo, u “Tas-IX” tarmog‘ida bo‘lib, undagi ma’lumotlarni respublikamiz qonunchiligi va mentalitetimizga muvofiqligi jihatdan nazorat qilish imkoniyati mavjud.

Yaqinda ushbu milliy ijtimoiy tarmoqning ishga tushirilgani munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ta’kidlanganidek, “Davra.uz” yordamida foydalanuvchilar o‘z sinfdosh va kursdoshlari (ta’lim olgan joyini ko‘rsatgan holda), hamkasblarini (ish joyini ko‘rsatgan holda) topishlari mumkin. Bundan tashqari, qiziqishlar bo‘yicha ochiq va yopiq turdagi guruhlarni yaratish imkoniyati mavjud. Sahifalar yaratish yoki ushbu tizimni biznesni rivojlantirish sifatida ham qo‘llash mumkin. Mazkur tarmoqning standart servislaridan matn, rasm va videolarni joylashtirish, “layk”lash, izohlash va messenjerda muloqot qilish imkoni bor. Tadbirlar yaratib, unga tanishlarni taklif qilish ham mumkin.

– Hozirgi kunda dunyo bo‘yicha nom qozongan ijtimoiy tarmoqlarning millionlab foydalanuvchilari bor, – deydi taqdimotni o‘tkazgan UZINFOCOM markazi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Nosirov. – Masalan, “Odnoklassniki”dan mamlakatimiz aholisining uch millioni, “Vkontakte”dan bir millioni, “Facebook”dan 500 ming kishi foydalanar ekan. Ularning jami foydalanuvchilari soni milliardlardan oshib ketgan. Shuncha ijtimoiy tarmoqlar bo‘la turib, yana yangisini yaratish nimaga kerak bo‘ldi, degan savollar bilan murojaat qilishyapti. Yaxshi bilamizki, xorij ijtimoiy tarmoqlarida negativ, zo‘ravonlik va behayolikni targ‘ib qiluvchi ma’lumotlar uchramoqda. Yoshlarni ana shunday zararli ma’lumotlardan himoya qilish va ularda milliy qadriyatlarimizga qiziqishni yanada kuchaytirish maqsadida ushbu tarmoqni yaratdik. Uni “Davra” deb nomlaganimiz ham bejiz emas, do‘stlar, hamkasblar, professionallar va mutaxassislar davrasi kenga- yib, faqat foydali ma’lumotlar bilan tanishishlari, o‘rtoqlashishlarini istadik. Milliy ruhda tashkil etilgan tarmog‘imizning bosh sahifasida avtorizatsiya yoki ro‘yxatdan o‘tish taklif etiladi va fonida yurtimizdagi tarixiy me’moriy obidalar suratlari muallif nomi bilan birga berib boriladi. “Davra.uz”ni yaratishda unga murojaat qiluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida boshqa ijtimoiy tarmoqlarning ba’zi elementlaridan foydalandik. Negaki, foydalanuvchi ana shu elementlarga ko‘nikkan. Aksariyat yoshlar internetga mobil telefonlar orqali kirishini hisobga olib, tarmoqqa kirishning ushbu versiyasini ham kiritganmiz. Boshqa ijtimoiy tarmoqlarda xabar kelsa, sahifani yangilamay turib, uni o‘qish imkoni yo‘q, bizda esa dasturchilarimiz sa’y-harakati bilan ana shu imkoniyat yaratilgan. Ayni paytda “Davra.uz”da 2200 dan ziyod foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Qiziqishlar bo‘yicha 50 ta sahifa va 60 ta guruh yaratilgan. Tarmoqda ID.UZ orqali avtorizatsiyadan o‘tish mumkin, interfeys esa o‘zbek va rus tillarida. O‘ylaymizki, ushbu tarmoq davr talabiga javob beradigan muhim va ijtimoiy ahamiyatga ega ekaniga undan foydalanuvchilarning o‘zlari guvoh bo‘lishadi…

Anjumanda jurnalistlar milliy tarmoqning yaratilishi va ishlash doirasiga oid bir qator savollar bilan murojaat qilishdi va ularga mutaxassislar batafsil javob berdi. Tarmoq yaratuvchilari kelgusida bo‘ladigan takliflarni inobatga olib, “Davra.uz”ni yanada rivojlantirib borishlarini qayd etdilar. Ular malakali fotosuratchilarni hamkorlikka chorlab, butun respublika bo‘ylab olingan eng yaxshi suratlarni ushbu tarmoqda joylashtirib borishlarini ta’kidlashdi.  

Ha, ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurdi. Nafaqat yoshlar, balki kattalar ham endi ulardan yiroq bo‘lishi mushkul. Ular qarshisida soatlar daqiqa kabi tez o‘tmoqda. Xo‘sh, o‘tayotgan ana shu vaqt unumli, foydali bo‘ldimi yo ermak uchun sarflandimi, shunisi muhim. Ommaviy madaniyatning quroliga aylangan aksariyat ijtimoiy tarmoqlardan ko‘ra, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz nafasi sezilib turadigan o‘z tarmog‘imizning yaratilishi foydadan xoli bo‘lmaydi, albatta. Shunday ekan, o‘zbekona, choyxonachasiga gaplashadigan “Davra.uz”ga marhamat!

 

Xolida FAYZIYeVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × two =