EKOLOGIYA

 

butun insoniyatga  daxldor masala

Butun tabiiy tizim barqaror atrof muhit sharoitini, umuman biologik hayot uchun, shu jumladan, inson hayoti uchun maqbul bo‘lgan sharoitni saqlashga intiladi. Tabiat – insoturgan tabiiy olam bo‘lib, inson uning tarkibiy bir bo‘lagidir. Insoniyatning rivojlanishi tabiiy resurslardan oddiy iste’molchi sifatida foydalanishi bilan belgilanmasligi bugun yanada oydin bo‘lmoqda.niyatning boyligi emas, balki uni o‘rab 

yni paytda biologik xilma-xillikning va baliq resurslarining qisqarishi davom etmoqda, cho‘llanish yanada ko‘proq unumdor yerlarni o‘z domiga tortmoqda, iqlim o‘zgarishining falokatli oqibatlari ayon bo‘lib qolmoqda, tabiiy ofatlar  tez-tez takrorlanib, ularning xavfi ortmoqda. Havo, suv va dengiz muhitining ifloslanishi esa millionlab insonlarni ko‘ngildagidek hayot kechirishdan mahrum etmoqda.

 Jahon hamjamiyati 1972 yildan boshlab 5  iyunni “Butunjahon atrof muhit kuni”, deb e’lon qilib, mana 40  yildirki, har yili bosib o‘tilgan yo‘l natijalari sarhisob qilinib, mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish uchun kelgusida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olinmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1982 yil 28 oktyabrda qabul qilingan Butunjahon tabiat xartiyasida tabiatning roli va unga insonning munosabati tamoyillari haqidagi asosiy qoidalar aks ettirilgan. Jumladan, inson tabiatning bir bo‘lagi hamda  uning hayoti, energiya va oziq-ovqat manbai bo‘lmish tabiiy tizimlarning uzluksiz faoliyatiga bog‘liq. Inson faoliyati oqibatida tabiatni o‘zgartirib yuborishi hamda uning resurslarini tugatishi mumkin. Shuning uchun ham u atrof muhit muvozanati va sifatini, shuningdek, tabiiy resurslarni saqlashning zaruratini to‘liq anglab yetishi lozim. Yerdagi hayotning genetik asosi xavf-xatarga qo‘yilmasligi kerak. Tiriklikning har qanday turlari, u yovvoyi bo‘ladimi yoki xonakilashtirilganmi, saqlanishi lozim, hech bo‘lmaganda, ularning yashab qolishi uchun zarur muhit sharoitini saqlash kerak.

2002 yilda BMTning barqaror rivojlanish bo‘yicha Yoxannesburgda o‘tkazilgan Butunjahon konferentsiyasi ishtirokchilari tomonidan barcha davlatlarni umumiy taraqqiyot va tinchlik uchun xizmat qilishga chaqiruvchi siyosiy deklaratsiya, shuningdek, qashshoqlikka barham berish va ekologiyani asrash bo‘yicha Harakat rejasi qabul qilingan. Mazkur hujjat millionlab kishilarni toza ichimlik suviga, elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda 2015 yilga borib qashshoqlik darajasini 50 foizga kamaytirishni ta’minlovchi keng miqyosdagi qator aktsiyalarni  o‘z ichiga qamrab olgan.

Biroq, jahon hamjamiyati tomonidan so‘nggi 30 yil ichida ko‘rilgan choralarga qaramasdan atrof-muhit va inson hayoti sharoitining salbiy tomonga o‘zgarish tendentsiyasi kuzatilmoqda.

Bugungi kunda dunyoda ikki yuzdan ziyod davlat turli darajadagi iqtisodiy rivojlanishga, turli holatdagi atrof-muhitga, ekologik muammolarni yechish bo‘yicha turli yondashuvlarga ega. Ta’kidlash kerakki, bir vaqtning o‘zida ularni bugungi va kelajak avlod manfaatlari yo‘lida atrof-muhitni musaffo holda saqlash va tiklash bo‘yicha javobgarlik birlashtirib turadi. Shu munosabat bilan energiya tejovchi texnologiyalarni izlab topish va joriy etish jarayonlariga, tabiiy resurslardan samarali foydalanishga, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish va tatbiq etishga harakat qilish, shuningdek, uzluksiz ekologik ta’lim tizimini, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasi bo‘yicha mutaxassis kadrlarni tayyorlash dasturini joriy etish ishlarini kuchaytirish zarur.

Mamlakatimizda istiqlol yillarida ekologik muammolarni yechish, ayniqsa, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish maqsadida misli ko‘rilmagan sa’y-harakatlari amalga oshirildi.

O‘zbekiston avvalgi tuzumdan tabiiy resurslarning nobarqaror boshqaruvi bilan bog‘liq murakkab ekologik muammolar, shuningdek, kommunal, sanoat manbalari va sug‘oriladigan maydonlardan qaytgan oqava suvlar natijasida vujudga kelgan yuqori ifloslanish darajasini meros qilib oldi. Shu bois qishloq xo‘jaligi, energetika va sanoat tarmoqlarida jiddiy tuzilmaviy muammolar ro‘y berdi. Bu mamlakat atrof-muhiti va tabiiy resurslarini boshqarish sohasidagi ko‘plab jiddiy masalalarning ilk sababchisi bo‘lib qolmoqda.

Yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun tabiatni muhofaza qilish qonunchiligining oldingisidan tubdan farq qiluvchi yangi me’yoriy-huquqiy bazasi yaratila boshlandi. Tabiatdan foydalanishning ma’muriy-buyruqbozlik usuli o‘rniga iqtisodiy boshqarish usuliga o‘tildi. 1992 yilda tabiiy muhit sharoitlarini saqlashning, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilab beruvchi O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlar uyg‘un muvozanatda rivojlanishini, ekologiya tizimlari, tabiat komplekslari va ayrim ob’ektlar muhofaza qilinishini, fuqarolarning qulay atrof muhitga ega bo‘lish huquqini kafolatlanishini ta’minlashga qaratilgan.

Bugungi kunda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda barqaror rivojlanish sohasi bo‘yicha qator strategik hujjatlar ishlab chiqildi va qabul qilindi. Bular: bioxilma-xillikni saqlash milliy strategiyasi va harakatlar rejasi; cho‘llanish va qurg‘oqchilik bilan kurashish bo‘yicha harakatlar rejasi; barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha milliy strategiya kontseptsiyasi; atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha harakatlar rejasi; atrof-muhit gigienasi bo‘yicha harakatlar rejasi; aholi turmush sharoitini yaxshilash strategiyasi va boshqalar. Ushbu hujjatlar asosida atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha harakat dasturlari shakllantirilmoqda. Mazkur dasturlarda tabiiy resurslarni saqlash, ulardan oqilona foydalanish va qayta tiklashga, xo‘jalik yuritishning ekologik usullarini joriy etishga, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirishga, ekologik ilm-fanni rivojlantirishga, aholi o‘rtasida ekologik ta’lim va tarbiyani kuchaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar nazarda tutilgan. 

Mingyillik Rivojlanish Maqsadlariga erishish borasida o‘z majburiyatlarini bajarish maqsadida O‘zbekistonda BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha 2011—2015 yillarga mo‘ljallangan qo‘shimcha choralar Kompleksi amalga oshirilmoqda. BMTning rivojlanish dasturi bilan hamkorlikda bioxilma-xillikni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, yer resurslarini samarali boshqarish va boshqa sohalarda qator ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston xalqaro huquqning to‘la huquqli sub’ekti sifatida mustaqil ravishda ijtimoiy-iqtisodiy, shuningdek, atrof-muhitni va fuqarolar sog‘lig‘ini muhofaza qilishga, mamlakatning barqaror rivojlanishi va ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan ekologik siyosatni yuritmoqda. Bunday ekologik siyosatning amalga oshirilishi xalq xo‘jaligi va umuman jamiyatning barqaror rivojlanish shartlaridan biridir.

O‘zbekistonning mustaqil rivojlanish yillaridagi ekologik siyosati natijasida atrof-muhit sifati yaxshilandi. Shu davrda atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar hamda ifloslangan chiqindi suvlar tashlanishi hajmi 2 barobarga kamaydi. O‘simliklarni himoya qilishning biologik usullariga o‘tilishi pestitsidlardan foydalanishni 5 martaga qisqartirish imkonini yaratdi. Ekin maydonlari tizimida don, sabzovot va kartoshka ekinlarini ko‘paytirish tendentsiyasi o‘rnatildi va bugungi kunda paxta ekini maydonlari qisqarib, umumiy ekin maydonining 30 foizidan oshmaydi. So‘nggi 4 yilda 1200 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonining meliorativ holati yaxshilandi. Milliy qo‘riqxona, bog‘, buyurtmaxona va ekomarkazlar rivojlanmoqda. Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni reabilitatsiya qilish tadbirlari faollik bilan amalga oshirilmoqda.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston nafaqat mintaqa davlatlarining say’-harakatlarini birlashtirish tashabbusi bilan chiqdi, balki ushbu pozitsiyaga to‘la amal qilayotganligini amaliy harakatlari bilan isbotladi. Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasini tuzish hamda faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, Orol dengizi havzasi dasturini amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shildi. O‘zbekiston so‘nggi bir necha yil ichida Orolbo‘yi mintaqasi ekologik vaziyatini barqarorlashtirish uchun jami 1,5  milliard AQSh dollari maqsadidagi loyihalarni amalga oshirdi.

O‘zbekistonning mavjud tabiiy-resurs, intellektual va iqtisodiy salohiyati mintaqaviy ekologik muammolarni yechishdagi ustuvor va muhim rolini ta’minlaydi. Biroq, Markaziy Osiyoda yuzaga kelayotgan ko‘plab ekologik muammolar global xarakterga ega bo‘lib, faqat bitta davlatning sa’y-harakatlari bilan o‘z yechimini topa olmaydi.

Ishonchimiz komilki, faqatgina birgalikdagi sa’y-harakatlar yuzaga kelgan ekologik muammolarni samarali va kam xarajatlar bilan muvaffaqiyatli yechish, umuman, ekologik muvozanatning, shuningdek, suv muvozanatining, ayniqsa, Markaziy Osiyoda, hozirgi va kelgusi avlodlar yashashi uchun qulay bo‘lgan atrof-muhit sharoitining barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Sergey SAMOYLOV,

Jumanazar ATOJONOV

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputatlari

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =