QASHQADARYO: TARAQQIYOT TIMSOLLARI

Qashqadaryo jonajon Vatanimizning eng go‘zal va katta imkoniyatlarga ega maskanlaridan biri. Mamlakatimizning ko‘plab tabiiy zaxiralari shu hududda mujassam. Viloyatda paxta, g‘alla, chorva, poliz ekinlari yetishtiruvchi tarmoqlar bilan birga, neft’, marmar, tuz, qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalar soni ham yildan-yilga ortib bormoqda.

 

Bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining o‘n bir foizi shu voha hissasiga to‘g‘ri keladi. Sho‘rtan va Muborak gaz-kimyo majmualari, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi kabi zamonaviy sanoat korxonalarida jahon bozorida xaridorgir mahsulotlar tayyorlanmoqda. Ayni paytda yirik investitsiyalashtirilgan loyiha asosida Talimarjon IESda yiliga 900 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega ikkita bo‘g‘-gaz qurilmasini qurish ishlari jadal davom etmoqda. Eng muhimi, bunday muhtasham inshootlardagi murakkab qurilmalarni dunyoqarashi butunlay yangi, ko‘plab xorijiy davlatlarda tajriba almashib kelgan o‘zimizning yigit-qizlar mohirlik bilan boshqarayotgani Vatanimizning katta yutug‘idir. 

Samarqandda – baraka, Qashqadaryoda – ne’mat, deydilar. Bu haqiqatni biz fe’li daryo elning ko‘ngli tozaligi, bir-birlariga mehr-oqibat ko‘rsatib yashayotganida ham ko‘rishimiz mumkin. Yakdillik, ahillik va hamjihatlik bor joyda baraka bo‘ladi. Yozda bu yurtning harorati ellik darajagacha ko‘tarilib ketsa-da, har yili fermer xo‘jaligi mirishkorlari zimmasiga olgan g‘alla va paxta yetishtirish bo‘yicha shartnomasini sharaf bilan bajarib kelmoqdalar. Ularning ongida men shu yerni boqsam, yer ham meni boqadi, degan tushunchalar allaqachon o‘z tasdig‘ini topgan. Gaz va suv kirib borgan eng chekka qishloqlarida hayot tarzi butunlay yangicha. Ziroatchilik, parrandachilik va chorvachilikdan olinayotgan daromadlari ham viloyat iqtisodiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shmoqda. Albatta, bunday yuqori natijalarga erishish uchun munosib sharoit, rag‘bat va sog‘lom ijod muhiti bo‘lishi kerak. Viloyatning umumiy yer maydoni qariyb 2 million 857 ming gektarni tashkil etsa, shuning 1 million 381 ming gektari yaylovlardan iborat. Chorvachilik qilish uchun qulay beadad kengliklarda ozuqali ekinlar serob. Hali ishga solinmagan ichki imkoniyatlari, tabiiy resurslari esa behisob. 

2013 yil 2 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasining “2013—2016 yillarda Qashqadaryo viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani kelgusida Qashqa vohasini mamlakatimizdagi eng go‘zal shaharlardan biri, yirik sanoat va madaniyat markaziga aylantirish uchun mustahkam zamin yaratdi. Ushbu dasturda asosan, umumiy qiymati ikki milliard to‘qson sakkiz million dollarga teng besh yuzi ellik besh loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilib, hozirgacha to‘rt yuzi qirqdan ortig‘i hayotga tatbiq etilgani diqqatga sazovordir. Sanoat sohasining yangi turlarini rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash va farovonligini oshirish maqsadida ko‘rilayotgan bu tadoriklar hozirdan o‘z mevasini berayapti. Masalan, Dehqonobod kaliy zavodini foydalanishga topshirilgani, tumanda sanoat ishlab-chiqarishning rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Bugun bu yerda faoliyat yuritayotgan kichik biznes sub’ektining o‘zi mingga yaqin. Taqqos uchun: 2007 yilda tumanda bor-yo‘g‘i 723,6 million so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2014 yilga kelib yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi, tadbirkorlarning sa’y-harakati samarasi o‘laroq bu ko‘rsatkich 111 milliard 386 million so‘mga yetdi. Joriy yilda bu raqam yanada o‘sishi kutilmoqda.

 

BUGUNDAN ROZI, ERTANGI KUNDAN KO‘NGLI TO‘Q

Keyingi yillarda Qarshi shahri ham misli ko‘rilmagan darajada o‘zgarib bormoqda. Shaharning 2700 yilligi munosabati bilan ko‘hna Nasaf qadimiy tarixi, yuksak nufuzini qayta tiklagani xal-qaro miqyosda katta voqealardan biri sifatida e’tirof etilgandi. Qutlug‘ to‘y munosabati bilan boshlangan ulug‘ ishlar jadal davom etib, yo‘l qurilishi, ularni ta’mirlash va atroflarini obod qilishga ulanib ketdi. Shahar va qishloqlardagi bog‘cha, maktab, shifoxonalarga olib boradigan ko‘chalar kengaytirilib, yo‘lovchilar harakatlanishi uchun qulayliklar yaratilmoqdaki, yo‘l masalasi bo‘yicha muammolar deyarli, odamlarni o‘ylantirmay qo‘ydi. Ayniqsa, Samarqand – Qarshi temir yo‘l yo‘nalishida tez harakatlanadigan yo‘lovchi poezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish, Maroqand – Qarshi temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish, Qarshi vokzalini rekonstruktsiya qilish loyihalari bo‘yicha ijobiy natijalarga erishilgani quvonarli hol. Bir tomoni markaz bilan bog‘langan poezd yo‘li, bir tomondan Zarafshon va Hisor tizmalari, Buxoro kengliklariga qo‘shilib ketgan avtomobil yo‘llari istagan manzilingizga bexatar yetkazadi. Qisqa muddatda qurib bitkazilgan mustahkam va ravon yo‘llar odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish bilan birga, yangi-yangi korxona va ish joylarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, viloyat markazidagi “Sanam” MChJda ishlab chiqarilayotgan tekstil mahsulotlari xorijlik ishbilarmonlarning ham e’tiborini tortmoqda. Yoki Koson va Qarshi yog‘ ekstraktsiya qo‘shma korxonalari mahalliy xomayoshni qayta ishlash hisobidan mahsulot chiqarib, katta daromad topayotgani e’tiborga molikdir. Bu boradagi xayrli o‘zgarishlar bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarida ham  o‘z ifodasini topmoqda. E’tibor bering, o‘tgan yili  viloyat markazida 32 ta zamonaviy, birinchi qavatida savdo do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari joy olgan ko‘p qavatli turarjoylar qad rostlagan bo‘lsa, joriy yilda shunday uylardan yana 25 tasi qurilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston va Nasaf ko‘chalari kesishgan joyda, Qarshining eski shahar qismida qad rostlagan, 24 xonadonga mo‘ljallangan turarjoy ko‘rkamligi bilan shaharga zeb berib turibdi. Uni “To‘xta ota Haydarov” ishlab-chiqarish va savdo xususiy firmasi bunyodkorlari 9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga qurib bitkazishdi. Yosh oilalar uchun barpo etilayotgan namunaviy loyihadagi turarjoylar ijarada yashovchilar uchun bir qancha qulayliklar yaratmoqda. Har yili o‘zim kabi qanchalab tengdoshlarim uzoq muddatli imtiyozli kreditlar evaziga shinam va zamonaviy hovli-joyga ega bo‘lish uchun harakat qilmoqda. Ular bugunidan rozi, ertangi kunidan ko‘ngli to‘q, orzulari oydin yoshlardir. 

 

SOHIBQIRON YURGAN YO‘LLARDA 

Prezidentimizning 2013 yil 25 iyuldagi “Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ham tarix sahifalarida zarhal harflar bilan yoziladigan ishlarni boshlab berdi. Viloyatda yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida uzunligi 56 kilometr bo‘lgan halqa yo‘li, temir yo‘l va daryolar bilan kesishadigan nuqtalarida 6 zamonaviy yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklar bunyod etilayotgani shahar havosi musaffoligi va harakat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Halqa yo‘lining Qashqadaryoni kesib o‘tadigan qismida uzunligi 108, eni 27 metr-lik yangi ko‘prik barpo etilgani qashqadaryoliklar uchun mustaqilligimizning yigirma besh yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi. Davlatimiz rahbari 2015 yil 30 iyun – 1 iyul kunlari Qashqadaryoga qilgan tashriflari chog‘ida Amir Temur ko‘prigi ustida to‘xtab, ko‘prik va uning atrofini obodonlashtirish, aholi madaniy hordiq chiqaradigan xushmanzara sayrgohga aylantirish borasida alohida to‘xtalib o‘tgandilar. Oradan ko‘p o‘tmay, Amir Temur ko‘prigi atrofi yirik dam olish va istirohat majmuasiga aylantirildi. Qirg‘oq bo‘yidagi eski binolar o‘rniga go‘zal xiyobon bunyod etildi. Daryo sohili bo‘ylab kemalar to‘xtaydigan to‘rtta joy qurilib, yoritish ustunlari o‘rnatildi. Bu yerda 51 ta katamaran, 2 ta turistik kater va 4 ta attraktsion xizmat qiladi. Daryo qirg‘og‘i bo‘ylab 14 ta kottej, 4 ta kafe-bar, bolalar maydonchalari, 4 ta sun’iy qoplamali sport maydonchasi barpo etildi. 

– Mazkur ko‘prikning o‘rta asr me’morchiligi, an’analariga sodiq qolgan holda ta’mirlangani tariximiz, xususan, Sohibqiron bobomizning ruhiga yuksak hurmat va e’zoz ramzi sifatida namoyon bo‘ldi,– deydi taniqli tarixchi olim Poyon Ravshanov. – Uning atrofi go‘zal xiyobonga aylantirilgani esa bu yerga tashrif buyuruvchilarni bir lahza tin olib, bugungi kunimizga bir nazar tashlashga undaydi. Daryodan ko‘ngli suv ichib, uning bunyodkorlariga tasannolar aytadi. Yo‘lovchilarning birgina mana shu shukronasi istiqlolimiz bardavom bo‘lishiga undaydi. Amir Temur bobomizning niyatlari ham o‘z erkini qo‘lga olish va buni asrab-avaylash emasmidi?!

Darhaqiqat, qadimda Qashqadaryo daryosining ikki qirg‘og‘ini bog‘lagan mazkur ko‘prik 700 yillik tarixga ega. O‘rta asrlarda Nasaf orqali Eron va Hindistonni Yevropa bilan birlashtirgan muhim karvon yo‘llari o‘tgan. Yangi ko‘prik va uning atrofida barpo etilgan ko‘rkam saylgoh nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki chet ellik sayyohlarning ham sevimli maskaniga aylanishi tabiiy. Bundan tashqari, mana shu ko‘prik ozod yurt farzandlari qalbida  ulug‘ ishlarga rag‘bat uyg‘otadi. Ayniqsa, seryog‘in bahor kezlari suvga to‘lib, cho‘lu biyobonlarni gulistonga aylantiradi. Bu dehqonlarimizni o‘z tomorqasida ishlab, daromad topishi uchun qulay imkoniyatlarni yaratadi. 

 

YYeTTI YULDUZ YOG’DUSI 

Shahrisabz, Kitob va Yakkabog‘da ham ulug‘ sarkardaning muborak qadamlari tekkan tabarruk manzillar juda ko‘p. Amir Temur bobomiz mana shu zamindagi suvtushar sharsharalar, g‘orlar, so‘qmoqlar, daralar va qoyalardan madad olib, o‘z vaqtida yurtini osoyishta va obod qilish uchun bir qancha bunyodkorlik ishlarini olib borgan. Oqsaroyni Shahrisabzda bunyod etilishida ham o‘ziga xos hikmat bor. Go‘zal va betakror tabiatining o‘ta noyob qismi YuNYeSKOning “Jahon tabiiy va madaniy merosi durdonalari” kitobiga kiritilgan. Miroqiga dam olish uchun nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyoning bir chetidan kelayotgan sayyohlarning ham keti uzilmaydi. Hozirgi paytda Shahrisabzning o‘zida bir qancha qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatib, ularda sifatli mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Yakkabog‘, Mingchinor dam olish oromgohlari Shveytsariyaning go‘zal tabiatini eslatadi. Purviqor tog‘laridan kelayotgan suv Qarshi, Koson va Muborak dala-dashtlarini ta’minlab turibdi. Bu dehqon xo‘jaliklarini rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda. Viloyatdagi qanchadan-qancha ekin maydonlari o‘zlashtirilib,  o‘z egalariga topshirilmoqda.

 

TUYANI MINIB, OLISNI KO‘ZLA 

Bugun Qashqadaryo deganda ko‘z oldimizda cho‘l gavdalanmaydi. Sahro bag‘rida barpo etilgan ko‘plab stadionlar, suzish havzalari va tennis kortlarini sanab adog‘iga yetolmaysiz. Viloyat markaziy stadioni tubdan ta’mirlangani qashqadaryolik sportchilarni turli musobaqalarda salmoqli natijalarni qo‘lga kiritishi uchun muhim omil bo‘lmoqda. Yangi qurilgan bu inshootlar, uy-joylar, bozorlar, guzarlar, ravon yo‘llar barisi, besh-o‘n yilni emas, balki uzoq istiqbolni ko‘zlab amalga oshirilgan ishlardir. Hali bu yo‘llar atrofida ko‘pgina zamonaviy maktab, kasb-hunar kollejlari, yangi korxonalar  paydo bo‘ladi. Faqat mana shu baxt ta’mini totib, hayotdan zavqlanib yashash insoniylik burchimizdir.    

 

Adiba UMIROVA,

“Hurriyat”muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × two =