Barqaror taraqqiyot va farovon istiqbol yo‘lida

Poytaxtimiz Toshkentda joriy yilning 23 — 24 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi bo‘lib o‘tadi. ShHT tashkil topganining o‘n besh yilligi sanasida bo‘lib o‘tayotgan Toshkent sammiti yilning markaziy siyosiy voqeasi bo‘libgina qolmay, balki tashkilot tarixida butunlay yangi sahifalarni ochadi.

 

ShHT Davlat rahbarlari kengashi majlisida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboev, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etadi. 

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf o‘ani, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Mo‘g‘uliston Prezidenti Saxiagiyn Elbegdorj, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Zarif kuzatuvchi davlatlar hamda Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qiluvchi mamlakatning  mehmoni sifatida ishtirok etadi.

Majlisda ShHT Bosh kotibi Rashid Alimov va ShHT mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Yevgeniy Sisoev ham qatnashadi. Shuningdek, ShHT sammitida xalqaro hamkor tashkilotlar rahbarlari — BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Jefri Feltman, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi — Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Bosh kotibi Nikolay Bordyuja, ASYeAN Bosh kotibi Le Liong Min, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning ijrochi direktori Gun Szyanvey ham ishtirok etadi. 

Ta’kidlash kerakki, ayni paytda ShHT jahon aholisining 44 foizi (3,17 milliard kishi) istiqomat qiladigan 18 ta (oltita a’zo, oltita kuzatuvchi va oltita muloqot bo‘yicha hamkor) davlatni o‘zaro birlashtiradi. Ayni damda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘lsa, Afg‘oniston, Belarus, Hindiston, Eron, Mo‘g‘uliston va Pokiston kuzatuvchi davlatlar maqomiga ega. Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya, Shri-Lanka mamlakatlarini esa muloqot bo‘yicha hamkorlar qatorida sanab o‘tishimiz mumkin. 

O‘zbekiston tashkilotning muassisi va teng huquqli qatnashchisi sifatida ShHTni mustahkamlash bilan birga, mintaqaviy muammolar yechimining tugal va samarali bo‘lishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotir. Uchta yovuz kuch — xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm va separatizm, shuningdek, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash faoliyatida O‘zbekistonning ShHTga a’zo mamlakatlar bilan mavqei deyarli bir xil. 

— ShHT tashkil topganining 15 yilligini nishonlash nuqtai nazaridan, bo‘lajak sammit tashkilotni rivojlantirish tajribasini umumlashtirish va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini ko‘rib chiqish uchun alohida ahamiyat kasb etadi, — deydi Xitoy xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin. — ShHT 15 yildan buyon o‘zaro ishonch va manfaat, tenglik, maslahatlashish, madaniyatlar va tsivilizatsiyalar xilma-xilligini hurmat qilish, rivojlanishga intilishni o‘zida mujassam etgan “Shanxay ruhi”ni hayotga joriy etib kelmoqda. Tashkilot ochiqlik, bag‘rikenglik, hamkorlik va umumiy manfaat asosida yangi ko‘rinishdagi xalqaro munosabatlarni shakllantirish tarafdori bo‘lgan va shunday bo‘lib kelmoqda, mintaqada barqarorlik va va farovonlikni ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. 

Davlat rahbarlari majlisining kun tartibiga  muvofiq, ShHT doirasida serqirra va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalarini muhokama etadi, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashadi. 

Davlat rahbarlari uchrashuvi yakunida asosiy hujjat — ShHT o‘n besh yilligining Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi. Unda tashkilotning so‘nggi o‘n besh yillik faoliyati, a’zo davlatlarning ShHTni rivojlantirish istiqbollariga nisbatan kelishilgan yondashuvlari, shuningdek, joriy xalqaro hamda mintaqaviy vaziyat bo‘yicha pozitsiya o‘rin oladi. 

Davlat rahbarlari 2025 yilgacha ShHTni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishga doir 2016—2020 yillarga mo‘ljallangan harakat rejasi va ShHTni rivojlantirish unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan boshqa hujjatlarni tasdiqlaydi.   

Xalqaro sharhlovchilar ShHTning mintaqa va dunyoda tinchlik va barqarorlikka qo‘shayotgan hissasiga yuqori baho berishmoqda. ShHTning o‘z oldiga qo‘ygan vazifalari barqaror taraqqiyot va farovon istiqbol uchun hamkorlikda faoliyat yuritishdan iborat. So‘nggi vaqtlarda jahonda nufuzi ortib borayotgan ushbu tashkilot o‘z oldiga urushlar va harbiy-siyosiy to‘qnashuvlar xavfini daf etib, tinchlik, farovon hayotga erishish kabi maqsadlarni qo‘ygan. Tashkilotning doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi ikki organi — Pekin shahrida joylashgan Kotibiyat va Toshkent shahrida joylashgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkilotining huquqiy me’yor va qoidalariga binoan, 2015 yil 11 iyuldan buyon unga O‘zbekiston Respublikasi raislik qilayapti. Mamlakatimiz bundan avval 2004 va 2010 yillarda o‘zining ShHTga raisligi doirasida davrning an’anaviy hamda yangi xavf-xatarlariga nisbatan tashkilotga a’zo mamlakatlar siyosatini muvofiqlashtirishni kuchaytirishga doir qator muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi. 

O‘zbekiston raisligida ShHT faoliyatini yanada takomillashtirish, tashkilot doirasida siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va gumanitar aloqalar sohalarida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

So‘zimiz yakunida ShHTning 2016 yilgi Toshkent sammiti nafaqat tashkiloti faoliyatida, balki jahon hamjamiyatida o‘zining munosib nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston tarixida ham katta ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlashni istardik. Ishtirokchi davlat rahbarlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlar tashkilot nufuzini sezilarli darajada oshirishi bilan birga, uni yanada kengaytiradi.

Hech shubhasiz, qardoshlik, yaxshi qo‘shnichilik asosida faoliyat yuritayotgan, ayni damda dunyo aholisining salkam 44 foizi istiqomat qiladigan mamlakatlarni qamrab olgan ShHT bundan ke-yin ham uzoq yillar mintaqa taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, a’zo davlatlar hududlarida istiqomat qilayotgan xalqlarning farovonligi va xavfsizligini ta’minlayveradi. 

 

OAVda e’lon qilingan 

materiallar asosida tayyorlandi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + 17 =