E’tiqod erkinligining toza havosi

Bugun jahondagi butun musulmon olami, shu jumladan, mamlakatimiz ahli ham mehr-oqibat, shukronalik va xayr-saxovat ayyomi sanalgan Ramazon hayitini katta quvonch bilan kutib olmoqda. Erta sahardan bayramona kiyinib, jome machitlariga yo‘l olgan mo‘min-musulmon yurtdoshlarimiz hayit namozlarini bajo keltirib, Vatanimizning tinch-osoyishtaligi va obodligi, dasturxonlarimizning to‘kinligi-yu, hayotimizning farovonligi uchun Yaratganga cheksiz shukronalar keltirdilar.

 Bir oy mobaynida sabr-chidam bilan yozning jazirama kunlarida sahardan to quyosh botguncha ro‘za amallarini ado etib, islom farzlaridan birini sidqidildan bajargan hamyurtlarimiz bugun xursandchilik og‘ushida. Ming shukrki, Ramazon hayitining barakotidan, qolaversa bobodehqonlarimizning zahmatli mehnati sharofatidan bozorlarimizu do‘konlarimiz turli-tuman mahsulotlar bilan to‘la, dasturxonlarimiz to‘kin. Xullas, bugun qay go‘shaga bormang, pishiqchilik, serobchilikning ajib fazilatlarini inkishof etasiz. Ramazon shodiyonasini eldoshlarimizning tinch-xotirjam, dorulamonlikda qarshi olayotgani har birimizning ko‘nglimizni quvontirishi bilan bayramga o‘ziga xos shukuh bag‘ishlab turibdi. 

Ta’kidlash kerakki, Yurtboshimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ma’naviy qadriyatlarimizning uzviy qismi bo‘lgan milliy bayramimiz Navro‘zi ayyom, diniy bayramlarimiz — Ramazon hamda Qurbon hayitlarini tiklanishi va emin-erkinlikda umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi ham istiqlolimizning sharofatidandir. Holbuki, yaqin o‘tmishda sho‘ro zug‘umi tufayli diniy e’tiqodidan mahrum etilgan ota-bobolarimizning ramazon va qurbon hayitlari namozlarini biror bir pana-pastqamda, rahbarlar ko‘rib qolmasin, degan hadikda yashirincha o‘qib yurganlarining guvohi bo‘lganmiz. Tahlika, qo‘rquv va zug‘um hukm surgan davrlarni boshidan kechirgan xalqimiz bugungi istiqlol zamonida e’tiqod erkinligining toza havosidan nafas olayotganidan qalbimiz cheksiz faxr va g‘ururga to‘ladi.

Bunday damlarda albatta, insonlar eng ezgu tilaklar bilan duoga qo‘l ochib, bir-birlarini qutlar ekan, ular o‘rtasida mehr-oqibat rishtalari yanada mustahkamlanadi. Zotan, mehr-muruvvat, shukronalik va bag‘rikenglik, ahillik ramzi hisoblangan Ramazon hayiti kunlarida azal-azaldan bir-biri bilan arazlashgan kishilar yarashishgan, keksalardan ko‘ngil so‘ralgan, qarovsiz kimsalar, nogiron va yetimlarga esa baholi qudrat mehr-muruvvat va xayr-saxovat ko‘rsatilgan. Tabiiyki, bunday ayyomlarda mamlakatimizdagi mehribonlik, muruvvat va saxovat uylarida umrguzaronlik qilayotgan fuqarolar ham e’tibordan chetda qolmaydi. Ushbu tadbirlar asnosida esa go‘zal urf-odatlarimiz, an’analarimiz, o‘zligimiz va diniy qadriyatlarimizning qayta tiklanib, ular yangicha mazmun-mohiyat kasb etayotganini ham ko‘rib turibmiz.   

Ammo afsuski, bu ulug‘ bayram hamma joyda ham yurtimizdagidek xursandchilik, birdamlik va ahillikda o‘tayapti, deb ayta olmaymiz. Ayni kunda jahonning ayrim hududlarida davom etayotgan xunrezliklardan yoqa ushlaysan, kishi. Ayrim mamlakatlarda tinchlikning eng tansiq ne’matga aylangani, insonlarning qadr-qimmati sariq chaqaga arzimayotgani, turli qurolli to‘qnashuvlar, qon to‘kishlar tufayli kattalar, go‘daklaru keksalarning qurbon bo‘layotganidan diling g‘ussa va alamga to‘ladi. Ayni kunda sayyoramizdagi millionlab kishilarning insonparvarlik yordamiga muhtojligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi, albatta. 

Bugungi kunda terrorchilik harakatlari va portlashlar jahon ommaviy axborot vositalari, jumladan internet saytlarining har kungi sahifasidan doimiy o‘rin oldi, desak xato bo‘lmaydi. Eng yomoni, buning natijasida ko‘p hollarda begunoh kishilar nobud bo‘layotir. Ayniqsa, Ramazon hayiti arafasida Alloh taoloning nazari tushgan muqaddas zamin — Madinai Munavvaradagi masjidi Nabaviya yaqinida sodir bo‘lgan portlash hammaning aqlini lol etib qo‘ydi. 

Saudiya Arabistonining Madina shahridagi Muhammad(s.a.v) payg‘ambarning masjidlari yaqinida terrorchi-xudkush xavfsizlik kuchlarining oldida portlovchi qurilmani harakatga keltirdi, deb xabar beradi «Al-Arabiya» telekanali. Portlash oqibatida Saudiya Arabistoni xavfsizlik kuchlarining to‘rt nafar xodimi halok bo‘lgan. Xudkush xufton namozi vaqtida masjid hududiga kira olmagach, maxsus kuchlar xodimlarining avtomobillari turadigan avtoturargohda portlashni amalga oshirgan ekan. 

Bundan tashqari, dushanba kuni Saudiya Arabistonining Al-Qatif va Jidda shaharlarida xudkushlar tomonidan yana ikkita portlash amalga oshirilgan. Al-Qatif shahridagi masjid yonida amalga oshirilgan terakt joyida uch kishining jasadi topilgan. 

Joriy yil 3 iyulga o‘tar kechasi Iroq poytaxtining Karrada tumanidagi shialar ziyoratgohi yaqinida avtomobil portlatilishi oqibatida qurbonlar soni so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra 213 kishiga yetgan. 200 dan ortiq insonlar esa jarohat oldi. Bag‘doddagi harbiy qo‘mondonlik vakilining so‘ziga ko‘ra, minalashtirilgan mashina Karrada markazida, odamlar bayram tayyorgarligi uchun bozorlik qilayotgan paytda sodir etilgan. Birinchi portlashdan keyin Bag‘dod shimolidagi bozor hududida joylashgan sharshara yaqinida yana bir minalashtirilgan avtomobil portlatilgan. Ikkinchi teraktda 6 kishi qurbon bo‘ldi va 12 kishi yaralandi. Mazkur portlashlar uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi. 

Turli mintaqalardagi qonli mojarolar, xalqaro terrorizm, ekstremizm tahdidi, jahon bo‘ylab davom etayotgan inqiroz har bir sog‘lom fikrli kishini mulohaza qilishga, aniqrog‘i bugungi kunimizni, osoyishta hayotimizni qadriga yetishga undaydi. Ayni kunda Yevropa mamlakatlarida aholining turmush sharoiti tobora pasayib, katta-katta korxona va kompaniyalarda ish o‘rinlari qisqartirilmoqda. Jahon OAV ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda ishsizlik darajasi 6 foizdan oshgan bo‘lsa, Yevropada bu ko‘rsatkich 12 foizni tashkil etmoqda. Bugun shiddat bilan o‘zgarib, tobora keskinlashib borayotgan dunyoda vaziyat xatarli tus olib, siyosiy, iqtisodiy, harbiy holat yanada yomonlashmoqda. 

 Jahonning qamrab olgan bunday mojarolarga qarama-qarshi o‘laroq, Vatanimizda davom etayotgan izchil bunyodkorlik ishlari, dasturxonlarimizning to‘kinligi, eng muhimi, tinchligimizning barqarorligi har birimizda ertangi kunga nisbatan ishonch uyg‘otishi shubhasiz. Birgina o‘tgan yildagi iqtisodiy yutuqlarimizni olib ko‘radigan bo‘lsak, mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 8 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qariyb 7 foizga o‘sgan. Shuningdek, o‘tgan yilda kichik biznesning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 56,7 foizga yetgan. Bir so‘z bilan aytganda, nufuzli Jahon iqtisodiy forumining reytingiga muvofiq, O‘zbekiston 2014–2015 yillardagi rivojlanish yakunlari va 2016–2017 yillarda iqtisodiy o‘sish prognozlari bo‘yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan besh mamlakat qatoridan joy egallab turibdi. 

Mamlakatimizda yoshi kattalarning hamisha hurmat va e’zozdaligiyu, yoshi kichiklarning esa izzatdaligini yaxshi bilamiz. Birgina o‘tgan yilda 2 million 750 mingdan ziyod keksalarning pensiya miqdori 20 foizdan ziyodga oshirildi. Qolaversa, keksalarga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish, tizimli sog‘lomlashtirish, shu yo‘nalishdagi davolash va ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlanishi ularga katta madad bo‘lmoqda. Bundan tashqari, o‘tgan yili 50 mingdan ziyod keksalar sanatoriylarda bepul davolandi. Ushbu g‘amxo‘rliklar albatta, ular hayot tarzining yaxshilanishi va umrining uzayishida muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, 1990 yilda mamlakatimizda yashovchi aholining o‘rtacha umri 67 yosh edi. Oradan yigirma besh yil o‘tib, bu ko‘rsatkich erkaklarda o‘rtacha 73,5 yoshni, ayollarda esa 75,8 yoshni tashkil qilayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Mazkur raqam ham, albatta, ko‘p narsalarni anglatishi tabiiy. Birlashgan Millatlar tashkiloti homiyligida mustaqil tashkilotlar guruhi va xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘tgan yili 158 ta mamlakatda «Dunyoning eng baxtli mamlakatlari» degan mavzuda tadqiqot o‘tkazildi. Aholi farovonligi, hayot davomiyligi, ishsizlik darajasi, inson huquqlari va boshqa mezonlarga asoslangan ushbu reytingda O‘zbekiston 44-pog‘onaga ko‘tarilib, MDH va Boltiqbo‘yi davlatlari orasida eng yuqori o‘rinni egalladi. Shu ma’noda bu kabi misollarni o‘nlab keltirishmiz mumkin. 

Istiqlol yillarida qadriyatlarimiz qayta tiklandi, tinch-osuda, farovon hayotda yashamoqdamiz. Odamlarimizda yaratish, bunyodkorlik salohiyati faol fuqarolik pozitsiyasi shakllandi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, shu muborak kunlarda yaqinlarimizni yana bir bor ulug‘ ayyom bilan qutlaylik, qo‘ni-qo‘shnilarimiz, ota-onaxonlarimizning holidan xabar olaylik. Xullaski, xalqimizda milliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan mehr-shafqat, oqibat, insoniylik kabi fazilatlarimiz yanada kuchliroq namoyon bo‘laversin.

 

Abdumajid AZIMOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four − 4 =