Shijoat so‘zda va amalda

Yurtboshimizning joriy yil Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida soha vakillarining mashaqqatli mehnatlari yuksak e’tirof etildi.

 

Jumladan, undagi “Tez sur’atlar bilan o‘zgarib, oldimizga bir-biridan o‘tkir va dolzarb savollarni qo‘yayotgan hozirgi murakkab zamonda, jahon miqyosida beshafqat raqobat, qarama-qarshilik va ziddiyatlar, informatsion xurujlar tobora kuchayib borayotgan tahlikali bir vaziyatda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni mustaqil fikrlaydigan, oqni qoradan, rostni yolg‘ondan ajratishga qodir insonlar etib tarbiyalashda, doimo hushyor, sezgir va ogoh bo‘lib, voqelikka daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat etishda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining o‘rni va mas’uliyati har qachongidan ham ortib borayotgani hech kimga sir emas”, degan so‘zlar barchamizga quvonch va iftixor bag‘ishladi.

Darhaqiqat, bugungi vaziyat nafaqat jurnalistlar, balki har bir ongli fuqarodan har lahza ogoh va hushyor bo‘lishni talab etayotir. Bir necha ming kilometr uzoqda yuz bergan voqeaning ta’siri ayni paytda bir necha daqiqada sezilishi mumkin. Axborot qabul qilish madaniyati hali to‘la shakllanmagan, endi-endi mafkuraviy immuniteti hosil bo‘layotgan yosh avlod ongiga bo‘lmag‘ur g‘oyalarni singdirib, to‘g‘ri yo‘ldan adashtirishdek yovuz maqsadlarni ko‘zlagan kuchlar bugun kam emas. Ularga qarshi, Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, ilmu ma’rifatni, yuksak ma’naviyatni qurol qilgan holda kurashish, yoshlarimizni-da bu kurashga safarbar etish jurnalistlar, OAV xodimlari oldida turgan eng asosiy vazifalardan biridir.

Bu borada amalga oshirilayotgan ezgu ishlar misolini milliy jurnalistikamizning muhim tarmoqlaridan biri sanalmish harbiy jurnalistika sohasida mehnat qilayotgan ustozlarimiz faoliyatida ham ko‘rishimiz mumkin. 

1992 yilda mamlakatimizda harbiy matbuotga tamal toshi qo‘yildi. Salkam chorak asrlik qisqa davr oralig‘ida harbiy sohaga ixtisoslashuv kuchayib bordi va milliy armiyamiz salohiyatini ko‘rsatish maqsadida nomiga monand ruhdagi “Vatanparvar” gazetasi nashr etila boshladi. Bu esa O‘zbekistonda harbiy jurnalistika tomon tashlangan ilk qadamlardan biri bo‘ldi. Gazetaning ilk soni 1992 yil 24 iyunda o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. 2004 yil 17 sentyabrda birlashgan tahririyat maqomiga ega bo‘lgan nashr avval 12 sahifada chiqqan bo‘lsa, bugungi kunga kelib rang-barang mavzularga boy 24 sahifaga ega.

Gazetadagi ruknlarning xilma-xilligi uning o‘qishli bo‘lishini ta’minlaydi. Jumladan, “Faxr”, “Er yigit — yurt tayanchi”, “Dolzarb mavzu”, “Armiya tayanchi”, “Oila qo‘rg‘oni” hamda “Tahririyatga maktub” singari ruknlar keng auditoriyani qamrab olgan. Shuningdek, 2005 yil “Vatanparvar” to‘laligicha rangli gazetaga aylandi. Bu ham tashqi dizayn, ham mazmunan harbiy jurnalistika imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolat edi. 

1995 yil 12 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi Harbiy studiyasi tashkil qilinishi ham harbiy jurnalistika rivojida alohida ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Studiya milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlar va ularning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish, yoshlarni Qurolli Kuchlar safida xizmat o‘tashga, yurt himoyasi uchun shay turishga chaqirish, mard, jasur Vatan himoyachilarini boshqalarga o‘rnak sifatida ko‘rsatish singari vazifalarni maqsad qilgan. Bugungi kunda studiya ijodiy jamoasi “Vatanparvar”, “Shijoat”, “Voennoe delo” singari ko‘rsatuvlar tayyorlanishiga yordam beradi va milliy armiyamizda yaratilgan shart-sharoitlarni, Vatan himoyachilarining kindik qoni to‘kilgan ona yurtiga muhabbatini ko‘rsatishga xizmat qiladigan hujjatli filmlarni tayyorlaydi.

Bu sohada qalam tebratgan ustoz jurnalistlar talaygina. Jumladan, iste’fodagi harbiy xizmatchilar Komil Jabborov, Azimbek Usmonov, Abdurazzoq Obro‘ev, Rasul Jumaev, Yaroslav Koruka kabi fidoyi ustozlarni o‘zbek harbiy jurnalistikasining ustalari deyishimiz mumkin. Shuningdek, bugungi kunda “Vatanparvar” gazetasida faoliyat olib borayotgan podpolkovnik Alijon Safarov, mayorlar Furqat Ergashev, Yoshin Hakimov, To‘lqin Jumanazarov, kapitanlar Ahror Ochilov, Timur Narziev, shuningdek, ayol harbiy jurnalistlardan kapitan Gulnora Xo‘jamurodova, Inobat Ibrohimova, Nargiza Asadova, shoira Zulfiya Yunusovalar harbiy matbuotimizning qalami o‘tkir, o‘z uslub va so‘ziga ega jurnalistlari hisoblanadi. Ular harbiylarning barcha o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etib, ocherklar, maqolalar, suhbatlar, fotoreportajlar tayyorlash orqali yurt himoyachilari qalbida Vatanga muhabbatni, fidoyilikni uyg‘otadilar. 

Ustozlarimiz o‘zlarining mashaqqatli faoliyati bilan bir qatorda harbiy jurnalistikaga qiziqadigan talabalarga ham soha sirlarini o‘rgatishga vaqt topishmoqda. “Vatanparvar” birlashgan tahririyati qoshida “Harbiy jurnalistika” mahorat maktabi faoliyat olib boradi. Bu yerda biz yoshlar harbiy jurnalistikaning o‘ziga xos jihatlarini o‘rganishimiz, nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llashimiz mumkin.    

— “Harbiy jurnalistika” — bu ikki so‘z ikki mas’uliyatni anglatadi. Ya’ni bu soha jurnalistdan qalam tebratish bilan birga harbiy sergaklikni, doimiy uyg‘oq shuurni talab qiladi. Soha vakillari jurnalistikaning oltin qoidalari bo‘lgan tezkorlik, aniqlik bilan bir qatorda jasur, kuchli va albatta, matonatli bo‘lishi darkor. Shuningdek, mahorat maktabi saboqlari davomida harbiy jurnalist yuqori bilimga ega bo‘lishi kerakligini o‘rgandim. Chunki harbiy xizmatda ishlatiladigan iboralarni, so‘z-larni to‘g‘ri qo‘llay bilish muhim, — deydi mahorat maktabi tinglovchisi Bahriddin Xushboqov. — Masalan, ba’zi nashrlarda harbiylarga nisbatan zobit, jangchi nomlari ishlatilganining yoki “harbiy askarlar”, “harbiy ofitserlar” singari bitta ma’no beruvchi ikki so‘zdan bir o‘rinda foydalanilganining guvohi bo‘lamiz. Sohaning bu singari nozik jihatlari bor ekan, demak, harbiy jurnalistning har bir so‘zi safga tizilgan askardek bo‘lishi kerak. 

—Biz mahorat maktabi saboqlari davomida Vatan, vatanparvarlik singari so‘zlarning asl mohiyatini ochib berishni o‘rgandik. Maktab mashg‘ulotlari jarayonida, harbiy qism va muassasalarida ham bo‘ldik. Vatan himoyachilarining mashg‘ulotlari va ular uchun yaratilgan sharoitlar haqida maqola va xabarlar tayyorladik, — deydi mahorat maktabining yana bir tinglovchisi Xumora Po‘latova. — Biz, bevosita, mahorat maktabi saboqlarida sohaning bizga ma’lum bo‘lmagan o‘ziga xos jihatlarini kashf qildik.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, harbiy jurnalistikaning rivojlanishi, yoshlarning vatanparvarlik ruhida kamol topishiga, yurt himoyasiga shaylikka undashi, shubhasiz. Harbiy jurnalist avvalo, o‘z manfaatlari yo‘lida emas, yurt tinchligi uchun xizmat qilishi va o‘zining jangovar so‘ziga ega bo‘lishi muhim. Bu sohaga malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida jurnalistika fakultetlarida harbiy kafedra ochilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi. Zero, jangovar qalam sohiblari yurt himoyachilari bo‘lgan harbiy xizmatchilarni ona Vatan tinchligi uchun shaylikka chaqiradigan muhim soha xodimlaridir.

 

Yelena CHUYANOVA, 

“Harbiy jurnalistika” mahorat maktabi tinglovchisi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 3 =