Tafakkur sarhadlarida

O‘zbekiston Davlat san’at muzeyida bugunga kelib, 70 mingdan ziyod noyob durdonalar saqlanmoqda.

Eksponatlar turiga qarab, muzeyda O‘zbekiston tasviriy san’ati, xalq amaliy san’ati, Sharq mamlakatlari san’ati va Rossiya — o‘arbiy Yevropa san’ati bo‘limlari tashkil qilingan.  Zaldan-zalga o‘tarkanmiz, ko‘nglimizda shukuh, hayrat va hayajon ortib boraverdi.  

 

Bir-biridan ajoyib, mo‘’jizakor qo‘llar tomonidan yaratilgan asarlar bizni o‘ziga ohanrabodek tortdi. Har qaysi eksponatni soatlab tomosha qilish mumkin bo‘lgani holda, keyingi asarga ko‘zimiz tushishi bilan yangi bir tuyg‘ular g‘alayoniga bo‘ycunib, yurishda davom etdik. Muzey xodimlarining aytishicha, bu yerda 70 mingdan ziyod eksponat bo‘lsa-da, ularning bir necha minggigina tomosha zaliga qo‘yilar ekan. 

 

DEVORGA BITILGAN 

TARIX

—Har bir muzeyning eng qimmatli eksponatlari bo‘lgani kabi, O‘zbekiston davlat muzeyi ham o‘z tashrif qog‘oziga ega, — deydi muzey xodimi Obid Sodiqov. — O‘tgan asrdagi arxeologik qazishmalar natijasida, arablar bosqini sabab, yer bilan yakson bo‘lgan Varaxsha shahri xarobalari tagidan butun bir saroy majmuasi topiladi. Buxorxudotlarning ushbu yozgi maskanida uchta zal bo‘lib, Qizil xona va Sharqiy mehmonxonalari to‘la kavlab ochilgan. Xona devorlari mayda somonli loysuvoq ustidan yupqa ganch suvoq berilib, devoriy rasmlar qizil, sariq, kulrang, qora, zangori, pushti va jigarrang bo‘yoqlar bilan bezatilgan. Ularda qayrilib kamondan o‘q uzayotgan ot ustidagi chavandoz, qanotli tuya shaklidagi oltin taxtda o‘tirgan hukmdor tasvirlanganini ko‘ramiz. Sharqiy mehmonxona devorida tiz cho‘kib, qo‘lida qadah tutgan malika, belida shamshir, bir qo‘lida qisqich ushlagan podshoh, o‘rtada pilliktoshda yonib turgan muqaddas olov — azarxurro,  o‘ngda beliga xanjar taqilgan shahzodaning tiz cho‘kib ibodat qilayotgan tasviri yoki sovut va dubulg‘a kiygan, qo‘llarida nayza, qalqon ushlagan suvoriylarning jang qilayotgan, shuningdek butazor, to‘qay ichidagi ov manzarasi kabi tasvirlar, ayniqsa diqqatga sazovordir. Muzeyda saqlanayotgan “Ov” nomli suratda esa fil mingan shahzoda va chokarning old va ortdan chovut solgan qoplonlar bilan olishuvi tasvirlangan. Aytish kerakki, noma’lum rassom “Ov”ni juda hayotiy tasvirlay olgan. Suratda hattoki yuzdagi jahl va g‘azab ifodalari yaqqol ko‘rinadi. Bundan tashqari, aslzoda jangchining taqinchoqlari, liboslari va qurollari bizga VII asrdagi Varaxsha zodagonlari hayoti haqida tasavvur beradi…

Xuddiki, o‘sha mash’um bosqin va yillar zahmidan bir qancha joylari ko‘chib tushgan bu ko‘hna surat, nafaqat tasvirlari, balki, “jarohat”lari bilan bu zamin xalqining olis va to‘fonli kechmishidan so‘zlayotgandek… 

“Ona o‘ylari” va 

Pikassoning “likoblari”

Daraxtga suyangancha, uzoq o‘yga tolgan mushfiqa. Balki uni farzand sog‘inchi qiynayaptimi yoki og‘riqli, iztirobli yillarini eslayotgandir u. Nega bu qadar mustar ko‘zlari? Buncha ko‘zga issiq bo‘lmasa? U kimnng onasi?! Mashhur rassom Rahim Ahmedovning “Ona o‘ylari” kartinasi qarshisida ana shunday o‘ylarga g‘arq bo‘ladi, kishi. Uning ko‘zga issiq ko‘rinayotgani ham bejiz emas. Uni biz xotira maydonida, urushda halok bo‘lgan o‘g‘loni dardida g‘amguzor, motamsaro o‘yga tolgan holatida uchratganmiz… Muzey direktori yordamchisi Jahongir  Temirxo‘jaev “Ona o‘ylari” haqida hikoya qila turib, uni muzeydagi eng durdona asarlardan biri deb atadi. 

— Muzeyda mashhur o‘zbek rassomlarining ijod namunalaridan tashqari, chet ellik atoqli ijodkorlarning ham asarlari, jumladan, Pablo Pikasso asarlari ham bor, — deydi Jahongir aka. — Aytishlaricha, bir kuni ovqatlanib o‘tirgan Pablo Pikassoning yoniga ashaddiy muxlisi kelib, dasxat so‘raydi. Ammo, na o‘zida, na muxlisida qog‘oz topilmagani uchun rassom oppoq likobga ajoyib surat chizib beradi. Ana shundan so‘ng, uning ijodida yangi yo‘nalish paydo bo‘lgan, deyishadi. Shunday hayratlanarli ijod namunalaridan bir nechtasi O‘zbekiston Davlat san’at muzeyiga uning ayoli tomonidan sovg‘a qilingan. Bugungi kunda ular eng qimmatli eksponatlardan biri hisoblanadi. Pikasso ijodida kabutarlar tinchlik ramzi sifatida ishlatiladi. Rassomning muzeydagi asarlari orasida ham kabutar rasmi solinganlari bir nechta. 

— Umuman olganda, ushbu yo‘nalishning yaralishiga rassom rafiqasining kulolchilik bilan shug‘ullanishi sabab bo‘lgan degan tahmin haqiqatga yaqin, — deya suhbatimizga qo‘shildi muzey xodimi Shohista Lapasova. — O‘z ayolini judayam yaxshi ko‘rgan Pikasso uning ishini kuzata turib, qiziqib qoladi va unda ikki san’atni birlashtirish fikri tug‘iladi…

Muzeyning yuqori qavatidagi zallardan birida Yevropa me’morchiligi namunalari — “marmar ilohalar” joy olgan. Ularning bu yerda joylashuviga haykallarning bir jihati sabab bo‘lgan… Muzeyning hozirgi binosiga 1974 yilda ko‘chib o‘tilgan. Ushbu ko‘chish davrida har qaerda saqlangan eksponatlar birma-bir keltirila boshlangan. Haykaltaroshlik namunalari esa binoning ochiq tomidan “kran”lar yordamida zalga qo‘yiladi. Ana shundan so‘nggina bino tomi yopilib, haykallar bir joyda jam bo‘ladi. Ushbu zalda siz “Yelpig‘ichli xonim”,  “Cho‘milayotgan ayol”,  “Ishlayotgan yosh Mikelanjelo” bilan “ko‘rishishingiz” mumkin. Sal narida esa “Amur va Psixeya”ning haykali qo‘yilgan. Rivoyat qilinishicha, ular o‘rtasida muhabbat ta’qiqlangan bo‘lib, Psixeyaga Amurni o‘ldirish buyuriladi. Amur judayam chiroyli bo‘lgani uchun yuzini doim yopib yurgan. Psixeya uni o‘ldirish oldidan yuzini ko‘rish uchun yopinchig‘ini olayotgan holat tasvirlangan ushbu haykal yunonlarning bir-biridan ajoyib boshqa rivoyatlarini ham esga soladi.  Yana bir mashhur haykaltarosh tomonidan yaratilgan “Yelpig‘ichli xonim” asari ham chiroyli tarixga ega. Kunlardan bir kun  yosh zodagon qizcha uxlashga yota turib, bal musiqasini eshitib qoladi. Va u shunchalik jo‘shib ketadiki, qo‘liga yelpig‘ich, egniga yopinchiqni tashlagancha, xona bo‘ylab raqsga tusha boshlaydi. Ijodkor esa ayni shu lahzalarni, qizaloqning yuzidagi ma’sum tabassum va shodlikni mohirona san’ati bilan marmar jismiga muhrlab qo‘yadi. Muzeydagi yana bir qimmatli eksponat “Venera delfin bilan” asari suv ostidan topilgan bo‘lib, III asrda noma’lum ijodkor tomonidan yaratilgan. U nafaqat muzeyda, balki butun dunyoda ham haykaltaroshlikning nodir namunalaridan biri  hisoblanadi…  

 

KECHA VA BUGUN 

BIRLASHGAN SARHAD

Butun muzeyni aylanarkansiz, bu yerda shunchaki jonsiz buyumlar, san’at asarlari emas, xotiralar jamlangandek tuyiladi. Chingiz Ahmarov, Shopen, Salvador Dali kabi mashhur rassomlarning asarlari, bir paytlar amirlar ustini bezagan, tilla suvi yugurtirilgan Buxoroning zardo‘zi choponlari, bir-biridan ajoyib so‘zanalar, Yevropa haykaltaroshlari tomonidan yaratilgan “marmar tanli ilohlar”, ko‘zingizni qamashtirguvchi xitoy, koreys, yapon chinni buyumlari, yurtimizdagi qadim tamaddundan darak beruvchi Xolchayonning o‘nlab topilmalari – Sharq va o‘arb o‘tmishining ajib in’ikolari, hamma-hammasi shu yerda jam. Naqshinkor eshiklar, rangdor so‘zanalar, milliy liboslar, ming turfa suratlar, g‘am-quvonch ifodalangan inson qiyofalari… Bularning barisi sizdan o‘n, yuz, ming yil avval yaratilgan bo‘lsa-da, sizga qadrdon tuyg‘ularni eslatadi…

 

Feruza XAYRULLAYeVA

“Hurriyat” muxbiri

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 4 =