“Xitoy bilan do‘stona munosabatlarimizni yuksak qadrlaymiz”

Bugungi kunda Xitoy ulkan iqtisodiy, innovatsion va intellektual salohiyatga ega davlat sifatida jahon iqtisodiyoti va siyosatida haqli ravishda yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. O‘zbekiston Xitoy bilan strategik sheriklik hamda o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan hamkorlikni yuksak baholaydi va qadrlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning shu yil 21 iyun kuni mamlakatimizga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar, shuningdek, 23-24 iyun kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida erishilgan muhim kelishuvlar buning yana bir yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.

 

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, qurilish, ilm-fan, ta’lim, madaniyat kabi barcha sohalarni qamrab olgan. Bu haqda fikr yuritganda, jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning yurtimizga davlat tashrifi arafasida O‘zbekiston davriy matbuotida e’lon qilingan “Xitoy —O‘zbekiston do‘stligining yangi yorqin sahifalari” nomli maqolasidagi quyidagi e’tirofni keltirish o‘rinli: “…So‘nggi yillarda talabalar almashish, xitoy tilini o‘qitish, mintaqalararo aloqalar, qo‘shma arxeologik ekspeditsiyalar o‘tkazish, badiiy asarlarni har ikki tilga o‘girish bo‘yicha yangi yutuqlarga erishildi, bu kabi hamkorliklar ikki mamlakat xalqlarining qalbiga o‘zaro hurmat tuyg‘ularini chuqur singdirdi… Yaqinda xitoylik mashhur yozuvchi Lao Shening «Mushuklar shahri xotiralari» asari o‘zbek tiliga tarjima qilindi va chop etildi. Bu asar o‘zbek kitobxonlariga Xitoy adabiyoti bilan yaqindan tanishishga yordam beradi, deb o‘ylayman”.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning maqolasida alohida tilga olgan ushbu kitob 2016 yili mamlakatimizning “DAVR PRESS” nashriyotida professor Akmal Saidovning so‘zboshisi va mas’ul muharrirligida, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Erkin Ernazarov tarjimasida nashrdan chiqarilgan. Xitoydagi eng nufuzli davriy nashr hisoblanuvchi “Jenmin Jibao” gazetasining joriy yil 23 iyun sonida mazkur asar tarjimoni E.Ernazarov bilan intervyu e’lon qilindi. Quyida “Biz Xitoy bilan do‘stona munosabatlarimizni yuksak qadrlaymiz” sarlavhali ushbu muloqotning o‘zbek tilidagi matnini e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

Tahririyat

“Jenmin Jibao” gazetasi muxbiri Se Yaxunning “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Erkin Ernazarov bilan suhbati

— Hurmatli Erkin Madiyorovich, siz ko‘plab davlatlarning butun jahonga mashhur yozuvchilari asarlarini tarjima qilasiz. U yoki bu asarni o‘zbek tiliga o‘girish uchun tanlashda qanday asosiy mezonlarga tayanasiz?

— Bunday mezonlar ikkita. Birinchidan, men tarjima qilish uchun tanlagan asar meni o‘quvchi sifatida qiziqtira olishi kerak. Agar xorijiy adib qalamiga mansub muayyan roman yoki hikoya o‘zining mazmuni, mavzusining originalligi, bayon etish usuli va o‘ziga xos ifodaviy tili bilan tarjimonni o‘ziga mahliyo qilmasa, u holda bunday asar boshqa davlatdagi adabiyot muxlislari, o‘zga millat vakillari didiga ma’qul kelishiga umid qilish amrimahol.

Ikkinchidan, men o‘zbek kitobxonini o‘z ona tilida jahon adabiyotidagi sara asarlar bilan tanishtirishga intilaman. Bu borada shuni ham ta’kidlash joizki, O‘zbekiston davlatining mustaqillikka erishishidan oldin markaziy tsenzura (nazorat) organlari kambag‘allar madh etilmagan va boylar tanqid qilinmagan jahon adabiyoti asarlarini tarjima qilish va nashr etishni taqiqlar edi. Ya’ni, o‘sha vaqtda qat’iy sinfiy yondashuv mavjud bo‘lgan.

Misol uchun, Chexiyada yashagan, aslida kelib chiqishi nemis bo‘lgan yozuvchi Frants Kafka haqida 1991 yilgacha qandaydir umumiy ma’lumotlarni eshitgan bo‘lsam-da, uning “Evrilish” asarini faqat Istiqlol sharofati bilan ilk bor o‘qiganman va larzaga tushganman. Butun jahonga mashhur bunday adiblarning asarlarini o‘zbek tilida nashr ettirishdek ezgu ishdan qanday qilib chetda turish mumkin? Binobarin, F.Kafka sadoqat, muhabbat va yaqin insonlar haqida qayg‘urish kabi umum-insoniy qadriyatlar bilan bog‘liq muammolarni shu qadar tiniq va o‘tkir, ayni chog‘da, g‘ayrioddiy, ya’ni fantastik darajada va insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan holatda chuqur badiiy-falsafiy talqin qiladi. Shu bois ham adibning “Evrilish” hikoyasini darhol tarjima qilishga kirishdim.

Yoki amerikalik yozuvchi, Nobel mukofoti sovrindori Uilyam Folknerni olaylik. Uni o‘n beshta romandan iborat “Yoknapatofa sagasi” asari butun jahonga mashhur qilib yuborgan. Ayniqsa, adabiyot bo‘yicha nufuzli “Pulittser” mukofotiga sazovor bo‘lgan “Ayiq” hikoyasida ko‘tarilgan inson va tabiatning o‘zaro munosabati bilan bog‘liq global muammolar tasviri menga juda ham yoqadi. Nazarimda, hozirgi globallashuv zamonida ayni masala jahon hamjamiyati oldida yanada dolzarb bo‘lib turibdi.

Nafaqat o‘z mamlakati o‘quvchilarini, balki sayyoramizdagi barcha insonlarni ham tashvishga soluvchi bu kabi umumjahon muammolar turli mamlakatlar yozuvchilarining roman va hikoyalarida ham ko‘tarilgan. Shu nuqtai nazardan, men Alber Kamyu, Ernst Hofman, Luis Borxes, Kobo Abe, Li Munyol kabi jahon adiblari asarlarini o‘zbek tiliga o‘girib, kitobxonlarga havola etganimdan mamnunman.

— Nima sababdan siz Lao Shening “Mushuklar shahri xotiralari” romanini o‘zbek tiliga tarjima qilishga qaror qildingiz? Bu asarni o‘zbek tiliga tarjima qilishda qanday qiyinchiliklar paydo bo‘ldi?

— Avvalo, hozirgi vaqtda zamonaviy Xitoy adabiyoti, ushbu ulug‘ mamlakatning o‘zi singari, ulkan yuksalish pallasida ekanini ta’kidlash joiz. Axir, hozirgi yuz yillik boshida ikkita buyuk xitoy yozuvchisi — Gao Sintszyan va Mo Yanga adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti berilgani bejiz emas.

O‘ylaymanki, yozuvchi Lao She nomi ham ana shu yetuk adiblar nomi bilan yonma-yon turadi. Menimcha, mashhur “Mushuklar shahri xotiralari” romanining tarjima qilinishi, avvalo o‘zbek kitobxonlarining xitoy adabiyotiga bo‘lgan katta qiziqishi bilan izohlanadi. Afsuski, Xitoyning ko‘plab iqtidorli yozuvchilari va ularning dongdor asarlari O‘zbekiston jamiyatining keng doirasiga hali yetarli darajada ma’lum emas.  Bunga ob’ektiv izohlar mavjud, albatta. 

Avvalo, tarjimonlarimiz xitoy tilini mukammal egallamagani bois adabiy asarlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri asl nusxadan tarjima qilish imkoniyatiga ega emas. Jumladan, men ham tarjima uchun Lao Shening rus tilida nashr qilingan saylanma asarlari to‘plamiga murojaat qilganman.

Bu asarni tanlashimning shartlaridan biri shu ediki, muallif o‘z romanida fantastik tasvir orqali xitoy xalqi hayotining fojiali sahifalarini ochib bergan. Fikrimcha, sayyoramizdagi barcha insonlar o‘z ongu shuurida Vataniga, xalqiga, milliy qadriyatlarga nisbatan mehr-muhabbatni tarbiyalashi, mamlakat mustaqilligi va o‘z erkinligini himoya qilishga tayyorligini namoyish etishga nechog‘lik tayyor ekanini imtihon qilish uchun ham Lao Shening mazkur romanini o‘qib chiqsa arziydi.

Darhaqiqat, ushbu romanni tarjima qilish uchun Xitoy tarixi va madaniyatini, xalqingiz urf-odatlarini imkon qadar chuqurroq o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, muallifning “Qanday qilib men “Mushuklar shahri xotiralarini yozdim?” maqolasi bilan tanishish  mazkur asarning tub mohiyatini anglab yetishim uchun yaqindan yordam berdi.

— Xitoy adabiyotidagi qaysi jihatlar sizga yoqadi? Xitoy yozuvchilari orasida sizga sevimli bo‘lganlari bormi?

— Ko‘p asrlik tarixga ega xitoy adabiyoti o‘z qimmatiga ko‘ra jahon adabiyoti durdonalarining marvaridiga aylanib ulgurgan asarlarga shu qadar boyki, ularning barini sanab o‘tish uchun gazetadagi birgina maqolada joy yetmaydi. Xitoy, shuningdek, dunyo tan olgan iste’dodli yozuvchilari bilan ham g‘oyatda mashhur. Bugun jahonning aksariyat mamlakatlarida Lo Guanchjun, Lu Sin, Mao Dun, Ba Szin kabi buyuk xitoy adiblarini va, albatta, yuqorida nomlari qayd etilgan xitoylik Nobel mukofoti sovrindorlarini ham yaxshi bilishadi. Afsuski, men ushbu ajoyib yozuvchilarning hamma asarlari bilan ham tanish emasman. Lekin imkoniyatim darajasida zamonaviy xitoy adabiyotini muntazam kuzatib boraman.

— Ijodiy rejangizda xitoy adiblari asarlaridan yana yangi tarjimalar qilish nazarda tutilganmi?

— Ha. Hozirgi kunda “Xitoy donishmandligi” nomli salmoqli kitob — hikmatlar to‘plami o‘zbek tilida chop etish uchun tayyor holda turibdi. Men Konfutsiy, Lao-tszi, Mo-tszi, Chjuan-tszi, Xan Syan-tszi, Xan Fey, Syuedou Chunsyan, Xun Szichen, Umen Xuekay, Syuy Syuemo, Chen Sziju, Chjan Chao kabi Xitoyning ulug‘ mutafakkirlari asarlari va kitoblaridan jamlangan hikmat va o‘gitlarni, shuningdek, Mao Szedun va Den Syapin kabi yetuk davlat arboblarining asarlari va ma’ruzalaridan olingan iqtiboslar hamda hikmatli iboralarni  ona tilimizga tarjima qildim.

— Xitoy va O‘zbekiston — qadimiy tarixga ega davlatlar bo‘lib, o‘zaro madaniy aloqalarimizni ming yillar mobaynida Buyuk ipak yo‘li bog‘lab turadi. Sizning fikringizcha, hozirgi vaqtda madaniy munosabatlarimiz qaysi pog‘onani egallagan? Xalqlarimiz bir-birini o‘zaro yanada yaqindan tushunishlarini mustahkamlashga ko‘mak berish uchun nimalar qilishimiz kerak?

— Mamlakatlarimiz va xalq-larimiz o‘rtasida yildan-yilga madaniy munosabatlarning kengayib borayotgani va chuqurlashayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlash joiz. Xitoy madaniyatini namoyon etuvchi musiqiy jamoalar O‘zbekistonda har ikki yilda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” kabi nufuzli xalqaro san’at anjumanlarida, rassomlar esa Toshkent Bienallisida muntazam ravishda ishtirok etadi. Toshkent va Samarqandda Konfutsiy instituti tashkil etilgan.

Keyingi yillarda o‘zbek yoshlarining aksariyati Xitoydagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishga intilmoqda. Umuman, O‘zbekistonda Xitoyga bo‘lgan qiziqish katta. Aksariyat tanishlarim mendan ko‘pincha “Xitoy tilini o‘rganish markazlari qaerda tashkil etilgan?”, deb so‘rashadi. Shu munosabat bilan, menimcha, Toshkent-da va boshqa yirik shaharlarimizda muayyan to‘lov asosida xitoy tilini o‘rganish markazlari ochilsa foydadan xoli bo‘lmaydi. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy munosabatlar rivojida ommaviy axborot vositalari ham katta o‘rin tutadi. Bu yo‘nalishda o‘zaro filmlar, seriallar, xitoy va o‘zbek teleko‘rsatuvlari va radio eshittirishlari hamda davlat axborot agentliklari o‘rtasida axborot almashuvi amalga oshirilishi g‘oyatda ahamiyatli, deb o‘ylayman. Bunday o‘zaro madaniy hamkorlik munosabatlarini ijodiy jamoalar o‘rtasida ham amalga oshirish maqsadga muvofiq. 

O‘zbek xalqi Xitoy kabi buyuk davlat bilan do‘stlik rishtalarini juda qadrlaydi. Bizning do‘stligimiz yanada mustahkamlanishi uchun kelgusidagi o‘zaro manfaatli munosabatlar bilan bir qatorda madaniy sohani ham rivojlanitirish, nazarimda, ayni muddaodir.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × one =