Farzandlik burchimizni oqlaylik

Mamlakatimiz jahon maydonida tobora o‘z mavqeini mustahkamlab borayotgan, axborotlar oqimi shiddatli kuchga aylangan hozirgi kunda biz, yoshlar huquq, burch, mas’uliyat hissini anglamasligimiz mumkin emas. Shaxsning huquqiy bilimi, madaniyati qancha yuqori bo‘lsa, o‘z oilasi, mahallasi, yurti ravnaqiga shunchalik hissa qo‘sha oladi. Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligi arafasida bu boradagi yutuqlarni sarhisob qilsak, qalbimiz quvonchga to‘ladi.

 

Huquqiy madaniyat keng ma’noga ega bo‘lib, fuqarolarning davlat tomonidan o‘rnatilgan tartib-qoidalar, qonunlarga rioya etishdagi munosabatini bildiradi. Huquqiy madaniyatli bo‘lish uchun amaldagi barcha qonun me’yorlarini mukammal bilish, ularga hurmat bilan qarash, rioya etish zarur. Biroq, jamiyatda shunday shaxslar borki, ular qonunlarni yaxshi biladi, ammo huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yadi. Bu ularning huquqiy madaniyatdan yiroq ekanliklarini bildiradi. Inson huquqiy me’yorlarga ongli ravishda amal qilishi lozim.

Odamlar ongida shunday ishonch qaror topishi kerakki, huquqiy bilimlarga ega bo‘lgan va ularni amalda tatbiq eta olgan kishigina madaniyatli, zamonaviy, ziyoli shaxs deb hisoblansin. Yurtimizda bunga bosqichma-bosqich erishilib borilyapti. Konstitutsiya saboqlarini boshlang‘ich sinflardanoq o‘zlashtirib borayotganimizning o‘zi buni isbotlaydi.

Huquqiy madaniyat murakkab, serqirra tushuncha bo‘lib, umumiy madaniy asoslar, yuksak madaniylik darajasi, milliy negizlar va manbalar, tarixiy xotira, urf-odatlar va an’analar, huquq normalariga hurmatning yuqori darajasini, huquqiy qadriyat, huquqiy ijodkorlik, fuqarolar va mansabdor shaxslarning qonunlarga ehtiyotkorona munosabatini  talab etadi.

Huquqiy ong esa huquqiy madaniyatning ajralmas qismidir. “Biz, – deydi Yurtboshimiz Islom Karimov, – odamlarning eskicha psixologiyasini o‘zgartirib, ularda yangi huquqiy ongni shakllantirmog‘imiz lozim. Shunday bo‘lsinki, har bir kishi erkinliklari – ayni vaqtda muayyan burch, majburiyat va mas’uliyat ekanini chuqur his etib tursin”.

Demak, huquqiy madaniyat va huquqiy ong huquqiy bilimning qanchalik yuqoriligi bilan o‘lchanadi. Huquqiy bilim bir nechta bosqichlardan iborat. Bunga misol qilib, maxsus huquqiy bilim, umumiy huquqiy bilim va qisman huquqiy bilimni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Ba’zan shunday hollar ham uchraydiki, mukammal huquqiy bilimga ega inson madaniyatsizligi, mas’uliyatsizligi bois qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yadi. Shu o‘rinda bir iqtibos keltirmoqchiman. “Afsuski, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan jinoyatga qo‘l urish hollari ham mavjud. Bu hol viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari, soliq va bojxona xizmati faoliyatida jiddiy kamchiliklar borligidan dalolat beradi”, degan edi Respublikamiz Prezidenti xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida (1997 yil 14 fevralda) so‘zlagan nutqida. Tinchlikni saqlash va xavfsizlikni ta’minlash uchun javobgar shaxslarni huquqiy bilimsiz deb bo‘ladimi?! Yo‘q, albatta. Lekin ular orasida ayrimlarining huquqiy madaniyati sust bo‘lgani tufayli ong salbiy oqibatga xizmat qiladi. Demak, huquqiy bilimli bo‘la turib, huquqiy ong o‘z kuchini ijobiy yoki salbiy tomondan ko‘rsatishi mumkin ekan.

O‘zbekiston demokratik islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lidan borar ekan, bu borada eng ustuvor vazifalardan biri inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish, deb belgilandi. Bugun mamlakatimizda yosh avlodni har jihatdan mukammal tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shunday bir paytda biz, yoshlar huquqiy ong va huquqiy madaniyatimizni yuksaltirish, qonunlarga hurmat bilan qarashni burchimiz deb bilsak, davlatimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan birini bajarishda o‘z ulushimizni qo‘shgan bo‘lamiz. Zero, huquqiy demokratik davlatning eng muhim belgilari bo‘lgan qonun ustuvorligini ta’minlash va yuksak darajadagi huquqiy ong va madaniyatga ega barkamol avlodni tarbiyalash mazkur islohotlarning o‘zagini tashkil etadi.

1997 yil 25 iyunda Prezidentimizning “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishini yaxshilash haqida”gi farmoni e’lon qilingan edi. Mazkur farmonda aholining huquqiy madaniyatini oshirish va huquqiy tarbiyani yaxshilash yuzasidan olib borilayotgan ishlar davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Bundan tashqari, 1997 yil 29 avgustda Respublika Oliy Majlisi qabul qilgan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Milliy dasturi”ning asosiy ustuvor vazifasi ham aholining huquqiy madaniyatini oshirish, deb belgilab qo‘yilgan. Ushbu hujjatlar bugun har bir fuqaro va biz, yoshlarning Vatan oldidagi mas’uliyatimizni oshiradi, ayni vaqtda huquqlarimizni himoya qiladi.

Muxtasar aytganda, mamlakat taraqqiyoti va islohotlarning samarasi ko‘p jihatdan xalqning huquqiy ongi va madaniyati darajasiga bog‘liq. Shunday ekan, yuksak huquqiy madaniyat kuchli fuqarolik jamiyat garovi, huquqiy tizim yetukligining ifodasi bo‘la oladi. U jamiyatdagi turli hayotiy jarayonlarda faol ta’sir ko‘rsatishi, fuqarolarning, barcha ijtimoiy guruhlarning jipslashuviga ko‘maklashuvchi, jamiyatning yaxlitligi va batartibligini ta’minlovchi va mustahkamlovchi omildir. Qonunlarni hurmat qilish huquqiy jamiyatning asosiy talablaridan bo‘lib qolar ekan, bu vazifani o‘zimizga dasturilamal qilib olmog‘imiz kerak. Qolaversa, bu bizning fuqarolik, Vatan oldidagi farzandlik burchimizdir.

 

Navro‘zbek TOHIROV,

Toshkent viloyati Qibray akademik litseyi 3-bosqich o‘quvchisi

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × one =