Nazokat ramzi

Har bir shoirning “xarakteri”ni ifodalovchi o‘z so‘zlari bo‘ladi. Ularning nozik uslublarini ishoralari orqali uqib olamiz. Biroq asarning o‘ziga xosligini talqin qilishdan oldin, muallif ijodidagi yangi so‘z, ibora va tasvir vositalarini yurakdan o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.

 

Yaqinda  “Akademnashr” tomonidan chop etilgan “Biz istiqlol farzandlarimiz” nomli bayozda ham bugungi yoshlarning ijod namunalari jamlangan. To‘plamning mas’ul muharriri O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali har bir she’rning tiniqligi va beg‘uborligiga alohida e’tibor qaratgan.  

Men seni unutdim – parishonxotir

Qora sochlaringga yozdim oq she’rlar…

Yoki:

Ona, dunyodagi barcha yo‘llar kam,

Nechun yuzingdagi ajinlar ko‘proq… 

deya ko‘ngil kechinmalarini qog‘ozga ziynatlagan surxondar-yolik shoir Nasrullo Ergashev so‘zga katta mas’uliyat bilan yondashadi. Ota-ona oldidagi burchni his qilgan farzandning “parishonxotir”ligi, boshqacha aytganda, “ongli harakat”i kitobxonni fikrlashga majbur etadi. Andijonlik Dilsora Usmonova esa xayolot osmonida turib:  

Ey, ko‘kdagi dilbar, parivash,

Yulduz, menga ko‘ngil bo‘lib tush…  deydi. Dilsora dunyoni anglashni tabiatni ko‘ngliga ko‘chirishdan boshlaydi. Bu shubhasiz, nozik ruhiy kuzatuv.

She’r – sehr, sehrlanish kayfiyatini beruvchi ilohiy ne’mat. Faqat ko‘z (nigoh) orqali inson ruhiyatidagi ipakday mayin, o‘rgimchak rishtasiday nozik tuyg‘ularni ko‘ra olish mumkin.  

Qo‘llaringni tutdim, qizarding,

Yuraklarda yonish bor, yonish. 

Lablarimni olovga bosdim,

Hislar qildi bunda uyg‘onish…

Xorazmlik Otabek Odilning bu she’ridagi qizarmoq (ya’ni uyalish, uyatni bilish, hayo qilmoq) so‘zi axloqiy soflik, musaffolik va to‘g‘rilikka tus berib tasvirlangan. Oddiy va quruq izhorlardan tamomila xoli, ishqiy kechinmalar mahorat bilan yozilgan.    

Chidayman ne bo‘lsa ham,

Qiz palaxmon toshidir.

Yog‘ayotgan yomg‘irmas,

Dilafro‘zning yoshidir…

Yurt sog‘inchining sellari qalbini oqizib ketgan qashqadaryolik Dilafro‘z Chorieva yo‘lchi yulduzlardan og‘alariga maktub yo‘llaydi. Bu she’rda yomg‘ir shunchaki tabiat hodisasi emas, ko‘ngilning nozik kuychisi bo‘lib tasvirlanadi. Tinch va farovon hayotimiz sururidan to‘lqinlangan qoraqalpog‘istonlik shoira Saltanat Uzoqova ham:

Buyuk karvon yurgan yo‘lda qolgan iz,

To‘maris, Guloyim, botir o‘g‘il-qiz,

Berdaq, Ajiniyoz yozgan ulug‘ so‘z

El-yurt, Vatan degan imoni uchun.

Bu yerda muallif ma’nodor tasvir yaratish maqsadida ikki xil real voqelikka to‘xtaladi.  Biri – tarixiy hujjatlar asosidagi she’riy kompozitsiya, ikkinchisi – o‘z yurtining qahramonlari  hayotidan lavha olib, Vatan manzarasini chizadi.  

To‘plamdagi asarlarni to‘plovchi va nashrga tayyorlovchi  shoirlar Rustam Musurmon va Farog‘at Xudoyqulova yosh ijodkorlarning rang-barang mavzudagi she’rlarini tanlash orqali yangi ovozlarni kashf etgan. Toshkentlik Asliddin Sabriddinovning “Bolalik” haqidagi she’ri qalbimizda o‘zgacha his-tuyg‘u paydo qiladi:

Yulduzli tunlarda sabolar borib,

Shivirlar qishlog‘im teraklariga.

Bolalik – aldanib o‘tgan damlarim

Mehribon buvimning ertaklariga.

Ushbu bayozda samarqandlik Alisher Sabriev, namanganlik Odina Mamasiddiqova, navoiylik Dilobar Mamatova, jizzaxlik Zilolabonu Xoliqova va sirdaryolik Shohista Ergashevaning ham til, uslub va badiiy jihatdan ancha pishiq, puxta she’rlari mavjud. Ammo ulug‘ ustozlarimiz har bir she’rni nashrdan-nash-rga sayqal berib, qayta-qayta ishlaganlar. Shuning uchun  ularning asarlari-ku asarlari, hatto maqolalari ham zavq bilan o‘qiladi. Bundan ibrat olishimiz kerak. Shu ma’noda, to‘plamdagi barcha qoralamalarni birday yuksak baholab bo‘lmaydi, albatta.

So‘zimiz yakunida, endigina adabiyot olamiga tetapoya bo‘lib kirib kelayotgan bu ijodkorlar orasidan adabiyotimizning haqiqiy fidoyilari yetishib chiqishiga umid qilib qolamiz. 

Adiba UMIROVA 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 4 =