XORIJIY TAJRIBA: ma’lumotlar jurnalistikasi

Bugungi kunda Jurnalistikaning turi va yo‘nalishlari ko‘payib bormoqda —  radiojurnalistika, telejurnalistika, internet jurnalistikasi, fuqarolik jurnalistikasi, ekojurnalistika, ilmiy jurnalistika va hokazo.  Ularning maqsad va vazifalari aynan bir xil. Ya’ni axborotni yig‘ish, qayta ishlash va o‘z auditoriyasiga yetkazib berish. Ular bir-biridan aynan ana shu axborotni yig‘ish va yetkazib berish usullari bilangina farqlanadi.

 

Bugungi kunda milliy jurnalistikamizda o‘z o‘rniga asta-sekinlik bilan ega bo‘layotgan yana bir yo‘nalish bor. Bu ma’lumotlar jurnalistikasidir. Uning atamasi ingliz tilidagi data journalism so‘zidan olingan. Mazkur yo‘nalishning asosida ma’lumotlarni qayta ishlash, ularni vizuallashtirish va undan jurnalistik materialni yaratishda foydalanish tushiniladi.

Xo‘sh, bu jurnalistikaning odatiy jurnalistikadan farqi nimada? An’anaviy jurnalistika asosida ham  ma’lumotlar jurnalistikasi singari fakt va dalillar yotadi. Bugun axborot shiddat bilan aylanayotgan va aynan axborot hayotimiz mazmuniga aylanib ulgurgan bir paytda oddiy ma’ulomotlarni asl holatida yozma axborot tarzda uzatish o‘z samarasini bermay qoldi. Vaqt tig‘iz, ma’lumot, axborot esa juda ham ko‘p. Uni o‘qib, tushunib yetishga  na imkon, na vaqt yetarli. Ma’lumotlar jurnalistikasi esa juda katta hajmdagi axborotni vizual taqdim etadi. Shuning uchun ham u informatika, dizayn, statistika kabi sohalar bilan chambarchas bog‘liq. Aslida jurnalistikaning ushbu yo‘nalishi kecha paydo bo‘lgani yo‘q. Uning tarixi 19 asrga borib taqaladi. 

Ilk bora ma’lumotlar jurnalistikasi sifatida e’tirof etilgan birinchi material 1821 yili Britaniyaning “The Guardian” gazetasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari edi. Unda Angliyaning turli xil hududlarida faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalarida ta’lim berish narxlari, to‘lov orqali va bepul o‘qiyotgan talabalar soni tahlil etilgandi. Maqola mualliflari jadval shaklida har bir oliy ta’lim muassasasida o‘qish, yashash narxlarini solishtirma tarzda ko‘rsata olganliklari uchun maqola ijobiy taqrizlarga ega bo‘lib, ularda “ilk marotaba jurnalistik amaliyotda  o‘quvchilar auditoriyasi uchun oshkora barcha ma’lumotlar keltirilgan”ligi qayd etildi.  

Ma’lumotlar jurnalistikasining zamonaviy ko‘rinishdagi holati esa 1952 yilda vujudga keldi. Unda ilk marotaba  jurnalist faoliyatida kompyuterdan foydalanilgan edi. CBS  telekanali prezident saylovlarining umumiy natijalari va har bir nomzod to‘plagan ovozlarni tahlil etish uchun UNIVAC I  kompaniyasidan  kompyuterni ijaraga olgan edi.  O‘tgan asrning 60-yillarining oxirlarida jurnalis-tikada kompyuterdan keng foydalana boshlandi. 1967 yili  AQShning Detroit Free Press gazetasining  muxbiri Filipp Meyer shaharda o‘tkazilgan namoyishlar haqida material tayyorlash uchun kompyuterdan foydalanildi.  1980 yili jurnalist Bill Dedmen esa yetakchi moliyaviy institutlarning kredit siyosati haqida turli xil irqdagi odamlarning tushunchalarini bayon etuvchi “Pul rangi” sarlavhali materialini tayyorlashda kompyuterdan foydalandi. 1990 yillarda Stiv Doyg o‘zining “Nimadir noto‘g‘ri bo‘ldi” sarlavhali materialida esa  “Endryu” bo‘roni oqibatida AQShga yetkazilgan talafot tahlil etiladi. Jurnalistlar ma’lumotlarni tushunarli, yorqin va infografika sifatida taqdim etganliklari uchun  turli xil mukofotlarga sazovor bo‘lishgan. 1989 yili AQShning “The Atlanta Journal-Constitution” gazetasi  kompyuterda qayta ishlangan ma’lumotlardan foylalangan qator reportajlari uchun  Pulittser mukofotiga sazovor bo‘lgan. Shu yili Missuri universiteti qoshidagi Jurnalistika maktabida ilk Kompyuter jurnalistikasi milliy instituti ochiladi va 1990 yili ma’lumotlar jurnalistikasiga bag‘ishlangan ilk konferentsiyasini o‘tkazadi.  Mazkur anjuman har yili tashkil etilib, unda butun dunyoda aynan ma’lumotlar jurnalistikasi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan OAV vakillari qatnashadilar. Ma’lumotlar yoki data jurnalistikasi o‘z nomini 2010 yilda Amsterdamda o‘tkazilgan konferentsiya chog‘ida oldi va bugungi kunda u tezkorlik bilan rivojlanmoqda. 

Bugungi kunda ma’lumotlar jurnalistikasi o‘z auditoriyasiga ega bo‘lib, uning safi kundan-kunga kengaymoqda. Masalan, AQShning “Las Vegas Sun” gazetasi ikki yil davomida “Do No Harm” (“Zarar yetkazma”) deb nomlangan loyiha doirasida  o‘z saytida Las-Vegasda tibbiyot muammolariga bag‘ishlangan bo‘lim tashkil etdi. Unda jurnalistik materiallarga asos bo‘lgan videoreportajlar, bemorlarning voqealari, interaktiv infografika, hujjatlar e’lon qilindi 2,9 million kasalxona qaydlarini qayta ishlash natijasida jurnalistlar tibbiyot xodimlarining ayblari natijasida bemorlarda yuzaga kelgan 3500 ta jarohat va kasallarning yomonlashuv holatini aniqlashdi. Ularning aksariyati o‘lim bilan yakun topgan. Loyiha nafaqat o‘quvchilar auditoriyasi, balki shahar meriyasi va tibbiy hamjamiyatning ekspertlar guruhi ichida ham keng muhokamaga sabab bo‘lib, mavjud muammolarning oldini olish va aybdorlarni jazolash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi.  2009 yili yana bir loyiha “The New York Times” gazetasi tomonidan amalga oshirilgan “Toxic Waters” (“Zaharli suvlar”) loyihasi nufuzli Pulittser mukofotiga sazovor bo‘ldi. Loyiha doirasida jurnalistlar guruhi AQShning turli shtatlarida ichimlik suvining ifloslanish holati haqida so‘rovnomalar, o‘quvchilarning hikoyalari va suvning iflosligini qayd etuvchi qurilmalarning ma’lumotlari, bu boradagi yuzlab hujjatlarni tadqiq etish va qayta ishlash natijasida qator infografika, interaktiv xaritalar yaratdilar. Suvdagi mavjud zaharli moddalarni aniqlash va tadqiq etish bilan birgalikda jurnalistlar ifloslangan ichimlik suvining aholi sog‘lig‘iga zarari va bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni ham o‘rganishdi. Mazkur loyiha ma’lumotlar va ilmiy jurnalistikaning chambarchas bog‘liqligi natijasida amalga oshirildi. Aynan ma’lumotlar jurnalistikasining rivojiga mashhur “Wikileaks” saytida chop etilgan maxfiy ma’lumotlar ham asos bo‘ldi. “Associated Press” axborot agentligining muxbirlari Jonatan Strey i Julian Berjess saytda e’lon qilingan ma’lumotlardan foydalangan holda Iroqdagi urush haqidagi 391832 ta hujjatni qayta ishlab, e’lon qilishdi. Ular  o‘nlab bevosita Iroqdagi urushning asl mohiyatini ochib beruvchi teglar bulutini yaratib, internetdagi qator qidiruv saytlari orqali osongina mazkur  ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Olib borilgan tadqiqotning natijasiga ko‘ra Iroqda 4000 nafar AQSh zobiti va 100000 ga yaqin  tinch aholi halok bo‘lgan. Asirga olinganlarni qiynoqqa olish, ruxsatsiz otishmalar haqidagi ma’lumotlar aynan tadqiqot davomida aniq bo‘lgan. AQShning rasmiy axborotida esa bu kabi axborot berilmagan.

 2012  yili Global Editors Network jamiyati ma’lumotlar jurnalistikasi sohasida — Data Journalism Awards mukofotini ta’sis etdi.  Shundan buyon har yili mazkur sohada ma’lumotlarni eng yaxshi vizuallashtirish, eng yaxshi jurnalistik tekshiruvi, eng yaxshi shaxsiy portfolio, OAVning eng yaxshi sayti va boshqa nominatsiyalarda mukofotlar o‘z egalariga topshiriladi. 

Yurtimizda ma’lumotlar jurnalistikasi endigina tetapoya bo‘lmoqda. 2014 yili  O‘zbekiston Respublikasining  “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunining qabul qilinishi  natijasida 2015 yili http://data.gov.uz sayti ish boshladi. Unda ilgari OAV vakillari uchun yopiq bo‘lgan turli xil yo‘nalishdagi raqamlar, statistik ma’lumotlar to‘plangan. Endilikda  navbat jurnalistlarga. Ular o‘z nashrlari, OAV saytlarida bevosita biror mavzu yuzasidan ma’lumotlarni tahlil etgan holda  vizuallashtirilgan, ya’ni kamroq matn ishlatib, infografika, videoreportaj va interaktiv xaritalar  yordamida materiallarni o‘z o‘quvchilariga taqdim etishlarining vaqti yetdi.

 

Nargis QOSIMOVA,

filologiya fanlari nomzodi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 + fourteen =