YOSHLIKKA QAYTIB

Ba’zan inson kim bilandir g‘oyibona suhbat qurgisi keladi. O‘zi va o‘zgalarga daxldor taqdirlar, odamlar haqida o‘ylay boshlaydi. Peshona teri va ko‘z yosh bilan qalam surganini, qalbidagi muqaddas sirlarni oq qog‘ozga oshkor qilib qo‘yganini o‘zi ham bilmay qoladi.  Nachora, bu hayot! Hammada ham qismatning xush-noxush tomonlari, qalbida qatlanib yotgan iztirob, yuk, dardlar yetarlicha. Biroq ko‘ngil oynasidan o‘z qiyofasini ko‘rib turgan odamning hayotga qarashlari boshqalarnikidan farq qiladi.

 

Har gal “Yoshlik” jurnalini varaqlaganimizda, qalbimizda asarlar bilan yangilanish, mulohaza, bahslashish kayfiyati tug‘iladi. Tahririyat xodimlari u – qissa, hikoya, she’r, esse, maqola bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, o‘z o‘quvchilarini ko‘z oldiga keltirgan holda “yangi gap” aytishga harakat qiladi. Bu yangiliklar ijod jarayonida o‘z-o‘zidan sodir bo‘ladigan hodisa. Eng muhimi, “Yoshlik”da adabiyot haqidagi fikrlarini jahon adiblarining qarashlari bilan “ta’mirlab” o‘zini “mashhur” qilayotganlarni uchratmaysiz. Barcha asarlarni sof holda o‘qiysiz. Jurnalning shu yili ikkinchi sonida chop etilgan Jahongir Xolmirzaevning “Yettinchi faryod” nomli essesidagi quyidagi dialogga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

«O‘shanda 20-25 yoshdagi bir yigitcha yonimga kelib so‘radi:

– Siz ham shoirmisiz?

– Yo‘q, men yozuvchiman.

– Siz qanday taxallus bilan ijod qilasiz?

– Jek London, – dedim jilmayib…

– Ayting-chi, nega o‘zbek farzandi bo‘la turib, Jek London deb taxallus olgansiz?.. 

– Bu nima deganingiz? Axir, Jek London amerikalik buyuk yozuvchi-ku! Uning taxallusini olishga kim jur’at etar edi?! O‘zimga kelsak, umuman taxallus qo‘yishni yoqtirmayman. Shuning uchun ham siz vestibyulda kimligim bilan qiziqqaningizda, xayolimga kelgan yozuvchining ismini aytib yuborgandim. Bu hazilimni tushundingiz, deb o‘ylagandim. Shunday adabiy klubning a’zosi buni fahmlay olmasligi, Jek London haqida bilmasligi xayolimga ham kelmagandi».

Ijodkorning ichki nafosati, tuyg‘u-kechinmalari, uslubini o‘ziga xos tomonlarini payqamagan jurnalxon badiiy  voqelikni to‘g‘ri baholay olmaydi. Afsuski, keyingi paytda ba’zi ko‘zga ko‘ringan adabiy nashrlarimizda ham yuzaki yozilgan taqrizlarga ko‘zimiz tushadi. Ayrim muharrirlar joyni to‘ldirish yoki shunchaki “shov-shuv” ko‘tarish maqsadida qo‘liga tushgan narsani berib yuboraveradi. Lekin “Yoshlik” jurnali bundan mustasno. Jurnalning galdagi sonida iste’dodli yozuvchi Sanjar Tursunovning “Qulay” hikoyasini kitobxonlar hukmiga havola etib, uch xil xolis fikr, ya’ni tahlilga e’tiborimizni qaratadi. Masalan, taniqli yozuvchi Isajon Sulton mazkur hikoya haqida fikr bildirib: “…O‘z muhitida Qulay oddiygina o‘ksik bola edi, o‘zga kishilar orasida esa deyarli qahramonga, dunyoda tobora unutilib borayotgan ezgulik farishtasiga aylandi. Adabiyotshunoslarimiz bu hodisani umummilliy ruhiyat ilmidan kelib chiqib izohlashsa, ajabmas” degan g‘oyani ilgari sursa, adabiyotshunos olim Abdulla Ulug‘ov: “…Jo‘shqin ehtiros hissi hikoyaning ilk jumlasidan boshlanib, so‘nggi gapgacha avji pasaymasdan davom etadi. Muallif hikoyada yaxlit ohang hosil qilishga intilganidan adabiy til me’yoriga ham amal qilmaydi. Chunki har qanday qolip ehtirosli kechinmalar, jo‘shqin his-tuyg‘ularga torlik qiladi”, deya mulohazalarini davom ettiradi. Tengqur ijodkor do‘stlaridan biri Abdulla Chimirzaev: “…Uning yozganlarini baholi qudrat (e’tibor bering, baholi qudrat) kuzatib kelaman. Xususan, “Oq ovulning ozodasi”, “Seni yaxshi ko‘raman” hikoyalarida o‘smirlar hayotidagi muhabbat kurtaklari rangdor, jonli va xarakterli tarzda o‘z ifodasini topgan”ini o‘z qarashlarida ifodalaydi. Bu ham muloqotning g‘oyibona tasviri. Kimningdir fikrini tasdiqlaysiz yoki inkor etasiz. Chunki mutolaa davomida ichingizda tug‘ilgan fikrlar o‘zini namoyon eta boshlaydi.

Jurnalning har bir sonida til, badiiy va publitsistik ijod, tahrir va tarjimachilikka alohida e’tibor beriladi. “Ijod ustaxonasi” ruknida berilgan ocherklarni o‘qib, ulug‘ ijodkorlar saboqxonasiga kirganday bo‘lasiz. Sevimli shoirimiz Asqad Muxtorning “Yosh yozuvchi bo‘lish qiyin” maqolasida“… yoshlikning ishi, mas’uliyati og‘ir bo‘ladi: o‘qish, ustozlardan o‘rganish kerak, oldingi avlodlar yaratgan hamma bilim va mahoratni egallash kerak, eng muhimi, ustozlarni quvib yetishgina emas, o‘tib ketish, ular yaratgan xazinaga nimadir qo‘shish kerak. Aks holda, taraqqiyot bo‘lmaydi. Ba’zan shogird ustozdan o‘tibdi deb hayron bo‘lishadi, bu – noto‘g‘ri. Ustozdan o‘tmasa, shogird bo‘lishning nima mohiyati bor? Agar biror oqsoqol yoshlarga: «Sen bizdan oldinga intilma, o‘z joyingni bil!» deb ta’lim bersa, bu mutlaqo xato bo‘lardi” degan gapni aytadi. O‘z o‘rnida jur’atini tiyib yurgan ba’zi hurkovich yoshlarni ham ayovsiz tanqid qiladi. Adabiyot havasga kiriladigan shon-shuhrat bog‘chasi yoki shunchaki, ko‘p qatori bajarib yuradigan kasb emasligi, adabiyotga odam yongani kirishi, har bir asarida bir lovullab yonmasa, yozuvchi bo‘lmagani ma’qulligini ta’kidlaydi. “Muhandis yoki akademik bilishi shart bo‘lmagan sohalar bor. Yozuvchida esa bunday soha yo‘q. Yozuvchining hayot tajribasi, biografiyasi – oltin fond. Uni hozirdan yarata boshlashi kerak”ligini uqtiradi. Shular qatorida jurnaldan o‘rin olgan — “Inson qalbini chizgan san’atkor”, “Mumtoz so‘z muhibi”, “Shoir, tutgil odil yo‘lni…”, “Pirimqul Qodirov dovoni”, “Barhayot she’r yo‘li” nomli maqolalarni mutolaa qilganimizdan keyin yaxshi ma’noda tinchimiz yo‘qoladi. 

Keyingi paytda tarjima san’ati ancha zaiflashib ketayotgani hech kimga sir emas. So‘zma-so‘z tarjimada, ayniqsa, she’riy janr ko‘p ziyon ko‘rayapti. Satrma-satr solishtirsangiz, hammasi to‘g‘ri, lekin  qalbni “jiz”illatadigan tuyg‘u yo‘q. Ba’zi o‘rinlarda she’r his-tuyg‘ulardan ko‘ra,  quruq gap, ya’ni, nasriy jumlaga aylanib ketayotganiga nima deysiz?! o‘aybulla as-Salom, Ozod Sharafiddinov, Ibrohim o‘afurov, Ahmadjon Otaboev, Aziz Said, Vafo Fayzulloh singari mahoratli tarjimonlar ham o‘z vaqtida til, uslub, she’riy shakl, fazilat va majoz borasida ko‘p izlanganini yaxshi bilamiz. “Yoshlik”ning  dastlabki sonidagi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nizom Komil bilan jurnalist o‘iyosiddin O‘narovning “To‘g‘ri tarjima – yaxshi tarjima degani emas” suhbatida ayrim noshirlarning xayoliga kelmagan fikrlar o‘rtaga tashlanadi: “Nazmda qalam tebratganimni eslasam, uyalib ketaman. So‘zni qofiyalashtirish she’riyat emasligini anglagunimcha… “qancha qog‘ozlarning boshiga yetdim”… Ammo bir narsani aytib qo‘yishim kerak: tarjimalarim kitobxonga sal-pal ma’qul bo‘layotgan ekan, bunda she’riyatga oshuftaligimning ham hissasi yo‘qmikan, degan o‘y ba’zan ko‘nglim ko‘chalarini oralab qoladi”. 

Jurnalning har bir sonida jahon adabiyoti durdonalarini to‘kis o‘zbek tilida ko‘rayapmiz. Albatta, bu asarlar milliy qobig‘imizdan chiqib, dunyoviy tashvishlar bilan yashashga undaydi. Lekin tarjimonlik borasidagi talab o‘sha-o‘sha ekanini esdan chiqarmaslik kerak.

“Yoshlik” jurnali Yozuvchilar uyushmasining muassisligida chop etilayotgani bois ham har bir sonida iste’dodli shoirlarning eng sara ijod namunalaridan bahramand bo‘lasiz. Shoirlar Vohid Luqmonning “Nafasing ko‘ksimni nurga to‘ldirar”, Muhiddin Abdusamadning “Ko‘zlaringdan toshgan mehringni tuysam”, Oydinnisoning “Yuragimda bir buyuk sog‘inch”, Azizbek Anvarning “Sevgidan yaralgan qaqnus yuragim” she’riy turkumlari nozikta’b she’rxonlar uchun ajo-yib sovg‘a bo‘lgan. 

O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning ustoz Mirtemir she’riga tazmini, Anvar Obidjonning “Mo‘ttivoymisan, mittivoymisan”? qissasi, Ikrom Otamurodning “Dardlariga malham – mehringni tutib”, she’riy turkumi, o‘ofir Shermuhammadning “Faxriy yozuvchi” hikoyalari yosh ijodkorlar uchun o‘ziga xos mahorat maktabi vazifasini o‘taydi.

Xullas, “Yoshlik” bilan yoshlikdan sirdoshman. Bu jurnal Qashqadaryoning eng chekka qishlog‘idagi 13-uyga har doim nur olib kelardi. Odamlar jurnalning har bir sonini qoldirmasdan olardi. Obuna bo‘lgan xonadon egalari  o‘qib chiqqandan keyin uvol bo‘lmasligi uchun maktab kutubxonasiga topshirardi. Uch-to‘rt yillik nashrlarni varaqlagani-ngizda ham o‘zingiz uchun kerakli yangiliklarni topardingiz. “Yoshlik” hamon o‘sha-o‘sha… Ishonuvchan, aldanuvchan va dovyurak. Aziz, mushtariylar, siz ham unga hamroh bo‘ling, sarflagan vaqtingiz oltinga aylanadi.

 

Adiba UMIROVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 − 5 =