Ayol — ona — Vatan himoyachisi

HARBIYLIK – 

MAS’ULIYAT

 

Namanganning To‘raqo‘r-g‘on tumani Bekobod qishlog‘ida dunyoga kelgan Shoiraxon bolaligidan tetikkina qiz edi. Jamalak sochlarini o‘rayotgan onasiga chug‘ur-chug‘ur qilib, tinmay savol berar, tezroq maktabga chiqib, o‘rtoqlari bilan bahs boylashishga shoshilardi. Hademay, o‘sha kunlarga yetdi, dadilligi, tirishqoqligi bilan sinfdoshlari orasida yarq etib ko‘zga tashlandi. Zukko, sersavol bu qizchaning adoqsiz savollariga endi ustozlar balogardon edi. Bo‘yi cho‘zilib, o‘smirlik pillapoyasiga yetganda ham ana shu qiziquvchanligi o‘zi bilan ulg‘aydi: “Nega kosmonavt ayollar kam? Men uchuvchi bo‘lishim mumkinmi? Nega orzular ba’zan armonga aylanadi?” 

U orzulari armonga aylanmasligi uchun tinmay o‘qidi, izlandi. Qalbidagi ishtiyoq uni poytaxtga yo‘lladi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining nemis filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirib, orzular pillapoyasiga ilk qadamni qo‘ydi. Ko‘zlari yonib turadigan, intiluvchan, mayin tabassumli qiz tez orada o‘qituvchilarning e’tiborini tortdi. O‘qishni bitirgach, uni mazkur dargohga olib qolishdi. Fonetika kafedrasida uch yil muallimlik qildi. Shoiraxon uchun talabalar bilan ishlash zavqli edi. Bu orada ota uyining eshigini qoqqan sovchilar ham ko‘p bo‘ldi. Qiz bola – palaxmon toshi, azaliy udumni ado etish kerak, nihoyat taqdir nasib etgan insonga turmushga chiqib, shiringina o‘g‘il ko‘rdi. U oilani ham, o‘qish va ishni ham uddalardi. Tez orada aspiranturaga hujjat topshirdi. Shu yo‘sin qahramonimiz yana bir orzusini amalga oshirish imkonini topdi: o‘sha paytda Qurolli Kuchlar akademiyasi yangi kadrlarni ishga taklif qilayotgan edi. U ham o‘rindoshlik asosida ishga kirdi. Ke-yinroq esa butunlay harbiy sohani tanlash taklifini oldi. Uchuvchi bo‘lmasa-da, shunga yaqin kasb-ku, deya ushbu imkoniyatdan mamnun bo‘lib, taklifni qabul qildi. O‘shandan buyon sohaning qancha sirlarini o‘rgandi, turli lavozimlarda ishlab hurmat qozondi. Ofitserlik unvoniga ega bo‘lganiga ham o‘n to‘rt yil to‘libdi. Orada qayta tayyorlash kursida o‘qib, harbiy psixolog diplomini ham oldi. Mana, to‘rt yildan buyon poytaxtdagi oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti harbiy psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi, kursantlarga saboq berib kelmoqda.

– Mazkur kafedra Prezidentimiz tashabbusi bilan harbiy bilim yurtlarida 2012 yili ochilgan edi. Bundan maqsad bo‘lajak ofitserlarning psixologik barqaror bo‘lishini ta’minlashdan iborat, – deydi mayor Shoiraxon Mirabdullaeva. – Bu jarayon, avvalo, oiladan boshlanadi. Joriy yilning “Sog‘lom ona va bola” yili deb nomlanishi va ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan xayrli ishlar esa ana shu maqsadga mushtarak. Bolaning ham jismonan, ham ruhan sog‘lom bo‘lishiga mas’ul ota-ona uning individual xususiyatlarini shakllantira borishi lozim. Negaki, kelajakda aynan individual xususiyatlar bilan psixologik jarayonlar asosiy rol o‘ynaydi. Mazkur jarayonlardan risoladagidek o‘tgan bola kelajakda barkamol harbiy bo‘lib yetishadi. Armiyamiz uchun har qanday sharoitda vaziyatni tez tahlil qilib, to‘g‘ri yo‘lni tanlay oladigan, tafakkuri, idroki, dunyoqarashi keng harbiylar kerak. Bundan tashqari, kursantlardan chet tillarni, kompyuter texnologiyalarini puxta bilish, yuqori intellektual salohiyat talab etiladi. Bularning bariga erishish uchun esa yoshlarimizda bugun imkon, shart-sharoit bor. Faqat bu jarayon, hali aytganimdek, bolalikdan, oiladan boshlansa, maqsadga muvofiq bo‘lardi…    

Shoiraxonning o‘zi ham ana shu talablarga javob bera oladigan salohiyatga ega. Farzandi ulg‘ayguncha ne-ne qiyinchaliklar boshidan o‘tmadi, deysiz. Matonat va ishiga sadoqat bilan barini yengdi. Bugun o‘sha kunlarni kulib eslaydi. Onasidagi jasorat va chiroyli harbiy libos o‘g‘ilda ham shu kasbga mehr uyg‘otdi. Ayni paytda Temurbek ham harbiy sohada xizmat qilmoqda. 

 

NOZIK QO‘LLAR 

KO‘P ISHLARGA QODIR

Nafaqadagi harbiyga shunday savol berishibdi: “Qizlarni ham harbiy xizmatga qabul qilishadi. Ayol kishi o‘z tabiatiga zid keladigan ishlarni bajarishini hech tushuna olmayman. Qanaqasiga u harbiy bo‘lishi mumkin?! Axir, ayol kishi nozik xilqat egasi-ku? U esa ayol boshi bilan erkak harbiy bajarishi lozim bo‘lgan ishni bajarmoqchi bo‘ladi…”. Bu eski zamonning gapidek kulgingni keltiradi. Dunyobexabar odamgina shunday savol berishi mumkin. Xuddi shu fikrda yurganlar bilishi uchun savolga berilgan javobning bir qismini keltiramiz: “Ayolsiz armiya – armiya emas! 

Qurolli Kuchlarning metindek saflarida ayol kishining o‘z o‘rni bor. Ish yurituvchi harbiy ayolning chiroyli dastxati bilan yurtimiz mudofaasi va xavfsizligiga oid muhim hujjatlar rasmiylashtiriladi. Telefon kommutatori ortida yoki radioefir shovqini ta’siri ostida deyarli qilt etmay, ertayu kech o‘tirishga hamma ham dosh berolmasligi aniq. Front orti ta’minotining turli sohalari, moddiy-texnik vositalar zaxiralarini yaratish, saqlash, asrab-avaylash ishlarini harbiy ayollar ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Qudratli o‘q-dori, qurol-aslaha tizimlari, turli-tuman harbiy va maxsus texnika tayyorlash, ularni kapital ta’mirdan chiqarish, texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlarida nihoyatda qaltis, yuqori aniqlik talab etiladigan maxsus ishlar va yetarlicha xavfli amallarni aynan harbiy xizmatchi ayolning nozik qo‘llari bajaradi…”

Bu hali hammasi emas, hayotiy mezonlarga aylangan yana qancha yuklar bor. Birgina ro‘zg‘or tashvishining o‘zi qancha-qancha baquvvat yelkalarga ortgulik. Farzandlar tarbiyasi, quvonchu tashvishiga, mahalla-ko‘yga aralashib yashashdan tortib, yaxshi-yomon kuningda birga bo‘ladigan qarindosh-urug‘, do‘st-yorning yonida turish-ku ham ana shu nozik yelkalarga tushadi.

Har bir mamlakatning mavqei ayollarga bo‘lgan munosabatga qarab baholanadi, degan gap bor. Omadi gap. Yurtimiz bu borada peshqadamlardan, deya emin-erkin ayta olamiz. Negaki, azaldan ayolga bo‘lgan munosabat yuksak qadrlangan o‘lkamizda istiqlol yillari yanada salmoqli ishlarga qo‘l urildi. Xotin-qizlarning faolligini yanada oshirish, mavqeini yuksaltirish, huquqlarini har tomonlama himoyalash, jamiyatda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi uchun zarur ijtimoiy, siyosiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratish masalasi doimiy kun tartibida turibdi. Yosh, mustaqil Vatanimiz 1995 yili Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchilar qatori BMTning «Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi konventsiyasiga qo‘shildi. Qolaversa, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekani Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan. 

 

…YETKAZGANIGA SHUKUR

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda ishga layoqatli bo‘lgan xotin-qizlarning 62 foizdan ziyodi ishlab chiqarish va boshqaruv sohasida samarali mehnat qilyapti. Bular safida Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilayotganlar ham bor.  Harbiy libos kiygan xotin-qizlarimiz o‘zlarining To‘maris va Barchinoylar avlodi ekanini namoyish etishmoqda. MXX chegara qo‘shinlarida xizmat qilib kelayotgan kichik serjant Muhtaram Alieva to‘qqizinchi bor jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. 2013 yil Rossiyaning Arxangelsk shahrida o‘tkazilgan Ginnes rekordlari musobaqalari bo‘yicha jahon chempionatida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, chempion bo‘lgan bu o‘zbek qizi Ginnessning rekordlar kitobiga kirdi. Bunday misollar ko‘p. Axborot tarqatish shiddatli tus olgan bugungi zamonda xotin-qizlarimiz erishayotgan yutuqlarning har birini sanab o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak. Mana shunday Muhtaramu Shoiralar bugunning To‘marislari emasmi?! Aytmoqchimizki, ular biz nozik xilqatmiz, deb qo‘l qovushtirib o‘tirganlari yo‘q.

Vatanimiz Istiqlolga qadam qo‘yganiga chorak asr to‘layotgan shu kunlarda ana shunday qiyosiy fikrlar, tahlillarga ehtiyoj seziladi. Ko‘p yillar xalqimiz, millatimizga, ayniqsa, o‘zbek ayoliga nisbatan past nazar bilan qarab kelindi. Bir paytlar faqat o‘nlab bola tug‘ish, ya’ni saltanat hukmronlariga dastyorlar tayyorlab berishga va qishloq xo‘jaligining og‘ir mehnatiga ommaviy jalb qilishgagina yaraydigan xotin-qizlar emasmidik?! Ertayu kech mehnatdan bo‘shamagan qo‘li qadoq onalarimiz qahramon onalik medali bilan siylanganiga quvonib yuraverardi. Yana, erta azondan dori sepilgan dalaga chiqib, paxta terar, 50-60 kilolab yukni yelkasiga ortib, paykalning u boshidan bu boshigacha yugurardi. Sillasi qurigan onani emgan bola esa o‘ta nimjon, kasalmand bo‘lib ulg‘ayardi. Na ona, na bolaning salomatligi biror zotni qiziqtirgan. Erkinlik ana shu azoblarning bariga chek qo‘ydi. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq millat salomatligi, inson baxt-saodati asosiy maqsad qilib qo‘yildi, sog‘lom ona – sog‘lom bola dasturi asosida, ish boshlandi. Ko‘ksiga shamol tekkan xotin-qizlarimiz turli kasblar haqida, ilmli bo‘lish haqida o‘ylay boshladi va erkaklardan ortda qolmay, odimlashda davom etmoqda. Tillarida esa bir shirin kalom: shu kunlarga yetkazganiga shukr!

 

Xolida FAYZIEVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 1 =