Biz hech kimdan kam emasmiz, kam bo‘lmaymiz ham

Yurt dovrug‘i, obro‘-e’tiborini dunyoga namoyon etadigan sohalardan biri sportdir. Bu sohaga katta e’tibor qaratgan davlat, mamlakatlarning fuqarolari sog‘lom bo‘ladi. Istiqlolga erishgan O‘zbekistonda ham dastlabki yillardan boshlab aholi o‘rtasida sportning ommaviyligini ta’minlashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratildi.

 

Davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida 2002 yilda tashkil etilgan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyati bo‘lg‘usi olimpiya zaxiralarini shakllantirishda mustahkam poydevor bo‘ldi.

 O‘tgan o‘n to‘rt yil mobaynida jamg‘arma mablag‘lari evaziga 1900 dan ziyod sport ishootlari qurildi.  Moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, sohaning rivojlanishi uchun xalqaro standart talablariga to‘liq javob beradigan inshootlarda barpo etildi. Bugungi kunda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarning qariyb 60 foizi sport sektsiyalariga jalb etilgan. Quvonarli jihati shundaki, avvallari qiz bola faqat uy ishlarini o‘rganishi kerak degan o‘y bilan yurgan vatandoshlarimizning ham dunyoqarashi keskin o‘zgardi. Natijada qiz bolalarini sport to‘garaklariga jalb etish ko‘rsatkichlari kekin o‘sdi. Ayni paytda qariyb bir yarim million qizaloq suzish, badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, yengil atletika, tennis, stol tennisi, shaxmat, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi, boks, og‘ir atleka, karate bilan muntazam shug‘ullanyapti. Xalqaro musobaqalarda ham qizlar katta g‘alabalarni qo‘lga kiritishmoqda.

Mustaqillik yillarida olimpiya dasturidan o‘rin olgan sport turlari ommaviyligini ta’minlash hamda olimpiya zahiralarini tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratildi. Natijada, to‘rt yillikning eng yirik sport tadbirida sportchilarimiz soni har safar ortib bormoqda. Bunda, Kichik olimpiada deb nom olgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalarining ahamiyati juda katta bo‘layotir. Mazkur sport o‘yinlari minglab sportchi yoshlarning iqtidoru mahoratini yuzaga chiqarib, ularning jahon arenalariga chiqishida zinapoyaga aylandi.  Ushbu musobaqalarda toblangan vakillarimiz jahon va Osiyo chempionatlari, xalqaro turnirlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishmoqda.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, faqat 2015 yilda vakillarimizning xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritgan medallari 861 tani tashkil etdi. Shundan 311 ta oltin, 274 ta kumush, 276 tasi esa bronza medallardir. Albatta, bunday ulkan g‘alabarlar har bir vatandoshimizga g‘urur bag‘ishlashi tabiiy.

Shu kunlarda dunyo ahli joriy yilning 5 avgust kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida boshlanadigan — XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari shukuhi bilan yashayapti. Shu jumladan, O‘zbekiston sport ixlosmandlari ham. Rio olimpiadasiga munosib qatnashish borasidagi tayyorgarlik ishlari yurtimizda 2012 yil Londonda bo‘lib o‘tgan XXX olimpiyada o‘yinlari nihoyasiga yetgan hamonoq boshlangan edi. O‘tgan to‘rt yil mobaynida sport jamoatchiligi  London arenalarida yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, Rio — 2016 ga puxta tayyorlanishdi. Prezidentimizning 2013 yil 25 fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ushbu nufuzli sport anjumanlariga puxta, bosqichma-bosqich tayyorlab borishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qildi. 

Qarorda belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish borasida O‘zbekiston olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi. 

Atletlarimizning olimpiada yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishlari uchun yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rishlariga barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. Shuningdek sportchilarining moddiy imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida stipendiya ta’sis etildi. 

Olimpiya harakati va uning boshqaruv organi moddiy-texnik imkoniyatlarini mustahkamlash maqsadida Toshkentda O‘zbekiston olimpiya qo‘mitasi binosi qurilib foydalanishga topshirildi. Qo‘mita binosida yaratilgan imkoniyatlar sportchilarning tayyorgarliklarini tahliliy nazorat qilish imkoniyatini beradi. Shuningdek yangi majmuada tashkil etilgan tibbiy diagnostika markazi atletlarmizning sog‘lig‘ini mukammal tahlil qilib borayotir. Bu boradagi ishlar joylarda ham izchil davom ettirilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, Toshkent shahrida Oliy mahorat sport maktablari qurilmoqda.

Davlat tomonidan sportchilarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida vakillarimiz Rio-de-Janeyroga katta tarkib bilan qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. 2012 yilda Londonda 63 nafar olimpiya va paralimpiyachilarimiz ishtirok etgan bo‘lsa, bu safar ular soni 100 nafardan oshdi. Shundan 70 dan ziyod yo‘llanma olimpiyachilarimiz tomonidan qo‘lga kiritildi. E’tiborlisi, olimpiyachilarimizning aksariyatini mustaqillik davrida tug‘ilib voyaga yetgan yigit-qizlar tashkil etayapti.

Yaqinda poytaxtimizda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida avgust-sentyabr oylarida bo‘ladigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasini kuzatish marosimi bo‘ldi.  Tadbirda hukumatimiz rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, olimpiada musobaqalariga boradigan sportchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Anjumanda so‘zga chiqqanlar yurtimizda muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni  yuksak baholashdi.

 Shuningdek delegatsiyamiz a’zolari Mustaqillik va ezgulik monumenti, Amir Temur va Alisher Navoiy haykallari poyiga gul qo‘yishdi. XXXI Olimpiya o‘yinlari hamda XV Paralimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarish sharafiga boks bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Bahodir Jalolov va yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati sovrindori Husniddin Norbekovlar munosib deb topildi.

Barcha sportchilar faoliyati davomida bir marotaba bo‘lsa-da olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishni orzu qiladi. Ana shunday yuksak cho‘qqini zabt etgan sportchilarning butun o‘y-xayoli esa ona vatan sharafini munosib himoya qilish bilan band.


Jobir XO’JAQULOV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =