CHODAKDAGI MO‘JIZA

Bundan bir oy avval ikki buyuk davlat – O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari ishtirokida Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li hamda Qamchiq tunnelining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tgandi. 

 

Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, asrimizning ulkan va noyob loyihasi sifatida e’tirof etilayotgan, uzunligi 123,1 kilometrlik Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li hamda 19,2 kilometrlik Qamchiq tunnelining ochilishi, buyuk marralarga yetib kelish, mana shunday unutilmas kunlar O‘zbekistonning taraqqiyot solnomasiga alohida yorqin sahifa bo‘lib yoziladigan tarixiy kundir. O‘zbekistonda yagona, mustaqil milliy transport-kommunikatsiya tizimi, iqtisodiyotning qon tomiri to‘la shakllangani, hech shubhasiz, hammamizga xursandchilik va g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.

Qamchiq dovonidagi tunnel qurilishi murakkabligi bo‘yicha dunyoda 8-, uzunligi jihatidan 13-o‘rinda turar ekan. MDH mamlakatlari orasida esa yagona hisoblanadi. Mahobatli tunnel qurilishiga jami 455 million dollar mablag‘ yo‘naltirilgan. Eshitib, faxrlanasiz, hayratlanasiz. Chunki dunyoda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz oqibatlari sezilayotgan bir paytda bunday ulkan loyihani amalga oshirishga uncha-muncha davlatning jur’ati yetmaydi.

Bu haqda gap ketganda, albatta, hazrat Alisher Navoiyning “Xamsa”sidagi “Farhod va Shirin” dostoni, undagi Farhodning tog‘dan ariq o‘tkazish voqeasi esga tushadi. Zero, bunday bunyodkorlikka hissa qo‘shgan har bir ishchi – bugungi avlodlarni Farhodga qiyos etgulik. Yana “Tog‘ kesib yo‘llar solur chindan bu kun Farhod Vatan”, deya shoirona lutf aytging keladi.

Ahamiyatlisi, mazkur temir yo‘l tarmog‘i joriy yilning o‘zida 600 ming yo‘lovchiga xizmat qiladi. Temir yo‘l va tunnelning ishga tushirilishi barcha hamyurtlarimiz qatori tadbirkorlar va ishbilarmonlarni ham g‘oyat quvontirdi. Yiliga 10 million tonnadan ortiq yukni manzilga yetkazishda ham vaqt, ham mablag‘ tejaladi. Axir yiliga 30 million tonnadan ortiq yuk tashish va tranzit hisobiga 140 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘ tejamkorligiga erishiladi. Shuningdek, qurilish davrida 4 ming kishi ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, temir yo‘ldan doimiy foydalanila boshlangach, yana 1,5 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Endilikda “oltin vodiy”ning uch azamat viloyati korxonalarida tayyorlanayotgan turli-tuman materiallar, saxovatli bu zaminda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini respublikamizning boshqa viloyatlariga yetkazish osonlashadi. O‘zimizdan ortgan mahsulotlarni Yevropayu Osiyo davlatlariga eksport qilish hajmi ko‘payadi. Turizm rivojlanadi, sayyohlik salohiyati yuksaladi, hududning investitsion jozibadorligi oshadi, jahonning Sharqiy bozoriga yangi tranzit transport koridori ochiladi, natijada aholi turmush farovonligi yanada yaxshilanadi.

…Dastlabki poezd Qamchiq tunnelini – Sardaladan to Chodak qishlog‘igacha bo‘lgan masofani 16 daqiqada bosib o‘tdi. Dengiz sathidan 2 ming 200 metr balandlikda joylashgan, murakkabligi hamda o‘ziga xos boshqa jihatlari bilan jahondagi sanoqli me’morchilik va transport-tranzit durdonalaridan biri bo‘lgan mazkur temir yo‘l barpo qilinishi O‘zbekistonning buyuk davlat ekanini, uning iqtisodiy qudrati, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini yana bir bor dunyoga namoyon etdi.   

Ma’lumot o‘rnida, ayni kunda Vatanimiz temir yo‘llarining umumiy uzunligi 6 ming 500 kilometrga yetkazilib, u bamisoli tanadagi qon tomirlari kabi O‘zbekistonning barcha hududlarini to‘la-to‘kis qamrab olgan…

Eng muhimi, endi bu temir yo‘lning foydalanishga topshirilishi ko‘p yillar davomida, ayniqsa, qishda tog‘li yo‘llardan o‘tishda qiynalib kelgan oddiy odamlar uchun katta ahamiyat kasb etadi…

Bu yerda “Lordgen” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Ilhomjon Nortojiev tomonidan qurilayotgan “Davr” dam olish maskani hududida umumiy qiymati 3 milliard so‘mga teng bo‘lgan 44 o‘rinli mehmonxona yurtdoshlarimiz hamda chet ellik sayyohlar uchun ajoyib tuhfa bo‘ladi. 

Shuningdek, yangi barpo etilayotgan Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahridagi “KVARTS” aktsiyadorlik jamiyati ishchilari uchun mo‘ljallangan shu nomdagi dam olish maskani endigina foydalanishga topshirilgan ekan. Ishchilar va mahalliy aholi yuz-ko‘zida hayotdan mamnunlik, e’tibordan minnatdorlik ifodasi aks etgan, bayram shukuhi baland.

Ayniqsa, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AKning Chodakdagi 67-qurilish otryadi hududidan o‘tgan ko‘prikning o‘zi mo‘’jizaning asli. 9 ta ustunning eng balandi 60 metr bo‘lgan, uzunligi 200 metrni tashkil qiluvchi mazkur ko‘prikning oldiga borganimizda xuddi osmonga qo‘yilgan ustundek ko‘rindi. Xalqona aytganda, tepaga qarasang, boshingdan do‘pping tushib ketgudek. 

Ijodiy sayohatdan qaytar ekanman, bu kabi ulug‘vor ishlarni, yurtimizdagi o‘zgarishlarni, bunyodkorliklarni ko‘rib, shohidi bo‘larkanman, qalbimdan bir nido keladi: “Biz kim edigu kim bo‘ldik?!” Axir yigirma besh yil avval kimdir mana shu ulkan qoyalar va jarliklar ustidan poezd qatnaydi, desa, hech kim ishonmagan bo‘lardi. 

Tabiiyki, bunday ulkan qurilishni ko‘rgan inson shu yurt rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga intilaveradi. Bu bizning xulosamiz, safarimiz iqroriyatidir. Shubhasiz, buning zamirida Mustaqillik deb atalmish bebaho ne’mat, xalqimizning fidokorona mehnati mujassamdir. Mana shunday qiyosi yo‘q yurtda, dunyoning eng baxtli mamlakatidan birida tug‘ilib, o‘sganimga, uning fuqarosi ekanligimga shukrona keltiraman.

Gavjum patir bozoridan o‘tayotib, dilimga tukkanimni, ya’ni istiqlolimizning chorak asrlik bayrami bosh g‘oyasini — “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” deya baralla aytdim, chin dildan takror aytdim.

 

Orifjon  JO‘RAYEV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × four =