Haqiqat aksi

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalariga e’tibor tubdan o‘zgardi. Ayniqsa, bu, xodimlar dunyoqarashi, tayyorlanayotgan materiallar saviyasi va tahririyatlarning moddiy-texnik bazasi rivojida o‘ziga xos tarzda aks etdi.

 

Andijon viloyati matbuot va axborot boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot va  ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigidan kelib chiqadigan dolzarb vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan davra suhbatida viloyat OAVda xizmat qilayotgan hamkasblarimiz bu borada sohada amalga oshirilgan islohotlar natijalari va kelgusida qilinajak ishlarni tahlil etdilar.

Boshqarma boshlig‘i Abdug‘ulom Sultonov davra suhbatini ochib, bu haqda gapirarkan, shunday dedi:

— Bu yilgi kasb bayramimiz O‘zbekiston mustaqilligining chorak asrlik to‘yi tantanalari arafasida o‘tgani alohida ahamiyatga ega. Zero, o‘tgan yillarda milliy matbuotimiz jadal rivojlandi. Andijon qalam ahli istiqlolning naqadar bebaho ne’mat ekani, uni qadrlash va mustahkamlash zaruriyatini xalqimiz ongiga singdirishga munosib hissa qo‘sha oldilar. Tayyorlangan har bir maqola, lavha va ocherklar, tahliliy materiallarda istiqlol hamda u bergan imkoniyatlar ro‘y-rost bo‘y ko‘rsatdi…

Yurtboshimiz tabrigidagi “Jurnalistlarimizning hayotga chuqur kirib borishi, jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tub mohiyati va ahamiyati, kerak bo‘lsa, murakkabligi bilan ochib berish, taraqqiyotimiz yo‘lida to‘siq bo‘lib turgan muammolarni dadil ko‘tarib chiqish, mavzuga xolisona va haqqoniy yondashish kabi mezonlar matbuotimizning o‘zgarmas qoidasi va printsipi bo‘lib qolishi darkor…” degan so‘zlar ijodkorlarga cheksiz kuch-quvvat bag‘ishlashi shubhasiz.

Shundan kelib chiqib aytish joizki, viloyatda chop etilayotgan tuman-shahar hokimliklari nashrlari, tarmoq va xususiy gazetalarda ham tahliliy-tanqidiy materiallar salmog‘i ortdi. Bu borada “Andijonnoma” va “Andijanskaya pravda” gazetalari tahririyati karvonboshilik qilmoqda. Viloyat hokimligining otaxon nashrlardagi chiqishlarga e’tibori, ko‘rsatilgan kamchilik va muammolarni bartaraf etishga bosh qo‘shishi jurnalistlarning obro‘si oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti. Shuningdek, “Oltinko‘l”, “Qo‘rg‘ontepa haqiqati”, “Jalaquduq hayoti”, “Davr sadosi” kabi gazetalarda ham bu yo‘nalishda o‘ziga xos yutuqlar ko‘zga tashlanadi.

– Davlatimiz rahbarining jurnalistlarni eng yaqin yordamchim va maslakdoshlarim deb bilishining o‘ziyoq bizga qanot baxsh etadi, – dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Nazirjon Saidov. – Bunday g‘amxo‘rlik va e’tiborga javoban hamkasblarimiz izlanib, ilhomi jo‘shib faoliyat yuritishayotgani tahsinga sazovor. Bu, nafaqat, gazetalar sahifalarida, shuningdek, ijodiy mehnat mahsuli bo‘lmish adabiy-badiiy asarlarda ham o‘z aksini topmoqda…

Ayni kunlarda andijonlik hamkasblarimiz Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Kecha kim edigu, bugun kim bo‘ldik, ertaga qanday yangi marralarni egallashimiz kerak” da’vatini qalbiga joylagan mehnatkash xalqimiz erishayotgan muvaffaqiyatlar, ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishdagi islohotlar samaralarini tahlil etish asnosida mustabid tuzum davridagi hayotga ham yana bir qur nazar tashlamoqdalar. Zero, moziyga qarab ish tutishdek xayrli yumush yosh avlodga tarixiy haqiqatni ochiq-oydin ko‘rsatib berish, ularning ong-tafakkuriga ona Vatanga sadoqat, ertangi kunga ishonch tuyg‘usining shakllanishiga xizmat qiladi. 

Jurnalistlar bugungi kun tarixini yaratuvchilardir. Shu bois, mustaqillik yillarida O‘zbekiston erishgan yutuqlarni ular ziyrak nigohlari bilan kuzatib turibdilar. Belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish, “murakkab tarix saboqlarini odamlarga, ayniqsa, yoshlarimizga yetkazish, ularning ko‘ziga haqiqatni ochib berish”dek burchni bajarishda andijonlik jurnalistlar, albatta, izlanib ishlaydilar va ijod qiladilar. Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Andijon hududiy bo‘linmasi vazifasini bajaruvchi U.Ahmedov, “Andijonnoma” gazetasi bo‘lim mudiri N.Ergashev, Andijon davlat universiteti “Ilmiy xabarnomasi” muharriri D.Quronov shunday fikrlarni ishonch bilan bildirdilar.

 

Saidahrorbek ZAHRIDDINOV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + fifteen =