Maftuningman, Samarqand!

Betakror sayqali ila ro‘yi zaminni maftun etgan Samarqand ijod ahli uchun ham tuganmas ilhom manbai hisoblanadi. 

Buyuk alloma Mirzo Ulug‘bek kabi o‘nlab daholarga beshik bo‘lgan bu shaharda so‘z mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy ham saboq olib, kamolga yetgan!

 

Bu, albatta yurtimiz ijod ahliga katta g‘urur, shijoat bag‘ishlaydi.

Navoiyni o‘qitgan mullo yurtim Samarqand,

Har koshini kumushu tillo yurtim Samarqand.

Ulug‘bek yulduziday olis burjlarga singdim,

Qayda bo‘lsam, pirim Sen, qo‘lla, yurtim Samarqand!

Yaqinda Samarqandda jonajon Vatanimiz – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan katta ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda shu zamindan yetishib chiqqan yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, noshirlar, musavvirlar, rassomlar, haykaltaroshlar, hunarmandlar va madaniyat xodimlari ishtirok etdilar. 

Poytaxt Toshkent shahridan bor-yo‘g‘i 2 soatu 7 daqiqada ko‘hna kentga yetib kelgan “Afrosiyob” poezdidan tushgan kishini dastlab temiryo‘l vokzalidagi ajib manzaralar maftun etadi. Naqadar chiroyli va bejirim vokzal binosi ichida yo‘lovchilar, sayyohlar uchun muhayyo etilgan qulayliklarni ko‘rib bahri dilingiz ochilsa, uning tevarak-atrofidagi anvoyi gullar, xiyobonlardan olam-olam zavq olasiz. 

Samarqand zaminida ulg‘ayib, bugungi kunda poytaxt shahrimizda faoliyat ko‘rsatishayotgan ijodkorlardan o‘ttiz nafari ana shu maskanda katta tantana bilan kutib olindi. 

Tadbir ishtirokchilari dastlab viloyatning Nurobod tumanida joylashgan Hazrati Dovud ziyoratgohi sari yo‘l oldilar. 

Aytish joizki, inson qaerga qadam ranjida qilmasin, avvalo yo‘llariga razm soladi. Samarqand shahridan butun viloyat tumanlariga tutashib ketgan kaftdek tekis asfalt yo‘llaridan borar ekansiz, chor-atrofdagi manzaralarni ko‘rib bahri dilingiz ochiladi. 

Kezi kelganda, bir paytlari armon bo‘lgan ba’zi voqealarni ham eslab o‘tish o‘rinlidir. Sobiq mustabid tuzum davrida chet ellarga borib-kelish uncha-muncha odamga nasib etmasdi. Yurtimiz Istiqlolining dastlabki kunlaridanoq dunyo eshiklari ochilganda xorijga borib-kelganlarning birinchi taassurotlari: “naqadar tekis yo‘llarni ko‘rib hayratga tushgani” haqida bo‘lardi. Bugun bunday gaplarga hojat ham qolmadi. Yo‘lsozlaru bunyodkorlarning mehnatiga harqancha tahsin aytsak arziydi. O‘zimizning ravon va serfayz yo‘llarimizga endi o‘zgalar havas qilsa, ne ajab! 

Samarqand shahrida jami 539 kilometrni tashkil etadigan 857 ta ko‘chada shunday ajib manzarani kuzatish mumkin. Bu oydin ko‘chalarning 38 nomdagisi (130 kilometri) ko‘hna va navqiron shaharning “qon tomirlari” hisoblanadi. Ana shu serfayz ko‘chalar bo‘ylab qadam ranjida qilsangiz 3250 ta zamonaviy turar-joy binolari hamda 1527 ta turli zamonaviy inshootlarni ko‘rib hayratga tushasiz. Ular qatorida yana qad rostlayotgan yangi binolar shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. 

Bir olam taassurot bilan Hazrati Dovud ziyoratgohiga yetib kelar ekanmiz, bu yerdagi manzaralarni ko‘rib hayratga tushdik. Bir necha yil ilgari ko‘rgan “xaroba joy”lardan asar ham qolmabdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2015 yil sentyabrdan boshlab Samarqand viloyati hokimligi tashabbusi bilan ulkan hajmdagi qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilibdi. Samarqand — Qarshi magistral yo‘lidan Hazrati Dovud ziyoratgohiga olib boruvchi 6 kilometr yo‘l tekislanib, asfaltlangan. Ayni paytgacha ziyoratgoh hududidagi ichki yo‘lning 650 metriga asfalt yotqizilib, chetlarida 600 metrlik to‘siq o‘rnatilibdi. Oqsoy qishlog‘idan ziyoratgohgacha bo‘lgan yo‘lning 2 kilometr qismiga asfalt yotqizilgan. 

Ziyoratgohdan tog‘ tepasidagi g‘orga ko‘tariladigan 1300 dan ortiq zinalar 3 metrga kengaytirilib, suyanchiqlar o‘rnatilgan. Har 100 ta zinadan keyin yon tomonlarda o‘rindiqlar mavjud. Yonida chiroyli do‘konchalar bunyod etilgan. Ziyoratgoh hududida dam olib, hordiq chiqarish uchun tadbirkorlar tomonidan 25 ta ayvon, 1 ta novvoyxona, 8 ta do‘kon, 2 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 14 ta yaxna ichimliklar va shirinliklar, ro‘zg‘or buyumlari, sovg‘alar do‘koni, 125 dona yog‘och chorpoya el xizmatida. Ayni paytda bu maskanda 50 o‘rinli mehmonxona bunyod etilmoqda. 

Hududning toza-ozodaligini saqlash, orastaligini ta’minlash maqsadida 600 metrli zinali yo‘lak va 600 metrli doimo musaffo, toza buloq suvi oqib turadigan beton kanal qurilgan. 1,5 kilometr yuqoridagi tog‘dagi buloqlardan toza ichimlik suvi tortib kelingan. 700 metrlik masofaga kanalizatsiya quvurlari yotqizilib, 200 metr kub hajmga ega bo‘lgan chiqindi to‘planadigan inshoot bunyod etilgan.

Tog‘ tepasidagi g‘orga olib chiquvchi zinalar boshlanadigan joyda zamonaviy katta shiypon va do‘kon qad rostlagan. Ular qarshisidagi binoning 48 kvadrat metrli devoriga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, musavvir Nuriddin Kalonov mo‘yqalamiga mansub bo‘lgan “Hazrati Dovud ziyoratgohi” deb nomlangan mahobatli rang-tasvirli kompozitsiyasi tushirilgan. 

Bu hududda 600 tupdan ortiq archa, kashtan, qayrag‘och, tut, gilos, o‘rik va boshqa turdagi mevali hamda manzarali daraxtlar, 10000 tupdan ortiq turfa gullar ziyoratgoh ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. 

Chinakam bihishtga aylangan manzaralardan diling yayrasa, yuzlab, minglab ziyoratchilarning mamnun chehralariga boqib, qalbing g‘ururga to‘ladi. Istiqlol ne’matlarini, xalqimiz qanchalik shukronalar aytib yashayotganlarini mana shu purviqor tog‘ bag‘ridagi betakror ziyoratgohda ham ko‘rib quvonasan. 

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirning davomi Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydonida tashkil etilgan kitob va gazetalar ko‘rgazmasiga ulanib ketdi. Bu yerda samarqandlik rassom va hunarmandlarning rang-barang rasmlari, kulolchilik buyumlari barchani hayratga soldi. 

Ijodkorlarning davra suhbatida O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron, yozuvchi Abdusaid Ko‘chimov, jurnalist olim Saydi Umirov va boshqalar muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov ning adabiyot va ma’naviyatimizga e’tibori ijod ahlini qanchalik ilhomlantirayotganini alohida ta’kidlashib, Samarqandda bu borada amalga oshirilayotgan ulug‘vor ishlardan zavq olishayotganini, bu shukuhdan ilhomlangan ijodkorlar hali she’riy, nasriy janrlarda o‘z taasurotlarini ifodalashlarini ta’kidlashdilar. 

Samarqand viloyat “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri, taniqli shoir va publitsist Farmon Toshev faol ijodkorlardan Komilxon Kattaev, Jumagul Suvonova, Isomiddin Po‘latovlarning yangi kitoblari haqida so‘z yuritdi. 

Taniqli shoira Zulfiya Mo‘minovaning “Samarqandjonim” sarlavhali she’ri barchani hayajonga soldi.

Quyida undan parcha ilova qilinmoqda:

 

Saodat shahrisan, sen gul shahrisan,

Sen yurak shahrisan,sen dil shahrisan,

Shoirlar shahrisan, ko‘ngil shahrisan,

Samarqand, Samarqand, 

Samarqandjonim!

Mukarram, muazzam, sharif shaharsan,

Neki go‘zallik bor ta’rif shaharsan,

Olimlar shahrisan, orif shaharsan,

Samarqand, Samarqand, 

Samarqandjonim!

 

Tadbir ishtirokchilari yaqinda foydalanishga topshirilgan va bugungi kunda minglab kitobsevarlarning sevimli maskaniga aylangan “Samarqand kitob olami” majmuasiga yo‘l oldilar. Bu maskanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti asarlari jamlangan “Prezident asarlari bilimdoni” va “Siyosiy-huquqiy kitoblar” bo‘limlari, qiroatxona, vertual kitoblar markazi, “Xorijiy nashrlar zali”, “Bolalar zali”, asosiy zal hamda zamonaviy uslubda qurilgan “Book cafe” barchani o‘ziga maftun etadi. Har bir bo‘lim peshtaxtalarida o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan ertaklar, bo‘yash kitoblari, entsiklopediyalar, o‘yinli nashrlar, ko‘zi ojizlar uchun brayl yozuvidagi ertak va badiiy kitoblar albatta e’tiboringizni tortadi. Bu o‘ziga xos kitob do‘koni alloma ajdodlarimizning qadimiy qo‘lyozmalari izohlari bilan joylashtirgani muzeyga xos ruh bag‘ishlaydi va do‘kon faqat savdo majmuasi emas, qirotxona ekanidan dalolat beradi.

Kitoblar olamiga sayohat qilgan ijodkorlarda bu maskanda 2500  nomdagi 5 mingdan ziyod kitob mavjudligini, 30 ta nashriyot bilan hamkorlik o‘rnatilgani, 42 nafar muallif bilan hamkorlik shartnomasi tuzilgani haqidagi ma’lumotlar katta qiziqish uyg‘otdi. Majmuada yosh oilalar, ota-onalar uchun ham qulayliklar yaratilgan. Turli o‘yinchog‘u qo‘g‘irchoqlar bilan to‘ldirilgan maxsus burchak bolajonlar ixtiyorida. 

Mazkur majmuani bunyod etishda avvalo ko‘psonli kitobxonlar uchun qulay joy tanlangani e’tiborga molikdir. Ya’ni bino hududidan 2 kilometr radiusda Samarqand shahridagi 6 ta oliy o‘quv yurti, 3 ta akademik litsey, 3 ta kasb-hunar kolleji, ularning qariyb 2500 o‘rinli 8 ta yotoqxona, 4 ta maktab, 50 dan ortiq korxona-tashkilotlar hamda 420 ta xonadondan iborat 10 ta ko‘pqavatli uylar joylashgan. 

Tadbir ishtirokchilari buyuk muhaddis Imom Buxoriy majmuasiga ham tashrif buyurdilar. Samarqand viloyatida ulug‘ allomalar, yurtimiz tarixi va xalqimiz hayotida o‘chmas iz qoldirgan buyuk siymolar nomi bilan bog‘liq o‘nlab muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar o‘tgan yillar davomida qaytadan chiroy ochganini alohida ta’kidlash joiz. Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasida amalga oshirilgan ishlar ayniqsa e’tiborlidir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 29 apreldagi “Imom al-Buxoriy tavalludining hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha 1225 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ushbu yodgorlik majmui Prezidentimizning alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli yangidan bunyod etildi. Majmua ichki va tashqi hovlilarida ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgani sezilib turibdi. Bugun bu majmua musulmon olamining muqaddas qadamjolaridan biriga aylangan. 

Ma’naviy-ma’rifiy tadbir Jomboy tumanidagi eng so‘lim maskanlardan biri – Beshbola majmuasida davom ettirildi. 

Viloyat hokimi Zoyir Mirzaev O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligini munosib kutib olish borasida amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, shu bilan bir qatorda ijodkorlar oldida turgan muhim vazifalar haqida atroflicha so‘z yuritdi. 

Aytish joizki, ayni paytda viloyatda 2 ta televidenie, 1 ta radiostudiya faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 3 ta viloyat gazetasi uch tilda, 16 ta shahar-tuman hokimliklari nashrlari, 10 ta tarmoq va idoraviy, 21 ta xususiy gazeta, 6 ta jurnal chop etilmoqda. 

1991 yilda 19 ta ommaviy axborot vositasi – 16 ta gazeta, 2 ta jurnal, 1 ta televidenie faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugun ularning soni 56 taga yetgan. Sohada esa 500 nafardan ortiq jurnalistlar faoliyat ko‘rsatmoqda. “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati qoshida 10 yildan buyon “Jurnalistik mahorat maktabi”dan ko‘plab iste’dodli qalamkashlar yetishib chiqmoqda. 

Viloyatdagi barcha shahar va tuman gazetalarining deyarli barchasi A2, ya’ni katta formatda, rangli chop etilmoqda. Yaqin o‘n yillarda bitta gazetani chop etish uchun kamida 50 kishi texnik ishlarni bajargan bo‘lsa, bugungi kunda bu ishni 6-8 kishi uddalayapti. Bitta gazetaning matnini terish, sahifalash, qo‘rg‘oshin qolipga olish va chop etish uchun kamida 8 soat vaqt kerak bo‘lgan. Hozir bu yumushlarni ko‘pi bilan uch soatda bajirish imkoniyati mavjud.

Shahar va tuman gazetalari muharrirlarining 10 nafari mahalliy kengashlar deputati etib saylangan. 

1990 yilgacha viloyatda birorta kitob nashriyoti bo‘lmagan. Bugun esa 2 ta nashriyot ko‘plab kitoblar nashr etayotir. 

1991 yilda bitta bosmaxona faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda viloyatda matbaa korxonalari soni salkam 90 taga yetdi. 3 ta yirik bosmaxona zamonaviy poligrafiya uskunalaridan foydalangan holda faoliyat ko‘rsatmoqda. Boshqa viloyatlarning 22 ta gazetasi Samarqandda chop etiladi.

Samarqandlik bir guruh ijodkorlar tomonidan 1989 yilda ilk bor ko‘rsatuvlar tayyorlashga urinishlar bo‘lgan. O‘sha davrda viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy hayotiga oid ko‘rsatuvlar Cho‘ponota radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarni efirga uzatish markazidan oddiy videomagnitofonlar orqali teletomoshabinlar hukmiga havola etilgan. 1991 yilda montaj va efir uchun uzatish apparatlari keltirildi. O‘sha yili 6 iyundan boshlab viloyat televideniesida haftaning dushanba, chorshanba va juma kunlari 3 soatlik ko‘rsatuvlar tayyorlanib, efirga uzatilgan. 

Viloyat Teleradiokompaniyasi qariyb bir yildan buyon barcha shart-sharoitga ega bo‘lgan yangi binoda faoliyat ko‘rsatmoqda. Tele va radiostudiyalarda barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan. Ayni paytda tele va radio ijodkorlarning efir vaqtini sutkada 18 soatga yetkazishga zamin yaratilgan. STV telekanalining ko‘rsatuvlari ham tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olib, auditoriyasi kengayib borayotgani e’tiborga molikdir. 

Respublika gazeta-jurnallari, radio va televidenie kanallarining 60 nafarga yaqin vakillari viloyatda erishilayotgan yutuqlarini keng yoritishda jonbozlik ko‘rsatmoqda. 

Samarqandlik jurnalistlarning 7 nafari “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘lgan. Har yili ikki-uch nafar ijodkor davlat mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Samarqandlik ijodkorlar “Oltin qalam” Milliy mukofotining turli nominatsiyalari bo‘yicha 10 marta mukofotlangan. 

2016 yilda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “MTRK sovrini” ko‘rik-tanlovining “Eng yaxshi teledastur” nominatsiyasida viloyat teleradiokompaniyasining “Tamaddun beshigi” ko‘rsatuvi bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. 

Samarqandda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 22 nafar a’zosi ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. Ularning 3 nafari Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 

Har yili samarqandlik ijodkorlarning 30 ga yaqin kitoblari chop etilmoqda. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan keyingi yillarda Vatanimiz mustaqilligi bayrami arafasida ijodkorlarning to‘plamlarini nashr etish an’anaga aylangan. 

Viloyatda Respublika Badiiy ijodkorlar uyushmasining 82 nafar a’zolari, 43 nafar rang-tasvir va grafik rassomlar, 15 nafar ganchkor va 11 nafar kulolchilik ustalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 2 nafari O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi – akademik hisoblanadilar. 10 nafar ijodkorlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan ta’sis e’tilgan oltin va kumush medallarga sazovor bo‘lgan. “Chorsu” galereyasida har yili 15 dan ortiq ko‘rgazmalar tashkil etilayapti. 

Viloyat rassomlariga yil davomida 190 ga yaqin buyurtma kelib tushgan bo‘lsa, shu kecha-kunduzda buyurtma asosida viloyat tashkilotlari uchun 60 tadan ko‘proq rang-tasvir va badiiy asarlari yaratilgan.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Axborot xizmati va Jurnalistika fakulteti Samarqand viloyati hokimligi Axborot xizmati, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda alohida mahorat maktablari tashkil etgan. O‘tgan yili may oyida bu maskanda o‘tkazilgan “Tashkilotlar faoliyatining ochiqligini ta’minlashda axborot xizmatlari va ommaviy axborot vositalari hamkorligi” mavzuiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferentsiyasi hamda shu kabi ilmiy-amaliy anjumanlar yetuk jurnalist-kadrlar va matbuot kotiblarini tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda. 

Ma’naviy-ma’rifiy tadbir doirasida bir guruh ijodkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, Badiiy akademiya va Yozuvchilar uyushmasi a’zolari viloyat hokimining Faxriy yorlig‘i hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. 

Shunday kezda: “Mustaqillik menga nima berdi, deb emas, men mustaqillikka nima berdim?” deb har birimiz o‘zimizga yana bir bora savol berishimiz darkor. Yurtimiz mustaqilligi bergan ne’matlarning qiyosi yo‘q, albatta. Qalam ahli esa zimmalarida qanchadan-qancha vazifalar, g‘oyat mas’uliyatli ishlar turganini har lahzada his etmog‘i va shunga yarasha ijod qilmoqlari ham farz, ham qarzdir. 

 

O‘ktam MIRZAYOR,

To‘lqin ESHBEK, 

Nodir JONUZOQ,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 4 =