Maqsad bitta: HECH BIR YOSH E’TIBORDAN CHETDA QOLMASIN

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi davlatimizning yoshlarga oid siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda mavjud 6 milliondan ziyod kasaba uyushma a’zolarining 50 foizdan ortig‘ini korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar, shuningdek, talaba va o‘quvchilar tashkil etadi. Jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali o‘quvchi va talabalarning, korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan yigit-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

– Bugun jamoa shartnomalari orqali o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga, shuningdek, kasb-hunar ta’limi muassasalarining bitiruvchilariga mehnat munosabatlari sohasida ko‘shimcha imtiyozlar o‘rnatish, ularni korxonada yetarli tajriba va obro‘ga ega malakali xodimlarga biriktirish, yoshlarning kasbiy malakasini oshirish uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi O‘zbekiston ta’lim fan va madaniyat xodimlari   kasaba uyushmasi Respublika kengashining ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Lazokat Turikova. — Ushbu imtiyoz va kafolatlardan yoshlarning to‘laqonli foydalanishi bo‘yicha muntazam ravishda monitoring olib borilmoqda. Farzandlarimizning mehnat sohasidagi huquqlarini ta’minlash maqsadida ularning huquqiy savodxonligini oshirish yo‘nalishida ham keng ko‘lamli ishlar qilinyapti. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 84-moddasiga asosan kasb-hunar kollejlari hamda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uch yil ichida birinchi bor ishga qabul qilinganda dastlabki sinov belgilanmaydi.

Shuningdek, Mehnat kodeksining 247-moddasiga asosan uch yil ichida birinchi bor ishga kirgan bitiruvchilar bilan mehnat shartnomasi uch yillik muddat o‘tguniga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinganida mehnat organlariga xabar beriladi.

Bugungi kunda kasaba uyushmalari yoshlarga taalluqli ushbu huquqlarning amalda to‘laqonli ta’minlanishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib bormoqda. Yana bir muhim jihat – bugungi kunda jamoa shartnomalarining qariyb 83,4 foiziga mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish faqatgina Kasaba uyushma qo‘mitasining roziligini olgach amalga oshirilishi talabi kiritilishiga erishildi.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasida hamda tarmoq va hududiy kasaba uyushma tashkilotlari qoshida Yoshlar kengashi tashkil etilgan bo‘lib, u yoshlarning ijtimoiy-iktisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari himoyasini kuchaytirish, shuningdek, ma’naviyatini yuksaltirish, salomatliklarini mustahkamlash, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlar salohiyati ro‘yyobga chiqishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning o‘zaro birlashishiga yordam berish yo‘nalishlarida ish olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 6 fevraldagi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Yosh mutaxassislar respublika forumi o‘tkazib kelinmoqda. Forum doirasida 20 ga yaqin nominatsiyalar bo‘yicha «Yilning eng faol yosh mutaxassisi» tanlovini o‘tkazish an’anaga aylandi.

2015 yilda mazkur tanlovning respublika-tarmoq bosqichiga 210 nafardan ortiq yosh mutaxassis yo‘llanma olib, ular orasidan 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan 48 nafari Yosh mutaxassislar III respublika forumida ishtirok etdi. Forum doirasida ularning yangi innovatsion g‘oya va ishlanmalari hamda ilmiy kashfiyotlari munosib rag‘batlantirilib, amaliyotga tatbiq etilishiga ko‘maklashildi.

Ijtimoiy-mehnat munosabatlari, ijtimoiy-iqtisodiy himoya, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish, malaka oshirish, rahbarlik mahorati, nutq madaniyati kabi yo‘nalishlardagi mashg‘ulotlar tashkil etilib, bilim va ko‘nikmalari oshirildi. Eng faol va tashabbuskor yosh mutaxassislarni tantanali taqdirlash marosimida respublikamiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shuvchi loyiha va ishlanmalarga ega bo‘lganlardan 3 nafariga Kasaba uyushmalari Federatsiyasi grantlari topshirildi. Xususan, tanlov g‘oliblaridan bir nafari besh million so‘mlik grantga, ikki nafari horijda bir haftalik malaka oshirish yo‘llanmasiga sazovor bo‘ldi.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi grantlari yosh mutaxassislar loyihalarini hayotga tatbiq etish va innovatsion g‘oyalarini yanada rivojlantirishga xizmat qilayapti. Xususan, mazkur forumi doirasida Kasaba uyushmalari Federadiyasining maxsus Grantini qo‘lga kiritgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti assistenti Saida Beknazarova «Mediata’lim tizimining modellari, algoritmlari va dasturiy kompleksini yaratish» loyihasini amalga oshirishga erishdi. Yana bir grant sohibi, «Eng faol yosh olim» nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan Fanlar akademiyasining Fizika-texnika instituti katta ilmiy xodimi Oybek Abdulxaev kremniy kristallarini termogradientli toblash imkonini beruvchi qurilmani yaratdi.

Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan turli kasb-hunarlarni egallab, ishchi kasblarida mehnat qilayotgan yoshlarni ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yildan boshlab ilk marotaba «Eng yaxshi ishchi kasb egasi» tanlovi o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash zarurki, iqtidorli yosh mutaxassislarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy mahoratini oshirish, o‘zlari tanlagan kasb-hunar sirlarini puxta o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan «Yosh ishchi kadrlarni tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish» loyihasini amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur loyihani bajarish uchun joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan davlat ijtimoiy buyurtmasi ajratildi.

Loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan hamkorlikda mamlakatimiz Mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab «Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!» shiori ostida ilk marotaba «Eng yaxshi yosh ishchi kasb egasi» tanlovi o‘tkazildi.

Tanlovning har bir bosqichida ishtirokchilar 7 ta, ya’ni: «Payvandlash ishlari (mexanik) texnigi», «Qishloq xo‘jaligi mashina va jihozlariga xizmat ko‘rsatish mexanigi», «Qurilish-pardozlash ishlari ustasi», «Umumqurilish ishlari ustasi», «Tikuv va tikuv-buyumlari ishlab chiqarish texnik-texnologi» «Oshpaz», «Sartaroshlik va dekorativ kosmetika ustasi» nominatsiyalari bo‘yicha mahoratlarini namoyish etdi.

Tanlov ishtirokchilarining bilim va mahorati 2 turda – nazariy (sohaga doir test savollari) hamda amaliy (kasbiy-amaliy topshiriqlarni bajarish) sinov shaklida o‘tkazilib, har bir nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar navbatdagi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar. Tanlovning birinchi bosqichi joriy yilning 13—18 iyun kunlari tuman(shahar)lar miqyosida o‘tkazilib, ularda korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan 2,5 ming nafarga yaqin 25 yoshgacha bo‘lgan ishchi mutaxassislar hamda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishtirok etdi.

Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida joriy yilning 30 iyun — 7 iyul kunlari tashkil etilgan ikkinchi bosqichida jami 461 nafar yosh ishchi kasb egalari qatnashdilar. Uning yakuniy respublika bosqichi 18—21 iyul kunlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilib, unda hududiy bosqich yakunlariga ko‘ra, g‘olib bo‘lgan 84 nafar yoshlar bellashdilar. Ishtirokchilar, avvalo, mehnat muhofazasi qoidalari bilan batafsil tanishtirilib, so‘ngra sohaga oid test savollariga javob berdilar va amaliyotda o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.

Ularning bilim saviyasi va kasbiy tayyorgarligi malakali mutaxassislardan iborat Hakamlar hay’ati tomonidan xolis baholandi. Ular xulosasiga ko‘ra 1-, 2-, 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar maxsus diplom hamda barcha qatnashchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. o‘oliblari joriy yilning 24 avgustida bo‘lib o‘tadigan «Yosh mutaxassislar» IV Respublika forumida ishtirok etadilar.

Ushbu tanlovni kelgusi yilda yanada ommalashtirish, ishtirokchilar safini kengaytirish, nominatsiyalar sonini oshirish hamda xalqaro standartlar asosida o‘tkazish belgilab olindi. Bundan ko‘zlangan maqsad ushbu tanlovga yoshlarni yanada kengroq jalb etib, o‘z kasbining mohir egasi bo‘lishiga amaliy ko‘mak berish hamda yoshlarning kasbiy kamolotiga hissa qo‘shayotgan ustozlarini ham munosib rag‘batlantirishdir.

 

B.MUHAMMADIYEV tayyorladi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + seventeen =