O‘ZLIK SARI CHORAK ASR

Bu voqeaga ancha bo‘lgan. 1987 yilda Hindistonga borish nasib etgandi. 

…Kalkutta aeroportida qop-qora, biroq ko‘zlari yonib turgan ozg‘in bolakaylarning sadaqa so‘rab qilgan iltijolari hanuz ko‘z o‘ngimda. Nazarimda hindlar o‘z mustamlakachilari bo‘lmish inglizlarga xayrixohdek tuyuldi. Negaki, Kalkuttadagi Ashok mehmonxonasida bizga xizmat qilayotgan hind mulozimlari daf’atan restoranda inglizlar paydo bo‘lishganida ular huzuriga yugurib borishdi. Ular bizni unutishgandi, o‘sha dam.

 

Sayohat nihoyasida Madoras, hozirgi Chennay shahri yaqinidagi go‘zal Maxabiluramdagi Oltin qum oromgohi restoranida banket uyushtirildi, unga Moskvadan kelgan yoshlar guruhini kirgizishdi. Bizlar esa ajablanib, «Nega bizlarni kirgizmayapsizlar?», deb so‘radik. Mulozim hind esa sizlarga kirish mumkin emas, sizlar «rusi kolon (Rossiya koloniyasi, ya’ni mustamlakasi) deyishdi. Mulozimlarning yuz qarashlarida kamsitish bilan birga qandaydir achinish hissi ham yo‘q emasdi. Albatta, oldinlari ham o‘z yurtimizda millatimiz kamsitilishini ko‘rgan paytlarim bo‘lgan. Ammo hatto xorijda ham ochiqdan-ochiq bizlar ikkinchi nav odam hisoblanishimizni o‘shanda chuqurroq anglab yetdim. Shunisi qiziqki, hindlar o‘zbek millati haqida eshitmagan ekan, ularga Boburni eslatdik va afsuski, ular Boburni mo‘g‘ul deb bilisharkan.

Oradan ikki yarim yil o‘tib, yana ertaklar mamlakati Hindistonga borish nasib etdi.  Istiqlol shabadalari yurtimizda ham esa boshlagani tufayli 1990 yilda Dehli—Toshkent havo yo‘li ochilgandi. Holbuki, 1987 yilda Dehlidan qaytayotib, Toshkent aeroportiga ikki soat qo‘nib, yana Moskvaga uchgan edik va o‘sha yoqdan qaytib kelgandik. Hindistonga borishimiz ham shunday bo‘lgan. Endi esa Hindistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchib keldik. Agrada jahon mo‘’jizasi Tojmahal ziyoratidan qaytishda bir do‘konga kirdik va bu do‘kon xususiy ekanligini eshitib ajablandik va do‘kondorga havasimiz keldi. Bizda o‘sha paytlarda xususiy mulk degan tushuncha hali shakllanmagan edi. 

Istiqlol yillarida ham Hindistonda ko‘p marta borish nasib etdi. Oxirgi gal 2012 yil dekabrida yo‘l boshlovchimiz Manjit janoblarining faxr bilan Bobur haqida u siz o‘zbeklarning yurtidan, deb  aytganida ko‘p g‘ururlandik va buni shubhasiz, istiqlol sharofatidan deb bildik.

Men bu gaplarni nega yozayapman? Chunki o‘sha paytlarda har qanday mustaqillik harakatlari markaz tomonidan ayovsiz qonga botirilardi. Sobiq imperiya  juda ustalik bilan iqtisodiy rishtalarni markazga bog‘liq qilib qo‘ygan edi. Jumladan, Ohangarondagi «Santexlit», «Stroyplatmassa kombinatlari asosiy xomashyoni Rossiyadan olardi. Sobiq tuzum qulaganidan so‘ng dastlabki yillarda chet el valyutasi tanqisligi hamda mazkur korxonalar mahsulotlari bozor talablariga javob bera olmagani tufayli yuqoridagi korxonalar tanazzulga uchradi. 

Ha, sobiq imperiya faqat amaldoru  kommunistlar uchun yaratilgandek edi. Amaldor kommunistlar har qanday imtiyozlardan foydalanishardi. Ular uchun maxsus do‘konlar ishlab turar, oddiy  xalq esa uzundan-uzun turnaqator bo‘lib yemishga navbat turishardi. Kundalik turmush uchun zarur bo‘lgan oddiy mahsulotlar, masalan, choy, kolbasa, pishloq, quyultirilgan sut kabi oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, shifer, yog‘och-taxta, faner kabi qurilish materiallari o‘sha paytda anqoning urug‘i edi. Oddiy odamlar ularni olish uchun rayijroqo‘mda yillab sarson bo‘lishar yoki «shapkasi» bilan olishga majbur edilar.

Endi esa do‘konlardan xohlagan narsangizni topa olasiz. Faqat ishlash, halol mehnat qilish kerak, xolos. Ilgarigidek boqimandachilik bilan yashashning zamoni o‘tdi. Kuni-kecha o‘zim tug‘ilgan Qoraxitoy qishlog‘iga borgan edim. Ravon ko‘chalar, bir-biridan chiroyli uylar, bejirim maktablarni ko‘rib havasing keladi. Hamma qurish bilan band, uy oldida shag‘al yoki qum uyumlari. Oshxonayu choyxonalarni aytmaysizmi? 1991 yilgacha kunduz soat o‘n ikkidan keyin Ohangaronda tushlik qilolmasdingiz. Hozir bir-biridan ko‘rkam oshxona va go‘zal choyxonalar tun-kun ishlaydi, ularda ko‘nglingiz tusagan taom bor. To‘ylarimizni qarang, to‘kinchilik, farovonlikni ko‘rib ko‘nglingiz shod bo‘ladi. Hozir qishloq ahlining kiyinishi shaharliklardan qolishmaydi Istiqlol yillarida shahar va qishloq o‘rtasidagi keskin tafovut yo‘qoldi.

Sobiq imperiya yillarida Ohangaron shahridagi  madaniyat va istirohat bog‘ini hech ham epaqaga keltirib bo‘lmadi.  Kimni qo‘ymasin, davlatning pulini o‘marib juftakni rostlardi. Bugungi kun tadbirkori o‘z mol-mulkini o‘marmaydi, aksincha, uni ko‘paytiradi. Mohir tadbirkor Shavkat Komilov hozirgi kunda mazkur madaniyat va istirohat bog‘ini hamma havas qiladigan darajaga keltirdi. Qisqasi, keyingi yillarda Ohangaronda turli sohalardagi  tadbirkorlar elga xizmat qilish borasida mamlakatimizga tanildilar. 

Yo‘llarimizni obod, manzillarimizni yaqin qilib turgan ajoyib mashinalarni ko‘ring. Eng asosiysi, ular hammasi o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda. Ilgari soat kechki beshdan keyin oxirgi avtobusga ilinolmasangiz, Toshkentda qolib ketishingiz aniq edi. Hozir esa yarim tunda ham ko‘chada qolib ketmaysiz. Men aytayotgan gaplar chorak asr, yigirma besh yil mobaynida erishilgan mo‘’jizalardan atigi bir shingil. 

Mustaqillik yillarida dunyoga kelgan baxtli o‘g‘il-qizlarimizga havasim cheksiz. Ishonamanki, ular hali ko‘pdan-ko‘p ajoyib mo‘’jizalarning guvohi bo‘ladilar. O‘zimga kelsam, mana shunday dorilamon kunlarga yetkazgani uchun yaratgan Egamga beadad shukurlar aytaman.  

 

Ozod 

XUSHNAZAROV,

    «Ohangaronshifer» AJ kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi

 
 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × four =