YO‘L-YO‘LAKAY…

Yo‘lga chiqdingizmi, albatta, gurung beradigan biror hamroh topiladi. Mavzular — turli bo‘lsa-da, hayotga doir. Ba’zan, bahsga ham aylanib ketadi.

 

—Kecha final zo‘r bo‘ldi-ya, shopir aka? — deydi hamrohlarimdan biri.

—Ha, boya bekatda yigitlar aytayotuvdi, — javob qaytaradi haydovchi.

Suhbatimizga boshqalar ham qo‘shilib, gap futboldan bugungi kun mavzulariga ko‘chdi. 

Haydovchi:

–Shu desalaring, odamlarimiz ham sodda-da, bir gapga tezda ishonadi-qo‘yadi.

Yaqinda xorijga ishlagani borgan to‘rt yigitni uyiga eltib qo‘ydim. Ular ne azoblar bilan yetib kelibdi. U yoqda ish bor desa, uchib borishgan ekan. Qarasa, aytilgan ishdan darak yo‘q. Bir oy sarson-sargardon bo‘lib, ne qilarini bilmay, uyga qaytishibdi. Ishni yaxshilab surishtirib boruvdilaringmi, desam, qo‘shni qishloqdagi bir kishidan eshitib ketdik, deydi. Hozir to‘s-to‘polon zamonda xorijda balo bormi?

–  Oson pul topaman, tezda boyib ketaman deganlar adashadi, – deydi yoshi elliklar chamasi yonimdagi kishi. – Odamlarga hayronsan. Kuning o‘tib, qora qozoning qaynab turgan bo‘lsa, nima qilasan ortig‘ini? Birim ikki bo‘lsin desang, biznes qil yo hunar o‘rgan. Hozir buning orqasidan tagida mashina, dang‘illama uy qurib, maza qilib yashayotganlar ozmi? Yon qo‘shnimning o‘g‘li poytaxtda mebel tsexida bir-ikki yil ishlab hunar o‘rganib keldi. Endi qishloqqa kelib o‘zi mebel yasab sotyapti. Buyurtmalarning cheki yo‘q. Yoniga yana uch shogird olib, ularga o‘z kasbini o‘rgatyapti. Shuning orqasidan ro‘zg‘orini butladi, otasiga mashina oberdi. Qishloqda hamma unga havas qiladi. 

– Chindan ham, dehqonmi, bog‘bonmi, kim o‘z ishining ustasi bo‘lsa, shu yaxshi yashab yuribdi. Mahallamizda Salim degan kishi bor. O‘zi qirqlarga kirgan. 20-30 sotix yeri bor. Qishin-yozin yerdan chiqmay ishlaydi. Qishda issiqxonada yetishtirgan pomidor, bodring, ko‘katni sotadi. Neki poliz ekin, bo‘lsa, uniki birinchi. Hatto mevalari ham shunaqa. “Bir tupdan falon tonna meva oldim”, deydi. Bir parcha yerdan millionlab daromad qiladi. Hammasi mehnatga bog‘liq ekan, – deydi haydovchi.

– Shuncha ishlab bir kunlik to‘yga sovurib yuborish, alamli-da. Qiynalib, pul topib, orzu-havas deb borini sovurayotganlarni ko‘p ko‘rayapmiz, – deyman ulardan gap olish uchun. 

– E, so‘ramang, uka. O‘tgan yili men ham qiz chiqaruvdim, – deydi oldi o‘rindiqdagi kishi. – Bo‘larim bo‘ldi. Xudoga shukur, nevarali bo‘ldik. Ammo beshik to‘yini to‘yxonada qilishim kerak emish. Qudalar shunday deyayotgan ekan. To‘yxona bo‘lgandan keyin kamida 200-300 odamga joy qilinadi. Uning xarajatini o‘ylasam, boshimga og‘riq kiradi. Qilmay ko‘ring-chi, qudaning qovog‘idan qor yog‘adi. Shu qizim tinch bo‘lsin deb, bariga rozi bo‘lasan. Hozir beshik to‘yi, undan so‘ng sunnat to‘yi qilsa, yana bir ter to‘kish kerak. Xullas, bolalarni katta qilgach, nevaralarni ham o‘ylash kerak.

– Keyingi paytlarda yo‘q joydan yangicha odatlar chiqib qolyapti-da.

– Puli bor kishi to‘qlikka sho‘xlik qilib, o‘zini hammaga ko‘rsatib qo‘yish uchun millionlab sarflab to‘y qilyapti. Bu g‘irt isrofgarchilikning o‘zi-ku.

– To‘y qilishdan maqsad ikki yosh oila qurganini boshqalarga ma’lum qilish aslida. Hozir ikki yosh qolib, qolgan behuda latta-puttayu, mebellariga e’tibor kuchayib ketdi. Hozir shaharu qishloqlarda ham to‘ylarimiz kattagina koshonalarda bo‘layapti. To‘y dasturxonlari turli noz-ne’mat bilan to‘la. To‘ydan so‘ng ularning qanchasi isrof bo‘ladi. Yaratgan yurtimizga tinchlikni ham, fayz barakani ham berib turgan bo‘lsa, shukur qilish o‘rniga uni isrof qilsak. Hech to‘g‘ri bo‘lmasa kerag-ov.  

–Nimasini aytasiz, shu tinchlik bo‘lib turibdiki, to‘y qilamiz. Agar u bo‘lmasa, na yeganning na yashashning mazmuni qoladi. Xavotiru, qo‘rqishdan ado bo‘lish hech gapmas. Internet yoki chet el kanallarini ko‘rsang, doim bir joy portlagan yoki otishma bo‘lgan. Bu kabi voqealar oldin bir-ikki joylarda uchrardi. Endi esa borgan sari tahlika ortib boryapti. 

– Aka, shu tinchlik deysiz, bizda yana tinchlikdan boshqa nima bor, – deydi o‘smir yigit. Bu gap o‘tirganlarni bir qo‘zg‘atgandek bo‘ldi. 

– Iya, g‘alati bola ekansan-ku. Sen oldingi qiyinchiliklarni ko‘rmagansan-da.

Mana shu yurgan yo‘limizdan 15-20 yil oldin bir o‘tib ko‘rganingda, bilarding. Avtobusu mashinalar yo‘lning o‘nqir-cho‘nqiridan eshak aravaga o‘xshab yurardi. Gapim noto‘g‘-ri bo‘lsa mana akanglardan so‘ra. Yana bir gap. Seni hech nonsiz och qolgan, nonga zoriqqan payting bo‘lganmi? Yoki shunaqa insonlarni hech ko‘rdingmi yaqin yillarda?

– Yo‘q, ko‘rganim yo‘q.

– Bugungi to‘kinlikka yetishish oson bo‘lmagan. Bir burda nonning qadrini oilangdagi kattalarda so‘ra, aytishadi. Kishilar un uchun non uchun bug‘doy o‘rimidan qolgan boshoqlarni terib, tegirmondan un qildirishardi. Har kimnikida ham oppoqqina non bo‘lmasdi qishloqda. Endi do‘konning oppoqqina nonini yeysan. Soatlab, yarim kunlab navbat kutib, nonsiz uyga qaytmagansan-da. Bo‘m-bo‘sh  do‘konu bozorlarni ko‘rmagansan-da. O‘shanda bilarding, bu kunlarning qadrini. Qaerga borsang, to‘kin-sochinlik, shunga o‘rganib qolishganda bizni odamlar. 

Xullas, hamrohlar bilan hayotimizdagi ayrim narsalar haqida ancha mushohada qildik. So‘zlaridan shuni bildimki, hozir xoh qishloq bo‘lsin, xoh shahar, ish ko‘zini bilgan kishi to‘kin, farovon hayot kechirmoqda. Faqat yuqoridagi kabi isrofgarchilikdan boshqasiga o‘tmaydigan ayrim illatlar kishini o‘ylantiradi, xolos

Gap-gap bilan manzilga ham yetganimizni sezmay qoldik. Odatda suhbatdoshlaring dilkash insonlar bo‘lsa, shunday bo‘ladi. Shukurki, ko‘pincha safarga chiqqanimda mana shunday insonlarga duch kelaman. Xalqimiz shunday, ko‘ngli ochiq, mehr oqibatli-da. Ulovdan tusharkanmiz, amaki: “Yuringlar choy qilib beray” deydi. Manzilimizga shoshayotganimizni aytib, xayrlashdik. Xalqimiz ajoyib-da. Orasida begonasi yo‘q. Qaerga bormang, vodiymi, vohami, barchasi mehmondo‘st “choyga yuring”, yoki “bir piyola choy bor” deya hurmat ko‘rsatadi. Bir piyola choy bahonasida mehr rishtalari bog‘lanadi. 

Ha, shunday tinch-omon yurtda, xotirjamlikda, ko‘k choyni damlab, salqin so‘rida o‘tirib, oshnalar, yaxshi insonlar bilan dildan suhbat qilishga nima yetsin. A, labbay!    

 

   Bobur MUHAMMADIYEV,

   “Hurriyat” muxbiri

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × five =