Aktyor, huquqshunos va jurnalist

Otabek Mahkamov bilan suhbat

Turli soha vakillarining jurnalistikada bilim va mahoratlarini sinab ko‘rish hollari ko‘p uchraydi. Angliyalik Garri Lineker, Jeymi Karrager singari sobiq futbolchilarning bugun yosh hamkasblaridan intervyu olayotganini ko‘rib, hech kim ajablanmaydi. Ularning OAVda faoliyat yuritayotganiga ancha bo‘lgan. 

 

Bu holat o‘zimizda ham an’anaga aylanib borayotgani quvonarli. Faqat bizda sportchilar emas, san’atkorlar bu borada tashabbus ko‘rsatishmoqda.

“Hurriyat”ning doimiy muallifi, taniqli jurnalist Nargis Qosimovaning iste’dodli aktyor, huquqshunos, keyingi paytlarda esa jurnalistikada ham faollik ko‘rsatayotgan Otabek Mahkamov bilan suhbati sizga manzur bo‘ladi degan umiddamiz.

— Otabek, muxlislaringiz sizni aktyor, xuquqshunos sifatida yaxshi taniydi, ammo jurnalist sifatida deyarli bilishmaydi. Ko‘proq mashhur odamlar bilan suhbatlaringiz so‘nggi yillarda bosma ommaviy axborot vositalarida chop etilmoqda. Nega aynan intervyu janrida ijod qilasiz? 

— Uyimizda kitob o‘qish urf bo‘lib, o‘qilgan asarlarimizni oilaviy muhokama qilardik. Bu mening dunyoqarashimni kengaytirib, tillarga, san’atga qiziqishimni orttirdi, ijodga undadi. Kasbim taqozosi bilan jahon tanigan yulduzlarga tarjimonlik qilganimda, ular bilan bevosita dasturxon ustida suhbatlashganimda hayotlaridagi qiziq voqealarni so‘zlab berishar, latifalar aytishar, biror voqeaga nisbatan munosabatlarini bildirishganida, “Nega Alen Delonning frantsuz tilida o‘qigan ajoyib she’rlarini, Enri Marikonening fikrlarini faqat men eshitishim kerak? Boshqalar undan nega bahramand bo‘lmasligi lozim?” degan savollar xayolimdan o‘tar va bir kun kelib albatta bularni boshqalarga ham ilinishni istar edim. Orzumni amalga oshirishga esa intervyu janri qo‘l keldi. O‘sha payti bu suhbatlarni chop etish imkoni bo‘lmagani uchun ularni yig‘ib qo‘yardim, xolos. Qachondir dunyoning mashhur odamlari bilan qilgan suhbatlarimni oshkor etishga, hech bo‘lmaganda, “Buyuk shaxslar” nomi ostida kitob qilishga umid bog‘lagandim. Bir kuni “Popkorn” jurnalidan telefon  bo‘lib, “Siz ko‘p mashhurlar bilan uchrashasiz, jurnalimiz uchun intervyu qila olasizmi?” deyishganida, “Men allaqachon qilib bo‘lganman” deb ikki- uchta suhbatni berdim. Ularni o‘quvchilar juda yaxshi qabul qilishdi. So‘ngra “Darakchi” va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Sado” gazetalari bilan hamkorlik qila boshladim. “Popkorn”ga mashhur frantsuz aktyori Alen Delon, Hollivud aktyori Maykl Menson bilan suhbatlarimni, “Darakchi”ga Andrey Malaxov bilan qilgan intervyuni berdim. 

— Birinchi suhbatingiz kim bilan bo‘lgan?

— Enri Marikone bilan. U “Popkorn” jurnalida e’lon qilindi. Birinchi intervyumni esa sakkiz yilcha oldin “Uyda yolg‘iz” filmi bosh rol ijrochisi Makoley Karson Kalkindan olganman. 

— Qahramonlaringizni qaysi jihatlariga ko‘ra suhbatga chorlaysiz?

— Mashhurligiga qarab. Masalan, birinchi suhbatingizni Falon tumandagi falon kasb egasi bilan qilsangiz, unda sizni tan olishlari qiyin bo‘ladi. Bu gapim hazil, albatta. Chunki samimiy suhbat o‘quvchilarga ma’qul kelishiga ishonaman. Ammo men aynan dunyoga mashhur insonlar bilan suhbatlashishdan boshladim. Ikkinchi jihat insonning o‘zi qiziq bo‘lishi kerak. Masalan, Yasha Dodo, ya’ni dunyodagi eng qari inson va Dalay Lamaning shaxsiy shifokori bilan yoki Frantsiyada bir kunlik daromadi bir million yevroni tashkil etayotgan, dunyoning eng boy odamlaridan biri, velosport bo‘yicha sobiq jahon chempioni mese Feniks bilan suhbat qildim. Bu suhbatdosh tanlashdagi bitta, ammo ikkilamchi jihat bo‘lsa, asosiy mezonlardan biri bu insonning men uchun qiziqarli bo‘lishidir. So‘nggi suhbatlarimdan biri Imelda Meri Filomena Bernadett Stonton bilan bo‘ldi. Aktrisa “Garri Potter” filmida sehrgarlik bo‘yicha vazir Korneliusa Fajining yordamchisi Dolores Jeyn Ambrij rolini, “Romeo va Juletta”da enaga, “Mening qo‘rqinchli enagam” filmida oshpaz rollarini ijro etgan. U “Old Vik”, ya’ni Lorens Olive teatrining aktrisasidir. “Marafonchi” filmida Rolens Olive mashhur Hollivud aktyori Dastin Hoffman bilan birgalikda rol ijro etgan. Har bir suratga tushish kunidan so‘ng Dastin Hoffman charchoqdan zo‘rg‘a oyoqda turgan, Lorens Olive esa doimo o‘zini tetik his etgan. Shunda Hoffman undan so‘raydi: “Siz mendan 25 yosh katta bo‘lsangiz ham, doim tetiksiz, buning siri nimada?”. Olive bu savolga, keyinchalik mashhur bo‘lib ketgan quyidagi so‘zlar bilan javob qaytaradi: “Siz haqiqatan ham rol ijro etib ko‘rmadingizmi?”. Stonton ana shunday buyuk aktyorning shogirdidir, shuning uchun ham u ikkinchi darajali rollarni o‘ynasa-da, aksariyat hollarda asosiy qahramon bo‘lishi kerak bo‘lganlar mahorat bobida u o‘ynagan rollar soyasida qolib ketadi. 

Men aktrisa bilan Londonda uchrashganimda u “Albatta siz “Garri Potter”dagi rolim haqida so‘rasangiz kerak?”, dedi. Men yo‘q, sizning mashhur enaga rolingiz haqida so‘z yuritmoqchi edim deganimda, u xursand bo‘lib ketdi. 

“Men “Garri Poter”gacha 40 dan ziyod filmda suratga tushganman, ammo boshqa mamlakatlar tomoshabinlari faqat Garri Potterdagi rolim orqaligina bilishadi”, dedi u suhbatimizda.

— Zamonaviy o‘zbek jurnalistikasini qanday baholaysiz?

— Milliy jurnalistikamizni xorij jurnalistikasi bilan solishtirish noto‘g‘ri. Chunki uning o‘ziga xos rivojlanish tendentsiyalari mavjud. Biz axloq tamoyillaridan yiroqlashmaganmiz. Biz boshqalarning huquq va erkinliklariga daxl qilmagan holda rivojlanayotganimiz juda quvonarli hol. Ko‘pgina xorijlik aktyor do‘stlarim haqida matbuotda chiqayotgan, ularning bevosita shaxsiy hayotlariga daxldor maqolalarni o‘qiganimda bizning jurnalistlar bunday pastkashliklarga bormasligini o‘ylab, Xudoga shukr qilaman. Ammo ba’zi blogerlar ma’lum bir tijorat yo‘liga o‘tib, buyurtma asosida aktyorlar xususida bo‘lmag‘ur narsalarni yozishadi. Bunday holatlarda ko‘p hamkasblarim, huquqshunos ham bo‘lganim tufayli menga, o‘z navbatida birgalashib, sudga murojaat etamiz. Hozir blogerlar ham puxta bo‘lib ketgan, ya’ni qoralayotgan aktyorning ism-sharifini ko‘rsatmagan holda turli ayblovlarni “bo‘yniga iladi”. Albatta bunday holatda sudga murojaat qilib bo‘lmaydi. Shunday “qalamkash”larga murojaat etmoqchiman, iltimos o‘z vazifangizni bajaring, ammo insonning shaxsiyatiga tegmang.

— Siz huquqshunos, aktyorsiz, jurnalist sifatida ham o‘zingizni sinab ko‘rdingiz. Otabek, ayting-chi, o‘zingizni kim sifatida his etasiz?

— Men avvalo ijod kishisiman. Marina Svetaeva “Muvaffaqiyat bu —  ulgurishdir” degan edi. Men har bir sohada ulgurishga harakat qilaman. Konfutsiy: “Qiziqarli yashamoqchi bo‘lsang, bunga intil” degan. Men hayotimni qiziqarli qilishga intilib yashayman.

— Ijtimoiy tarmoqlarda faolsiz. Hozirgi kunda bu fuqarolik jurnalistikasi sifatida e’tirof etilmoqda. Fuqarolik jurnalistikasi deganda nimani tushunasiz yoki siz uchun bu abstrakt tushunchami?

— Insonlar mashhurlikka intiladi. Bu intilishni ijobiy tomonga yo‘naltirish lozim. Ijtimoiy tarmoqlarda hayotimizdagi mavjud muammolar tanqid qilinganda, bundan xursand bo‘laman. Masalan, amerikalik aktrisa Emili Jin Stoun bilan uchrashib suhbatlashdim. Nega bu suhbatdan boshqalar bahramand bo‘lmasligi kerak. Shu suhbat bilan ijtimoiy tarmoqlarda o‘rtoqlashdim. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda o‘zgalarni qoralovchi gaplarga ham tez-tez ko‘zim tushadi. Birovni qoralash, shaxsiyatiga tegishni fuqarolik jurnalistikasi deb hisoblamayman. Demak, fuqarolik jurnalistikasi bu — insonlarning bevositda axborot tarqatishdagi o‘ziga xos o‘rnidir. Maya Plesetskayaning fikricha, “Vaqt hammasini joy-joyiga qo‘yadi, ammo ba’zida buni uzoq muddat kutish lozim”. Binobarin, to‘g‘ri, xolis axborot tarqatish har bir jurnalistning burchidir.

 

Nargis QOSIMOVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × three =