HUQUQIY madaniyatni oshirishda OAVNING roli

“Andilon yoshlari” gazetasi tahririyatining O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi Davlat granti tomonidan moliyalashtirilgan “Huquqiy madaniyat – taraqqiyot garovi” loyihasi doirasida “Ommaviy axborot vositalarida aholining siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha mamlakatda olib borilayotgan amaliy ishlarni yoritish masalalari” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi. Unda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari, korxona va tashkilotlarning matbuot xizmati xodimlari ishtirok etdi.

 

“Andijonnoma” gazetasi tahririyatining majlislar zalida o‘tkazilgan mazkur amaliy seminar davomida davriy nashrlarda chop etilayotgan, teleko‘rsatuv, radio eshittirishlarda berilayotgan huquqiy mavzu materiallaridagi mavjud yutuq va kamchiliklar, huquqiy mavzuni yoritishdagi muammolar muhokama qilindi. Tadbirda viloyat adliya, matbuot va axborot boshqarmalari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Andijon hududiy bo‘linmasi hamda O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi mas’ul xodimlari mavzuga oid ma’ruzalar qildi. 

– Mamlakatimizda aholini, xususan, yoshlarni yurtimiz kelajagiga munosib tarzda, umuminsoniy va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga, ularni ijtimoiy himoya qilish, huquq va erkinliklarini kafolatlashga davlat miqyosida katta e’tibor qaratib kelinayotir, – deydi viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i Abdug‘ulom Sultonov. – Shaxsning huquqiy madaniyati, ya’ni huquq va burchlarini ongli ravishda anglab yetishi hayoti davomida muhim ahamiyat kasb etadi. Huquqiy madaniyatni shakllantirishda esa ommaviy axborot vositalarining xizmati katta. Demokratik taraqqiyot ommaviy axborot vositalarining o‘rni va rolini yanada mustahkamlash, ularni yanada erkinlashtirishga yo‘l ochdi. Bugun jamiyatimizda yuz berayotgan voqealarni o‘quvchiga ochiq, oshkora va xolis yetkazishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Ayni paytda viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan OAVda huquqiy mavzudagi materiallar yetarlicha chop etilyapti, ammo qonunchilikdagi yangiliklar, yangi qabul qilingan qonun hujjatlarining targ‘iboti bo‘yicha berilayotgan materiallar keng ommaga tushunarli shaklda, huquqshunoslarning sharhlari bilan yoritilishiga e’tibor qaratish zarur. Shundagina bu boradagi vazifamizni to‘liq ado etgan bo‘lamiz.

Viloyat adliya boshqarmasining qonunchilik targ‘iboti bo‘limi boshlig‘i Farhodbek Akilov o‘zining “Mustaqillik huquq demakdir” mavzusidagi ma’ruzasida istiqlol yillarida inson huquqlarini himoya qilish borasida qabul qilingan qonun hujjatlari, mazkur yo‘nalishni yoritishda OAV xodimlari e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, mazkur boshqarma katta maslahatchisi Humoyun Amirhamzaevning “O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalar” mavzusidagi ma’ruzasini ishtirokchilar alohida qiziqish bilan qarshi oldi.

Hududiy OAVda turli hikoya va she’rlar, ilmiy yo‘nalishdagi maqolalar, internet materiallarini chop etishga katta joy ajratilmoqda. Har bir maqolani chop etishdan avval muallifning to‘liq ismi-sharifi, mazkur material avvalroq qaysidir OAVda chop etilgan-etilmaganiga e’tibor qaratish zarurligi ham ishtirokchilar tomonidan qayd etib o‘tildi. Ushbu masala Andijon davlat universiteti professori, “Huquqiy madaniyat – taraqqiyot garovi” loyihasi a’zosi Dilmurod Quronovning “Mualliflik huquqi –  qonun himoyasida” mavzusidagi ma’ruzasi doirasida muhokama qilindi.

Qisqasi, seminarda amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqbolli loyihalarni keng xalq ommasiga yetkazish, yangi qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlarining mazmun-mohiyati, ushbu hujjatlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati bilan barchani birdek tanishtirib borish OAV bosh vazifasi ekani ta’kidlandi. 

 

Odiljon KARIMOV,

loyiha ishtirokchisi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four − 1 =