ANDIJON: yurt obod — ko‘ngillar to‘q

Yurtimizda har bir hududning o‘ziga xos go‘zal tabiati, urf-odatlari, shevasi, san’ati, bor. Bularning barchasi Vatan tushunchasida namoyon. Mustaqilligimizning 25 yillik bayrami nishonlanayotgan shunday shukuhli damlarda Andijon viloyati xususida so‘z yuritmoqchimiz.

 

Istiqlol yillarida viloyatda iqtisodiyot, sport, ta’lim, xullas barcha yo‘nalishlarda ko‘plab muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritildi. Bunday natijalarga erishishda andijonliklarning azmu shijoatiyu uddaburonligi tahsinga loyiq.

Viloyatda olib borilgan bunyodkorlik xususida gap ketganda, albatta, ko‘nglimiz quvonchga to‘ladi. Zotan, viloyatning qay bir burchagiga bormang, qurilishu obodliklarning guvohi bo‘lasiz. Bunday ishlarning necha yillardan beri bardavomligi tufayli shaharu qishloqlar yildan yilga butunlay yangicha ko‘rinish olmoqda. 

– Bunyodkorlik ishlari har bir kishini ruhlantiradi, – deydi Andijon viloyat hokimligi yetakchi mutaxassisi Shohruxbek Qurbonov. – Birgina Andijon shahridagi obodliklarga to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda Eski shahar hududi to‘liq qayta ta’mirlanib, zamonaviy inshootlar barpo etildi. Tor, ta’mirtalab ko‘chalar, kengaytirilib, to‘liq rekonstruktsiya qilindi. “Markaziy dehqon bozori” qisqa fursatda ishga tushirilib, uning yonidan 8 yo‘lli 1,5 kilometrli Mustaqillik ko‘chasi qurilmoqda. Bundan tashqari, ko‘chaning ikki yonida 9 ta ko‘p qavatli turarjoy binosini qurish ishlari ham boshlab yuborildi. Bu uylarni 2017 yilda topshirish mo‘ljallanmoqda. Shaharda zamonaviy favvoralar bunyod etilishi shahar chiroyini ochishi barobarida unga o‘zgacha go‘zallik ulashmoqda. Xotira xiyoboni hamda Bobur nomidagi maydonlar aholi dam olishi uchun sevimli maskanga aylandi. 

Mustaqilligimizning 25 yillik to‘yi oldidan Navoiy shoh ko‘chasidagi yangi ko‘p qavatli turarjoylar qurilishi yakunlangan bo‘lib, bosqichma-bosqich o‘z egalariga topshirilayotir. Viloyat bo‘yicha namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylarning 520 tasida esa allaqachon hovli to‘ylari boshlab yuborilgan. Bundan tashqari, yosh sportchilar uchun yirik qilichbozlik inshootini qurish ishlari yakunlanib, birinchi sentyabr kuni foydalanishga topshiriladi. Bunday o‘zgarishlarni ko‘rib, ko‘nglingizda ajib ko‘tarinkilik paydo bo‘ladi.

 Joriy yilning olti oyi mobaynida umumiy maydoni 341,3 ming kvadrat metr bo‘lgan 3994 ta, shu jumladan qishloq joylarida 246,7 ming kvadrat metr (99,1 foiz) uy-joylar foydalanishga topshirildi. Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, musiqa va san’at maktablarini qurish, qayta ta’mirlash hamda kasb-hunar kollejlariga va umumta’lim maktablariga sport inshootlari qurilishi uchun 36,4 milliard so‘mlik, sog‘liqni saqlash ob’ektlarini qurish va rekonstruktsiya ishlari uchun 31,5 milliard so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirildi. Kommunal qurilish sohasida 27,3 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi, 1,3 kilometr uzunlikdagi gaz tarmoqlari ishga tushirildi. Bularning barchasidan maqsad aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda turmushimizni yanada farovon qilishdan iborat.

 

ISHBILARMON YOSHLAR

Andijon viloyati mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. Chunki bu yerda Asakadagi avtomobil zavodidan tashqari “Andijonkabel”, “O‘z Kodji”, “Hamkorlik elegant”, “O‘z Dong Ju Peyting Ko”, “Olmos tekstil And”, “Uz Koram Ko”, “Metaltorg LUKS”, “Elektron Sozbash”, “O‘z Xvanu” kabi o‘nlab korxonalar faoliyat yuritmoqda. 

Bugun aholining to‘kin, farovon yashashida mazkur korxona va zavodlarning tashkil etilishiyu kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgani muhim omil bo‘lmoqda. Hozir qay bir mahallaga bormang, ko‘plab hunarmandu ishbilarmonlarni ko‘rasiz. Andijonliklar esa bu borada ancha ilg‘or. Chunki har bir xonadon o‘z biznesi, o‘z kasb-koriga ega. Qimirlagan jon borki, olg‘a intiladi. Xullas, bekorchining o‘zi yo‘q. Agar viloyatning joriy yilgi olti oyiga nazar solsak, ro‘yxatga olingan jami kichik tadbirkorlik sub’ektlarining soni 23602 tani tashkil etib, natijada 1052,6 ming nafar kishi ish bilan ta’minlangan. Bu  jami iqtisodiyotda band bo‘lganlarning 83,5 foizini ekanligini hisobga olsak, raqamlar salmog‘ini aniqroq his etamiz.

Joriy yilning iyuniga qadar viloyatda faoliyat yurituvchi turli sub’ektlar tomonidan ishlab chiqarilgan yalpi hududiy mahsulotning (YaHM) hajmi 4329,2 milliard so‘mni tashkil etdi. O‘sish sur’ati oshishiga ta’sir savdo, maishiy va umumiy ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar, qurilish va qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi tarmoqlaridagi yalpi qo‘shilgan qiymat ta’sir qilayotir. YaHM ishlab chiqarish umumiy hajmining 54,8 foizi esa kichik tadbirkorlik hissasiga to‘g‘ri keldi. Albatta, bunda yosh ishbilarmonlarning ham munosib ulushi bor.

Bugun yurtimizda hali kollejni tugatmasdan o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan yosh yigit-qizlar ko‘plab topiladi. Shunday yoshlardan biri Baliqchi tumani industrial-pedagogika kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Shaxrizod Musaboevdir. U yosh bo‘lishiga qaramasdan, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan tashkil etilgan “Yurt kelajagi—2015”, “Fidoyi farzandingman”, “Mening biznes g‘oyam”, “Vatan taraqqiyotiga mening hissam”, “Biz kelajakka ishonamiz” yoshlar forumi, “Yangi nigoh”, “Yuksak ma’naviyatli avlod”, “VIII innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi” kabi tanlovlarda muntazam qatnashib, yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. 

Bugungi kunda u yaratgan elektr hamyon, yorug‘likdan quvvat olib ishlovchi telefon, fotoapparat, planshet va noutbuklarni quvvatlovchi o‘nlab elektr asboblari aholining og‘irini yengil qilmoqda.

O‘tgan yili u “Shaxrizod Best Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etib, 5 nafar tengdoshini ish bilan ta’minladi. Hozirda kichik korxonada kuniga 7 ta quyosh panelli yoritkich va 3 ta ekopalma ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, elektr lampa, yoritkichli ko‘zgu, avtomobillar tag qismini nazoratdan o‘tkazuvchi qurilmalar ishlab chiqarish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Bu haqda tadbirkor shunday deydi:

– Yoshligimdan texnikaga juda qiziqardim. Shuning uchun maktabda ham aniq fanlarga, ayniqsa, fizikaga boshqacha mehr qo‘ydim. Ayni damda kichik tseximizda turli qurilmalar ishlab chiqarayapmiz. Kelgusida yanada mukammal uskunalarni chiqarishni ko‘zlab turibmiz. Shu bilan birga mahsulotlarimizni xorijga eksport qilish niyatidamiz. 

Andijonda Shaxrizod kabi uddaburon yoshlar bisyor. Chunki ularning qonida shunday jo‘shqinlik, mehnatsevarlik bor.                     

 

“G’ALLASI MO‘L,

MEVASI KO‘P…”

“o‘allasi mo‘l, mevasi ko‘p, qovun va tarvuzi yaxshi bo‘ladi. Qovun pishig‘ida poliz boshida qovun sotmoq rasm emas. Andijonning noshvotisidan yaxshiroq noshvoti (nok) bo‘lmas”, – deya yozgan edi Bobur Mirzo “Boburnoma” asarida. 

Vodiyning tabiati, tuprog‘i o‘ta saxovatli. Nega desangiz, bu yerda yetishtirgan har qanday poliz yoki meva o‘zgacha bo‘ladi. Chunki ularning dehqonu bog‘bonlari bor mehrini yerga qo‘shadilar. Bir parcha yerdan ham unumli foydalanib, millionlab daromad qiladi. Ularning dalalariga boqib, chin bobodehqonligiga amin bo‘lasan, kishi. 

Joriy yilning olti oyida andijonlik mirishkor dehqonlar 56124 tonna sabzavot,  63,3 ming tonna go‘sht, 273,4 ming tonna sut, 254,1 million dona tuxum ishlab chiqardilar. Umumiy hisobda esa fermer xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 478,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Yil oxirigacha esa hosil ikki barobar ortishi kutilmoqda. Albatta, bunday natijalarni qo‘lga kiritishda ilg‘or fermer xo‘jaliklarning hissasi katta.

Ana shunday fermerlardan biri Baliqchi tumanidagi “Baliqchi sara urug‘lari” fermer xo‘jaligi rahbari Dolivoy Olimovdir. 

– Bugun qishloq xo‘jaligi sohasi tubdan yangilanib, zamon bilan hamnafas rivoj topmoqda. Bu esa barcha dehqonu bog‘bonlarimizdan har tomonlama bilimli bo‘lishni, qolaversa, jahon ilm-fan yutuqlaridan boxabar bo‘lishni ham talab qilayotir. Bugun fermerlik faqat dehqonchilik yoki chorva bilan shug‘ullanish emas, balki yana ham kengroq tarmoqlarni barpo etishni ham talab qilmoqda. 2007 yilda tashkil etilgan fermer xo‘jaligimiz asosan paxtaning urug‘lik navlarini yetishtirib keladi. Shu yillar mobaynida rejalarni ortig‘i bilan bajarib, paxta hosilini gektaridan 40 tsentnergacha ko‘tardik. o‘alla yetishtirishda rejalarni ortig‘i bilan uddalab kelayotirmiz. 

Qolaversa, aholini qish kunlari arzon va sifatli sabzavotlar bilan ta’minlash maqsadida 150 tonnalik muzlatkich qurdik. Bunda “Agrobank” tomonidan berilgan 100 million so‘mlik krediti asqotdi. Kelgusida uni 250 tonnagacha kengaytirishni mo‘ljallab turibmiz. Farzandlarim qishloq xo‘jaligi sohasida o‘qib, qo‘limdan ishimni olib, xo‘jalikni o‘zlari yuritayapti. Bundan juda mamnunman. Qisqasi, dehqonchilikning orqasidan kam bo‘lganimiz yo‘q. Oilamizning farovonligi ham shu tufaylidir. Insonga bundan ortiq yana nima kerak? Bularning bari mehnatimiz va biz fermerlarga yaratib berilayotgan sharoitlar hamda eng asosiysi, tinchligimiz mevasidir. Shunday bayramona kunlarda erishgan yutuqlaringni, to‘la to‘kis farovon oilangni ko‘rib, Yaratganga behad shukronalar aytarkansan, kishi. 

 

Bobur MUHAMMADIYEV, “Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 20 =