Biz tanlagan yo‘l

Shu kunlarda mamlakatimiz xalqi Vatanimizning shonli tarixida mutlaqo yangi davlat, yangi jamiyat barpo etish yo‘lini ochib bergan ulkan tarixiy voqea — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligini munosib kutib olish va nishonlashga qizg‘in taraddud ko‘rayotir.

 

Bundan roppa-rosa chorak asr muqaddam istiqlolni qo‘lga kiritib, jahondagi mustaqil va suveren davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallaganimiz, mustabid tuzumdan tamomila voz kechib, butun dunyoda «o‘zbek modeli» degan nom bilan tan olingan taraqqiyot strategiyasini amalga oshirganimiz biz tanlagan yo‘lning naqadar to‘g‘ri va hayotiy ekanini to‘la-to‘kis namoyon etib turibdi. 

Bugungi yutuqlardan ko‘nglimiz to‘lgani holda, yaqin o‘tmishni bir ko‘z oldimizga keltirsak, «Kecha kim edigu bugun nimalarga erishdik?» degan savolga mukammal javobni olamiz. Chindan ham bundan yigirma besh yil avval bugungi kunda yurtimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy maishiy texnikalar, turli rusumdagi avtomobillar, minglab turdagi oziq-ovqatlar u yoqda tursin, hatto oddiygina gugurt ham chetdan keltirilardi. Ijtimoiy-iqtisodiy ahvol shu qadar nochor ediki, qisqa bir davrda uning izga tushib ketishini tasavvurimizga sig‘dira olmas edik. Aniqrog‘i, o‘sha vaqtda mamlakatda ishlab chiqarilgan yalpi ichki mahsulotning hajmi 11 foizga pasayib ketgan, aholi jon boshiga iste’mol mollari ishlab chiqarish sobiq ittifoq darajasining 40 foizini tashkil etardi, xolos. Dehqon peshona teri evaziga yetishtirilgan, suv tekinga markazga olib ketilgan millionlab tonna paxta xomashyosidan turli-tuman gazlama va matolar tayyorlanib, undan uch-to‘rt baravar yuqori foyda olinardi. Istiqlolning ilk yillarida O‘zbekistondek agrar mamlakat o‘zini o‘nglab olishi uchun juda uzoq yillar kerak bo‘ladi, deya safsata sotgan ayrim iqtisodchi va siyosatdonlarning gaplarini ham eshitganmiz. Holbuki, hayotiy voqelik buning butunlay aksini ko‘rsatdi.  

Mustaqillik Vatanimizning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlarini ham keng miqyosda ochib yubordi. O‘tgan yillar davomida mamlakatimizda iqtisodiyot qariyb 6 baravarga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromad esa 12 baravardan ziyodga o‘sgani shundan dalolatdir. Yana bir e’tiborli fakt, keyingi 11 yil mobaynida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 8 foizdan kam bo‘lmayapti. 

O‘zbekiston bir yoqlama rivojlangan agrar davlatdan endilikda yirik industrial mamlakatga aylanganini hammamiz ko‘rib, faxrlanib turibmiz. Iqtisodiyotda sanoatning ulushi 34 foizga yetgani, qolaversa, eksport tarkibida tayyor mahsulotlar hissasi 70 foizdan oshganining o‘ziyoq o‘tgan yillar mazmuni va salohiyatini yaqqol namoyish etmoqda. Yana faxrlanadigan bir jihat borki, uni alohida qayd etish zarar. Dunyoda hukm surayotgan nosog‘lom muhit — moliyaviy, iqtisodiy, siyosiy inqirozlar avj olgan bir sharoitda amalga oshira oldi. Mamlakatimiz bu yuksalishlarni xalqimizning hamjihatligi bois bir paytlar yetti uxlab tushimizga kirmagan neft va gaz kimyosi, neft-gaz mashinasozligi, avtomobilsozlik, zamonaviy qurilish materiallari sanoati, temir yo‘l mashinasozligi, maishiy elektronika, farmatsevtika, yuqori texnologiyalarga asoslangan oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati kabi tarmoqlar ayni kunda iqtisodiyotimizda yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va ular raqobatdoshligini oshirish borasida olib borilgan chora-tadbirlar hamon saqlanib turgan global inqiroz holatlari va jahon bozoridagi narxlarning mamlakat eksport salohiyatiga salbiy ta’sirini sezilarli ravishda kamaytirish imkonini berdi. Bu esa mahalliy eksportchi tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu bilan birga joriy yil 1-yarmida tovar va xizmatlar eksporti hajmining 2,4 foizga oshishini ta’minladi. 

Respublikamizning o‘tgan olti oyda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risidagi hisobotda aytilishicha, yil boshidan buyon ilgari o‘z mahsulotlarini eksport qilmagan 600 ta korxona eksport faoliyatiga jalb etilgan. Shu bilan birga mamlakatimiz yangi eksport bozorlarining soni 44 taga ko‘paygan. Xususan, bugungi kunda Vatanimiz Birlashgan Arab Amirliklari va Janubiy Afrika Respublikasiga yengil avtomobillar yetkazib bermoqda. Shuningdek, Vatanimiz Buyuk Britaniyaga agregatlar, Janubiy Koreyaga avtogeneratorlar, XXR, Turkiya, Indoneziya, Moldova, Ozarbayjonga mineral o‘g‘itlar, Hindiston va Eronga metall ruxi, Belarusga sport poyabzallari, Polsha va Janubiy Koreyaga charm buyumlari eksport qilmoqda. Yuqorida nomlari zikr etilgan hamkorlarimiz nomidan kelib chiqib, o‘tgan muddatda naqadar yuqori pog‘onalarga ko‘tarilganimizni payqash qiyin emas. Aytganimizdek, bir paytda oddiy gugurtni ham chetdan keltirgan yurtimiz endilikda dunyoning rivojlangan davlatlariga yuqori texnologiyalarga asoslangan mahsulotlarini sotishini bundan 25 yil avval hech tasavvur qila olarmidik? Bunday yutuqlardan albatta, har qancha g‘ururlansak, boshimizni mag‘rur ko‘tarib yursak arziydi. Asosiysi, biz bu marralardan esankirab, bir joyda depsinib, to‘xtab qolayotganimiz yo‘q. Zero, mustaqillik bizga shunday imkoniyatlar eshigini ochdi. 

Shu ma’noda, o‘tgan yili mamlakat iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarga 15 milliard 800 million AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etildi. Qolaversa, mazkur sarmoyalarning 67,1 foizi bevosita yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga yo‘naltirildi. Albatta, oldimizda hali yuksak dovonlar turibdi. Xalqaro maydonda O‘zbekistonning raqobatdoshligini oshirish, iqtisodiyotimizni modernizatsiyalash va diversifikatsiya qilish hisobidan yetakchi tarmoqlarni jadal rivojlantirish bunda muhim o‘rin tutadi. Ushbu niyatlar ro‘yobi natijasida 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmi 2 baravardan ziyodga oshadi, iqtisodiyot tarkibida sanoatning ulushi 40 foizga yetkaziladi. 

Gap farovonlik va to‘kinlik xususida ketar ekan, bugungi kunda tadbirkorlik va kichik biznesning iqtisodiyotimizga qo‘shayotgan hissasiga to‘xtalmasdan o‘tolmaymiz. Zotan, iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish, bandlik muammosini hal etishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik alohida ahamiyat kasb etayotir. Ayni paytda mamlakat yalpi ichki mahsulotining 56,7 foizi, jami sanoat tovarlarining uchdan bir qismi, qishloq xo‘jaligi noz-ne’matlarining 98 foizi ayni shu sohaga to‘g‘ri kelmoqda. Tarmoqda ishga yaroqli aholining 77,9 foizi mehnat qilib, Vatanimiz ravnaqiga munosib ulush qo‘shmoqda. 

Holbuki, istiqlolgacha biznes bilan shug‘ullanish jinoyat hisoblanardi. Xususiy mulk va xususiy tadbirkorlik tushunchasi bizga mutlaqo begona edi. Bir-yarim xonadon ahli non yoki somsa pishirib sotsa yoki kosibchilik qilsa, darrov xalq dushmaniga aylanardi. Qo‘ni-qo‘shnisi, tanish-bilishlariga biror zarur molni olib kelishga uringanlar esa «chayqovchi» deya ayblanardi. 

Zamonaning zayli bilan endilikda jamiyatimiz va davlatimizning qudratli tayanchiga aylanib borayotgan, moddiy va ma’naviy boyliklar yaratayotgan, iqtisodiy jihatdan mustaqil mulk egalari sinfi vujudga kelib, jadal rivojlanmoqda. Bunda, ayniqsa, fermerlik harakati muhim o‘rin tutadi, deb o‘ylayman. Negaki, 1990 yilgacha yurtdoshlarimiz dasturxoni faqat import hisobidan to‘ldirilgan. Bugunga kelib asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining 96 foizi o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan davrda aholi jon boshiga go‘sht iste’moli — 1,4 marta, sut va sut mahsulotlari — 1,5 marta, kartoshka — 1,9 marta, meva 6,3 marta oshdi. Bundan tashqari, 180 turdan ortiq meva-sabzavotlar hamda ulardan qayta ishlangan mahsulotlar jahonning 80 davlatiga eksport qilinmoqda. 

Mazkur muvaffaqiyatlarning barchasi istiqlolning dastlabki yillaridanoq amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani samarasi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari huquqiy himoyasi va kafolatlarini kuchaytirish asosida ularning soliq yuki kamaytirilayotgani, qo‘shimcha preferentsiyalar berilayotgani bunda, ayniqsa, qo‘l kelmoqda. Xususan, keyingi 15 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun soliq stavkalari yetti martadan ziyodga kamaytirildi. Tadbirkorlarning kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi, mahsulotlarni eksport qilishning samarali mexanizmi amaliyotga tatbiq etildi. Ushbu sa’y-harakatlar natijasida qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida Vatanimiz jahonning ilg‘or mamlakatlari qatoriga chiqib oldi.

Taraqqiyotga erishish, aholi farovonligini ta’minlash, qo‘yingki, yuksak maqsadlar zamirida eng avvalo iqtisodiy masala turadi. Qolaversa, hayotning past-balandiga nazar tashlab, ko‘pincha, insonga nima kerak, degan savol qarshisida o‘ylanib qolamiz. Darhaqiqat, risoladagidek oila, bola-chaqa, uy-joy, ish bo‘lsa, qolgani insonning o‘ziga bog‘liq. Bizda bugun ayni shunday muhit qaror topgan. Eng asosiysi, bugun barcha yurtdoshlarimiz tinchlik va ahillikda Vatan ravnaqi uchun sidqidildan harakat qilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar bizni yanada ulkan marralarni egallashga, yuqori cho‘qqilarni zabt etishga chorlaydi. 

 

Abdumajid AZIMOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + 2 =