OLQISH SIZGA, Olimpiadachilar!

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida davom etayotgan XXXI yozgi olimpiada o‘yinlari qizg‘in pallaga kirdi. Shiddatli kurashlarda mardona ishtirok etayotgan mamlaktimiz sportchilaridan quvonchli xabarlarni kutib, tong ottirayotgan muxlislar totayotgan g‘alaba nashidasi tarifga sig‘maydi. Hamyurtimiz Hasanboy Do‘stmatov qo‘lga kiritgan oltin medal zavqu shavqi ustiga Ruslan Nuriddinov o‘rnatgan rekord ham nur ustiga a’lo nur bag‘ishladi. Olam ahli o‘zbekistonlik sportchilarning hech kimdan kam emasligiga yana bir bor tan berishmoqda. Barcha narsaning kulminatsion nuqtasi bo‘lganidek, olimpiadada ham atletlar ana shu nuqtaga yetib borishdi. To‘rt yil davomida o‘zini har tomonlama janglarga yetarlicha tayyorlay olgan atletlar g‘alabaning yechimini topib, shohsupaning yuqori pag‘onalaridan joy egallamoqda. Biz uchun e’tiborlisi, olimpiada sovrindorlari orasidan joy olayotganlar qatorida vatandoshlarimiz nomi kun sayin ortib borayotganidir.

 

O‘tgan haftada sportchilarimiz mamlakatimiz hisobiga yana uchta medalni tortiq etishdi. Ana shu medallarning ikitasi bokschilar tomonidan qo‘lga kiritilgani mamlakatimizda sportning mazkur turini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yuksak e’tiborning samarasi bo‘ldi. 15 avgustga qadar sportchilarimiz tomonidan qo‘lga kiritilgan medallar soni 6 taga yetdi. Shundan 2 tasi oltin, 4 ta bronza medallardir.   

Rio ringlarida xalqimizga olam-olam quvonch ulashayotgan yigitlarimizning yuksak maqsad yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishgani barchamizga manzur bo‘ldi. Ana shunday g‘alabalar xalqni jipslashtiradi. Har bir yigit-qizda shu vatan bilan g‘ururlanish his-tuyg‘ularini yanada yuksaltirdi. 

Olimpiadada boks bo‘yicha terma jamoamizning aksariyat yigitlari to‘rt yillikning yirik anjumani sovrindorlari safidan joy olishi oddiy gap emas. Bu yuksak natija. To‘rt yil olib borilgan zahmatli mehnatning tantanasi.

Ayniqsa, 49 kilogramm vaznda yurtimiz sha’nini himoya qilgan Hasanboy Do‘stmatovning Olimpiada chempioni degan yuksak nomga sazovor bo‘lgani har bir o‘zbekistonlikning yuragini g‘ururga to‘ldirdi. Hasanboy Rioda jami 6 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba nashidasini surdi. Chorak final va yarim final janglarida unga jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Qozog‘iston va AQSh vakillari ro‘baro‘ keldi. Shunday bo‘lsada, raqiblar Hasanboyning zarbalariga dosh bera olmadi. Yarim final jangida vakilimiz AQSh bokschisi Filipe Ernandes bilan qiyin jangni o‘tkazdi. U birinchi raunddan boshlab, jangning borishini o‘z nazorati ostida kechishini ta’minlay oldi. Tezkorlik, aql bilan raqibga zarba berish, aperkotlarning to‘g‘riligi va raqibni masofada ushlab turish kabi omillar yakunda Xasanboyning g‘alabasini ta’minladi.  

Andijon boks maktabi tarbiyalanuvchisi hal qiluvchi final uchrashuvida Kolumbiya vakili Martines Rivasga qarshi ringga ko‘tarildi. Olimpiadaning final bosqichiga qadar g‘alaba bilan keldimmi, yakunda ham g‘alaba qozonishim shart degan aqida Martinesda ham bor edi. Biroq, Xasanboy final jangiga puxta tayyorgarlik ko‘rgani namoyon bo‘ldi. Martinesning hatti-harakatlarini to‘liq o‘rgangan yurtdoshimiz raqibining barcha harakatlarini yo‘qqa chiqarib, qarshi hujumlardan foydalandi. Kuchli va aniq zarbalarni o‘tkazib yuborgan kolumbiyalik bokschining murabbiylari ikkinchi raundda jang taktikasini o‘zgartirishdi. Endi raqib ochiq jangni taklif etdi. Bu taktikaga ham tayyor bo‘lgan Xasanboy raqibga hech qanday imkoniyat qoldirgani yo‘q.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston bokschilari himoyaviy taktik usuldan ko‘ra ochiq janglarni xush ko‘rishadi. Bunga avval ham, Rio olimpiadasida ham guvohi bo‘ldik. Ochiq janglarda o‘zbekistonlik bokschilarni yengish juda mushkul. Bu fikrni nafaqat biz, balki xorij boks mutaxassislari ham ta’kidlashadi. Murosasiz va keskin zarbalarga boy bo‘lgan final uchrashuvi tugagani haqidagi bong urildi. Hasanboy Do‘stmatov, murabbiylar, zalda yig‘ilgan yuzga yaqin vakillarimiz hamda televizor qarshisidagi o‘ttiz million tomoshabinni kuchli his-tuyg‘u, hayajon chulg‘ab olgan. Natija e’lon qilindi. Hasanboy Do‘stmatov Olimpiada chempioni. Shu ondagi yaqinlarimning hayqirig‘i menga butun O‘zbekiston xalqining shodligini namoyon etdi. Chempionlik na’rasi, nashidasi baribir o‘zgacha tuyg‘u. o‘alaba muborak, Hasanboy, g‘alaba muborak O‘zbekiston!

Braziliya ringlarida barchada iliq taassurot qoldirgan vakillarimizdan yana biri Shahram o‘iyosov bo‘ldi. 69 kilogramm vaznda bellashuvlarda ishtirok etgan ushbu charm qo‘lqop ustasining janglaridan so‘ng ko‘pchilik jahonda o‘ziga xos va kuchli bokschi yetishib chiqayotganini his etgan bo‘lsa ajabmas. Bokschilarga xos shijoat, kuchli jismoniy holat va kuchli zarba kabi xislatlarning bari yurtdoshimizda mujassam. Kurashni nimchorak finalda boshlagan Shahram dastlabki jangdayoq olimpiadaga katta maqsad bilan kelganini ma’lum qildi. Nimchorak final bahsida Litva vakilini uch raundda ham hech qanday imkoniyat qoldirmay taslim qildi. Chorak finalda Shaxramni London olimpiadasi g‘olibi, kubalik  Iglesias Roniel kutib turardi. Mazkur bahsning og‘ir kechishi  ma’lum edi. Chunki, kubalik charm qo‘lqop ustasi nimchorak finaldagi raqibini birinchi raundning 6-soniyasidayoq texnik nokautga uchratib, medalga asosiy da’vogarligini namoyish etdi. Shu omillar sabab, boks jamoatchiligi atletimizning g‘alabasiga katta ishonch bildirgani yo‘q. Biroq raqiblar ringda yakka qolganlarida, oldin bildirilgan fikrlar o‘zini oqlamadi. Jang tezkor zarbalar bilan boshlandi. Shahram avvalgi bahslarda bo‘lganidek, ochiq va tezkor usuldan bu safar ham voz kechgani yo‘q. Har tarafdan aniq va kuchli zarbalarni qabul qilgan amaldagi chempion sarosimaga tushib qoldi. Aytish kerakki, butun bahs davomida bokschimiz o‘zini ringda erkin tutib, ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Hakamlar ikkinchi va uchinchi raundlarda ham ustunlik O‘zbekistonlik bokschi tomonda bo‘lganini tasdiqlashdi. Yakunda o‘iyosov olimpiadaning oltin medali yo‘lida asosiy raqibini chorak finalda ortda qoldirib, katta shov-shuv sababchisiga aylandi. 

15 avgustda kechgan yarim final bahsida Shahram o‘iyosov Marokash bokschisi jahon chempioni  Muhammad Rabi bilan kuch sinashdi. Murosasiz kechgan ushbu  bahsning har uchala raundi Shahramning yaqqol ustunligida o‘tdi. Vakilimiz bu safar amaldagi jahon chempionini mag‘lubiyatga uchratib oltin medal uchun kurashni davom ettiradi. Bugun tunda mazkur vaznning final jangi o‘tkaziladi. Olimpiada chempioni nomini aniqlab beradigan jangda buxorolik sportchimiz qozog‘istonlik Daniyar Yelussinov qarshi ringa chiqadi.

91 kilogramm vaznli bokschilar bahsida vatanimiz sharafini himoya qilgan Rustam To‘laganovga olimpiadaning bronza medali nasib etdi. U chorak finalda ozarbayjonlik Abduqodir Abdulllaevni ishonchli tarzda mag‘lub etib, olimpiadaning yarim finaliga chiqqan edi. Afsuski final ostonasida Rossiya vakili Yevgeniy Tishenkoga qarshi ringga ko‘tarilgan vatandoshimiz, mag‘lubiyatga uchradi. Yarim finalda mag‘lubiyatga uchrasada Rustam olimpiada musobaqalarida boks ishqibozlarining ishonchini oqlab, jonajon O‘zbekistonimiz sharafini munosib himoya qildi. 

2015 yilda Doxada o‘tkazilgan boks bo‘yicha jahon chempionatida yuksak natija ko‘rsatib, vitse-chempion degan sharafli nomga erishgan Bektemir Meliqo‘ziev ham yarim final masalasini hal etdi. U chorak 1/4 finalda Hindistonlik bokschi  Vikash Krishanni mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu esa, mamlakatimiz hisobida yana bitta medal qo‘shildi deganidir. 56 kilogramm vazn toifasida bahs olib borgan Murodjon Ahmadaliev qozog‘istonliq raqibi Qayrat Kepisbaevni mag‘lubiyatga uchratdi. U kecha tunda o‘zining nimchorak bosqichidagi jangini o‘tkazdi. 64 kilogramm vazndagi bokschilar o‘rtasidagi bahslarda O‘zbekiston sha’ni uchun kurashga kirishgan Fazliddin o‘oyibnazarov, -52 kilogrammda vatanimiz sha’ni uchun kurashayotgan Shaxobiddin Zoirov, og‘ir vaznli bokschimiz Bahodir Jalolov ham navbatdagi g‘alabalarini qo‘lga kiritib, medallar uchun kurashni davom ettirmoqda. Bokschilarimiz tomonidan qayd etilgan g‘alabalar jahonda O‘zbekiston boks maktabiga va uning sportchilariga bo‘lgan hurmatni yana bir karra oshirdi.

XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining og‘ir atletika bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobaqalarida hamyurtimiz Ruslan Nuruddinov 105 kilogramm vaznda barcha raqiblarini ortda qoldirib yana bir oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ruslan ushbu olamshumul g‘alabasi evaziga Rioda ikkinchi marta jonajon O‘zbekistonimiz madhiyasi ostida hur bayrog‘imiz sarbaland ko‘tarildi. Atletimizning g‘alabasi ko‘p yillik noxush an’analarga chek qo‘ydi. Ya’ni tarixda hech bir sportchimiz og‘ir atletikada shu kunga qadar olimpiada medaliga sazovor bo‘lgan emas. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan yilda tavvallud topgan istiqlol farzandining g‘alabasi barchamizga ikki karra quvonch ulashdi. Ushbu yillar mobaynida yurtimizda shunday kuchli, shijoatli barkamol avlod voyaga yetdiki, ularning shijoati bugungi kunda jahonni titratishga qodir. Andijonlik hamyurtimiz muhorabalarda dast ko‘tarishda 194 kilogramm toshin ko‘targan bo‘lsa, siltab ko‘tarishda 237 kilogramm og‘irlikni bo‘ysundirdi. Polvonimiz siltab ko‘tarish bahslarida 237 kilogramm toshni ko‘tarib, Olimpiya o‘yinlarining rekordini ham yangiladi. 

Shuningdek, yunon-rum kurashida -59 kilogramm vaznli polvonlar kurashida ishtirok etgan Elmurod Tasmurodov jamoamizga bronza medalini qo‘shdi. Polvonimiz yaponiyalik kurashchini 9:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, musobaqaning yarim finaliga yo‘l oldi. Bu bosqichda esa kubalik polvon Erreraga qarshi tatamida harakat qildi. Qiyin va murosasiz kechgan bellashuvda  Errera 4:1 natija bilan finalga yo‘l oldi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bellashuvda Elmurod qirg‘izistonlik Arsen Eralievni yengib olimpiada shohsupasining uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

Taekvondo WTF, og‘ir atletika, sport gimnastikasi hamda erkin va yunon rum kurashi kabi sport turlarida yurtimiz bayrog‘i ostida kurashga kirishgan atletlarimizdan ham quvonchli xabarlar kutib qolamiz. Ularning barchasi katta g‘alabalarga munosib.

 

Jobir XO‘JAQULOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + 15 =