Yer va suvdan oqilona foydalanib

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 19 apreldagi “2013-2017 yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi mustaqil mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Qoraqalpog‘iston Respublikasi agrar tarmog‘i taraqqiyotida  ham istiqbolli burilishlarga yo‘l ochib berdi.  Natijada paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlarining yalpi hosili va o‘rtacha hosildorligi sezilarli darajada oshdi. Qishloqda bozor munosabatlarining harakatlantiruvchi kuchiga aylanayotgan fermer xo‘jaliklarining ko‘p tarmoqli faoliyati intensivlashdi, ular olayotgan sof foydaning miqdori ko‘paydi.

 

Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 509,5 ming gektar sug‘oriladigan yer maydoni bo‘lib, uning 125,5 ming gektarini sho‘rlanmagan, 152,1 ming gektarini kam sho‘rlangan, 190,5 ming gektarini o‘rtacha sho‘rlangan, 41,3 ming gektarini esa kuchli sho‘rlangan maydonlar tashkil etadi. Mazkur yer maydonlarining asl  meliorativ holatiga kelsak, ulardan 115 ming gektari yaxshi, 300,3 ming gektari qoniqarli, 94,2 ming gektari qoniqarsiz xususiyatlarga ega dalalardan iborat. Mazkur hayotbaxsh Qarorning izchil ijrosini ta’minlash orqali bebaho boyligimiz hisoblangan  bu yerlarning sho‘rlanganlik darajasini kamaytirish va sizot suvlarning sathini pasaytirish, drenaj tarmoqlari tizimidan foydalanishni yanada yaxshilash borasida muhim natijalarga erishildi. Qayd qilish kerakki, bu hududda ana shunday tarmoqlar bilan ta’minlangan maydonlarning har 1 gektariga 39,7 pogon-metr uzunlikdagi drenaj tizimi to‘g‘ri kelmoqda.

Bugun Qoraqalpog‘istonda umumiy uzunligi 20304 kilometr kollektor-drenaj tarmoqlari mavjud bo‘lib, davlat tasarrufidagi xo‘jaliklararo kollektorlar 3 883 kilometrni, xo‘jaliklar tasarrufidagi xo‘jaliklararo kollektorlar 15990 kilometrni, xo‘jaliklar tasarrufidagi yopiq-yotiq kollektorlar 430,4 kilometrni tashkil qiladi. Qarorda belgilangan tadbirlarga binoan ularni tozalash, joriy va kapital ta’mirlash yuzasidan e’tirofga loyiq ishlar uddalanmoqda. Natijada hududdagi sho‘rlanmagan yerlar hajmi 2007 yildagi 107 ming gektardan 2015 yilda 125 ming gektarga yetdi. Yanada aniqroq tahlil qiladigan bo‘lsak, kuchli sho‘rlangan yerlar 2007 yildagi 59 ming gektardan 2015 yilda 41 ming gektarga yetkazildi, ya’ni 18 ming gektarga kamaytirildi.

Davlat dasturi doirasida har yili amalga oshirilgan meliorativ tadbirlar natijasida sug‘oriladigan yerlarda sizot suvlar sathi pasayib, tuproqlar sho‘rlanishi kamaymoqda. Chunonchi, 2008—2015 yillar mobaynida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan Davlat dasturi doirasida jami 13992 kilometr uzunlikdagi meliorativ ob’ektlarni qurish, rekonstruktsiya qilish, ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshirildi. Bu maqsadlarga jami 142,6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Pirovardida 385 ming gektardan ortiqroq sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilandi. Binobarin bu paxtadan olinadigan hosildorlikni o‘rtacha har gektariga 2-3 tsentnerga, g‘alladan  esa o‘rtacha  har gektariga 3-5 tsentnerga  oshirish imkonini berdi.

Qaror ijrosini bizning Beruniy tumani misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, bu hududda 2008 yilgacha mavjud bo‘lgan jami 33115 gektar sug‘oriladigan yer maydonlariga 1401 kilometr uzunlikdagi kollektor- drenaj tarmoqlari to‘g‘ri kelgan. Ushbu holat hisobga olinib, tumanimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 19 martdagi “2008—2012 yillarda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash” Davlat dasturi to‘g‘risidagi qarori asosida 663,3 kilometrlik meliorativ ob’ektlarda 2,8 milliard so‘mlik ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshirildi. Natijada 18 ming 57 gektar yer maydonining meliorativ holati yaxshilandi.

Shuningdek, Jahon banki tomonidan 2009—2011 yillarda  ajratilgan 7 milliard so‘mlik mablag‘ hisobidan Qoraqalpog‘istonning janubiy tumanlarida drenaj tarmoqlari loyihalarini amalga oshirish guruhi tomonidan 435 kilometr uzunlikda zovur tarmoqlari tozalandi va gidrotexnik inshootlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu tadbir ham agrar tarmoq rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.

Yana bir bora mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, muhtaram  Prezidentimiz tomonidan 2013 yil 19 aprelida imzolangan “2013—2017 yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanishni yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori suvdan foydalanishda tejamkor texnologiyalarni joriy etish, suv taqchilligi sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan kafolatli hosil olishda tub o‘zgarishlarga yo‘l ochib berdi. Bu mamlakat aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ravishda ta’minlashda mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish tizimini yanada mustahkamladi. O‘sha  2013 yilning o‘zidayoq tumandagi 112,8 kilometr uzunlikdagi meliorativ ob’ektlarda 930 million so‘mlik rekonstruktsiya hamda ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshirilib, 3037 gektar yer maydonining meliorativ holati yaxshilandi.

2014 yil davomida “Ziy solma” kollektorining zax suvlarni o‘tkazib yuborish salohiyatini yaxshilash maqsadlari uchun 1 milliard so‘mdan ortiqroq mablag‘ ajratilib, 140,2 kilometr uzunlikda ta’mirlash ishlari bajarildi. “Shobboz”, “Qiyotobod” muqobil mashina-traktor parklari tasarrufidagi 9,9 kilometr uzunlikdagi kollektorlar rekonstruktsiya qilindi. Bu 3037 gektar yer maydonining meliorativ holatini yaxshilash imkonini berdi.

Xulosa qilib aytganda, o‘tgan 7 yil davomida 1361,2 kilometr uzunlikdagi meliorativ ob’ektlarda 12,2 milliard so‘mlik qurilish, rekonstruktsiya va ta’mirlash-tiklash ishlari olib borildi. Pirovardida 40879 gektar yer maydonining meliorativ holati yaxshilandi. o‘alladan olinadigan o‘rtacha hosildorlik gektariga uch-besh tsentrga, paxtadan olinadigan o‘rtacha hosildorlik gektariga ikki-uch tsentnerga oshirilib, yer osti suvlarining sathi 1,8-2 metrga pasaytirildi. 

Bugungi kunga kelib, tumanda sug‘oriladigan yer maydonlari 33115 gektarga yetkazilib, bu yerlarning zax suvlarini qochirishga 1401,2 kilometr uzunlikdagi kollektor-drenaj shoxobchalari xizmat ko‘rsatmoqda. Boshqachasiga aytganda bir gektar sug‘oriladigan yer maydoni hisobiga 42,3 metr kollektor tarmoqlari to‘g‘ri kelyapti. Davlat dasturi asosida 2015 yilga tumanimizning “K-11” kollektorida 120,6 kilometr uzunlikda ta’mirlash-tiklash ishlari, “K-12” kollektorida 20,5 kilometr uzunlikda rekonstruktsiya ishlari bajarildi. 2016 yilga tumanimizning “K-12” kollektorida 120 kilometr uzunlikda ta’mirlash-tiklash ishlari, 2017 yilga tumanimizning “K-11” kollektorida 26 kilometr uzunlikda rekonstruktsiya qilish ishlari va “Qizilqal’a tizimi”da 179 kilometr uzunlikda ta’mirlash va tiklash ishlari rejalashtirilgan. Ushbu ishlarga davlatimiz tomonidan jami 9,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

“Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqaruvni yaxshilash” loyihasi bo‘yicha 2015 yil 24 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining qabul qilinishi bu boradagi ishlarning yanada jadallashuviga olib keladi. Qarorga asosan 2015—2021 yillarda amalga oshiriladigan ishlar rejasi tasdiqlandi. Loyihaning umumiy qiymati   376,7 million AQSh dollariga teng bo‘lib,  unda Jahon banki ulushi 260,8 million AQSh dollari (69,2 foiz), O‘zbekiston Respublikasi ulushi 115,92 million AQSh dollari(30,8 foiz)ni tashkil qiladi.

Ushbu dastur bo‘yicha Beruniy tumanida to‘qqizta xo‘jaliklararo kanallarda 163,2 kilometr uzunlikda rekonstruktsiya ishlari amalga oshiriladi. Davlat nasos stantsiyalari, suv iste’molchilari uyushmasi va fermer xo‘jaliklari hisobidagi nasoslar qisqarishi natijasida bir yilda sarflanadigan 14,5 milliard so‘m mablag‘ tejalishiga erishiladi. Shundan bittagina Beruniy tumanida 8,8 milliard so‘m mablag‘ tejaladi. Buning evaziga Qoraqalpog‘istonning janubiy tumanlarida 100 ming gektar, jumladan Beruniy tumanida 33 ming gektar sug‘oriladigan yerlarda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash va kafolatli o‘zi oqar suv bilan ta’minlashga erishiladi. 

Eng muhimi, Prezident qarori va boshqa dasturilamal hujjatlar yer va suvdan oqilona foydalanish orqali bugungi kunimizni yanada farovon, dasturxonimizni to‘kin, xalqimizning hayot darajasini yanada yuqori qilish hamda ertangi kunga mustahkam poydevor yaratpishga xizmat qilmoqda! 

 

Farhod ERMANOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining  Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya  qo‘mitasi a’zosi, 

Beruniy tumani hokimi,  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + seven =