YOSHLAR KELAJAGIGA YUKSAK E’TIBOR

Bugungi kunda yurtimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, intellektual salohiyatli, vatanparvar qilib tarbiyalashga katta e’tibor qaratilmoqda.

 

Ularni uzluksiz ta’lim jarayoniga qamrab olish, darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kasb-hunarga yo‘naltirish, shu orqali ular orasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish kabi dolzarb vazifalar davlatimiz siyosatining asosiy maqsadi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 6 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi barkamol avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi ishlarni yuqori bosqichga ko‘targan bo‘lsa, endilikda bu yo‘nalishdagi hayrli ishlar qonun asosida mustahkamlab qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan loyihasi tayyorlanayotgan O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni bu borada amalga oshirilayotgan keng hajmdagi ishlarni huquqiy jihatdan tartibga soladi, mustahkamlaydi va yanada yuqori bosqichga ko‘taradi.

Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 9 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining 1-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqildi.

Mamlakatimizda o‘tgan 25 yil davomida yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, jumladan, 1991 yil 20 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. O‘tgan vaqt mobaynida ushbu qonun hayotga izchil tatbiq etilib, yoshlarning rivojlanishi, jamiyatda uning o‘rni va rolini mustahkamlash, ijtimoiy himoya qilish, Vatan oldidagi g‘urur hissini tarbiyalash, keksa avlodga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, shuningdek, yoshlarni “ommaviy madaniyat” atalmish unsurlardan himoya qilishni rag‘batlantiradigan tashkiliy-huquqiy va institutsional chora-tadbirlar amalga oshirildi.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilak-tikasi to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa qator me’yoriy  hujjatlar keng normativ-huquqiy bazani tashkil qilib, ularning ijrosi yuzasidan yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, yosh avlodga ta’lim va tarbiya berish, sog‘lom turmush tarzi uchun shart-sharoitlarni yaratishga O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetining qariyb 50  foiz mablag‘lari sarf qilinmoqda.

Tayyorlanayotgan qonun loyihasi 4 ta bob va 34 ta moddadan iborat bo‘lib, unda “yoshlarga oid davlat siyosati”, “yoshlar (yosh fuqarolar)”, “yosh oila”, “yosh mutaxassis” tushunchalarining mazmuni to‘la ochib berilgan, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlari o‘rnatilgan, shuningdek, sog‘liqni saqlash, ish bilan ta’minlash sohasidagi huquqiy kafolatlari belgilangan.

Jumladan, yoshlar (yosh fuqarolar) deganda, 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar nazarda tutilmoqda. Yosh oila tushunchasiga ta’rif berilmoqda. Unga ko‘ra, yosh oila deganda, 30 yoshdan oshmagan er-xotindan yoxud farzand (bola) parvarishlayotgan ota yoki onadan iborat bo‘lgan oila, shu jumladan yolg‘iz, beva er (xotin) tushuniladi.

Loyihada O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi ijtimoy, iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda. O‘z navbatida ushbu loyihaning maqsadi va asosiy printsiplari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, amaldagi qonun hujjatlari va xalqaro hujjatlar normalariga asoslangan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid siyosatni ro‘yobga chiqarish sohasida u yoki bu davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlanadigan turli davlat dasturlari qabul qilinmoqda.  Bundan tashqari, Oliy Majlis har yili kelgusi yil uchun asosiy e’tibor yoshlarni ishga joylashtirish masalalariga qaratiladigan ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturini qabul qiladi.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq Vazirlar Mahkamasi yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilishi mumkin, shuning uchun hukumatning ham yoshlar masalalari bo‘yicha u yoki bu dasturlarni qabul qilishi mumkinligi istisno etilmaydi.

Shundan kelib chiqib, davlat dasturlari faqat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanishi haqidagi normani chiqarib tashlash taklif etilmoqda.

Shuningdek, loyihada yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi ta’lim muassasalari, davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari, madaniyat va sport ishlari, mehnat, prokuratura, ichki ishlar, adliya, mudofaa ishlari bo‘yicha organlar, OAV, shuningdek yuqorida sanab o‘tilgan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi har bir sub’ektning vakolatlari ko‘rsatilgan.

Shuningdek, loyihada mukofotlar, stipendiyalar belgilash, ta’lim grantlarini taqdim etish, fan, madaniyat va san’at sohasida ijodiy ustaxonalar va maktablarni tashkil etishga ko‘maklashish, sport sektsiyalari faoliyatini tashkil etish kabilar orqali amalga oshirish mumkin bo‘lgan iste’dodli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari tartibga solinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 28 iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonini ro‘yobga chiqarish maqsadida loyihada mamlakatda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat tomonidan chora-tadbirlarni ko‘rishga alohida o‘rin ajratilgan.

Bundan tashqari, loyihadan yoshlarni ta’lim olishga bo‘lgan huquqlari kafolatlariga oid norma chiqarib tashlanmoqda, chunki O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga muvofiq har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga muvofiq jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, O‘zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat’i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu qonun qabul qilinsa, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati yuksak darajaga ko‘tariladi va kelajagimiz egalari ta’lim-tarbiyasi, ularning ijtimoiy-huquqiy himoyasiga bo‘lgan e’tibor va rag‘bat yanada mustahkamlanadi.

 

Bahrom OBIDJONOV,

Odiljon TADJIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 10 =