SAODAT TIMSOLLARI

Jaloliddin Rumiy hazratlari aytganidek, dilga singdirilgan ilmgina kishiga yor bo‘lib, unga haq yo‘lida hamroh bo‘ladi. Aksincha, tanga singdirilgan bilim ilon kabi kishining kibrini orttirib, sohibini yo‘ldan ozdirishi ham mumkin.

 

Yusuf Xos Hojib qalamiga mansub “Qutadg‘u bilig” dostonining insonni haq vasliga yetkazuvchi kitob ekaniga shubha yo‘q. Zero, mazkur asar ko‘ngil dardlariga malham bo‘ladigan sirlar kalitini ochajak. 

O‘z davrida asar “Adab ul-muluk” (“Podsholar odobi”), “Amin ul-mamlakat” (“Mamlakat omonliklari”), “Ziynat ul-umaro” (“Amirlar ziynati”), “Shohnomai turkiy” (“Turkiy Shohnoma”), “Pandnomai muluk” (“Podsholar pandnomasi”) kabi yuksak nomlar bilan sharaflangan. 

Bizningcha, mazkur dostonga berilgan ta’riflarning barchasi jamlanganda ham, ular qanchalik jozibador bo‘lmasin, asar oldida shunchalik g‘arib ko‘rinadi. Zero, Yusuf Xos Hojib qalamiga mansub bitiklar har qanday ta’rifu tavsifdan yuksakroqdir.

Dostonning turonliklar orasida aynan “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga eltguvchi bilim”) nomi bilan dovruq qozongani ham bejiz emas. 

Asar badiiyati qanchalik go‘zal bo‘lsa, mazmun-mohiyati shunchalik chuqur. Uni his etmoq va anglamoq uchun xayolot dunyosining osmonida bulutlardan-da yuksak uchmoq, fikrat ummonidagi eng teran go‘shalariga sho‘ng‘imoq lozim. Asarning zohiriy jilvasi haqida rus olimlaridan biri S.G.Klyashtorniy shunday yozgan edi: “Qutadg‘u bilig”da bir qancha adabiy an’analar mujassamlashgan. Doston bandlarida goh qadimgi turkiy marsiyalarning hayajonli sadolari yangraydi, goh forsiy pandnomalarga xos didaktika eshitiladi, goh sahro qo‘shiqlarining aks-sadosi quloqqa chalinadi, goh so‘fiylarning mistik simvolikasi seziladi”.

Asar mutolaasiga kirishgan kishi bu so‘zlarning ayni haqiqat ekanini ilg‘aydi. Doston botinidagi nafosat esa bundan-da rang-barang. Unda nafaqat, hukmdorlarga, balki barcha saroy a’yonlariga, qolaversa, oddiy fuqarolarga ham tegishli ko‘rsatmalar berilgan. Ammo mazkur baytlarni faqat bir tomonlama, o‘z ma’nosidagina tushunish, asarga nisbatan bepisandlik, muallifga nisbatan esa haqorat bo‘lur edi. 

Saodatga eltguvchi bilim boylik orttirish yo‘llarini o‘rgatadigan, tush ta’birlarini aniqlaydigan yoxud yolg‘on-yashiq qo‘shib-chatilgan dogmatik aqidalardan farqli ravishda dilga taskin, miyaga shuur singari jo bo‘ladigan ta’limotdir. 

Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonining 20-bobida inson vujudini bir shaharga muqoyasa etib, ko‘ngilni o‘sha shaharning xojasi, boshqa a’zolarni esa fuqarosi sifatida e’tirof etadi. 

“Qutadg‘u bilig” dostonini tahlilu talqin etishda ham so‘z mulki sultonining ushbu tavsiyasiga amal qilsak, Yusuf Xos Hojib asari qatidagi xazinalar berkitilgan sandiqlar sekin-asta o‘z zulfini parishon aylayotganini his etamiz. 

Bir qarashda alloma ijodkor qahramonlarining nomi ostiga yashiringan timsolni bayon etib, kitobxon fantaziyasini tizginlab qo‘ygandek taassurot qoldiradi. Aslida esa bu izohlar asar mohiyatiga chuqurroq kirishimiz uchun o‘ziga xos kalit vazifasini o‘taydi. 

Misol uchun, adolat va hukmronlikning ramzi bo‘lgan Kuntug‘di elig toza va ishqtalab ko‘ngilga ishoradir. 

Asar mutolaasi jarayonida inson dunyoga bir ko‘ngil ko‘zi bilan nazar tashlasa, keyinchalik uning ishlarini aql tarozi bilan o‘lchaydi. Bir boylik havosiga berilsa, gohida qanoat zahmatidan rohat topadi. Doston kitobxonni ba’zida qarama-qarshi tuyg‘ular iskanjasiga tashlasa-da, eng to‘g‘ri yo‘l ko‘ngilda, dildagi kibr-havo va tamadan xoli xokisorlikda ekaniga ishora qilaveradi. 

Asar qahramoni Kuntug‘di elig O‘zg‘urmishni xizmatga chorlab, maktub yuborganida rad etadi. Ixlos qilib, yuzini ko‘rish, ziyorat qilish istagini bildirgandagina ro‘yxushlik beradi. 

Kuntug‘di elig Oyto‘ldi so‘zlariga kirib boyligini ziyoda etgan bo‘lsa, O‘gdulmish maslahatlari bilan mamlakatda tartib o‘rnatadi. O‘zg‘urmish tavsiyalaridan so‘ng esa fuqarolar farovon yashay boshlaydi. Ya’ni:

Tuzuldi budun ham suzuldi eli

Tinib inchke tegdi yil ay kun yili

 

Tatidi tiriglik el asg‘i bil?

Erejin avini sevinchin kuli

(Xalq tartibga keldi hamda eli tozalandi. Tinib kun, oy yillari farog‘atga tutashdi. El manfaati tiriklik totli bo‘ldi, Sevinch bilan kulib, farog‘at bilan ovundi). 

Doston nihoyasida O‘zg‘urmish vafotidan so‘ng undan qolgan buyumlarni Kuntug‘di va O‘gdulmish taqsimlab olishadi. Asoni Kuntug‘di olib, rakvani (rakva — charmdan tayyorlangan idish bo‘lib, yuvinishda foydalanilgan) O‘gdulmishga beradi. Bu holat ko‘ngilga to‘g‘rilik, aqlga soflikning ravo ko‘rilishiga ishora bo‘lsa kerak. 

Doston asosan 4 obrazning munozarasiga qurilgani, O‘gdulmishning eligga zarur bo‘ladigan 4 ta sifatni sanashi, O‘zg‘urmishning Kuntug‘didan o‘lim bilmas tiriklik, qarilik bilmas navqironlik, kasallik bilmas salomatlik, kambag‘allik bilmas boylikni bildirgan 4 ta tilak so‘rashi, muallifning 4 chohriyor, 4 unsur, 4 mucha sog‘ligi va 4 mizoj ta’riflarini keltirishi beixtiyor tasavvufdagi shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat bosqichlarini yodga soladi. 

Bu holatda ham inson vujudida har bir fazilatning o‘z o‘rni, o‘ziga xos vazifasi borligi, ularni o‘zlashtirish orqali inson kamolotda yuksalib borishi, bu yuksalish o‘z navbatida dildagi g‘am-qayg‘uni aritishi ta’kidlangandek. 

Toza ko‘ngil, baxt va aql Yaratganning inoyati ekanini ulug‘ alloma Kuntug‘di, Oyto‘ldi va O‘gdulmishning bir-birlarini juda oson topgani va oson tushunganida ko‘rsatadi. Faqat Qanoat-O‘zg‘urmishgina ular suhbatidan o‘zini olib qochadi. Demak, u mo‘min kishi ko‘nglidagi kibr-havoni, mol-dunyoga cheksiz muhabbatni aritmasdan turib chin komillikka, haq vasliga yetisha olmasligining ramzidir. 

“Qutadg‘u bilig” dostoni nihoyasida Kuntug‘di va O‘gdulmishning butun hayotini zohidlikka bag‘ishlagan O‘zg‘urmishga havas qilishi, o‘zlarining o‘tgan umriga achinishi ham ko‘ngildagi kibrning xokisorlikka evrilishiga ishora bo‘lsa, ne ajab. 

Kuntug‘di eligning O‘zg‘urmishga havas bilan qilgan hasratini Yusuf Xos Hojib shu tarzda tasvirlaydi:

O‘zun yuk yenutti bu dunya qodub

Ilindim men emdi ag‘ir yuk yudub

 

Bu dunya ishi qildi mashg‘ul meni

Bayat tapg‘inga o‘z tegames qani

(Sen bu dunyoni tark etib, o‘zing yukni yengillatding. Men esa og‘ir yuk ko‘tarib, tutildim. Bu dunyo ishlari meni band etdi. Xudoning toat-ibodatiga yetolmayapman). 

Chinakam saodat ko‘ngilni badbin xayollar, umidsizligu o‘kinchdan asrash, o‘zingdagi barcha illatlarni yo‘qotishga urinish, faqat ezgulik yodi bilan yashash, qo‘lidan kelgancha kimgadir yaxshilik qilish demakdir. 

Elbek ERKIN

P.S.

Mutolaa jarayonida darhaqiqat Yusuf Xos Hojib asari tilining ustoz adib Xurshid Davron yozganidek, jangdagi tig‘ jarangiga hamohangligini angladim. Ehtimol, bu holat ajdodlarimiz qonidagi jangovarlik, tiynatidagi mardonalikning bir in’ikosidir.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + two =