ADABIYOT — KO‘NGIL FANI

O‘ZBYEKISTON YOZUVCHILAR UYUSHMASI RAISI, XALQ YOZUVCHISI MUHAMMAD ALI BILAN SUHBAT

 

— Prezidentimiz «Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor» risolasida iste’dodlarni topish, tarbiyalash, mehnatlarini munosib qadrlash, keksa adiblarga e’tiborni kuchaytirish, xalqaro adabiy aloqalarni munosib yo‘lga qo‘yish  borasida juda muhim va dolzarb fikrlar bildirgandi. Adabiyotimizga bu qadar katta e’tibor berilayotgani bejiz emas. Muhammad Ali aka, keling, suhbatimizni ma’naviyatimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar, ijodkorlar oldida turgan dolzarb vazifalar haqida boshlasak… 

— Avvalo, shuni g‘urur bilan aytish kerakki, yurtimizda ijodkorlarga katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinayotgani boshqa mamlakatlarda uchramaydi. 

Yurtboshimizning “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” risolasi ma’naviyatimizga katta g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi bo‘ldi. Ushbu kitob kelajak faoliyatimizda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladigan, nafaqat adiblar, balki jami ziyolilarimiz o‘qishi zarur bo‘lgan muhim davlat hujjatidir. Uni qayta-qayta o‘qimoq, mag‘zini chaqmoq, dilga joylamoq kerak. Unda adabiyotimizning xoh keksa, xoh yosh vakili bo‘lsin, barchasi uchun zarur va foydali bo‘lgan yo‘riqlar, chuqur ma’nolar mujassam. Davlatimiz rahbarining ziyolilarimizni ilg‘or qismi bo‘lgan badiiy adabiyot vakillariga xalqimizning qalbi, uning oliy maqsadlarini yaqindan biladigan insonlar sifatida  munosabat bildirishlari bejiz emas. Nazarimda, hech bir soha adabiyotchalik insonning ichki olamini ochib berolmaydi. Boshqalarning dil tubidagi maqsad-muddaolarni botiniy sezgi bilan ilg‘ay olish faqat ijod ahlining faoliyatiga xos. Uning qo‘lida ikki kuchli qurol — haroratli co‘z va o‘tkir qalam bor. Bugungidek tahlikali  zamonda odamlarni ezgulikka, insof-diyonat, mehr-oqibat va bag‘rikenglikka da’vat etadigan badiiy asarlarga ehtiyoj sezilayapti. Uyushmamizda iste’dodlarni asrab-avaylash, topish, tarbiyalash, mehnatlarini munosib qadrlash, qalam haqi to‘lash tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Nashriyotlar, xususan, Uyushma muassisligidagi nashrlarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, keksa adiblarga e’tiborni kuchaytirish va bosh-qa ko‘plab masalalar borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi. O‘z so‘zi va ovoziga ega yoshlar yetishib kelayapti. Faol yozuvchilarimiz ko‘p. Lekin ijodiy kengashlarimizda haligacha birorta  shoir va yozuvchilarning o‘zidan: “Jamiyatimizda kechayotgan voqea-hodisalarni o‘z ko‘zim bilan kuzatib, qalbimdagi yangi g‘oyalarni qog‘ozga tushirmoqchiman. Ijodiy safarga chiqishim uchun menga mana bunday sharoit kerak”, degan taklif tushgani yo‘q. Ochig‘i, ayrim qalam sohiblarimiz juda sust, ularda faollik yetishmaydi. Mahoratlarini oshirish ustida kam ishlaydi. Yozardim-u, kitob chiqarish qiyin, degan bahona bilan o‘zlarini ovutadi. Shuni ta’kidlash joizki, yaxshi asarlarga hamisha yo‘l ochiq, uni Yozuvchilar uyushmasi ham, nashriyotlar ham doim qo‘llab-quvvatlaydi. Faqat bitta shart: faol bo‘lish, badiiy jihatdan yuksak asarlar yozish kerak! Faol bo‘lishning namunasini ustoz Oybek misolida ko‘rish mumkin. Hali tariximiz haqida ilmiy muomalada barqaror xulosaga kelinmagan bir davrda adib yurak qoni bilan “Navoiy” romanini yozgan. Badiiy asarning kuchi shundaki, yuksak mantiqqa qurilgan roman o‘zbek xalqining buyuk farzandi hayoti va ijodini butun dunyoga namoyon etish barobarida, Vatanimizning rasmiy tarixini tiniqlashtirishda tarixchilarga ko‘mak ham berdi. Bugun ham zamonamiz qahramonini yaratish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Yaxshi asarlar davr bilan hamnafaslikda, hayotning issiq-sovug‘i, achchiq-chuchuklariyu turli fasllarini samimiy hikoya qilish orqali yaratiladi. Masalan, Qamchiq dovonidagi tog‘u toshni kesib, o‘n to‘qqiz kilometrdan ziyodroq tunnel temir yo‘li ochildi. Farg‘ona vodiysi markaz bilan bog‘langani mamlakatimiz hayotida muhim voqealardan biri bo‘ldi. Yo‘l quruvchilari el duosini oldi. Bunday paytlarda yozuvchi o‘z qahramoni bilan birga bo‘lishi, yoshligi, orzu-umidlari, muhabbati, tanlagan sohasining murakkabliklari, mashaqqatlari, muammolari boringki, o‘z Vataniga bag‘ishlagan butun umrining mazmunini asarlarida tasvirlasa, kitobxonga ham ma’qul tushadi. Navoiy bobomiz ham dostonlarining birida Farhodni tog‘ni talqon qilib, elga suv keltirgani uchun ulug‘lab yozganlar. 

– “Ijod” fondini tashkil etilgani Uyushma faoliyatini tubdan o‘zgartirish uchun bir qancha xayrli ishlarni boshlab berdi. Uyushma poliklinikasi, Do‘rmon uyining ta’mirlangani barcha ijodkorlarning ko‘nglini ko‘tarib, yangi zafarlarga ilhomlantirmoqda. Ayting-chi, Yozuvchilar uyushmasi samarasini oshirish maqsadida yana qanday chora-tadbirlar ko‘rilmoqda?  

– Adabiyot — ko‘ngil fani. Yozuvchi qalbi esa bir g‘aroyib olam. U ko‘zga ko‘rinmas iplar bilan xalqning hayotiga bog‘langan. Yurt besaranjom bo‘lsa, bezovtalanadi. Vatanimizning biror fuqarosi xalqaro maydonlarda zafar quchsa, uni tanimasa ham quvonib ketadi. Fidoyi yurtdoshlarimizni ko‘rsa, sharaflashga intiladi. Lekin shoir va yozuvchilarimiz o‘z qobiqlarida o‘ralashib qolmasligi kerak. El-yurt, tarix oldidagi o‘z ijtimoiy burchlarini tushunib yetishlari shart. Chet el yozuvchilari bilan aloqalarni yana rivojlantirish masalasiga bugun yetarlicha ahamiyat berilmayotgani haqida Yurtboshimiz ham kuyinchaklik bilan to‘xtalib o‘tgandilar. Shu o‘rinda, bir voqeani keltirishni o‘rinli bildim.   

1991 yilda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligiga bag‘ishlab shoirning o‘n g‘azali o‘n sakkiz tilga tarjima qilindi. Turli mamlakatlardan taklif etilgan tarjimonlar bir oy mobaynida Do‘rmondagi ijod bog‘ida istiqomat qilgandi. Keyinchalik bu tarjimalar “Baqo guli” nomida kitob bo‘lib, mehmonlarga tuhfa etildi. Yozuvchilar uyushmasining Badiiy tarjima va adabiy aloqalar markazi raisi sifatida kamina ular bilan birga bo‘ldim. Shunda Belorussiyadan kelgan bir shoir Navoiy she’riyatidan hayratlanib: «… Bizlar gul haqida she’r yozsak, uni yaproqlari, rangini ta’riflab, yorga qiyos qilamiz. Navoiyda esa bir baytning o‘zida gul, yor, yer, osmon va boshqa ma’nolar bor. Sizlarning o‘rningizda bo‘lganimda, shoirning ikki yuzta g‘azalini jahonning nufuzli tillariga yuqori saviyada tarjima qildirardim. Shuni o‘zi o‘zbek xalqini dunyoga tanitgan, adabiyoti dovrug‘ini qo‘l yetmas cho‘qqiga chiqarib qo‘ygan bo‘lar edi», degandi. Shukrlar bo‘lsinki, shunday kunlar ham yetib keldi. Ayni paytda shoir va yozuvchilarimizning kitoblari dunyo kezib yuribdi. “Ijod” fondini o‘z vaqtida tashkil qilingani mana shunday xayrli ishlarga keng yo‘l ochdi. Do‘rmondagi ijod uyi ta’mirlanib, so‘lim bog‘da she’rxonlik kechalaridan tortib, bayram tadbirlarigacha ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. Ba’zan bu yerga qo‘shni davlatlardan ham ijodkor do‘stlarimiz tashrif buyurib turibdi. Uyushma poliklinikasi zamon talabalari darajasida qayta tiklangani ham qalam sohiblarining salomatligini tiklashda muhim omil bo‘lmoqda. Shifo maskani nafaqat poytaxtimiz, balki viloyatlarda yashab ijod qilayotgan qalam sohiblarining ham sog‘lig‘idan xabardor bo‘lib turibdi. Bular hammasi “Ijod” fondi tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.

– Yoshlikda ijodiy jasoratning cheki bo‘lmaydi. Keling, uzoqqa bormaylik, yaqin o‘tmishda yashab o‘tgan ulug‘ ijodkorlarimizni umr fasllariga qarab tayin etgan asarlariga bir nazar tashlasak, kamolotga ayni kuchga to‘lgan pallada erishganiga guvoh bo‘lamiz. Keyingi paytda Yozuvchilar uyushmasi a’zolari yosharib borayotgani, yosh ijodkorlarning ilk kitoblari davlat hisobidan chop etilayotgani bizni yangi marralarga da’vat etmoqda. Shunday emasmi? 

– Yoshlarimizni yuksak insonparvarlik, tarixga, vatanga, xalqqa sadoqat ruhida tarbiyalash oliy maqsadimizdir. Hozirgacha yosh ijodkorlar bilan ishlash kengashimiz tavsiyasi bilan “Birinchi kitobim”loyihasida ellikdan ortiq iste’dod sohiblarining to‘plamlari yigirma ming nusxada chop etildi. Ushbu bayozlar yurtimizdagi barcha o‘quv dargohlariga bepul tarqatildi. Bunday baxtga erishgan mualliflar shunchaki havaskorlar emas, adabiyot muallimlari, domlalari, ustozlari nazariga tushgan, ijod maktabimizda toblangan yosh qalam sohiblaridir. Bunday munosabat yosh ijodkorlar o‘rtasida sog‘lom ijodiy muhitni yaratdi. Albatta, yerga ekilgan bitta nihol ko‘kka bo‘y cho‘zishi uchun qancha quyosh nuri, suv va tuproqni talab qiladi. Qaddini adil tutishi uchun zararli ta’sirlardan asrab turish kerak. Shunda katta daraxtga aylanib, ajoyib samaralar beradi. Yoshlik paytlarimizda ilk kitoblarimiz qanday chiqqani, ijodkorlarga bo‘lgan munosabat yodimga tushadi. O‘zim nashriyotda ishlardim. Qog‘oz narxi osmonda. Muallifning kitobiga nom olishini o‘zi bir daxmaza, chop ettirish esa undan qiyin edi. O‘sha paytlarda nashr etilgan ko‘plab kitoblarga iqtisod qilingan qog‘ozlar hisobidan chiqarildi, deb yozib qo‘yilardi. Sirojiddin Sayyid, Nodir Jonuzoqlarning ilk kitoblari ham iqtisod qilingan qog‘ozda, kam nusxada chop etilganini yaxshi eslayman. Bugungi yoshlarimiz yaratilgan barcha shart-sharoitlarning qadriga yetib, adabiyotimiz fidoyilari bo‘lib kamolga yetishini istardim. Xalqimiz ularga katta umid bog‘lagan. Mustaqilligimizning yigirma besh yilligi bayrami arafasida yana o‘n bitta yosh ijodkorlarning ilk to‘plamlarini zo‘r tantana bilan topshirishni rejalashtirganmiz. Uyushma a’zoligiga davogarlar orasidan aynan, yoshlarga alohida e’tibor qaratilayotganining boisi ham shunda. Ular mustaqil mamlakatning erkin fuqarolari sifatida o‘z davrining adabiyotini yaratishi kerak.

– Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida “O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q”, — deb alohida ta’kidlangan. Bu gapning chuqur mohiyatini mamlakatimiz mustaqilligining yigirma besh yillik bayrami arafasida erishilgan yutuqlarni sarhisob qilib yanada teran his qilayapmiz. O‘zingiz ham  Amir Temur bobomiz hayotiga oid voqealarni ixlos bilan o‘rganib, tarixiy asarlaringizda o‘sha zamon muhitini ishonarli tarzda tasvirlagansiz. Ayting-chi, bugun davrimizning badiiy solnomasini yaratish qay darajada muhim, deb o‘ylaysiz?

– Bizning tariximiz nihoyatda boy. Buni o‘rganish uchun hali ko‘p ishlarni qilishimiz kerak bo‘ladi. Mustaqilligimiz bunga sharoit yaratib berayapti. Jahon ahli tomonidan Temuriylar madaniyati, Ulug‘bek astronomiya maktabi, Navoiy, Bobur kabi qutlug‘ so‘zlar ehtirom bilan tilga olinayotgani bejiz emas. Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, imom Buxoriy kabi ulug‘ allomalarimizning ilm-ma’rifatlari ham bundan bir necha asrlar ilgari dunyo tsivilizatsiyasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Bugun turli sohalarda olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan yoshlarga qarab, “buning qonida bor-da”, deymiz. Chunki  qaerda bo‘lmasin, tabiat o‘z kuchini ko‘rsatadi. 

Yurtboshimiz “O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q”, deganlarida xalqimiz o‘tmishi, buyuk siymolarimizni nazarda tutganlar. Albatta, tarixni o‘rganishimiz, buyuk ajdodlarimiz bilan g‘ururlanishimiz kerak. Lekin tarixiy mavzuda ijod qilmoq — ikki karra yozuvchi bo‘lmoq, demakdir. Millatimiz taqdiriga daxldor asarlar aniq hujjatlarga asoslanib yozilishi kerak. Hatto biror manbadan  iqtibos olishga ehtiyoj tug‘ilgan taqdirda ham voqealar kechgan joy, vaqti va qahramonlarning nomlarini asliday keltirgan ma’qul. Bu borada jahon adabiyoti tajribalarini ham esdan chiqarmay, ulardan unumli foydalanish foydadan holi emas. Yevropa adabiyotida juda keng qo‘llaniladigan biografik roman yoki romanlashtirilgan tarjimai hollar janrida go‘zal namunalar yaratilgan. Ularni badiiylashgan tarix deb atash ham mumkin. Romanlashtirilgan biografiyalarni xuddi chinakam romandek qo‘ldan qo‘ymay o‘qiysiz, tarixga oshno bo‘lasiz. Buni keltirishdan maqsadim, ulug‘ bobolarimiz haqida yoziladigan yetuk badiiy romanlarni ko‘rish istagi xolos. O‘zim yoshligimdan Sohibqiron Amir Temur hayoti haqidagi voqealarni ixlos bilan o‘rganib, 1967 yilda “Gumbazdagi nur” dostonini yozganman. “Sarbadorlar”da esa Sohibqironning o‘rta yashar davrlarini qalamga olganman. “Ulug‘ saltanat” epopeyasini dunyoga kelishi uchun o‘sha paytlardan  puxta tayyorgarlik ko‘rganman. Mustaqillik sharofati bilan Amir Temur bobomizga munosabat o‘zgardi. 1993 yilda 7-sinf darsliklarida “Gumbazdagi nur”  dostonim nuqta, verguligacha o‘zgartirilmagan holda kiritildi. Sohibqiron hayotiga oid voqealarni haligacha hafsala bilan o‘rganib kelaman. 

Bir qaraganda, ishlar joyidagidek, asarlarimiz ko‘p, romanlar ham bor. Dramalar, dostonlar yozilayapti. Lekin ochiq aytish kerakki, ular buyuk tariximiz sahifalarini yoritishda, ulug‘ ajdodlarimizning badiiy siymolarini yaratishda hali kamlik qiladi. Masalan, haligacha buyuk bobomiz al-Xorazmiy haqida to‘laqonli badiiy roman yaratilmagani achinarli hol. Romanda allomaning yoshligi, uning ilmga kirib kelishi, ilk kashfiyotlari, insoniy fazilatlari, sevgisi, iztiroblari tasvir etilsa, yurtimizning o‘sha davrdagi manzaralari yorqin bo‘yoqlarda chizib berilsa, koshkiydi. Roman millionlar qalbiga kirib borish qudratiga ega bo‘lgan san’at asari. To‘g‘ri, ijodkorga uni yoz, buni yoz, deb buyurib bo‘lmaydi. Har qanday ijodiy niyat yozuvchining tafakkurida tug‘ilib, unga tinchlik bermaydi. O‘shandagina qalb amri bilan qo‘liga qalam olib, yetuk asarlar yaratadi… Lekin shungacha ijodkor o‘zini cheklab qo‘ymasligi kerak. Yuragida qaynab turgan gaplarni o‘z vaqtida qalamga olsa, o‘quvchi hayajon bilan o‘qiydi. O‘tgan yili uyushma tomonidan maqolalardan iborat “Kim edigu kim bo‘ldik” to‘plami chop etilgan bo‘lsa, bu yili “Zalvorli qadamlar” nomli kitobni nashrga tayyorladik. Unda mamlakatimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlariga alohida e’tibor qaratilgan. Ba’zan ayrim ijodkorlarimiz kabinetdan tashqariga chiqmasdan, voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildirayotganiga achinib ketaman. Hayotning pastu balandliklari, ziddiyatlarini yurakdan o‘tkazmay turib, ijodda qanday yangilik qilish mumkin?! Keyingi paytda uyushma yo‘llanmasi bilan ko‘plab qalam sohiblari ijodiy safarlarga borib kelmoqda. Davlatimiz tomonidan o‘tkazilayotgan yig‘inlarda faol ishtirok etayapti. Maqolalari nufuzli gazeta va jurnallarimizda “Yozuvchilar uyushmasi yo‘llanmasi bilan” rukni ostida muntazam ravishda chop etilmoqda. Albatta, yozuvchi el-yurt taqdiriga daxldor so‘zlarni qalamga olishi uchun ma’naviy huquqqa ega bo‘lmog‘i kerak. Bunga esa katta bilim, hayotiy tajriba, keng dunyoqarash, yuksak ijodiy mahorat, bir so‘z bilan aytganda, fidoyilik bilan erishiladi.     

–Adabiyotni o‘rganish, aniqroq aytganda, mutolaa masalasi hozirgacha o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Ota-bobolarimizdan qolgan ulkan ma’naviy merosni o‘rganish, tadbiqu tadqiq etish va o‘zimizdan keyingi avlodlarga qoldirish uchun nimalarga e’tibor qaratishimiz kerak? 

– Ijodkor uchun kitob o‘qish masalasi nafas olishdek gap. Busiz yashab bo‘lmaydi. Yoshlar bilan uchrashganimda, ularga ijod faqat yozishdan iborat emas, o‘qish hamdir, degan gapni ko‘p takrorlayman. Buyuk adiblarimiz birinchi galda buyuk kitobxonlar bo‘lganini unutmaylik. Mutolaa qilish birgina o‘qituvchi yoki yozuvchini emas, o‘zini hurmat qilgan har bir insonga kerak. Keyingi paytda mamlakatimizda mutolaa madaniyati yuksalib borayapti. Farzandlarimiz jahon fani va madaniyati, adabiyoti durdonalaridan bahramand bo‘lib, kamolga yetayapti. Poytaxtimizdan tortib, viloyatlargacha kitob do‘konlari ochilayotgani ma’naviy hayotimizda o‘ziga xos voqea bo‘ldi. Endi muallif, kitob va o‘quvchi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkam o‘rnatishga alohida e’tibor qaratsak,  ko‘zlagan maqsadimizga yetamiz.  

– Uyushma qoshidagi qariyb o‘n mingta kitob fondiga ega yangi kutubxonadan nafaqat uyushma xodimlari, balki oliy va o‘rta maxsus ta’lim dargohlari o‘qituvchilari, talabalar, umuman, adabiyot muxlislari ham foydalanib kelmoqda. Ushbu “Ijod” kitob do‘koni boshqa savdo markazlaridan nimasi bilan farq qiladi?

– Azaldan yozuvchilar uyushmasining o‘z kutubxonasi bo‘lgan. Muassisligimizdagi nashrlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan birga, kutubxona faoliyati ham qayta ko‘rib chiqildi. Bugungi kunda ushbu kitob do‘koni nafaqat kitob-lar savdosi uchun balki, yangi asarlar muhokamasi, yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy muloqotlar, davra suhbatlari uyushtirish yo‘lida ham qulay ma’rifat maskaniga aylanib bormoqda. Yana bir o‘ziga xosligi — bu yerda nashriyotlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yangi kitoblar keltirilishi tufayli narxlarning ancha arzon ekanligidir.

Bir so‘z bilan aytganda, bundan keyin ham adabiyot ahli o‘z ijodi va mehnati bilan xalqimiz xizmatiga kamarbasta bo‘lib, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlashga munosib hissasini qo‘shaveradi.

Adiba UMIROVA ‚

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + 4 =