Publitsistikada hayot nafasi

Badiiy publitsistik asar yaratish jurnalistdan katta bilim, keng dunyoqarash, teran tafakkur bilan birga, ijod mahoratini, til vositalaridan unumli foydalanishni talab qiladi.

 

Badiiy publitsistik ruhdagi asarlar ichida essening alohida o‘rni bor. Janrning mazmun-mohiyati haqida gap ketganda, tadqiqotchilar bergan ta’riflarni keltirish maqsadga muvofiq. Jumladan, rus olimi A.Jolkovskiy esseni “she’riyatga yaqin turuvchi nasriy janr”, deya e’tirof etadi. A.Dmitrovskiy fikricha, esseda “qahramon-muallif va o‘quvchi “qo‘lni qo‘lga berib”, yuzma-yuz keladi. Bu tezda, birinchi satrlardanoq o‘quvchi bilan suhbatlashishning yangi shaklini topishga urinishdir”.

Taniqli adib Shukur Xolmirzaev mazkur janr haqida shunday deydi: “Ruslarda “rasskaz” — “rasskazat”dan olingan deydilar. Ya’ni bir voqeani “aytib berish, hikoya qilish” demakdir. Boshda aksar rus adiblari haqiqatan ham “hikoya qilish, bayon etish” yo‘lidan borganlar. Hatto frantsuz, hatto hind adiblari ham avvalda shu yo‘sinda ijod qilganlar. Keyinchalik ijodning tadrijiy takomili taqozosida Chexov kabi novator yozuvchilar chiqib: “Yo‘q, voqeani bayon qilmaslik kerak, balki ko‘rsatish lozim”, deb shu yo‘rig‘da asarlar bitganlar. Illo, “ko‘rsatish, xolis tasvirlash yo‘li” — asl adabiyotning yo‘li edi”.

Yurtimizda esse janrida ko‘plab asarlar yaratgan hamda hozirgi kunda ham faol ijod qilib kelayotgan publitsistlar, yozuvchilar, jurnalistlar bor va ularning har biri o‘ziga xos yo‘nalish, yondashuv, uslubga ega. Jumladan, M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, Sh.Xolmirzaev, O.Yoqubov kabi ijodkorlarning esselari o‘quvchilar e’tiborini qozongan. Ular qatorida ushbu janrda qalam tebratib tanilgan Zuhriddin Isomiddinovning ham alohida o‘rni bor. 

Zuhriddin Isomiddinov — adabiyotshunos olim, publitsist, filologiya fanlari nomzodi. Uning jahon va o‘zbek adabiyoti, o‘zbek adabiy tili, jamiyat va inson muammolariga bag‘ishlangan maqolalari, esselari e’lon qilingan.

Uning “o‘afur o‘ulom tarjimalari”, “Garchi Kalon edi”, “Inson qadri”, “Yo‘qlov”, “Ijodkor bo‘lib tug‘iladilar”, “Millatning onasi” va shu kabi bir qator jurnalistik asarlari aynan esse janrining o‘ziga xos xususiyatlarini namoyon etadi. Ularning ayrimlari aniq shaxslar, kishilar haqida bo‘lsa, boshqalari ijtimoiy hayotdagi muayyan muammoga bag‘ishlangan.  “Esse — erkin janr, bundan tashqari, u agar ta’bir joiz bo‘lsa, “razmersiz janr”ki, kiyim tanlaganda bo‘yinggayu eningga o‘lchab o‘tirganday siqilmaysan”, deya ta’rif beradi Sh.Xolmirzaev. Z.Isomiddinov esselari shakl va mazmunan bir-biriga o‘xshamaydi. Jumladan, uning “Yo‘qlov” essesining hajmi “Ijodkor bo‘lib tug‘iladilar” essesinikidan kichik. Ammo ularning har ikkalasida konkret qahramon va masala haqida so‘z yuritilib, uni publitsist o‘z qarashlari bilan boyitadi.

Muallif mavzu, masalaga jiddiy yondashadi, ularni har tomonlama tahlil qilgan holda fikr-mulohazalarini bayon etadi. Jumladan, “Jahon adabiyoti” jurnalida (2013 yil 5-son) chop etilgan “o‘afur o‘ulom tarjimalari” nomli maqolasida buyuk shoir va yozuvchining aksariyat kitobxonlarga tanish bo‘lmagan “mutarjimlik” faoliyati xususida to‘xtaladi. Unda adib hayoti, tarjimashunoslikda amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi faktlar berib o‘tiladi. Shu bilan birga, Z.Isomiddinov bu boradagi fikrlarini ham bayon etadi. “o‘afur o‘ulom hech bir o‘rinda tarjima tilini zo‘riqtirmaydi, murakkab va gajakdor iboralar bilan o‘zbek o‘quvchisini qiynamaydi, fikrni erkin va sarbast turib taqdim etadi”. Ushbu esseda badiiy vositalar, o‘xshatishlardan kam foydalanilgan. Aslida esse janrida yaratilgan materiallarda obraz va obrazlilik o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘ladi. Tadqiqotchi M.Xudoyqulov ta’biri bilan aytganda, “…essedagi ilmiy, tarixiy, ijtimoiy tadqiqot va mushohadalar xuddi maqoladagi kabi jiddiy tahlil uslubida berilishi ham mumkin”. Mazkur esseda ham ko‘tarilgan mavzuga jiddiy yondashilib, ular turli fakt va mulohazalar asosida analiz qilingan. Bu orqali esa o‘.o‘ulom tarjimalaridagi eng muhim jihatlar ko‘rsatib berilgan. Ammo adib hayotidan keltirilgan mavzuga aloqador lavhalarni hikoya qilishda badiiylik unsurlari namoyon bo‘ladi: “Atoqli sharqshunos olim Shoislom Shomuhamedovning xotirlashicha, u kishi Sa’diyning “Guliston” asarini o‘girayotganida har bir naql oxirida kelgan, Sa’diyga xos quyma misralar, aforizmlarni tarjima qilishda qiynalgan va “mana buni tarjimada berib bo‘lmasa kerak” deya o‘afur o‘ulomga maslahat solganida ustoz adib Shoislom akaga qarab, “O‘zbekmisan?” deb so‘rar ekan. “Ha…” der ekan Sh.Shomuhamedov ajablanib. “O‘zbek bo‘lsang, topasan. Top!” derkan qat’iy qilib o‘afur o‘ulom”.

Esse badiiy adabiyot, publitsistika va ilm-fanning kesishuvida paydo bo‘ladi. Bunda publitsist o‘zi yoritayotgan mavzuni yaxshi bilishi, shu qatorda, badiiy til vositalaridan unumli foydalana olishi talab etiladi. Esse muayyan shaxsga bag‘ishlangan bo‘lishi ham mumkin. Bu jihatdan u portret ocherkiga o‘xshab ketadi. Ya’ni bunda ularning har ikkalasida ob’ekt – shaxs hisoblanadi va badiiy til vositalari yordamida  shaxsning o‘ziga xosligi, jamiyat hayotida tutgan o‘rni, uning fe’l-atvoridan tortib, o‘y-qarashlarigacha ifoda etiladi. Ammo esseda ocherkdan farqli o‘laroq, kishining tashqi portreti yoki uning xarakterini ochib berishga urg‘u berilmaydi. Asosiy o‘ringa muallif, ya’ni publitsistning qahramonga bo‘lgan munosabati, fikr-mulohazalari chiqadi. Jumladan, Z.Isomiddinovning “Inson taqdiri” deb nomlangan maqolasida romannavis, mohir tarjimon Mirzakalon Ismoiliy haqida so‘z yuritiladi. Maqolada uning hayotidagi eng yorqin va ayanchli holatlar keltiriladi. Shu qatorda, ijodkorning tarjimashunoslikda tutgan o‘rni to‘g‘risida to‘xtalib, bu boradagi ishlariga yuqori baho beriladi. Ushbu esse o‘ziga xos jihatlari bilan hikoyani eslatadi va o‘quvchiga sodda, tushunarli tilda, shu bilan birgalikda, badiiy unsurlardan foydalangan holda voqeliklarni talqin etadi. Bunda Z.Isomiddinovning mahorati shunda ko‘rinadiki, M.Ismoiliy hayotiga oid muayyan voqea-hodisalarni ma’lum syujet asosida yozadi. Hattoki bir qarashda, M.Ismoiliy publitsist qalamiga mansub badiiy asarning to‘qima qahramoniga aylangandek tuyuladi. Aslida esa tasvirlangan voqeliklar, haqiqatan, sodir bo‘lgan hamda qahramon ham to‘qima emas. Esseda muallifning individual tahlili asosiy o‘rin tutadi. Z.Isomiddinov ham mazkur esseda har bir fakt, voqelik haqida to‘xtalgandan so‘ng o‘zining munosabati, fikrlarini keltirib o‘tadi. Masalan, maqolada M.Ismoiliyning birinchi marta ozodlikdan mahrum qilinishiga sabab bo‘lgan voqeani hikoya qilgach, “Umid bilan o‘sib bo‘y cho‘zayotgan niholni sindirish, qayirishning ham vahshiyona bir gashti bo‘ladi, shekilli”, deb unga munosabatini bildiradi. 

Shu bilan birga, mazkur esseda muallif qahramonining fe’l-atvoriga xos xususiyatlarni ham ko‘rsatishga harakat qiladi. “Odamoxun, hatto maktab o‘quvchisi yozgan soddagina savolga ham erinmasdan, erinish qayoqda – bir dunyo hayajon bilan maktub bitadigan adib bu gal nega sukut saqladi ekan?”, “chunki kelishuvchanlik, yolg‘ondan bo‘lsa ham yon berish uning tabiatiga yot edi, printsipial masalalarda andishavozlik qilib o‘tirmas, nohaq odamni, u otasi bo‘lsa ham, kechirolmas edi. Bu jihatdan Ismoiliyning tabiati “So‘na”dagi Arturni eslatadi” kabi jumlalarda M.Ismoiliy xarakterini ko‘rsatuvchi jihatlar ifodalanadi. 

Esse olam va odamning umumiy tomonlariga oid bilimlar to‘g‘risidagi falsafiy fikr, mushohadani o‘zida namoyon etadi. Shu tufayli ushbu janrda muallif shaxsiyati yorqin aks etadi. Z.Isomiddinov esselarida ham publitsistni shaxs sifatida tanish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ya’ni muallifning voqea-hodisaga munosabati, qarashlari, eng avvalo, uning o‘zi haqida tasavvur uyg‘onishiga sabab bo‘ladi. Z.Isomiddinov esselarini o‘qiganda, unga jonkuyarlik, tajribalilik, adolatsizliklarga ayovsiz munosabatda bo‘lish, ziyraklik kabi xususiyatlar xos ekanligiga amin bo‘lish mumkin. 

Umuman olganda, Z.Isomiddinov esselarida samimiylik, soddalik o‘quvchilar e’tiborini jalb qiladi. Publitsist o‘z fikr-mulohazalarini “qog‘ozga o‘ramasdan”, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifoda etadi. Ularni dalillash uchun faktlar keltirib o‘tadi. Shuningdek, uning esselarida ichki qismlar mohirlik bilan ulangan va bu jihat ularni “bir nafasda” o‘qib tugatish ishtiyoqini oshiradi. Har bir essening mavzusi aniq qo‘yiladi: u yoki muayyan shaxs, yoki biror-bir muhim ijtimoiy muammo va voqelik bo‘lishi mumkin. Ular muallif tomonidan atroflicha tahlil qilinib, jamoatchilik fikrini uyg‘otishga ham xizmat qiladi.

 

Kumushbibi ERMAMATOVA, 

O‘zDJTU talabasi

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 15 =