STRIT-ART YOXUD MENING KO‘NGLIM BALODIR…

San’at odam bolasi bilan birga tug‘iladi. Botinida san’atning cho‘g‘i bo‘lmagan inson yo‘q hisobi. Bolaligimizda qo‘limizga tushgan novdami, tosh yo sopol sinig‘i bo‘lsin, ko‘cha yuzasini turli-tuman suratlarga to‘ldirib, devorlarning qo‘limiz yetmas joylargayam oyoqda tik turib, rasm chizganlarimizni eslasam, san’atga oshuftalik har murg‘ak qalbida boychechakdek mo‘ralab turishiga amin bo‘laman.

 

London, Melburn, Malayziya ko‘chalariyu devorlariga tushirilgan suratlarni tomosha qila turib, o‘zbekmi yo ingliz, arab yo nemis – odam bolasining san’atga ehtiyoji shu qadar baland ekan-da! – deya o‘ylab qolasan, kishi. Hamma yerda ham insonning istaklari, orzuyu armonlarida mushtaraklik bor ekan-da! Xayolimdan kechayotganlari yana shu pallada qaysidir meksikalik tengdoshimni ham bezovta qilayotgandir? Biror badiiy asar yo she’r, surat yoki haykal, umuman go‘zallikni ko‘rganda, beixtiyor “Ko‘nglimdagini topibdi-ya!” deb yuborishimiz ham bejiz emas ekan.

Bir parcha qog‘oz yoki polotnoga emas, shundoqqina asfaltga, baland binolarning devorlariga tushirilgan hayratomuz suratlar. “Shuni ham odam bolasi chizgan-a?” deb dam taajjublansam, dam havasim ortadi. Frantsuz ko‘cha rassomi Patrik Kommesining bir guruh rassom-monumentalistlar bilan birgalikda zerikarli ko‘cha fasadlarini giperrealistik uslubda chizilgan suratlar bilan yorqin va jozibador holatga keltirishi qancha kishilarga zavq ulashdi. Undan “Bahaybat g‘or”, “Mahobatli sharshara”, “Toshqin daryo”, “Uchqur tulpor” kabi o‘ndan ortiq strit-art (ko‘cha san’ati) namunasi o‘rin olgan. Bular 3D rasmlar bo‘lgani sabab tomoshabin beixtiyor o‘zini g‘or yoki sharshara ichidagidek his qiladi, daryo u tomon shiddat bilan oqib kelayaptiyu, tulpor asfaltni yorib chiqayotgandek taassurot oladi. Zamonamizning bunday kashfiyotlaridan hayratlana-hayratlana, moziyga sayohat qilishga oshiqdimu, yana o‘sha tanish mushtarakliklarga duch keldim. Samarqanddagi Afrosiyob muzeyi. Asl holicha devorlarga ko‘chgan, hatto qayta ishlov berilgan suratlar yurtimiz kechmishidan so‘zlab turibdi. Elchilar, otliqlar, mulozimlar… Xayol zum o‘tmay Afrosiyobdan Sarmishsoy darasi, Navoiy shahridan 35 chaqirim narida joylashgan yurtimizning yana bir qadimiy go‘shasi tomon olib ketadi. O‘n mingdan ortiq suratni o‘ziga jamlagan qoyatoshlar daraning ko‘zimiz bilan ko‘rmagan neolit, bronza davrlaridagi tabiati, hayvonot olamiyu turmush tarzi, o‘tmish ajdodlarimizning taraqqiyot bosqichlaridan guvohlik beradi. Shu suratlar bo‘lmasa, XXI asr kishisining ko‘z o‘ngida necha mingyilliklar shunday yorqin gavdalanarmidi? Demak, bugun strit-art, ya’ni ko‘cha san’ati deb elda ommalashayotgan san’at turining kurtaklari o‘sha paytlardayoq nish urgan ekan-da!

Yaqindagina Olimpiada o‘yinlariga mezbonlik qilgan Rio-de-Janeyro shahri necha minglab, millionlab turli millat kishilarini yana bir jihati bilan hayratga soldiki, bu – graffiti, yorqin teg hamda strit-artni o‘zida jo etgan ochiq osmon ostidagi zamonaviy galereya. o‘oyalarni o‘rtoqlashish, jonli, ajabtovur san’atni his qilish va yaratish uchun dunyoning turli burchaklaridan “erkin rassomlar” tashrif buyurishdi. Lagoa tumanidagi Colegio de Aplicacao universiteti devorlarida eng mashhur strit-art rassomlar guruhi – Flesh Beck Crew (FBC)ning asarlari bilan tanishish imkoniyati tug‘ildi. Braziliyalik ko‘cha rassomi Eduardo Kobraning olimpiada uchun maxsus chizilgan “Millatlar” surati shu kungacha dunyodagi eng katta strit-art – musavvir Jo Xillning “Mahobatli sharshara”sini ortda qoldirdi. Balandligi 15 metr, 3 ming kvadrat metr hududni qamrab olgan mazkur ko‘cha san’ati namunasi uchun 380 kilogramm oq va 1500 kilogramm rangli bo‘yoq sarflangan. Rassomning kuniga 12 soat tinimsiz ishlashi natijasida bu asar ikki oy davomida qiyomiga yetdi. Darvoqe, Rioda ko‘cha san’atiga 2014 yilda ruxsat etilgan va hozir u eng “gullab-yashnagan” davriga keldi.  

Strit-art (inglizcha “ko‘cha san’ati”) – urbanizmga oid yorqin ifodalarni o‘zida aks ettirgan zamonaviy tasviriy san’at yo‘nalishi. Strit-artning asosiy belgisi shundaki, u hudud va chegara bilmaydi. Ko‘cha san’atida har bir detal, rang, yorug‘lik va soya farqlari, yo‘nalish, ikir-chikirgacha e’tibordan chetda qolmaydi. Har bir rassom o‘ziga “noyob belgi”, ya’ni ajralib turuvchi logotip topadi va shaharning landshaft dizaynini “yaratadi”. 

Tarixning guvohlik berishicha, graffiti (italyancha “tirnalgan” so‘zidan olingan) 1942 yili, ayni Ikkinchi jahon urushi vaqtida bir ishchining bomba to‘la qutilarga “Kilroy shu yerda” degan yozuvi bilan boshlangan ekan. Yevropa zobitlari o‘rtasida bu jumla ayni urush avjiga chiqqan pallada devorlarni “tirnab” yozib qo‘yish bilan urfga kirgan. Bu odat virus yanglig‘ 1950–1960-yillarda Filadelfiyada tarqala boshlandi. 1960-yillarning oxiriga kelib esa bu “san’at” Filadelfiyadan Nyu-Yorkka yetib keldi. Hammasi Manxettenning Vashington Heyts mavzesidan boshlandi. 1971 yilga kelib esa metroyu vagon devorlari har turli “teg”lar bilan bezaldi. Hulio 204, undan so‘ng Taki 183 yozuvlari ko‘cha devorlarini bosib ketdi. Bu bitiklar yigitlar ismining qisqartmasi bo‘lib, unda ko‘rsatilgan raqamlar esa Nyu-York shahri Vashington Heyts mavzesidagi 204 hamda 183-uyda istiqomat qilishlarini anglatardi. 

Ko‘cha san’atining shiddatli va nazoratsiz o‘sishi ommaviy qiziqishlardan to tanqidchilar, ulardan o‘tib “art strit” galereyalarigacha yetaklab keldi. Ko‘cha san’ati ko‘rgazmalari 1980-yillarda o‘z ishini boshladi. Misol uchun, 1981 yilgi “Nyu-York – yangi to‘lqin” ko‘rgazmasida Jan-Mishel Baskia, Jozef Koshut,  Uilyam Berrouz,  Nen Goldin,  Endi Uorxol  va  Lourens Vayner kabi rayterlar ishtirok etishdi. 1982 yili esa Germaniyaning Kassel shahrida xuddi shunday strit-art namoyishi bo‘lib o‘tdi. Bunday asarlar Nyu-Yorkdagi eng katta galereyalardan Yevropaning ko‘plab muzeylariga ko‘chdi. Bu jarayon hanuz davom etib kelmoqda. Shu yili Parijning 13-tumanidagi yaqinda buzilishi kerak bo‘lgan eski o‘n qavatli binoda eng katta ko‘cha san’ati ko‘rgazmasi ochildi.  Bu yerda oxirgi yetti oy davomida barcha qit’alar va 18 ta mamlakatdan kelgan 100 dan ortiq graffiti rassomi binoni ichki va tashqi tomondan suratlar bilan bezagan.    Natijada, ko‘cha san’atini aks ettiruvchi zamonaviy Bobil minorasi hosil bo‘ldi, deb yozadi “The Wall Street Journal” nashri. Bino ichidagi 36 ta xonadon devorlariga suratlar chizilgan bo‘lib, ularning mavzu va texnikasi turlicha. Xususan, xonadonlarning birida rassom Rudolf Chintorino urush tufayli xonavayron bo‘lgan Suriyaning qayg‘uli kelajagini tasvirlagan. Rassomlarning ko‘pchiligi o‘z kompozitsiyalarida bino parchalari, eshiklar, truba va romlardan foydalangan. Kimdir nafaqat devorlar, balki shiftu polni ham chizib chiqqan. Aktsiya ishtirokchilari o‘zlarining ijod namunalari uzoq saqlanmasligi, ular bino bilan birga tez orada yo‘q qilinishini bilsalar-da, shaxdidan qaytmadilar. Ko‘rgazma oktyabrda ochiladi. Keyin bino buzib tashlanib, uning o‘rnida yangi turarjoy qad rostlaydi…

Ko‘cha san’ati “vandalizm” yoki “ommaviy san’at” deb ta’riflanayotgan bo‘lishiga qaramay, go‘zallik va san’atga oshufta qalblarni o‘ziga chorlab turibdi. Uni “orzu-intilishlarni ifoda etishdagi eng qulay usul”, “o‘zlikni namoyon qilishga imkon” deguvchilar ham topiladi. Biroq Nyu-Yorkdagi Qirolicha san’at muzeyining direktori Tom Finkelperlning fikricha, duch kelgan kishining jamoat joylariga ismlarini qayta-qayta  yozib ketishlari ahmoqlik. Bu shon-sharafga birdan burkanishni istovchilar “madaniyati”. Axir, mashhurlikka erishishning boshqa bir qancha ijobiy yo‘llari ham bor-ku! 

Ko‘cha san’ati vakillari o‘zlarini erkin ijodkor sanab, hech qanday qonun-qoida, tartib-intizom va cheklovni pisand etmaydi. Kishini o‘ylantiradigani bunda ham emas. Aksariyat strit-artchilarning qop-qora bo‘yog‘ida tajovuz, jinoyat va behayolik ufurib turadi. Qoyalarga tarixni muhrlagan odamzod bilan bugungi dunyo kishisining farqi nimada? Yoki nuqul urush va salbiy ma’lumotlar oqimi ichida yashayotgan zamondoshimizning ichki kechinmalaridan bir lavhamikan bu? Balki shu orqali dunyoga, urushga adovatini aks ettirayotgandir? Kvinslend universiteti o‘qituvchisi, avstraliyalik ruhiyatshunos olim Grem Martin 2600 nafar ko‘cha rassomi o‘rtasida tadqiqot o‘tkazib, ular ruhiy xasta, jinoyatga moyil odamlar degan xulosaga keladi. Mutaxassis fikricha, ko‘cha rassomlarining ko‘pchiligi pessimist, ilm olishga befarq, giyohvand moddalarga ruju qo‘ygan va oxir-oqibat o‘z joniga qasd qilgan odamlardir. 

Bo‘yog‘idan nafosat emas, nafrat tomib turgani, ustiga-ustak “o‘zim – xon, ko‘lankam – maydon” qabilida yuzsizlarcha ish tutayotganlari sabab ko‘p davlatlarda bu san’at turi taqiqlab qo‘yildi. Meksikaning tarixiy obidalari, ehromiyu ibodatxonalari ko‘cha rassomlari ishidan jiddiy zarar ko‘rayotgani bois 2007 yili gubernator Fidel Errera Kongressga ularga nisbatan o‘n yillik qamoq jazosi va katta miqdorda jarima tayinlanishi taklifi bilan chiqdi. Buyuk Britaniyada voyaga yetmaganlarga bo‘yoq purkovchi aerozol balonlarini sotish man etilgan bo‘lsa, Belarusda devorlarga rasm chizgan “rassom” qamoqqa ravona bo‘lishi qat’iy belgilandi. London, Los-Anjeles, Chikago, Vashington shaharlarida ko‘cha rassomlari “ijod”ini o‘chirish uchun yiliga 16 million dollar sarflanishi, Vashingtonda hatto, ko‘cha devorlarini tozalovchi maxsus ishchilar yollanishi bu “san’at”ning nafaqat ma’naviy, ayni paytda moddiy zarar yetkazayotganidan shahodat beradi. Aksiga olib, rayterlar cheklovlardan battar ishtiyoq otiga minganlar. Shu sabab Xitoy, Rossiya, Avstraliya, Vengriya kabi mamlakatlarda hukumat ular uchun maxsus joylar ajratishga majbur bo‘ldi…

Strit-art namunalari bolalikdagi bezoriliklarimizni eslatadi. Mana ulg‘aydik, biz ham, hozirgi bolalar ham bu o‘yinlardan ancha uzoqlashgan. Ammo zamona zayli bilan endi bu o‘yin kattalarga ermak bo‘layotir. Rayterlar ham chiza-chiza xumoridan chiqar, hukumatning ham bu beboshliklardan qulog‘i tinar, ko‘cha san’ati namunalari ham bolalikdagi suratlarimiz yanglig‘ qoru yomg‘irlarda yuvilib ketar… Ammo ulardan zavq, hayrat, gohi taxir, gohi shirin xotiralar qolar…

 

Sevara ALIJONOVA

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × one =