YASHARAYOTGAN KO‘KOTA yoxud Narpay tumanida amalga oshirilayotgan savobli ishlar xususida

Ko‘kota ziyoratgohi tuman hududidan o‘tadigan Katta O‘zbek traktiga yaqin yerda joylashgan. Qishloq oralab  borar ekanmiz, ko‘chaning ikki tomonida oqlab-bo‘yalgan, darvozasi oldi anvoyi gul va rayhonlar qulf urib o‘sib turgan xonadonlar ko‘zga tashlanadi. Hammayoq saranjom-sarishta, ravon yo‘l bizni to‘ppa-to‘g‘ri Ko‘kota qadamjosiga olib bordi. Ulug‘vor masjid, uning yon-atrofida tiklangan imorat, yo‘lak, chiroyli shaklda barpo etilgan gul va maysazorlar, hali ohori ketmagan ayvon, o‘rindiqlar, tanga huzurbaxsh salqinlik beruvchi sarhovuz, yerga to‘shalgan bezakli plitalar, zamonaviy uslubda barpo etilgan devor hamda panjaralar, naqshinkor ustunlar bu yerda katta bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilganidan darak beradi.

 

Bizni qishloq oqsoqollaridan biri Salim bobo Habibov, Ko‘kota mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sharofiddin Shokirov, quruvchi Fayzulla Ibodov qarshi olishdi. Bir zumda majmua ayvoni tagidagi stolga dasturxon tuzaldi: meva-cheva, qovun-tarvuz, issiq non va ko‘k choy.

— Salim bobomizning fe’li shunaqa, — dedi hamrohlardan biri. — Mehmonnavoz inson. Bunday o‘zbekona fe’l ko‘kotaliklarga ham yuqqan. Axir, tabarruk joyning choyi ham o‘zgacha bo‘ladi-da. 

KO‘KOTA KIM BO‘LGAN?

Hazrati Ko‘kotaning tarixi ko‘p yillardan buyon o‘rganib kelinmoqda. U kishining hayoti, bosib o‘tgan yo‘li haqida turlicha talqinlar yuritilmoqda. Tadqiqotchi Nosir Ravshanov ham bunga qo‘l urib, muvaffaqiyatlarga erishgan. Ko‘kota xususida, jumladan quyidagilarni bayon etadi:

«O‘tmishda Nasaf bilan Samarqandni bir-biri bilan bog‘lab turgan yo‘llar ko‘p bo‘lgan. Cho‘l sharoitida yashagan ajdodlarimizning turmush tarzi bir maromda kechmagani bois ularning ko‘pchiligi Narpay muzofotlariga ko‘chib kelishga majbur bo‘lgan. Ular orasida albatta ulug‘ ajdodlarimiz, avliyolarimiz ham bo‘lishgan. Ana shunday insonlardan biri – Islom olamida Ko‘kota maqomiga erishgan va Narpay zaminida mangu qo‘nim topgan hazrat Abu Qusam ibn Said Ahmad on-Nasafiydir. Bu ulug‘ insonni narpayliklar ehtirom bilan Ko‘k ota yoki Avliyo ota deyishgan.

Mazkur atamalar Said Ahmad Nasafiyning diniy ulamolar tomonidan berilgan kuniyasidir. Bu ulug‘ zot taxminan 1419—1420 yillar oralig‘ida Kosonda hazrat Abu Qusam shayx xonadonida dunyoga kelgan. Hazrat Said Ahmad Nasafiyning padari buzrukvori Abu Qusam obro‘-e’tibori baland, zukko shayxlardan sanalgan. 

XVIII asrda yashab, ijod etgan diniy ma’rifatparvar ulamo Muhammad Obid o‘zining «Tuhfat ul-Obidin ins ul-Oshiqin» asarida qadimgi Nasaf daryosida o‘n sakkiz nafar nomdor imom borligini ta’kidlab o‘tgan.

Hazrati Kusam shayx ham o‘sha imomlar safidan o‘rin olgan. U bolaligidan ilm o‘rganishga harakat qiladi va otasi tarbiyasida kamol topadi. Kosonlik din ilmi bilimdonlariga shogird tushib Qur’on, Hadis, fiqh, Tavhid ilmlarini o‘zlashtira boshlaydi. U taxminan milodiy 1455 yilda Narpayning hozirgi Ko‘kota qishlog‘i(qadimgi Totkent mavzei)ga ko‘chib keladi. Ko‘kota jome masjidida saqlanayotgan kitoblarning birida «Saud mavze Ko‘k ato alayhir rahima» deb yozilgan bitik bor. Bu yerda Saud atamasidan murod, ya’ni arablar mavzesi demoqchi. To‘liq tarjimasi esa «Arablar mavzesidagi Ko‘kotani Alloh rahmat qilsin» degani.

IX-X asrlarda tumandagi Xo‘jakarzon mavzeiga tutash hududlarda hunarmandchilik, chorvachilik, ilm-ma’rifat, savdo-sotiq ishlari rivojlangan. Said Ahmad Nasafiy bu yerga kelgach, xalqqa ilm-ma’rifatdan saboq bergan, hududni obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etgan.

Said Ahmad Nasafiy Naqshbandiya tariqatining davomchisi sifatida shoh arig‘ini qaytadan qazish ishlarida jonbozlik ko‘rsatgan. U 1481 yilda bandalikni bajo keltiradi. Said Ahmad otaning maqbarasi xuddi shu joydadir. Maqbara 1500 yilning oxiri, 1600 yilning dastlabki choragida bunyod etilgan.

1936—1940 yillargacha Narpayda to‘rtta – Xo‘jakarzon ota, Ko‘kota, Obidxon kigiz, Telpak eshon maqbaralari mavjud bo‘lgan. Tumanda shakar zavodi qurilishi munosabati bilan ularning uchtasi buzilib, g‘ishtlari zavod imoratiga ishlatib yuborilgan.

Hozirgi Ko‘kota qabristonida Hazrat Qusam shayxning bir necha avlod vakillari sag‘analari mavjud. Ko‘kota masjidining ortida joylashgan mazkur qabristonda o‘nlab ulug‘ avliyolarning qabrlari bor. Qabristonning etak qismi orqali hazrat Said Ahmad Nasafiyning xonaqosiga boriladi.

Avliyo otaning dahmasi kirish qismida, ya’ni eshikning peshtoqida uning o‘limiga oid devoriy bitiklar mavjud. Ular turli davrlarga mansub bo‘lib, hadislar keltirilgan. Biroq ularning ayrimlari o‘qib bo‘lmas holatga kelib qolgan.

 

O‘N YILDA EMAS, 

OLTI OYDA

– Viloyat hokimligi katta tashabbus boshlab, ziyoratgohni obodonlashtirishga bel bog‘lagach, hech kim chetda qarab turmadi, – deydi Salim bobo Habibov. – Amalga oshiriladigan rejalar kunora maslahatlashildi. Shu zaminda yashab o‘tgan ulug‘ ajdodlarimiz qo‘nim topgan maskan obod qilinayotganligi elimizning qalbiga yorug‘lik olib kirgandi. Tashabbusga hamma bosh qo‘shdi. Kuniga 400-500 kishi hasharda qatnashdi. Shunday qilmasa bo‘lmasdi. Chunki Ko‘kota ziyoratgohi boshqa qadamjolar kabi qarovsizlik tufayli xarobaga aylanib qolgandi. Atrofni tikanu yulg‘un bosgan, masjid va qabriston tuproq ostida qolgandi.

Yodimda, ziyoratgoh bir necha bor ta’mirlandi. Chunki, tuzum, siyosat harakatlarga izn bermasdi. Aytishlaricha, urushdan keyin bu dargoh odamlarni ma’nan zaharlayapti, degan bahona bilan uni tag-tubi bilan yo‘qotmoqchi bo‘lishgan. O‘sha vaqtlarda ham sobit, imon-e’tiqodli odamlar bo‘lganki, ulardan biri – Nurulla Anvarov ismli xo‘jalik raisi «Yaxshisi uni omborxona qilamiz» deb saqlab qolgan ekan. Masjid g‘alla saqlaydigan ombor va pillaxona vazifasini bajargan.

Bu ishga o‘zim ham guvoh bo‘lganman. 1962 yilda xo‘jalikda raisligimda yana shu masala, ya’ni xurofot maskanini buzib tashlash masalasi ko‘tarildi. Men yana eski usulni qo‘lladim. Masjidga g‘alla solib, pilla boqadigan bo‘ldik. Shunday qilmasak, uning buzilishi muqarrar edi. Sal keyinroq, yetmishinchi yillarda insofli odamlar paydo bo‘lib, ta’mirlamoqchi bo‘lishdi. Ammo mafkuraviy siyosat sababli bu ish o‘n yilga cho‘zildi.

Bugun shular haqida eslasam xuddi ro‘yodek. Yillar davomida amalga oshmagan ishlar atigi olti oy ichida bajarildi.

Viloyat hokimligining daldasi, xalqimizning ko‘tarinki ruhi tufayli qariyb 5 gektardan iborat ziyoratgoh tamomila obodonlashtirildi. Loyqa bosib ko‘milib qolayozgan eski hovuz qayta tiklanib, zamonaviylik kasb etdi. Masjid ustunlariga qayta ishlov berildi. Xonaqoh asliga qaytarildi, ziyoratchilar uchun shart-sharoitlar yaratildi. Qabriston obodonlashtirildi.

– Ziyoratgohda bajariladigan barcha ishlar zamonaviy usulda, mavjud loyiha asosida amalga oshirilishiga alohida e’tibor berildi, – deydi faxriy quruvchi Fayzulla Ibodov. – Hovli ichi va atrofiga 2 ming kvadrat metrdan ziyod bezakli plitalar, 1,5 ming metr kubdan ortiq beton qoplandi. Ziyoratgoh atrofiga 240 metr metall panjara va shinam darvoza, o‘rindiqlar o‘rnatildi. Ziyoratgohlar uchun ayvonlar barpo etildi. Hovli ichi va tashqarisiga 50 tup kashtan, 100 tubdan ziyod qayrag‘och hamda turli gul ko‘chatlari ekildi. 

Atrofi 100 metr devor bilan o‘raldi, chiroqlar o‘rnatildi. Masjiddan honaqohgacha bo‘lgan yuz metr yo‘lakning ikki tomoniga pishiq g‘isht terilib, osti betonlashtirildi. Bu ishlarning bari hashar yo‘li bilan bajarildi.

– Qishlog‘imizda ma’rifatli insonlar ko‘p, – deydi mahalla faoli Qo‘chqor Jalolov. – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Mansur Alovuddinov (joyi jannatdan bo‘lsin!) ana shundaylardan biri edi. U farzandlari bilan Avliyoota xonaqohidagi g‘ishti yemirilgan sakkizta qabrni marmar tosh bilan qayta tiklab berdi. Toshpo‘lat Diyorov ham bu yerda bir qancha savob ishga qo‘l urdi.

Endi qo‘zg‘almoqchi bo‘lganimizda davraga bir otaxon kelib qo‘shildi. Ko‘rinishdan dadil, keksalikka bo‘y bermaydigan boboning yuz-ko‘zlaridan qishloqdagi obodonchilik va xayrli ishlardan mamnunlik alomatlari sezilib turardi.

– Qishlog‘imizning eng yoshi ulug‘ insoni Ziyod bobo Bo‘ronov, – deya tanishtirdi hamrohim. – Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 91 yoshdalar. Ziyoratgohda ish boshlangandan buyon deyarli har kuni kelib-ketib turdi. 

– Bu boshlar nimalarni ko‘rmagan, bolam, – dedi Ziyod bobo. – 17 yoshimda urushga ketib, yetti yarim yil olov ichida yurdim. Urushdan keyin haydovchilik qildim. O‘tin bilan yuradigan samovarli mashina haydadim. Xudo umr bergan ekan, yashab kelyapmiz. 108 nafar bola-chaqa, nevarayu chevaralarim bor. Bari ishli, hunarli, yoshlar o‘qiyapti. Tinch yurtda yashayapmiz, Ollohga shukr. Davlatimizga rahmat! Avliyoota yoshini yana ikki yuz yilga yoshartirdi-ya. Ilohim, baraka topishsin!

 

O‘ZGARAYOTGAN 

GO‘SHALAR

Yaxshi niyat yaxshi ishlarni boshlab keladi, deganlaridek, Ko‘kota ziyoratgohi bugun chiroy ochib, xalqning dilidagi maskanga aylangan kunlari yana bir xayrli ishga qo‘l urildi. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan tumanda obod qilinadigan 25 ko‘chadan bittasi Ko‘kota mahallasidan tanlanibdi.

– Mahallamizda 3587 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sharofiddin Shokirov. – Maktab, qishloq vrachlik punkti, bolalar bog‘chasi aholi xizmatida. Hududdagi 9 ta ko‘chaning hammasi obod va ravon. Maishiy xizmat va savdo shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mustaqillik sharofati bilan bitta ko‘chamizning tanlangani bejiz emas. Zarafshon traktidan Ko‘kota ziyoratgohiga boriladigan 1,5 kilometrlik bu ko‘chani namunaviy shaklga keltirish uchun harakat qilyapmiz. Yo‘l ravonlashtirilib, hovli-joylar tartibga keltirilmoqda. Devorlar oqlab-bo‘yalib, yo‘l chetlariga gulu rayhonlar ekilmoqda. Qolgan 9 ta ko‘chada ham xuddi shunday ishlar davom ettirilmoqda.

Bilasizmi, xonadon egalarini uni qil, buni qil, deb majburlaganimiz yo‘q. Sababi ayon. Qishloqda shunday ko‘rkam ziyoratgoh bo‘lsa-yu uning yonidagi hovli-joylar tartibsiz holda tursa, uyat emasmi? Buni odamlarimiz yaxshi his etmoqda. Ko‘cha va hovlilarimiz kundan-kunga chiroy ochyapti. 

Biz bitta qishloq misolida ma’naviyatimiz sarchashmalariga bo‘lgan e’tibor xususida so‘z yuritdik. Vaholanki, mustaqillik yillarida mamlakatda, xususan, viloyatda qanchadan-qancha ulug‘ bobolarimiz nomlari tiklanib, ular bilan bog‘liq qadamjolar obodonlashtirildi. Bu ezgu ishlar davom ettirilishi esa ma’naviyatimizga, uning ildiziga bo‘lgan cheksiz ehtirom ramzidir.

 

Toshpo‘lat TOSHMURODOV,

Adham HAYITOV

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + thirteen =