AXBOROT XURUJLARIGA QARSHI QADAY KURASHISH DARKOR?

Mamlakat rahbari o‘z yurtidagi tinchlik, barqarorlikning kafili hisoblanadi. Uning mustahkam pozitsiyasi xalqiga ishonch bag‘ishlaydi. Yurtboshimiz Islom Karimovning olamdan o‘tishi respublikamiz aholisi, yoshu qarini chuqur  qayg‘uga soldi. O‘z navbatida bu biz uchun katta sinov bo‘ldi va ushbu sinov hamon davom etmoqda. Shunday qayg‘uli kunlarda ham g‘alamislar, mamlakatimizga o‘z ta’sirini o‘tkazishni istayotgan kuchlarning g‘arazli harakatlari nafaqat davom ettirildi, balki kuchaytirildi ham. Davlatimizga nisbatan ta’sir o‘tkazishni reja qilgan kuchlarning malaylari bo‘lmish ayrim axborot vositalari, “jurnalistlar”, “huquq himoyachilari” parlamentimiz 8 sentyabrda qabul qilgan Prezident vazifasini yuklash haqidagi qarorga nisbatan axborot xuruji tashkil qilishdi.  

Axborot xurujiga berilgan turlicha ta’riflar mavjud. Rossiyalik ayrim mutaxassislarning fikricha, axborot xuruji bu – raqib ustidan axborot hukmronligiga  erishish va shuning evaziga unga moddiy, mafkuraviy yoki boshqacha zarar yetkazish uchun davlatning harbiy kuchlari, hukumati hamda xususiy tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar va operatsiyalar majmuasidir.

Mamlakatimizga nisbatan amalga oshirilgan va oshirilayotgan axborot xurujlarining asosiy maqsadi davlat va xalq o‘rtasida ishonchsizlik uyg‘otib, aholida shubha, ikkilanish,  parokandalik, tartibsizlikni keltirib chiqarishdir.

Shuni ta’kidlash kerakki,  mustaqillik yillarida mamlakatimiz davlat apparatiga nisbatan turli kuchlar tomonidan ta’sir qilish, muayyan talablarini bajartirish maqsadida axborot xurujlari uyushtirib kelinayotgani ma’lum. Bu ayni paytda yurtimizdagi tinch­lik, barqarorlik, milliy taraqqiyot yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga qarshi qaratilgan harakatlardir.

XXI asrda axborot urushinig o‘ziga xos jihati urush vositalari, uslublarining ko‘paygani, takomillashganida ko‘rinadi. Bugungi kunda bunday urush internetda, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar orqali ham olib borilmoqda. Mutaxassislar psixoterapiya usullari yakka shaxsga qanday ta’sir etsa, axborot urushining uslublari ommaviy ongga shunday ta’sir qilishini ta’kidlashadi.

Axborot urushiga misol sifatida “sovuq urush” davrida ikkita blok o‘rtasida kechgan kurashni keltirish mumkin. O‘sha davrda faol axborot va psixologik urush olib borish uchun bir qator OAV (“Ozodlik”, “Amerika ovozi”, “Nemis to‘lqini”, BBC radiostantsiyalari va hokazo.) tashkil qilinadi yoki bu jarayonga jalb etiladi.

Misol uchun “Ozodlik” radiosi haqida internetning vikipediya saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu axborot vositasini dastlab AQSh davlat departamenti va Markaziy razvedka boshqarmasi “Ozod Yevropa/Ozodlik” nomi bilan sotsialistik davlatlarga qarshi kurash uchun tashkil etgan. 1951 yilda tashkilot siyosiy maslahatchisi O.Jekson radiostantsiya xodimlariga qarata “Bu (radio) psixologik urush xizmati. Bizning tashkilot biz eshittirish olib borayotgan mamlakatlarda ichki tartibsizliklarni keltirib chiqarish uchun tashkil qilingan”,  degan edi.

Radiostantsiyani dastlabki yillarda Markaziy razvedka boshqarmasi, 1972 yildan esa AQSh Kongressi moliyalashtiradi. 1953 yildan boshlab radio o‘zbek tilida, 1960 yildan qoraqalpoq tilida ham eshittirish berib kelmoqda. Yuqo­ridagilar radioning  axborot urushi olib borish bo‘yicha uzoq yillik tajribaga ega ekanini ko‘rsatadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, AQShning Smit-Mund qonuniga muvofiq, “Ozodlik” radiosiga Amerika fuqarolari uchun eshittirishlar olib borish taqiqlangan. Mutaxassislar buni AQSh hukumatining mamlakat fuqarolarini o‘zining tashviqotlaridan asrash uchun qilingan, deb baholashadi.

Faoliyatining salbiy jihatlarini hisobga olib bir qator davlatlarda, jumladan Belarus, Eron, Tojikiston, Turkmanistonda ushbu radiostantsiyaning eshittirishlari taqiqlangan. Shunga qaramasdan, radio o‘z dasturlari, eshittirishlarini turli yo‘llar, xususan, internet orqali ushbu mintaqalarga yetkazishga harakat qilmoqda.

Sovuq urush tugagan bo‘lsa-da, ushbu OAV faoliyati tugatilmadi, balki ularning tashkilotchilari, ularni moliyalashtirib turgan davlatlar, xizmatlarning boshqa geosiyosiy maqsadlariga yo‘naltirildi. Ular bugun ma’lum bir davlatlarga ta’sir qilish uchun bir taraflama, noxolis axborot tarqatishda, o‘z usullarini takomillashtirishda davom etmoqda.

Hozirgi kunda Rossiya federatsiyasi va ayrim o‘arb davlatlari o‘rtasida “sovuq urush” davridagidan qolishmaydigan darajada, gibrid urushning tarkibiy qismi sifatida axborot urushi olib borilayotir. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yaqin va uzoq davlatlarda sodir etilgan davlat to‘ntarishlari (“rangli inqiloblar”, “arab bahori”) bu, eng avvalo, manfaatdor kuchlar tomonidan g‘arazli maqsadga yo‘naltirilgan tarzda aholiga nisbatan amalga oshirilgan axborot ta’sirining oqibatidir.

Respublikamizning geosiyosiy mavqei yaqin va uzoq kelajakda mamlakatimizga nisbatan axborot urushi susaytirilmaydi, aksincha, faollashadi, degan xulosa chiqarishga olib kelmoqda. Mamlakatimiz muhim siyosiy tadbir – prezi­dent­likka saylov arafasida turibdi. Bu jarayonda ayrim kuchlar tomonidan axborot xuruji kuchaytiriladi, chunki saylov jarayoni vaziyatni beqarorlashtirish uchun, aholini turli guruhlarga bo‘lib tashlab, o‘ziga xos “boshqariladigan tartibsizlik” tashkil qilish uchun qulay fursat hisoblanadi. Bu bashoratchilikka da’vo qilish emas, biroq shuni aytish mumkinki, saylov natijalari bo‘yicha turli shubha, “mish-mish”larni tarqatish, saylov jarayonining qonuniy, demokratik tarzda o‘tganini shubha ostiga olish ko‘payadi. Basharti shunday bo‘lsa, bu haqiqiy xalq tanlovi amalga oshganidan, axborot xuruji tashkilotchilari xohlagan narsa ro‘y bermaganidan dalolat beradi. Yaqin tarixda bunga ko‘p guvoh bo‘lganmiz.

Axborot xurujlari ta’siriga eng ko‘p beriladigan aholi qatlami bu yoshlardir. Afsuski, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal sur’atlar bilan rivojlanishi axborot tahdidlarining ham kuchayishiga olib kelmoqda. Internet vositasida ishlaydigan dasturlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali juda katta oqimda ma’lumotlar almashinadi. Ular asosan qiziqarli voqealar, gap-so‘zlar, shou-biznes, sport xabarlari, yangiliklardan iborat. Biroq hech kim tash­qi kuchlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlardan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanmaydi, deb kafolat bera olmaydi. Misol uchun, “Tele­gram” messenjerida ayrim guruhlarning ishtirokchilari soni 50 000 dan oshadi. Shunday guruhlar borki, unda asosan fahsh fotosuratlar, videolavhalar joylashtirilmoqda. Bu ma’naviyati, madaniyatida qusur bo‘lgan shaxslarni o‘ziga jalb qilish uchundir. Aynan shunday toifa kishilar o‘zlariga javob bera olishmaydi. Keyinchalik bunday kanallarda siyosiy mavzuga taalluqli ma’lumotlar tarqatilishi va guruh a’zolarining fikrini o‘zgartirishga, ma’lum bir yo‘nalishga solishga harakat qilinishi mumkin.

Respublikamizning Birinchi prezidenti Islom Karimov “…bugungi zamonda mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham ko‘proq kuchga ega” ekanini ta’kidlagan edi. Mafkura poligonlaridagi kuchlar nisbati esa axborot, axborot xuruji vositasida hal etilmoqda. Mamlakatimizga nisbatan qilinayotgan axborot xurujlariga qarshi kurashda ba’zan “It huradi, karvon o‘tadi” qabilida ishlash o‘rinlidek ko‘rinadi. Biroq, bizningcha, axborot xurujlari kimlar, qaysi tuzilmalar tomonidan, nima maqsadda tashkil qilinayotgani ma’lum bo‘lganda, ularga qarshi kurashda eng yaxshi himoya hujum ekanidan kelib chiqishimiz kerak.

Axborot xurujlariga qarshi kurashda kurashning tizimli bo‘lishi, uning zarur huquqiy bazasi shakllantirilgani o‘ta muhim. Shu bois axborot xavf­sizligini ta’minlashga qaratilgan alohida qonun hujjati qabul qilish masalasi ko‘rib chiqilishi kerak. Shu bilan birga, bunday xurujlarga qarshi kurashda quyidagilar muhim: birinchidan, axborot makonini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar, aholining qiziqishi yuqori bo‘lgan masalalar haqidagi ob’ektiv va pozitiv axborot bilan doimiy ravishda to‘ldirib borish.

Ikkinchidan, yurtdoshlarimizda internetdan foydalanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan kompleks choralar ko‘rilishi kerak. Xususan, yoshlarimizni tafakkur qilishga, har qanday axborotni tahlil qilib, so‘ng xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz zarur.

Uchinchidan, mamlakatimiz, davlat apparati, rahbarlar haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar, tuhmat, uydirmalar, noto‘g‘ri axborot tarqatuvchi har qanday axborot vositalari faoliyatiga qonun doirasida chek qo‘yish.

To‘rtinchidan, aholiga chet ellarda turib mamlakatimiz to‘g‘risida noto‘g‘ri, bir taraflama axborot tarqatuvchi axborot vositalari, shaxslarning asl qiyofasini ochib beruvchi axborotni yetkazish.

Beshinchidan, milliy g‘oya, mafkura, ma’naviyat tushunchalari, shu jumladan, yurtdoshlarimizning vatanparvarligi axborot xurujlariga qarshi muhim omillardir. Bu yo‘nalishda amalga oshirayotgan ishlarimizni izchillik bilan davom ettirish zarur.

Muxtasar aytganda, axborot xurujlariga qarshi yangicha fikrlashimiz, ishlashimiz darkor.

Xudoyor MYELIYEV,

Tadqiqotchi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =