ENG KATTA O‘G‘RI

Qadimda o‘g‘irlik qilgan kishilar eng og‘ir jazolarga, hatto o‘limga ham mahkum etilgan. Nega deganda, mol-mulkka qilingan tajovuz eng og‘ir jinoyat sirasiga kirgan. O‘ylab qolasan kishi, qahri qattiq o‘tmishdoshlarimiz hech qachon ortga qaytarib bo‘lmaydigan vaqt o‘g‘rilariga qanday hukm chiqargan bo‘lardi? Umuman vaqt o‘g‘risiga jazo bormi?

 Bugun tezkor texnologiyalar asrida yashayapmiz. Ixtirolar og‘irimizni yengil qilib, bir qancha qulayliklarni yaratmoqda. Birgina pult yordamida boshqariladigan televizorlarni ortda qoldirgan yangi avlod “vaqt mashina”lari ko‘rinishidagi texnologiyalarni miridan-sirigacha bilamiz. Tinib-tinchimagan olimlar og‘i­ri­mizni yengil qilish uchun yaylovlarda chorva mollarini boqadigan robot cho‘ponlar ixtiro qilganiga nima deysiz? Bu yaxshi, albatta. Deylik, ular birinchidan vaqtimizni tejaydi, ikkinchidan tezkor, qulay, ko‘plab video, audio, grafik funktsiyalarga ega. Bir yaxshining, bir yomoni bo‘ladi, deganlaridek, ayni payt­da ulardan oqilona foydalana olayapmizmi? Buni kelajagimiz uchun xavfli tomonlari yo‘qmikan? Ko‘p­chilik “yo‘q” deb javob berishi tayin. Keling, cho‘n­tagimizdagi doimiy  “hamroh”imiz misolida ba’zi savollarga javob izlab ko‘ramiz.

 Oddiygina qilib aytganda, yurtimizda mobil telefonlari kirib bormagan xonadon qolmadi hisob.

 IOS, Android, Windows Phone, Win, MacOS va Linux kabi ko‘p jarayonli tizimga ega bo‘lgan mobil telefonlar o‘zining qulayligi, tezkorligi va ko‘p tarmoqliligi bilan ajralib turadi. Qolaversa, ular WhatsApp, Viber va Tele­gram tashkilotchilari – messenjerlariga kirish va internetdan tezkor foydalanish imkoniyatiga ega. Albatta, bu qulayliklar har bir foydalanuvchining talabini qondirmoqda. Ammo uyali aloqa telefonlari foydalanuvchilar orasida shundaylari ham borki, ko‘chma ma’noda ayt­ganda uning ich-ichiga kirib ketishi mumkin. Soatlab vaqtni unga ajratamiz. Telefonlar esa biz bilmagan holda vaqtimiz “o‘g‘risi”ga aylanadi.

 Bundan tashqari hozirgi avlod mobil telefonlari qator imkoniyatlarga ega bo‘lishi bilan birga foydalanuvchidan vaqt va pul ham talab qiladi. Masalan, internet tarmog‘iga kirish uchun telefonimizda “internet paketlar” sotib olamiz. Aloqa kompaniyalari ham o‘z vaqtida xizmat turlarini taklif etishmoqda. Masalan, Uz­mo­bile aloqa operatorining “Internet paketlari” 50MB=1$; 300MB=4,5$; 1200MB=9,5$; 2400 MB=14,5$; 6000MB=25$ AQSh dollori hisobida baholanadi. Bu xizmatga ulangan foydalanuvchi internet tarmog‘idan o‘ziga tegishli maqsadda foydalanadi. Misol uchun elek­tron kitob o‘qiydi. Yangiliklardan xabardor bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqda do‘stlari bilan muloqot qiladi, axborot almashadi va hokazo. Ammo, ikkinchi tomondan ko‘plab foyda­lanuvchilarning vaqti Tele­­­g­ram, Viber va Whats­App messenjerlarida behuda o‘tmoqda. Albatta buning salbiy tomoni yo‘q deya olmaymiz. Keling, Telegram messenjeri haqida biroz fikr almashaylik.

 2013 yilda yaratilgan, 2014 yilning fevral oyida  faol foydalanuvchilar soni bo‘yicha mashhur Viber va WhatsApp messenjerlarini ortda qoldirgan Telegramm har xil tipdagi fayllar va xabarlarni almashtirish maqsadida yaratilgan. Foydalanuvchilar  telefon raqamlari orqali osongina ro‘yxatdan o‘tadi. Istalgan foydalanuvchidan “Bir haftada qancha vaqt Telegramdan foydalanasiz” deya savol bersak, “Deyarli, har kuni” deya javob beradi. Aslida, ma’lumotlar almashishda ishlatiladigan bu messenjerdan ba’zi hollarda noto‘g‘ri foydalanish kuzatilmoqda. Xususan, ovqatlanish vaqtida, dars jarayonida va boshqa mashg‘ulotlarda telegramm­dan foydalanish vaqtimizning bekor yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi.

 Yaqinda bir tanishimning telegramm messenjeridagi yozishmalarini o‘qi­dim. Unda ovqatlanayotgani, nima yeyayotgani, taomni qan­day tayyorlagani, qaerlarga borgani, nima ishlar qilgani haqida kun davomidagi kundalik yumushlari yozilgan. Bunga aqlli kishi osongina ko‘z yuma olmasa kerak. Ammo, shunday yozishmalar ham borki, undagi muloqotlarda foydalanuvchi tilimizni buzuvchi turli jargon so‘zlardan foydalanadi. Bu nafaqat vaqtimizni “o‘g‘irlaydi”, balki tarbiyamizga salbiy ta’sir etib, tilimizda turli yomon so‘zlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

 To‘g‘ri, Viber, WhatsApp va Telegram messenjerlaridan oqilona foydalanish har bir kishining o‘ziga bog‘liq. Buning ham o‘z foydalanish madaniyati bor. Muhimi, vaqtimiz bekor ketmasa, bo‘lgani! O‘ylaymizki, bu kabi xizmatlardan foydalanuvchilar nima uchun foydalanayotganliklarini yaxshi biladilar, vaqtini bekorchi suhbatlar-u, yozishmalarga sarflamaydilar.

Masalaning bir tomonini ko‘rib chiqdik. Yana biz bilmagan va o‘ylashga sabab bo‘ladigan ikkinchi tomoni ham borki, bunda nafaqat, vaqtimizni balki baxtimizni ham yo‘qotar ekanmiz.

 Nega deysizmi?

 Birgina misol. Yosh yigit va qiz o‘rtasida telefondagi muloqotlarni ko‘rganimizda, jim qarab turolmaymiz. Yigit ham, qiz ham kimningdir havas qilib o‘stirgan farzandi. Lekin tengdoshlarimiz bo‘sh vaqti topildi deguncha, telefon bilan ovvora bo‘lib qolishi kishini o‘ylantirmasdan qolmaydi. Eng yomon tomoni, yigit yoki qiz turmush qurayotganda “falon yigit yoki qiz boshqasi bilan gaplashib yurardi” degan gapni eshitish qiz bola uchun ham, o‘g‘il bola uchun ham yaxshi emas.

 Ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom yigitlarimiz o‘zining mardligi, g‘ururi, ori bilan,  qizlarimiz esa aqli, ibosi, odobi bilan ajralib turadi. Ularning qanday axborotdan foydalanayotgani, kimlar bilan muloqot qilayotgani, qanday so‘z va iboralarni ishlatishi,  qanaqa mashg‘ulot bilan shug‘ullanayotgani haqida ongi, shuuri yetadi.  

Yoshi ulug‘larimiz nazarida esa aloqa operatorlarining abonentlariga taqdim etayotgan bepul daqiqayu turli xizmatlari ayrim hollarda vaqtimizning besamar yo‘qolishiga sabab bo‘layotgandek. Daqi­qa va xabar ko‘rinishdagi xizmatlarni tahlil qilib ko‘raylik-chi, qancha vaqtimiz ularga sarf bo‘lar ekan.

Beeline UZ aloqa operatorining “Bir hafta” ta’rifida abonent to‘lovi 1,99$  AQSh dollori, ya’ni 6000 so‘mga yaqin pul miqdori. Tarmoq ichida haftasiga 200, boshqa  yo‘nalishlarda 25 daqiqa, 250 xabar. Bu yaxshi, albatta. Tejamkor ta’rif rejalari. Lekin, ba’zi foydalanuvchilarga ushbu ta’rif bir haftada kamlik qiladi. Bu degani 200 daqiqa – 3 soatu 20 daqiqa, hamda 250 xabar jo‘natishga o‘rtacha 3 daqiqa ajratganda 750 daqiqa, ya’ni 12 soatu 30 daqiqa vaqtimiz yo‘qoladi. Me’yorda foydalanish zarar qilmaydi. Ammo bir daqiqa vaqtimizni ortiqcha sarflasak o‘z-o‘zidan vaqtimiz “o‘g‘risi”ga aylanamiz.

Muxtasar aytganda, vaqt haqida aytilgan har bir fikr, sizu bizga qiziq. Biroz bo‘lsada vaqtimizni “o‘g‘irlaydigan” sabab va holatlarga oydinlik kiritdik. Bunday vaqt o‘g‘risiga jazo — cho‘ntakka zarari va baxtimizning yo‘qotilish xavfi ekan. Demak, har bir soniyamizni bekorchi narsalarga “o‘g‘irlatib” qo‘ymaylik!

Muhammadali MAMADALIYEV‚

O‘zMU talabasi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − three =