HECH KIM E’TIBORDAN CHETDA QOLMAYDI

Istiqlol yillarida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar sohada beqiyos yangilanishlarni boshlab berdi. Bugun shaharu qishloqlarimiz o‘zining zamonaviy vrachlik punktlari, ko‘p tarmoqli poliklinikalar, mukammal asbob-uskunalar bilan jihozlangan skrining va perinatal markazlariga ega. Bu o‘zgarishlar millat kelajagi uchun qilinayotgan g‘amxo‘rliklarning bir namunasidir. Xalqimizning ushalmagan orzularini ro‘yobga chiqarish maqsadida Vazirlar Mahkamasining “2014—2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani tibbiyotimizdagi eng zarur yo‘riqlardan biri bo‘ldi, deyish mumkin.

Qibray tumanidagi tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada ushbu davlat dasturi ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Tarixan qisqa muddatda qurib bitkazilgan shifoxonaga kelayotgan bemorlarni to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlashdan tortib, onalar salomatligini mustahkamlashgacha bo‘lgan davr malakali shifokorlar nazoratida. Patronaj hamshiralari kattayu kichik bemorlarning uylariga borib, doimiy ravishda kasalliklarning oldini olish, sog‘­liqni saqlash va mustahkamlash borasida tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Shu bilan birga, poliklinikada bolalarni o‘z vaqtida emlash, kamqonlik, buqoq va turli xil yuqumli kasalliklarning bartaraf qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgani diqqatga sazovordir.

– Yurtimizda tibbiyot tez sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Ko‘rib turganingizdek, muassasamiz me’moriy jihatdan xushbichim, shifokorlar uchun yetarli sharoitlar yaratilgan, tamomila yangi muhitda g‘ayrat bilan ishlayapmiz, – deydi poliklinika bo‘lim mudiri Yo‘ldosh Irismetov. –  Toshkent viloyatida bunaqa inshoot yagona desam ham bo‘ladi. Albatta, bu kunlarga yetib kelish oson bo‘lmadi. Bir paytlar zax xonalarda aholiga katta qiyinchiliklar bilan tibbiy yordam ko‘rsatardik. Shifoxonamiz sanitariya talablariga mutlaqo javob bermas, asbob-uskunalarimiz ham antisanitar holatida edi. Xullas, poliklinikamizga o‘n, yigirma kilometr yo‘l bosib kelgan bemorlar tibbiy tahlil natijalarini qo‘lga olguncha, bir kun vaqti ketardi. Chunki tekshiruv apparatlarining biri shaharchaning bu  chetida bo‘lsa, ikkinchisi narigi tomonida joylashgandi. Hozir bunga zarurat qolmadi. Bir paytning o‘zida bir necha oilalarga biriktirilgan shifokorlarimiz onalar va bolalar salomatligini tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazib, oilani rejalashtirish masalalari bo‘yicha ikki tarafga maslahat bermoqdalar. Birgina patronaj hamshirasining o‘zi bir kunda oltita xonadonda bo‘lib, keksalar, homilador ayollar, yoshiga yetmagan bolalarning sog‘lig‘ini nazorat qilib boradi. Ayni chog‘da shifo maskanida o‘n to‘qqiz yo‘nalish bo‘yicha aholiga tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Kimyo, biologiya laboratoriya xonalari ham zamon talablari darajasida jihozlangan. Tibbiy tekshiruv bo‘limlarida qo‘llaniladigan asosiy uskunalar xorijiy mamlakatlardan keltirilgan. Jumladan, eng so‘nggi rusumdagi rentgen, UZI apparatlari, vazn ko‘rsatkich, bo‘y o‘lchagich asboblari faoliyatimizga yangicha qarashga undamoqda. O‘tgan yili shifoxonamizga 437 million so‘mlik tibbiyot anjomlari keltirilgani tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Albatta, bunday xayrli ishlar zamirida ham ma’nan, ham jismonan barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsad mujassam. O‘zbekistonda mikronutrient tan­qisligining oldini olish hamda bartaraf etish, ya’ni iste’mol tuzini yodlash, unni to‘yintirish, temir, foliy kislotasi va A vitaminini saplementatsiya qilish bo‘yicha dasturlar amalga oshirilayotganining boisi ham mamlakatimizda eng sog‘lom millat va elatlar istiqomat qilishiga erishmoqdir. Zero, oilalar baxtli bo‘lsa, jamiyatimiz farovon bo‘ladi. 

– Davlatimiz tomonidan mustaqil oila qurish ostonasida turgan yigit-qizlarimizni tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tib turmush qurganlar mustahkam hayot kechirmoqda, – deydi  malakali terapevtlardan biri Lobar Yunusova. – Bugun yoshlarimizni turmushga tayyorlash, ularning tibbiy bilim va madaniyatini boyitish masalalari dolzarb bo‘lib turibdi. Ayrimlar tibbiy ko‘rikdan yuzaki o‘tib, tezroq nikoh guvohnomasini qo‘lga olishni istaydi. Ular bilan suhbatlashganimizda, o‘z sog‘lig‘iga e’tiborsizligi, oilaviy hayot nima ekanini yaxshi tushunmasligi ma’lum bo‘ladi. Joriy yilda poliklinikamizda 810 nafar nikohlanuvchi qayd qilingan bo‘lsa, shundan, 1914 nafar kishi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ruhiy, sil, OITS xastaligiga chalinganlar ro‘yxatga olinib, davolanish uchun markaziy shifoxonalarga yuborildi. Ilgarilari bo‘lajak kelin-kuyovlar ixtiyoriy ravishda shifokor nazoratidan o‘tar, o‘tmaganlari ham taxminan, sog‘lig‘iga ishonch hosil qilib oila quravergan. Natijada, ba’zi irsiy kasalliklar haligacha onadan bolaga o‘tib kelmoqda. 2007 yildan qonun hujjatlarimizda qaysi millatga mansub bo‘lishidan qat’i nazar, barcha nikohlanuvchi shaxslar OITS kasalligiga qarshi qon topshirishga majbur etib belgilanganligi oilalarda nogiron bolalar dunyoga kelishini kamaytirdi. Millat genofondini asrash, aholi o‘rtasida sog‘lom muhitni vujudga keltirish maqsadida qilinayotgan bu sa’y-harakatlar uzog‘i bilan besh, o‘n yil ichida o‘z samarasini beradi.

          Harbiy xizmatga chaqirilgan o‘smirlar sakkiz nafar mutaxassis ko‘rigidan o‘tadi. Shu komissiya a’zolari qatorida borligimning o‘zi muqaddas vazifadir, – deydi psixiatr Umrinniso Saydullaeva. – Sabab, vatanimiz, tinch­ligimizni himoya qilish farzandlarimiz uchun buyuk sharafdir. Bular orasidan eng munosiblarini tanlab, askarlik baxtiga muyassar qilish qalbga g‘urur bag‘ishlaydi. Sinovdan o‘tkazish paytida aksariyat yoshlarimizning tibbiy varaqasini ko‘zdan kechirib, ularning salomatligi doimiy ravishda poliklinikamizning nazoratida bo‘lganiga guvoh bo‘laman. Ba’zilari shu darajada sog‘lom bo‘lishi uchun bog‘cha, maktabdan tortib, kollej davrigacha ota-onalari, ustozlari bilan hamkorlikda ish olib borganmiz. Ayrimlari harbiy xizmatga yaroqli bo‘lishi uchun qayta-qayta mutaxassislar ko‘rigidan o‘tgan. Harbiy chaqiruvga kelganlar orasida asablari tarang, o‘zini boshqara olmaydigan, hayotga yengil qaraydiganlar ham bor. Savol-javoblardan keyin ayrimlari biror joyda tibbiy ro‘yxatda turmagani, ota-onalari ajralib ketgani yoki qarovsiz holatda qolgani bolaning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani aniqlanadi. Ular oddiy savollarimizga ham javob berolmaydi. Shu paytgacha kitob nari tursin, birorta gazeta ham o‘qimagan. Harbiy xizmatga nafaqat qaddi-qomati kelishgan, balki ma’naviyati yuksak, bilimdon va aqlli yigitlar orasidan eng saralari tanlab olinadi. Bolalarimiz telefon yoki naushnikka bog‘lanib qolmasdan, qalbida ma’naviyatini boyitadigan adabiyotlarga mehr uyg‘otish kerak. Mutolaa insonni  ko‘ngilxiraliklar, tushkunliklardan olib chiqadi. Qolaversa, barcha kasalliklarning ildizi asabbuzarlikdan kelib chiqadi. Unutmaylik, farzandlari sog‘lom, aqlli va jasur bo‘lgan oilalarning jamiyatdagi mavqei baland bo‘ladi.

Qibray tumanidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada sohadagi barcha mutaxassislar borligi, mahorati va bilimiga ko‘ra poytaxtimizdagi istagan shifoxona xodimidan kam emasligi ko‘nglimizni xotirjam qildi. Kardiolog, oftalmologiya, pediatriya, endikrinologiya  yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan  shifokorlar  ham  o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashgisi keldi. Bir narsaga amin bo‘ldikki, vatanni kezib, har bir yangilanishlarini yurakdan o‘tkazishning zavqi bo‘lakcha ekan. Hali bu mavzuga qaytamiz. Chunki oilada tibbiy madaniyatni shakllantirish, ona va bola sog‘lig‘ini mustahkamlash, sog‘lom avlod tug‘ilishi va uni tarbiyalashga barchamiz birdek mas’ulmiz.

 

Adiba UMIROVA,

Feruza XAYRULLAYEVA


Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + five =