JAHON MATBUOTIDA NIMA GAP?

Ommaviy axborot vositalari barcha zamonlarda katta kuch, davrning bor bo‘y-bastini ko‘rsatuvchi oyna bo‘lib kelgan. Bugun ularning soni ham, salmog‘i ham ancha katta. Afsuski, barchasini mutolaa qilishning imkoni yo‘q. Shuni inobatga olib, gazetxonni dunyo nashrlarining bugungi mavzulari bilan tanishtirish maqsadida, qisqa sharhlar berib borishga qaror qildik.

Ta’bir joiz bo‘lsa, hozirgi kun jahon axborot maydoni qo‘zg‘algan arining uyasidek g‘ala-g‘ovurga to‘la. Uning shovqinidan o‘zimizni “asray” olmaymiz, aksincha, unga quloq tutib, vaziyatni tahlil qilishimizga to‘g‘ri keladi. Bugun dunyo nashrlarining diqqat markazida Suriyadagi qonli to‘qnashuvlar, AQSH va Ros­siya­dagi saylovlar turibdi. Qaysi nashrni olmang, shular haqida bong urmoqda. Aksariyat nashr­lar Suriyadagi ahvolni tahlil qilarkan, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi “bema­‘ni bahs” tufayli muammolar chuqurlashayotgani, “ISHID­ga qarshi kurash” bahonasida bu ikki katta davlatning o‘z rejalari va hisob-kitobi borligini qayd etmoqda.  

Xususan, Lotin Amerikasi ommaviy axborot vositalarida bu vaziyat Suriya AQSH va Rossiya munosabatlarida tiqilib qolgan tosh, deya baholanmoqda. Kolumbiyaning “El Espektador” nashri shunday yozadi: “Suriyaning azaliy ittifoqchisi va Bashar Asadning ishonchli tarafdori bo‘lmish Rossiya ziddiyatga qo‘shilib qolgach, 2011 yildan buyon 240 ming kishi hayotdan ko‘z yumdi, yana to‘rt million suriyalik o‘z vatanidan qochib ketishga majbur bo‘ldi… Suriyadagi vaziyat borasida Rossiya va AQSH o‘rtasida kelishuv bo‘lmas ekan, ikki orada qolgan ushbu mamlakatda hali uzoq vaqt o‘q ovozi tinmaydi”.

Ispaniyaning “El Mundo” gazetasi ham mazkur mavzuni chetlab o‘tmagan. Nashr AQSH koalitsiyasi tomonidan aviazarba berilgach, Suriya armiyasida katta yo‘qotish bo‘lganini qayd etib, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning “Biz buning uchun Va­shing­tondan to‘la-to‘kis izoh berishini talab qilamiz”, degan so‘zlarini keltiradi. Bunday misollar, xalqaro ahvol dunyo­ning yetakchi kunlik nashr­larida yangilanib borayotir.

O‘tgan haftada “Vashington post” gazetasi kelib chiqishi afroamerikalik bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotga e’tibor qaratdi. Gazeta sharhlovchisi Ishan Tarurning yozishicha, dunyoning yetakchi yurist­laridan tarkib topgan guruh BMTning inson huquqlari bo‘yicha komissiyasiga o‘z xulosalarini bergan. Tadqiqotchilarning fikricha, Amerika tarixida bo‘lgan qullik, irqiy qaramlik, “irqiy terrorizm” va irqiy tengsizlik hamon davom etayotir. Jurnalist tad­qiqotchilarning “Hozirgi kunda politsiya tomonidan sodir etilayotgan qotillik va ular yetkazayotgan jarohat bizga oldingi davrda sudsiz-so‘roqsiz amalga oshirilgan irqiy terrorni eslatmoqda”, degan so‘zlarini keltirgan. O‘tgan yili politsiya ofitserlarining afroamerikalik qurolsiz odamni o‘ldirgani bunga misol qilib ko‘rsatiladi. Guruh a’zolari buni “davlatning noqonuniy zo‘ravonligi” deb baholaydi va bu “inson huquqlari inqirozi”ga olib kelishini ta’kidlaydi. Huquqshunoslar xulosasida asosiy e’tibor suddan tashqari olib borilayotgan qotilliklarga qaratilgan, deya qayd etadi I.Tarur.

Frantsiyaning “Figaro” gazetasi esa bugunning dolzarb vazifalaridan biri – global isishga qarshi kurashga mo‘l­jallangan, o‘tgan yili dekabr­da qabul qilingan Parij bitimi borasida so‘z yuritadi. Hozircha davlatlarning o‘ndan uch qismi bitimni ratifikatsiya qilgani haqida qayd qilinarkan, gazeta muxbiri Mark Sherki bu bitimning kuchga kirishi uchun birinchi qadam, deya ta’kidlaydi. Joriy yilning 21 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasi o‘tkazgan bitimni imzolash marosimida 30 mamlakat ishtirok etgani qayd etiladi. Sayyorada global isishning oldini olish, havoni turli chiqindi gazlardan asrash maqsad qilingan va jami 60 ta davlat imzolashi nazarda tutilgan bitimning kuchga kirishi uchun uni ma’qullagan mamlakatlar 55 tadan kam bo‘lmasligi kerak. Zararli chiqindilar eng ko‘p chiqariladigan Hindiston, Rossiya va Yevropa ittifoqi hali hujjatni imzolamagan, shular sirasiga kiruvchi Xitoy va AQSH esa sentyabr boshida bitimni imzoladi, deydi jurnalist.    

Yaponiya nashrlari esa Shimoliy Koreya dunyo hamjamiyatidagi qonun-qoidalarga amal qilmagan holda yadro qurollarini sinashda davom etayotgani, yapon dengizida oxirgi o‘tkazgan ballistik raketalar sinovi G‘arb mamlakatlarini shok holatiga tushirganini ta’kidlaydi. AQSH razvedka vazirligi boshqarmasining sobiq xodimi Bryus Vektor Shimoliy Koreya sinab ko‘rgan raketa Xitoyning “Szyuylyan-1” raketasi bilan bir xilligini ma’lum qilgani ham qayd etiladi. Yaponlarning “Asaxi” nashrida Rossiyadagi Shimoliy koreyalik gasterbayterlar haqida ham ma’lumot berilgan. Unda aytilishicha, chetda ishlaydigan koreyslar o‘z davlatiga oyiga 40 ming rubldan to‘lashi kerak. Vladivostokda ishlayotgan 50 yoshlardagi erkakning “Buning uchun sutkalab ishlashga to‘g‘ri keladi, ushbu majburiyatni to‘lashdan ortgan mablag‘ yeb-ichish, yashash joyi va borish-qaytish biletimizga yetadi, oilamizga yordam berolmayapmiz”, degan so‘zlarni keltiradi nashr. Unda Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz tufayli gasterbayterlar hayoti qiyinlashayotgani va ular o‘z yurtiga qaytayotgani haqida ham qayd etilgan.

Ko‘pgina davlatlar gazeta-jurnallari singari Chexiya omma­viy axborot vositalarining ham diqqat-e’tibori Rossiya parlament saylovlariga qaratilgan. “Kuzatuvchilar avvaliga jarayonni taxmin qilgan bo‘lsa, keyinroq saylov kampaniyasi va ovoz berish natijalarini tahlil qilishdi. Ayni paytda sharhlovchilar Rossiyada davlat xavfsizlik vazirligi paydo bo‘lishi mumkinligini bashorat qilmoqda”, deb yozadi “Neviditelny pes” nashri.

Rossiyaning “Argumentы i faktы” gazetasida har doimgidek mavzular qamrovi keng. Politsiya ofitseri Sergey Kulakovning ilgari AQSH armiyasida xizmat qilgani haqidagi ma’lumotni Moskva ichki ishlar boshqarmasi tekshirmoqda, deya xabar beriladi nashrning joriy yilgi 30 sentyabr sonida. Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga ko‘ra, boshqa davlat fuqaroligini olishning o‘ziyoq ichki ishlar organlaridagi vazifasidan ozod qilishga asos bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, S. Kulakov Rossiya politsiyasida ishlagan, so‘ng AQSh fuqaroligini olgan va Amerikaning jangovar harakatlarida ishtirok etgan. Keyinroq ayrim sabablar bilan Rossiyaga qaytib, yana avvalgi ishini tiklagan va porasiz halol ishlagan, deyiladi manbada.

Muxtasar aytganda, zamon bilan hamqadam nashr­lar har birining o‘z pozitsiyasi, o‘z maqsadi bor. Dasturxonga qo‘yilgan ne’matlarning barchasidan tatib ko‘rish mumkin, ammo ularning hammasini sog‘liq uchun foydali deyolmaymiz.

 Xolida FAYZIYEVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − six =