NNT VA OAV UCHUN YANA BIR IMKONIYAT

yoki davlat granti va ijtimoiy buyurtmasi uchun qo‘shimcha tanlovlar o‘tkaziladi

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan taraqqiyotning «O‘zbek modeli»ga asoslangan demokratik islohotlarni amalga oshirish jarayonida kuchli va adolatli fuqarolik jamiyati shakllantirildi va u izchil rivojlantirilmoqda. Ana shu qisqa tarixiy davrda, keng xalq ommasiga chuqur singib borgan milliy-ana’naviy fuqarolik institutlari qayta tiklandi.  Shu bilan birga, zamonaviy fuqarolik jamiyatining barcha institutlarini rivojlantirish uchun tashkiliy-huquqiy va moliyaviy-iqtisodiy sharoitlar yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida esa NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining loyiha va dasturlarini davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning noyob instituti faoliyat yurit­yapti.

O‘zbekistonRespublikasiOliyMajlisihuzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining bosh­­qa institutlarini qo‘l­lab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan har yili turli mavzularda ko‘plab davlat grantlari, ijtimoiy buyurtmalar bo‘yicha tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Joriy 2016 yilda tasdiqlangan ish rejasiga asosan 7 ta, shu jumladan, davlat ijtimoiy buyurtmasi taqdim etish va davlat grantlari ajratish bo‘yicha 6 ta tanlov o‘tkazilgan. Davlat granti tanlovlari natijalariga ko‘ra muhim umumijtimoiy va sotsial ahamiyatga molik bo‘lgan 214 ta loyiha qo‘llab-quvvatlandi hamda davlat granti shaklida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 5 milliard 230 million so‘m ajratildi. Bundan tash­qari, davlat ijtimoiy buyurtmalari shaklida 2,3 milliard so‘mlik 13 ta loyiha moliyalashtirilgan.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda parlament komissiyasi a’zolari, ijtimoiy sheriklik sub’ektlari, ijroiya hokimiyati organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV vakillari ishtirok etdi.  Yig‘ilishda  5-, 6- davlat grant tanlovlariga nodavlat-notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining loyiha va das­turlarini davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

— 5- va 6-davlat grant tanlovlariga 200 dan ortiq loyihalar NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan taqdim etildi,—dedi Parlament komissiyasi a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati  Jahongir Shirinov. 

— Komissiya a’zolaridan tuzilgan hay’at kengashining xulosalariga ko‘ra, 55 NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari tanlov g‘olibi deb topildi. Ularning loyihalari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 1 milliard 350 million so‘m miqdorida moliyalashtiriladi. Afsuski, ushbu ikkita tanlovga Andijon, Xorazm, Qaraqalpog‘iston Respublikasi vakillaridan loyihalar juda kam taqdim etilgan. Respublikamizning mazkur mintaqalarida biriktirilgan komissiya a’zolari tanlovlarning mazmun-mohiyatini targ‘ib qilishda, joylarda hokimlik vakillari bilan birgalikda yanada faol targ‘ibot ishlarini olib borish kerak. Chunki, 5- va 6-davlat grant tanlovlari  bugungi kunning eng muhim mavzularini qamrab oldi. O‘ylaymizki, tanlov g‘oliblari o‘zlariga olayotgan vazifalarni sidqidildan bajarib, joylardagi mavjud ijtimoiy muammolarni yechishda davlat organlariga kamarbasta bo‘ladi.  

Bundan tashqari, Parlament komissiyasi a’zolari Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondining davlat ijtimoiy buyurtmasini taqdim etish va davlat grantini ajratish bo‘yicha qo‘shimcha tanlovlarni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflarini ham ko‘rib chiqdi.

Jamoat fondi direktori Abdujalil To‘raevning ta’kidlashicha, qo‘shimcha tanlovning mavzu va yo‘nalishlarini ishlab chiqish maqsadida joylarda fuqarolik jamiyati institutlarining faollari hamda davlat organlari vakillari ishtirokida «Ijtimoiy sheriklik — tinchlik, osoyishtalik, farovonlik va barqaror rivojlanish kafolati» mavzusida seminar-treninglar o‘tkazilgan. Ushbu tadbirlar mobaynida qo‘shimcha tanlovlarning mavzu va yo‘nalishlari bo‘yicha 150 ga yaqin taklif va tavsiyalar tushdi. Ular asosida qo‘shimcha tanlovning mavzu va yo‘nalishlari ishlab chiqildi.

Parlament komissiyasi a’zolari joriy yilning 20 sentyabridan 20 oktyabrigacha bo‘lgan muddatda “NNT, OAV va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatda kuchli fuqarolik jamiyatini barqaror rivojlantirishni ta’minlashga va ijtimoiy sheriklikni yanada rag‘batlantirishga qaratilgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi davlat granti qo‘shimcha tanlovini o‘tkazishni ma’qullashdi. E’lon qilinayotgan qo‘shimcha tanlov yoshlarni sotsial-ma’naviy, ijtimoiy-huquqiy va tibbiy-ekologik tarbiyalash, O‘zbekistonning milliy manfaatlariga yod bo‘lgan g‘oyalardan ularni asrash, mahallalarda ijtimoiy va ma’naviy muhitni yanada mustahkamlashda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini yuksaltirish, mahallalar obodonligi, aholi bandligi, bunyodkorlik ishlarini yanada kuchaytirish, tinchlik va hamjihatlikni, millatlararo va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Loyihalarni amalga oshirish natijasida joylarda davlat boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sheriklik asosida «G‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan», «Men Vatanimni sevaman», «Jamiyatda mening o‘rnim bor» mavzusida turkum tadbirlar o‘tkazilishi kutilmoqda.

Yig‘ilishda NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlariga davlat ijtimoiy buyurtmasi berish masalasi ham muhokama qilindi. Qo‘shimcha tanlovlarga kelib tushadigan loyihalar 1,5 milliard so‘m miqdorida moliyalatirilishi ma’qullandi.

Anjuman yakunida Parlament komissiyasi a’zolari muhokamaga qo‘yilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlarni qabul qildi.

 

Jobir XO‘JAQULOV

tayyorladi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − eight =