BIROR SO‘Z NISHONDA ADASHMASIN

Til — odamlarga Yaratgan ato etgan benazir in’om, insonlarning ming yillar davomida o‘zaro munosabatlarida sayqallanib kelgan javohir.

 

Til qonun-qoidalariga to‘liq rioya etishni farz deb bilgan ko‘plab ziyolilar nutqida o‘zbekcha bayonning naqadar jozibadorligini teran his etib, OAV va zamonaviy badiiy adabiyot namunalarida chuqur ma’no-mohiyatga ega go‘zal ibora, ifoda va jumlalarga duch kelasiz. 

Zotan, ma’naviyati past insonlargina ona tilining qadr-qimmatini bilmaydi. Lison me’yorlariga, qonun-qoidalariga rioya qilmay, bu javohirni sochib yuboradi. Mutolaa barobarida, televizor tomosha qila turib ham gohida o‘zbek adabiy tilining nozik jihatlariga bir oz loqaydlik sezsangiz ko‘nglingiz xira tortadi. Bayon tarzi go‘yo bekamu-ko‘st, ravon. Lekin notiq o‘zbek adabiy tilining xazinasidan — bebaho lug‘aviy boyligidan to‘g‘ri foydalanyaptimi?  

Endigina san’at olamiga kirib kelayotgan yosh qizaloq haqida namoyish ketyapti. Boshlovchi matnni o‘qiydi: “San’atga iqtidori bo‘lgani uchun…”

Iqtidor, salohiyat, qobiliyat kabi so‘zlar ma’no jihatdan bir-biriga yaqin, shuningdek, har birining o‘z o‘rni bor – har so‘zning joyi, har nuqtaning maqomi bo‘ladi. Iqtidor – bu qudrat. Taraqqiy etgan davlatni iqtidorli deymiz. Yuragida olov bolajonda esa biron sohaga qiziqish, ishtiyoq, iste’dod, zavq, shavq, rag‘bat, layoqat, mayl, havas, intilish va jo‘shqinlik bo‘lishi tabiiy.

Dunyoda mavjud bir necha ming til ichida o‘zbek tili eng boy tillardan biri ekanligi ayni haqiqat. Shunday ekan, so‘zlashdan oldin so‘z xazinamizga bir nazar solsak, nima haqda gap borayotganini hisobga olgan holda eng kerakli so‘zlarni qo‘llasak, fikrimizni teranroq ifoda etgan bo‘lamiz.

“Go‘shakni beraman”, deydi uy telefonida emas, mobil vositasida gaplashayotgan film qahramoni. Yoki u:

“Bemavrid bezovta qilmadimmi?” – so‘raydi, “Bemahalda bezovta qilmadimmi?” yoxud “Bemavrid qo‘ng‘iroq qildim chog‘i” deb uzr bildirish o‘rniga.

“Chakagingni yum”dagi mantiqqa ham e’tibor qarating. “Chakak” og‘iz emas, pastki jag‘-ku? Gapira-gapira charchaganni “chakagi tushdi” deymiz.

“Halokat joyiga yetib bordi”. “Avtohalokat” o‘rnida qisqacha – “halokat”? Aslida, “avtohalokat” ham avtoavariyani to‘liq ifodalamaydi. Chunki “halokat” bu – fojiali o‘lim. Avtoavariyada esa odam o‘lmasligi mumkin. “Avtofalokat” desak balki to‘g‘riroqdir.

Tildagi g‘alizliklar, noo‘rin iboralar, ayniqsa, reklama roliklarida ko‘proq uchraydi: “Dilxush navo”, “Zabardast ijro…” 

Shakl jimjimador, ma’no-chi? Fikr mohiyatan bo‘sh bo‘lsa, nutqqa ortiqcha ohanjama qo‘shib gapirishdan foyda yo‘q. 

Til jamiyat barobarida taraqqiy etadi. Ayrim so‘zlar o‘z ma’nosini o‘zgartirishi mumkin. Masalan, ming yilcha muqaddam “dehqon” so‘zi “qishloq sohibi”, “davlatmand” ma’nosini, “mehnat” esa “azob-mashaqqat” ma’nosini ifodalar edi. Bu ikki so‘zning bugungi ma’nosi hammamizga ma’lum… Yangi ifoda-iboralarning yaratilishi ham tabiiy holat. Lekin har kimning ham o‘zicha bir nima “yaratishidan”, duch kelgan so‘zdan yangi ma’no axtarishidan til rivojlanmaydi, aksincha, xarob bo‘ladi.

Navo “dilxush” bo‘ladimi? 

 “Dilni xush etuvchi navo” ma’nosi bu yerda yo‘q.

Qo‘li baland (uzun), hukmi ravo shaxs bu — zabardast (aksi zerdast). Majozan buyuk shaxslarni, ulug‘ shoiru yozuvchilarni zabardast deyish mumkin. 

 “Jonli efir” deymiz va yozamiz. Ruschasi “jivoy” yo “pryamoy efir”, inglizchasi “layve”. Boshqa tillarga bu iboralar qanday tushgan bilmadik, lekin o‘zbekchada “to‘g‘ridan-to‘g‘ri…” yoxud “to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya” (olib eshittirish yo ko‘rsatish) deb yozish mantiqan durust.

Mo‘’jazbayonlik yaxshi, biroq undan til tabiatidagi nazokat shikast ko‘rmasligi kerak.

Yoxud “jonli ijro”dan “bevosita ijro” sahihroqdir.

Sport sharhlovchilarining ayrim so‘zlaridan ensangiz qotadi. Xorij futbol jamoalarining  bir uchrashuvida shov-shuvli yirik hisob qayd etilgan. “Mag‘lub etdi” o‘rniga “tor-mor keltirdi” deydi sharhlovchi tantanali ohangda. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi “tor-mor” so‘ziga qarayman: qaqshatqich zarba bilan yo‘q qilmoq, mahv etmoq…  

“Falon komanda falon komandani sinovdan o‘tkazdi”. 

Ikki jamoa kuch sinashdi, biri ikkinchisini imtihon qilmaydi. O‘yin ikkala jamoa uchun bir xil sinov maydoni emasmi?  “Falon komanda (ustunligi bilinayotgan jamoa) falon komandani o‘z nazoratiga oldi”.

Sharhlovchi “nazoratga olish” zamiridagi ma’noni bilib gapiryaptimi yoki bilmay?

“Gol muallifi” degan iborani ko‘p eshitamiz. Hujumchi to‘pni bexato darvozaga yo‘llab navbatdagi golni o‘z hisobiga yozdirishi mumkin. Muallif (ta’lif etish)lik esa ijod ahliga daxldor so‘z. Gol urgan jamoadoshiga ko‘mak berganni “hammuallif” deb bo‘ladimi?

O‘zbek tilidagi latofat va balog‘at boshqa mamlakat sharhlovchilariga taqlid oqibatida qo‘llangan shu yanglig‘ so‘zma-so‘z va zo‘rma-zo‘raki ba’zi tarjimalarni xushlamaydi.

Boshlovchi yo film qahramonlari tomonidan ma’nodosh so‘zlarning bemavrid takrorlanishi ham bayon husnini buzadi. “Menimcha, kelganingizga ancha bo‘lgan, shekilli”. 

Bir so‘zning qayta takrorlanishi-chi: “Endi hammasini hal qiluvchi savol hal qiladi”. 

 “Ular sohil bo‘yidagi joyni ham egallamoqchi”. “Chirchiq daryosi qirg‘og‘idagi sohilda…”

Deylik, bu ayrim muallif yoxud film qahramonlari tilidagi yarim-yorti jumlalar. Badiiy adabiyotdagi yanglishlar-chi?

Darvoqe, adabiy til barobarida badiiy til mavjud. Ma’lum qolip va me’yorga solingan adabiy tilga qaraganda badiiy tilning imkoniyatlari keng. Personaj mahalliy shevada gapirishi mumkin — qahramonlar tilida mahalliy sheva ishlatiladi. Shuning uchun ham badiiy tilning adabiy tildan boy bo‘lishi tabiiy. Lekin badiiy tilning ham “yozilmagan qonuni”, me’yori bor-ku? Til, donolarimiz ta’biri bilan aytganda — qin ichidagi xanjar. Chig‘anoq ichidagi gavhar. Asar personaji yoxud intervyu beruvchi shaxsning “nisbatan ozodligi”ni tushunish mumkin, lekin adib yo jurnalistni-chi? U so‘zni badiiy adabiyot yo matbuot sahifalari-yu, ekranga olib chiqishdan oldin obdon o‘ylashi, har gap ortidagi ma’no haqida mulohaza yuritishi, sanoqsiz kalimalar ichidan eng keraklisini topgandagina “qurol” yo “gavhar”ini namoyish etishga haqli emasmi? “Men so‘zni tonnalab olib, grammlab sotaman” degan edi atoqli adibimiz Abdulla Qahhor.

Endi badiiy adabiyotdagi ayrim bemavrid takrorlarga e’tibor qarating: “Uning atrofida girdikapalak bo‘ldi”. “o‘azabdan Toshmatning afti basharasi qizarib ketdi”. “Podshohning makrli nayrangbozligini qattiq qoraladi”.

Yuqoridagi, sohil va bo‘y (qirg‘oq) bir-biriga sinonim bo‘lgani kabi, “atrof”ning ma’nodoshi — “gird”, “makr”niki murodifi — “nayrang”.  Aft va bashara ham bir ma’noni ifodalaydigan ikki so‘z bo‘lib, bir-birini to‘ldirmaydi, balki takrorlaydi.    

Kelib chiqishi boshqa tillarga daxldor so‘z va ifodalarda asl ma’noga befarqlik ko‘proq uchraydi. “Bolaxonaga  chiqdi”. Boloxona — xona ustidagi xona. Bolaxona-chi? Bir harf — birgina tovush belgisining noto‘g‘ri qo‘llanishi butun ma’noni o‘zgartirib yuborishiga guvoh bo‘lyapmiz.

Sheva tilni boyitadi, xalq og‘zaki ijodi adabiy tilning bebaho manba va sarchashmalaridan biri ekanligi barchamizga ma’lum. Lekin Zamaxshariy, Qoshg‘ariy, Navoiy, Bobur kabi daholar tiliga, ular qoldirgan bebaho ma’naviy merosga hurmati baland inson mahalliy til, dialekt bilan g‘oyat ehtiyotkor munosabatda bo‘ladi.

“Sayl (sayil), sayilgoh” emas, sayr (sayrgoh) bo‘ladi, deb yozibdi kuyinchak bir gazetxon. Isboti bilan. Yaxshi-kuya, lekin adabiy til dasturi (imlosi)da “sayr” barobarida saylga ham o‘rin berilgan bo‘lsa, adib yo umuman qalam ahli nima qilsin?  

“Sayil joyi so‘lim bog‘ edi”, degan misra ko‘pchilikka tanish. Til dasturi belgilagan chegaradan chiqmagan shoirda nima ayb?

“Zimdan tamagirlik qilayotganlar ham yo‘q emas”. 

Mumtoz adabiyotimizning lug‘at boyligida tama (aslida tama’, birovdan bir narsa kutish, ochko‘zlik) so‘zi bor, tama’korlik bor, lekin tamagir, tamagirlikni uchratmaysiz. Ya’ni “tamagirlik” “tama’korlik”ning buzilgan shakli. Kelib chiqishi arabcha bo‘lgan tama(‘)ning ma’nosi birovdan bir narsa kutish, hirs, ochko‘zlik bo‘lsa, gir (giriftan) forscha so‘z bo‘lib, ol (olmoq) ma’nosini bildiradi. Tama qilmoq mumkin, ammo mantiqiy nuqtai nazardan tamani qo‘lga olib bo‘lmaydi, tamagirlik poraxo‘rlik ma’nosini bildirmaydi. “Tamagirlik” o‘rnida  “tamakorlik” yozish maqsadga muvofiq.

“Jannatmakon” deymiz diyorimiz to‘g‘risida so‘z ketsa. Haqiqatan makonimiz jannatga o‘xshash, lekin “jannatmakon”ning  mumtoz adabiyotimizda “joyi jannatda bo‘lgur”, “rahmatli” ma’nosida qo‘llanganini ham yodda tutishimiz kerak. Shu bois “jannatmakon” o‘rnida “jannatmonand” qo‘llanilsa biron e’tirozga sabab qolmaydi.

Til — bobolar merosi. Undagi har so‘z va ifodani asrab-avaylash, asl holda saqlash, undan to‘g‘ri foydalanish burchimiz emasmi? Ming yillar davomida bobolarimiz qo‘llagan so‘zlarni “didimizga mos o‘zgartirsak” yoxud adabiy til darvozasini  shevaga ochib bersak, qandoq bo‘larkin?

“Jonon”ni “janon” deb (jon bo‘ladimi yoki jan?) bobolar  g‘azalini buzamiz xirgoyi qilayotib.

Jonon aslida kim ekanligini ba’zilar bilmaydi. Mahbuba deb o‘ylaydi, xolos. Jonon bu — Tangri taolo. Masalan, qanday tilaging bor, deb so‘rardilar o‘lim to‘shagida yotgan odamdan. Javob berardiki, menda jonon vaslidan bo‘lak qanday tilagim bo‘lishi mumkin? “Jonon”ni janon deb talaffuz qilish — Olloh nomini noto‘g‘ri tilga olishdir.

 “Tiri afg‘onim” o‘rnida “tiru afg‘onim” deymiz mashhur “Hech kima ma’lum emas…”ni kuylayotib.

“Oynai jahon”da hofiz kuylayapti:

Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma…

Titrda esa — “ho inon, ho inonma…”

Boshqa bir ashuladagi titrda ham xatolik:  “do‘sti xiyonat qilgan oshiq” quyidagi xalq maqolini qistirib o‘tyapti:

O‘zingdan chiqqan baloga,

Qayga borasan davoga?

Davo bo‘ladimi yo da’vo? “O‘zingdan chiqqan balo” kasal emaski, davolangani olib borsang. Da’vo bo‘ladi!

Mustaqillik o‘zbek xalqiga o‘zligini qaytardi. Shu makonda umrguzaronlik qilayotgan xalq ona tili millat ruhi ekanligini, tilimiz zaminida ildiz otgan “begona o‘tlar”-u, “xas-xashak”lardan tozalash ishi muhim burchi ekanligini angladi.

Istiqlol o‘zbek tili ravnaqi uchun ham  yorqin yo‘l ochib berdi. Shu bilan birga istiqlolga qadar so‘nggi yuz yillik o‘zbek adabiy tili uchun murakkab bir davr bo‘lgani hech kimga sir emas. Bugun so‘z san’atining jilolanishiga to‘siq bo‘layotgan ayrim holatlar, shaklbozlik hamda taqlidchilik esa o‘sha murakkab davrning kasridir.

Tarix qatlarida turkiyzabon xalqning teran va mustahkam ildizi bor ekan, shunga munosib aytar so‘zi ham bo‘lgan. Bugungi kunda ham uning biror so‘zi nishonda adashmagani uchun qadri, sofligi, maqomini ko‘tarish yo‘lida mas’ullik hissi bilan yashamog‘imiz lozim.

O‘zbek adabiy tili tabiatiga yot bitta-yarimta cho‘ltoq va soxta iborayu ifodalardan voz kechib, asl va ma’nodor so‘zlardangina foydalansak, lug‘at boyligimiz shodasi ipga tizilgan durdonalar majmuidan tarkib topsa-yu, bizdan kelasi avlodga haqiqiy marvaridlar meros qolsa, nur ustiga nur bo‘lardi.  

 

Muhammad SHODIY

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five − four =