Langar ota qishlog‘i yodgorliklari

Yurtimizda madaniy va tabiiy yodgorliklar bisyor. Turli davrlarda bunyod etilgan, ne-ne suronli davrlarning shohidi bo‘lgan, har biri moziyning bir parchasi sifatida saqlanib qolgan madrasa, maqbara, macjid, xonaqoh va ziyoratgohlar tariximizning tilsiz tilsimidir. Birgina Qashqadaryo viloyatida 927 ta madaniy meros ob’ektlari mavjud bo‘lib, ularning 163 tasini arxitektura inshootlari, 683 tasini arxeologik yodgorliklar, 61 tasini qadimiy san’at asarlari, 20 tasini esa ziyoratgohlar tashkil etadi. Shulardan biri viloyatning Chiroqchi tumani Langar ota qishlog‘ida joylashgan Hazrati Langar ota ziyoratgohidir.

 

Langar ota qishlog‘ining tarixi zardushtiylar davriga borib taqaladi. Shu yerda tug‘ilib o‘sgan, farzandlari yordamida kichik muzey tashkil etib, uni qishloqdan topilgan qadimiy buyumlar, kitoblar bilan to‘ldirib borib, ona qishlog‘i timsolida Qashqadaryo vohasi tarixini saqlab qolish va o‘sib kelayotgan avlodga yetkazishga ulkan hissasini qo‘shayotgan o‘ozi ota Rahmonov bilan suhbatimiz qishloq va unda joylashgan tabiiy va  madaniy yodgorliklar tarixiga yanada chuqurroq nazar tashlashimizga  yordam berdi.

— Langar ota qishlog‘i mening kindik qonim to‘kilgan joy. Shu yerda 1947 yilda tug‘ilib, o‘sib-ulg‘aydim. Qarshi pedagogika instituti til va adabiyot fakultetini 1968 yili bitirgach, qishloq maktabida ishlash bilan birgalikda ona qishlog‘imning tarixini ham o‘rganishga, uni o‘sib kelayotgan avlodga yetkazishga harakat qildim, — deydi o‘ozi ota Rahmonov. — Allohga beadad shukur, men tyg‘ilib o‘sgan joy insoniyat rivoji tarixining ajralmas bir bo‘lagidir. Qishloqning har bir qarich yeri o‘zida ilk neandertal davrdagi hayotdan boshlab, zardushtiylar, so‘ngra islom dini tarixini ham aks ettiradi. Qashqadaryo vohasida uchta Langar ota qishlog‘i bor. Qamashidagi Katta Langar, bizdagi eski Langar deb ataladi. O‘tgan asrgacha qishloqda madrasa bo‘lgan. Unda diniy bilimlar bilan birgalikda dunyoviy ilmdan ham saboq berilgan.

Madrasaning boy kutubxonasini Sho‘rolar davrida yo‘q qilib yuborilishidan asrash maqsadida 1930, ya’ni qatag‘on yillarida Mulla Abdurahmon qori tashabbusi bilan tunda kitoblarni qabristonga ko‘mishgan. Ammo hanuz ular topilmagan. O‘tgan yili odamlarda saqlanib qolgan kitoblarni asrash maqsadida farzandlarim bilan ikki xonali uy qurib, uni  Langar ota qishlog‘ining tarixiy muzeyiga aylantirdim. Muzeyimiz asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, shu yerdan topilgan kitoblar, qadimgi maishiy buyumlar bilan boyimoqda. Langar ota chetida joylashgan Munchoqtepada zardushtiylarning qabristoni bor. Otashparastlar tabiat bilan uyg‘unlikda yashab,  odam tanasi yerni ifloslantirmasligi uchun avvalo murdani tog‘ tepasiga olib chiqishgan. Jasadning suyagini yirtqichlar va qushlar tozalagach, tobutga solib, uyiga qo‘ygan. Aynan shu yerda o‘tgan yillari yo‘l qurilishi boshlanganida zardushtiylar qabristoni topilgan edi. Qishloqlar tarixini qabristonlar belgilaydi. Qishlog‘imizda 20 gektarlik eng katta qabriston joylashgan. Qabristonga Kitobdan Qamashigacha yashagan barcha  urug‘ boshliqlari alohida-alohida qo‘yilgan. 

Qishloq bo‘ylab sayr qilar ekanmiz, uning asosiy yodgorligi Langar ota maqbarasiga chiqdik. XVI-XVII asrda bunyod etilgan Langar ota xonaqosi dengiz sathidan 700 metr yuqorida joylashgan. Bu yerdagi qabrtoshlar olimlar tomonidan o‘rganilib, xaritasi tuzilgan. 2014 yilda maqbara ta’mirlanib asl holatiga keltirildi. Hozir bu yer ziyoratgohga aylantirilgan. Qishloqning etagiga enar ekanmiz, soy bo‘yida joylashgan, yoshi salkam ming yillar atrofida bo‘lgan masjid e’tiborimizni  tortdi. Masjid hijriy 122 yili, ya’ni 800 yillarda qurilgan. Hanuz qishloqliklarga xizmat qilib kelayotgan masjidning ustunlari chinor va archa daraxtlari yog‘ochlari yasalib, yuqori qismi naqshlar bilan bezatilgan. Shiftida har biri o‘z ma’nosiga ega bo‘lgan rangdor naqshlar yorqinligini saqlab qolgan.

— Aslida masjid qishloqning tepasiga  qurilib, bundan 800 yil ilgari mana shu joyga tushirilgan, — deya suhbatimizni davom ettirdi o‘ozi ota. — Sho‘rolar davrida bu yerda do‘kon ochilib, so‘ng omborxonaga aylantirildi. Mustaqillik esa unga o‘z mohiyatini qaytardi. Agar e’tibor bersangiz, shiftdagi naqshlarning aksariyati svastika ko‘rinishida, aslida esa bu otashparastlarning e’tiqodiga ko‘ra dunyoning to‘rt tomonini anglatuvchi belgidir. Shiftga naqshlar matoga chizib, yopishtirilgan. Shuning uchun ham asrlar davomida ustidan suv o‘tsa ham naqshlar o‘chmagan. Har bir naqsh alohida ma’no kasb etadi. Ular inson hayotining mazmunini o‘zida aks ettiradi. 

o‘ozi ota bizga yana bir ajoyib, qadimiy yodgorlikni ko‘rsatdi. Soy bo‘yida joylashgan hovli devori yonidagi katta toshga 40 ta katak o‘yilgan edi. Tosh yonida oyoq qo‘yadigan joy ham bor. o‘ozi otaning aytishicha, bu qadimgi qirchovul o‘yinining “taxtasi” bo‘lib, u zardushtiylar davrida o‘ylab topilgan. Bunday o‘yinlar asosan tegirmonlar oldida tashkil etilib, odamlar navbat kutganida qirchovul o‘ynab, vaqt o‘tkazishgan. 

Qishloqda tabiat yodgorliklari ko‘p. Shulardan biri Sulton Vois bobo ekkan ming yillik chinordir. Yamoqli soy etagida qad rostlagan bu ulkan daraxt, aytishlaricha, bir marta yonib ketgach, o‘rnida qaytadan chinor o‘sib, bir metrdan so‘ng yana bir chinor ko‘kargan. Rivoyatlarga ko‘ra, Sulton Vois boboning volidalari boboning yoshligida qo‘liga kosov berib, “o‘choqni kovla” desa, u yerga suqib xudoga nola qilgach, kosov ko‘kargan. Qishloq chetidagi “Xukak”, ya’ni “Haqiqat toshi” nomini olgan teshik toshning tarixi ham Sulton Vois bobo bilan bog‘liq. U yurgan yo‘lida “hu haq” deb xitob qilgani bois, uning har bir so‘zi toshlarda aks-sado bergan. Keyinchalik bu tosh “Xukak” deb atalgan.

— Necha asrlar davomida odamlar Yamoqli soyidan tuproq olib, sopol idish va tobutlar yasashgan, — deydi o‘ozi ota. — Chunki uning tuprog‘i nihoyatda toza. O‘rtadagi oqayotgan daryoning nomi Langar bo‘lib, qadimdan Chashmaob deb atalgan. Chunki Jomdan Samarqandgacha chashmalar serobdir. Daryolar ham boshini chashmadan oladi. Har bir chashmaning suvi shifobaxsh. O‘z nomi bilan atalgan Qo‘tirbuloq suvidan ichib, unda cho‘milgan odam bir nechta darddan xalos bo‘ladi. Ko‘rinib turgan Hasan ota cho‘qqisida qadimgi odamlar makoni bo‘lgan g‘or bor. Buni g‘or devorlariga o‘yilgan suratlardan bilsa bo‘ladi. Ko‘rib turganingizdek, cho‘qqining atrofidagina archalar saqlanib qolgan. Aytishlaricha, ilgari archalar tog‘ etagigacha o‘sgan, keyin esa odamlar tomonidan ularning ayovsiz  kesib tashlanishi natijasida tog‘ yonbag‘irlari yalang‘ochlanib qoldi. Afsus, bu hanuz davom etmoqda. Tog‘imizda shuningdek tudana, bayroq  nomini olgan daraxtlar o‘sadi. Ammo ular ham juda kam qolgan. Qishloqni Chaqirikalon tizmasi o‘ragan. Ikkala tomonidan quyosh birday o‘tadi. Tog‘ning eng baland joyi dengiz sathidan 2200 metr balandda. Bu yerda dorivor o‘simliklarning 100 dan ortiq turi o‘sadi. 

Qishloqning shimoliy qismiga qarab yo‘l olamiz. Yalang‘och qir bag‘irlari o‘rtasida to‘dalangan ulkan toshlar e’tiborimizni o‘ziga tortdi. Eng katta toshga ibtidoiy odamlarning ov jarayonlarining suratlari tushirilgan. Shu bois bu tosh mahalliy aholi tomonidan Qo‘chqortosh deb atala boshlangan. Afsus, tarixiy yodgorliklarimizga bepisand qaragan kimsalar tomonidan toshga ismlarning yozilishi, qurilish qilish uchun undan bo‘laklar kesib olinishi oqibatida bebaho qiymatga ega bo‘lgan suratlar o‘chib ketmoqda. 

Langar ota qishlog‘ining hali ochilmagan sirlari ko‘p. Uning tarixi, betakror go‘zallikka ega bo‘lgan tabiatini asrash, tarixiy, tabiiy va madaniy yodgorliklarini davlat muhofazasiga olish lozim. 

 

Nargis QOSIMOVA, 

jurnalist  

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 − 5 =