Ixcham va mazmunli o‘tkazaylik

“Hurriyat” gazetasining 2016 yil 12 oktyabr sonida e’lon qilingan A.Azimovning “Aytilayotganu amal qilinmayotgan gaplar” maqolasini qiziqish bilan o‘qib chiqdim.

 

Muallif bugungi kunda ham dolzarbligini yo‘qtomagan mavzuni hayotiy va tanqidiy ruhda ko‘targan. Darhaqiqat, to‘y farovonlik, mehmondo‘stlik ramzi sanaladi. U xalqimizning orzu-umidlari ifodasidir. To‘y oilaviy tadbir hisoblansa-da, uni qarindoshlar, mahalla ahli, el-yurt birgalikda o‘tkazadi. Aniqroq qilib aytganda, bir oilaning quvonchiga butun mahalla-ko‘y, do‘st-birodar sherik bo‘ladi.

Xo‘sh, bugungi kunda to‘ylar qay tarzda o‘tkazilmoqda? “Qobusnoma”da shunday deyilgan. “Ey farzand, agar mehmon bo‘lsang, har kishinikiga mehmon bo‘lib boravermagil, chunki shavkatingga ziyon yetkazursan”. Haqiqatdan ham, aytilmagan to‘yga borib, xonadon sohibini ham, boshqalarni ham xijolatga qo‘yish insofdan emas.

Ayrim to‘ylar ichkilik maydoniga aylanib qolayapti. Bu esa yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Eng yomoni to‘y oxirida aroqqa to‘yib olgan mehmonlar janjal ko‘tarishadi. Oqibatda kimdir shikastlanadi, kimdir qilgan ishi uchun uzoq vaqt pushaymonlikda yuradi.

Bu kabi holatlar ko‘proq chetroq qishloqlarda uchrab turadi.

Ma’lumki, to‘yning qiziqarli o‘tishida davraboshining o‘rni katta. Lekin, ba’zi to‘ylarda davraboshilar “qolip”dan chiqib ketadigan so‘zlar aytishadi, qiliqlar chiqarishadi. Hadeb mehmonlarga tabrik so‘zi beraverish ko‘pchilikning me’dasiga tegadi. Bizningcha, butun to‘y davomida 2-3 nafar eng yaqin qarindoshlar tabrik so‘zlari aytsa kifoya. Bir qolipdagi tabrik so‘zlarini takrorlayverish bachkanalikdan boshqa narsa emas. Qolaversa, to‘yga hamma bir istak – yaxshi tilaklar bilan tashrif buyuradi-ku! Davraboshiga qo‘yib bersangiz, to‘yda qancha mansabdor shaxs o‘tirgan bo‘lsa, barchasi tilak bildirishi kerakdek go‘yo.

Aksariyat to‘ylarda raqqosalardan ranjiydi kishi. Ular yoningga kelib, to cho‘ntagingdan pul chiqarmaguningcha oldingda “likillab” turaverishadi. Har xil ishvalar bilan o‘rindiqlar oralab pul yig‘adigan otarchilarni tartibga chaqiradiganlar esa kamdan-kam topiladi. 

To‘ylarni bechiqim, tartibli, isrofgarchiliksiz, osoyishta o‘tkazish ko‘p jihatdan mahalla fuqarolar yig‘inlari, ularning komissiyalari to‘yni qaerda o‘tkazish, kimlarni taklif qilish, sarf-xarajatlarni qisqartirish yuzasidan to‘y egasiga beminnat yordam berishlari zarur. Hozirgi paytda to‘ydan oldin va keyin o‘tkaziladigan ortiqcha, hech kimga keragi yo‘q rasm-rusumlar hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar bilan birga, orzu-havaslari ushalayotgan ota-onalar gardaniga ham og‘ir yuk bo‘lib tushayapti. Agarda hamma “el qatori” ish tutaman, deb o‘ylasa qarzga botadi, to‘ydan keyin ham ancha vaqtgacha qiynaladi. Bular ham mahalla raislari va to‘y egalarining e’tiborida bo‘lishi kerak.

Xulosa shuki, maqolada tahririyat ko‘tarib chiqqan bu masala e’tibordan chetda qolmasligi kerak.

 

Izzatulla NORQUVVATOV,

O‘zbekiston jurnalistlari 

ijodiy uyushmasi a’zosi

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − one =