Ma’naviy jasorat timsoli

Mustaqillikning ilk davrlaridayoq mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ma’naviyat, madaniyat va san’atning O‘zbekiston davlatining tarkib topishi, rivojlanishi va taraqqiy etishidagi muhim o‘rnini alohida ta’kidlab, kuyunchaklik bilan shunday degan edilar: “Bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida madaniyat, san’at, adabiyot og‘ir ahvolga tushdi. Ularni iqtisodiy zarbadan asrab qolishni Prezident o‘z bo‘yniga olishi kerak”, “Bozor iqtisodiyoti deb ma’naviyatni unutish gunoh bo‘ladi. Nuqul pul va foyda ketidan quvsak-da, ammo odamlarimiz ruhan qashshoq bo‘lib qolishsa, bunday jamiyatning hech kimga keragi yo‘q”, “Ma’naviyatimizni yaratayotganlarni, yozuvchilar, shoirlar, madaniyat va san’at ijodkorlarini, xalq talantlari va iqtidorli yoshlarni doimo qo‘llab-quvvatlamog‘imiz lozim. Buning uchun xarajatlarimizni ayamasligimiz darkor”, “Ezgu maqsadlarni amalga oshirish, eng avvalo barchamizga bog‘liq, hamma narsadan ustun turuvchi buyuk bir muammoni yechishimiz, ya’ni ma’naviy inqirozdan chiqishimiz lozim. Bu eng sharafli va eng og‘ir vazifalardan biri”. O‘tgan yigirma besh yil davomida ana shunday eng og‘ir, ammo sharafli va ulug‘ ishlarning boshida aynan Yurtboshimizning o‘zlari turib, ijod ahlini qo‘llab-quvvatlashga bosh-qosh bo‘ldi.

 

Istiqlol yillari milliy ma’naviyatning, o‘zbek xalqi madaniyatining qayta uyg‘onish yillari bo‘ldi. O‘tgan davr mobaynida milliy qadriyatlarimiz, madaniyatimiz va san’atimizning yuksalish imkoniyatlari yanada kengaydi. Iqtisodiy-ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy sohalarda erishilgan muvaffaqiyatlarni bugun dunyo ahli ko‘rib, tan olib turganligiga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Ma’lumki, o‘tish davri islohotlarini amalga oshirishda o‘zbek davlatchiligining tarixiy, madaniy, milliy-ma’naviy qadriyatlarini aks ettiruvchi asosiy omillarga, ya’ni millat mentalitetiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Istiqlol sharofati bilan O‘zbekiston xalqi hayotining barcha sohalarida bo‘lgani kabi madaniyat va san’at yo‘nalishlarida ham yangi, tarixiy tub islohotlar amalga oshirilishi keng yo‘lga qo‘yildi. Sohada to‘planib qolgan muammolar, ya’ni madaniyat va san’at sohasini boshqarish, malakali kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish  va uning mexanizmlarini ishlab chiqish, madaniyat va san’at sohasiga kadrlar tayyorlaydigan o‘quv yurtlari hamda  professional teatrlar va sohaning boshqa muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bozor munosabatlariga o‘tish davrida teatr – kontsert tashkilotlari artistlari va badiiy xodimlarini, ularga ijodiy xodimlar tayyorlovchi o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari hamda kontsertmeystrlarini ijtimoiy himoyalash tizimini yaratish zarurligi kabi masalalar milliy madaniyatimiz va san’atimizning rivojlanishidagi eng muhim vazifalardan  edi. Aynan shu vazifalar mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotini ta’minlashning muhim omillaridan biri ekanligini ta’kidlab, “Xalqning ma’naviyati va madaniyati, uning haqiqiy tarixi va o‘ziga xosligi qayta tiklanayotganligi jamiyatimizni yangilash va taraqqiy ettirish yo‘lidan muvaffaqiyatli ravishda olg‘a siljitishda hal qiluvchi, ta’bir joiz bo‘lsa, belgilovchi ahamiyatga egadir” degan edi mamlakatimiz Birinchi Prezidenti o‘zining “O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida” kitobida.           

Shuning uchun ham istiqlol yillarida madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish maqsadida 30 dan ortiq Farmon va qarorlar qabul qilindi. Xususan, “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi,  “O‘zbeknavo” gastrol-kontsert birlashmasini tashkil etish to‘g‘risida”gi, “Estrada qo‘shiqchilik san’atini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi “Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida”gi, “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009 – 2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi, Vazirlar Mahkamasining “2010 – 2020 yillarda nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, “2011 — 2015 yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida“gi, “2013 — 2018 yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi kabi qarorlar shular jumlasidandir. Ushbu hujjatlar millatimiz madaniyati, san’ati, qolaversa, xalqimiz ma’naviyatining yuksalishida muhim huquqiy asoslardan bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Soha taraqqiyotiga tegishli qarorlardan biri bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining “2013 — 2018 yillarda zamonaviy Madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini olib ko‘raylik. Unda ko‘zlangan asosiy maqsad shuki, milliy madaniyatimiz an’analarini o‘rganish va targ‘ib qilish, aholining, ayniqsa, qishloq joylarda yashovchi yoshlarning ma’naviy olamini yanada boyitish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun shart-sharoitlar hozirlash, o‘zlari yoqtirgan kasb-hunar va badiiy havaskorlik san’atining turli yo‘nalishlari bilan shug‘ullanishlari hamda iste’dodlarini namoyish etishlariga qulay imkoniyatlar yaratish, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizga yuqori saviyada madaniy xizmat ko‘rsatishni tashkil etishdan iborat. Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Madaniyat va sport ishlari vazirligining buyrug‘iga asosan avval faoliyat ko‘rsatgan 1777 ta madaniyat uylari va klub muassasalari negizida 894 ta zamonaviy Madaniyat va aholi dam olish markazlari tashkil etilib, hozirgi kunda davlat dasturiga asosan ushbu markazlar kapital ta’mirlanib, ularning moddiy texnik bazasi to‘liq yangilanmoqda. Shuningdek, kelgusida 2018 yil yakuniga qadar joylarda 10 ta yangidan qurilgan zamonaviy binolarga ega bo‘lgan Madaniyat va aholi dam olish markazlari barpo etiladi. 

Ma’naviy-ma’rifiy muassasalar jamiyatda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ayniqsa, mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy islohotlarni aholi o‘rtasida tushuntirishda asosiy targ‘ibot maskanlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Mamlakat rahbari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy muassasalar faoliyatiga katta e’tibor berilganligining sababi nimada, degan savol tug‘iladi. Buning boisi shuki, ma’naviy-ma’rifiy muassasalar avvalo inson omiliga xizmat qiladi. Uning ma’naviyatini shakllantiradi. Yana bir muhim xususiyati bir paytda bu yerda aholining 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan qatlami bilan ishlash imkoniyatlari ham bor.

Ayni kunlarda 190 ga yaqin markazlarda ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilib, foydalanishga topshirildi. Ularda 1062 ta turli xil to‘garaklar, studiyalar va badiiy havaskorlik jamoalari faoliyat olib bormoqda. Markazlar shinam xonalar, kerakli cholg‘ular va zamonaviy mebellar hamda boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlanganligi bois xalq ijodiyoti jamoalari va badiiy havaskorlik to‘garaklari qatnashchilar soni avvalgi yillarga qaraganda qariyb 4 ming nafarga ko‘paydi. Pullik to‘garaklar 2015 yilda 133 ta bo‘lib, qatnashchilar 870 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich 2016 yil yarim yillik natijalariga ko‘ra 287 ta, ya’ni 154 taga ko‘payib, qatnashchilar soni 2140 nafarga yetdi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 1270 nafar ko‘pdir. Ushbu ijobiy ko‘rsatkichlar joylarda madaniyat markazlariga yoshlarni jalb etish bilan birgalikda ularni tarbiyalashda badiiy ijodning o‘ziga xos imkoniyatlaridan samarali foydalanayotganligimizning yorqin namunasidir. Madaniyat va aholi dam olish markazlarida o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atida o‘chmas iz qoldirgan ustoz san’atkorlar ijodini o‘rganish va targ‘ib qilish, boy ma’naviy merosiga ehtirom ko‘rsatish, mumtoz qo‘shiqchilik san’ati yo‘nalishida ijod qilishga jazm qilgan yosh iste’dodlarni izlab topish va ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston xalq artistlari Komiljon Otaniyozov, Tavakkal Qodirov va O‘zbekiston xalq hofizlari Ma’murjon Uzoqov, Eson Lutfullaev, Orifxon Hotamov ijodiga bag‘ishlangan ko‘rik-tanlovlar, “Keksalar kuylaganda” nomli adabiy-badiiy kechalar, xalq havaskorlik jamoalari, ashula va raqs ansambllari hamda folklor-etnografik jamoalarining “Nurli navolar” deb nomlangan festivallari o‘tkazib kelinmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirligi tizimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Madaniyat va sport ishlari boshqarmalari, Xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar respublika ilmiy-metodika markazi hamda 13 ta hududiy Xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodika markazlari, 37 ta professional teatr, 894 ta Madaniyat va aholi dam olish markazlari, ularda faoliyat ko‘rsatayotgan “Xalq” va “Namunali” unvonga ega bo‘lgan 70 ga yaqin xalq teatrlari, 60 dan ortiq folklor jamoalari, 128 ta ashula va raqs xalq ansambllari, 28 ta vokal-cholg‘u estrada xalq ansambllari, 3 mingdan ortiq badiiy havaskorlik to‘garaklari, Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 29 dekabrdagi 322-son qaroriga asosan rekonstruktsiya qilinayotgan va qayta ta’mirlanib foydalanishga topshiriladigan 225 ta Madaniyat va istirohat bog‘lari, 200 taga yaqin shahar, tuman madaniyat va sport ishlari bo‘limlari hamda yana bir qancha madaniyat va san’at muassasalari ishlab turibdi. Demak, ularning har birida albatta, birinchi rahbar, o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbarlari faoliyat ko‘rsatishi va ayni chog‘da respublikamizda ijtimoiy sohaning eng yirik jabhalaridan biri bo‘lgan madaniyat va san’at sohasini boshqarishga, uni rivojlantirishga, istiqbolini belgilashga mas’ul bo‘lgan rahbar xodimlar, ya’ni menejerlar kerak. Ushbu yo‘nalishdagi kamchilik va muammolarni bartaraf etish, madaniyat va san’at sohasi uchun zamonaviy kadrlarni tayyorlash masalalarini yanada takomillashtirish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2012 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida madaniyat va san’at sohasini boshqarish, sohada zamonaviy boshqaruv madaniyatini shakllantirish, tub islohotlarni amalga oshirish, madaniyat va san’at menejerlarini tayyorlash, shuningdek, ushbu soha boshqaruvining eng nozik jihatlari, mas’uliyati, madaniyat va san’at muassasalariga rahbarlik qilishning o‘ziga xos xususiyatlari va talab etiladigan fazilatlariga doir boshqa zarur nazariy va ilmiy-amaliy manbalarga tayangan holda bo‘lajak boshqaruvchilarni o‘qitish, tarbiyalash maqsadida yangi “Madaniyat va san’at menejmenti” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

So‘zimizning boshlanishida keltirilgan iqtiboslardan ko‘rinib turibdiki, mustaqil O‘zbekiston davlatini oyoqqa turg‘azish, taraqqiy ettirish, odamlar tafakkurini o‘zgartirish, o‘zbek xalqini dunyoga tanitish va tan oldirish kabi juda ko‘plab, juda yirik va chigal muammolar, qiyinchiliklar mavjud bo‘lishiga qaramay mamlakatimizning Birinchi Prezidenti 

Islom Karimovning yuksak ma’naviy jasorati tufayli xalqimizning ko‘p asrlik madaniyati, san’ati va ma’naviyati saqlab qolindi. Nafaqat saqlab qolindi, qayta tiklandi, rivojlantirildi, taraqqiy ettirildi va yuksakliklarga ko‘tarildi. Madaniyatimiz, san’atimiz, qolaversa, milliy manfaatlarimizning haqiqiy jonkuyari va himoyachisi Birinchi Prezidentimiz  hammamiz, ayniqsa, madaniyat va san’at sohasi ijodkorlari uchun ma’naviy jasoratning yorqin timsolidir. Millatimiz, xalqimiz qahramonlarini sharaflash, eng ulug‘ va mo‘’tabar milliy iftixorimiz bilan g‘ururlanish hissi bizni har doim bunyodkorlik ishlariga chorlab tursin.

Buyuk ma’naviy jasorat sohibidan bizga meros bo‘lib qolgan vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi farzandlarimiz, bugungi va kelajak avlodlarimiz uchun chinakam e’tiqodga aylansin. 

 

Azamat HAYDAROV, 

Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi direktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − sixteen =