Muammoga xolis yondashuv


Hisob-kitob, mablag‘ aylanishi tizimini tartibga solishda qo‘l keladigan plastik kartochkalar, ularning afzalligi haqida ko‘p gapirildi, yozildi. Yildan-yilga hayotimizga chuqurroq singib borayotgan ushbu muomala vositasi atrofida yechimini kutayotgan muammolar hali yetarli. Oylik maoshlar, pensiya va nafaqalar nega endi yuz foiz kartochkaga o‘tkazilyapti, bozor-o‘char uchun naqd pul ham kerak-ku, degan savolga deyarli har kuni duch kelamiz. Gap shundaki, plastik kartochkaning muomalaga kiritilishi nafaqat naqd pulsiz hisob-kitobni amalga oshirishni, balki mamlakat iqtisodiyotini barqarorlashtirish, moliyaviy tizimni mustahkamlash, inflyatsiyaning oldini olish, naqd pulning bank orqali aylanishini ta’minlashni ham nazarda tutadi. Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti I. Karimovning “2011–2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi 2010 yil 26 noyabrda qabul qilgan qarori ham mazkur dolzarb vazifalarni bajarishga qaratilgan va shu asosida qayd etilgan yillarda plastik kartochkalar sonini 1,5 baravar ko‘paytirish belgilangan. Mamlakat iqtisodiyotining barqarorlashuvi shu yurt fuqarolarining farovon hayoti uchun muhim. Farovon turmush esa osongina osmondan tushmaydi, o‘tish davrining o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bo‘ladi. Iqtisodiy mustaqillikka erishgan davlatlar necha yillik tarixga ega va boshidan nimalar kechirganini yodga olish kifoya. Buni har birimiz to‘g‘ri anglashimiz lozim. Ayni vaqtda yuqoridagi savol ham o‘rinli. Negaki, plastik kartochkada pul bo‘lsayu terminal bo‘lmasa, bu ham ko‘zlangan maqsadlarga ertaroq erishishga monelik qiladi. Axir, ko‘p hududlarda terminalsiz ishlayotgan savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari anchagina. Yoki terminalni ishlatish vaqti-soatini belgilab olgan puxtalar ko‘paygan. Uzoqqa bormaylik, Toshkent shahri Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi hamkasbimizning aytishicha, ishdan qaytayotib kunlik xarid qilinadigan mahsulotlarni olmoqchi bo‘lgan. Ammo plastik kartasida uch million so‘m puli bo‘laturib hech vaqo ololmagan. “Atrofimizdagi nechta do‘konni aylandim, – deydi u. – Birida terminal yo‘q, birida boriyam ishlamayapti, menda esa naqd pul yo‘q. Shuncha pulim bo‘lsayu kerakli narsani ololmasam, deb diqqat bo‘ldim”.

 

Bunday hollar aksariyat hududlarda, ayniqsa, chekka tumanlarda tez-tez uchrab turadi. Ushbu masalaga biz jurnalistlar befarq bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Shu bois plastik kartochka atrofidagi gap-so‘zlar bugunning dolzarb mavzularidan biri sifatida ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida turibdi. Har chorakda gazetamizda berib boriladigan monitoring natijalarini ko‘zdan kechirarkanmiz, qator viloyat va tuman nashrlarida ushbu mavzuda chop etilgan materiallarga duch keldik. Misol tariqasida “Xalq irodasi” gazetasi (Namangan)ning shu yil  21 iyuldagi sonida berilgan “Do‘kon bor-u terminal yo‘qmi?”, “Mehnat va turmush” gazetasi (Farg‘ona)ning joriy yil 4 avgust sonidagi “Plastik kartochkalarni joylarda ishlatilishini kim nazorat qiladi?”, “Denov ovozi” gazetasi (Surxondaryo)ning 27 sentyabrdagi “Plastik vasvasasiga yo‘liqqan sudxo‘rlar yoxud mavzuga qaytib” singari tanqidiy-tahliliy maqolalarni ko‘rib chiqdik. Bular shunchaki ermak uchun yozilmagan, fikr-mulohazalar misollar bilan asoslangan. Afsuski, buni to‘g‘ri talqin qilmaydigan rahbarlar va ularning haybarakallachisi bo‘lgan hamkasblarimiz ham topiladi. “Mehnat va turmush” gazetasida yuqorida qayd etilgan maqolaga raddiya shaklida “Farg‘ona haqiqati” gazetasining 13 avgust sonida chop etilgan “Tahlil ishonchli, tanqid asosli bo‘lsin!..” anonim maqolani o‘qib shunday xulosaga keldik. “O‘z muxbirimiz” imzosi bilan berilgan mazkur maqola muallifi hamkasblarining chiqishini pashshadan fil yasash deb baholagan. Biroz jaydari bo‘lsa-da, qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi, degan gap bor, taassufki, buyurtma vaziyatlarda cho‘qishi ham mumkin ekan. Holbuki, “O‘z muxbirimiz”ning fikricha, “ortiqcha his-hayajon, bir yoqlama xulosa va yengil-elpi qarash” bilan yozilgan maqolani o‘qigan har bir kishi “Mehnat va turmush” gazetasi muxbiri ko‘targan muammolarning haqiqatdan mavjudligini ta’kidlaydi. Anonim muallif bu borada olib borilayotgan ishlarni sanab o‘tib, mana, shuncha ish qilinyapti-ku, demoqchi bo‘ladi. To‘g‘ri, tashkilotlar bergan hisobotlarni sanab ko‘rsatadigan bo‘lsak, hech qanday muammo ko‘rinmaydi, hammasi silliq kechayotgandek tuyuladi. Biroq bu jarohatni davolamay ustini qo‘l bilan bekitib o‘tirishga o‘xshaydi. O‘z maqolasi sarlavhasida qayd etganidek u qilgan “tanqid asosli” bo‘lsa, nega ism-sharifini oshkor etishni istamadi, degan savol tug‘iladi. Jarohatga malham bosilganda, jon og‘rishi aniq, ammo undan tezroq xalos bo‘lish uchun shunday qilish zarurligini ham tushunish kerak, nazarimizda. Aks holda bunday muammolar to‘planib-to‘planib, yana bir qancha “Ahmadboy”larni maydonga chiqaradi. Avval boshida hech kimni “norizo” qilmagan bu odam, ko‘pchilikning katta-katta mablag‘i hisobiga puldan xirmon uygani naqd pul muammosining chuqurlashuviga hissa bo‘lib qo‘shilmadimi?! Hozir ham o‘nlab plastik kartochkalarni yig‘ishtirib olib, yigirma foiz ushlab qolish evaziga naqdlashtirib berayotgan ustomon foizxo‘rlar hamma bozorlarda topiladi. Bir oylik ish haqining shuncha qismi behuda uchib ketishini hech kim xohlamaydi, afsuski, ba’zida shunga majbur bo‘ladi kishi.  

Bugun Respublikamiz Bosh vazirining elektron qabulxonasi ishlab turgani va u orqali bo‘layotgan fuqarolar murojaatlarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, muammolar yechim topayotganidan ko‘pchilik xabardor va bundan fuqarolarimiz mamnun. Mana, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun  talablariga muvofiq ushbu demokratik jarayondan xalqimiz ham, jamiyat ham ziyon emas, foyda ko‘rmoqda. Shunday jarayonlarda to‘rtinchi hokimiyat vakillari ham faol, ham xolis bo‘lishi ularning burchi, vazifasiga kirmaydimi?

 

 

Ayni paytda respublikamizning barcha hududlarida mavjud bo‘lgan naqd pul muammosini hal etish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda? Bugungi kunda savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini terminallar bilan ta’minlanish darajasi qanday? Bankomatlarni ko‘paytirish va undan aholining foydalanish darajasini oshirish imkoni bormi? Mablag‘ aylanishini to‘g‘ri izga solish va nazorat qilish uchun qanday islohotlar olib borilyapti?

Ushbu savollar bilan Respublika Markaziy bankiga murojaat qildik va Rais o‘rinbosari M. Eshmatov imzosi bilan quyidagicha javob oldik:

– Respublikamizda naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish borasidagi olib borilayotgan ishlar natijasida bank plastik kartochkalari orqali to‘lovlarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda hamda zamonaviy bank texnologiyalari asosida yangi xizmat turlari joriy etilayotir. Amalga oshirilgan ishlar natijasida respublika bo‘yicha 2016 yilning 1 sentyabr holatiga ko‘ra, muomalaga chiqarilgan bank plastik kartochkalari soni 18,7 million donani tashkil etib, yil boshiga nisbatan 2,4 milliontaga ko‘paydi.

Savdo va pullik xizmat ko‘rsatish shaxobchalariga o‘rnatilgan to‘lov terminallari 202,9 mingtaga yetgan va yil boshiga nisbatan 19,8 mingtaga oshgan. Bundan tashqari, aholi gavjum bo‘lgan joylarda to‘lovlarni uzluksiz qabul qilish maqsadida plastik kartochkalar orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi 3,3 mingtadan ortiq ko‘p funktsiyali infokiosk va bankomatlar o‘rnatilgan. Joylarda o‘rnatiladigan bankomatlarda naqd pul boyliklari saqlanishini hisobga olsak, ularning xavfsizligini ta’minlash ancha miqdorda xarajatlarni taqozo etadi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, aholiga plastik kartochkalar (orqali naqd pul mablag‘larini yechish amaliyoti) hamda zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida hududlarda, ayniqsa, chekka qishloqlarda tijorat banklarining filial, mini-bank va maxsus kassa shoxobchalari tashkil etilgan. 

2016 yil 25 fevralda Markaziy bank hamda Banklar assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlangan yagona tariflar rejasiga asosan joriy yilning 1 martidan boshlab plastik kartochkalardagi qoldiq mablag‘larga Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan kam bo‘lmagan miqdorda, ya’ni (yillik) kamida 9 foiz miqdorida qo‘shimcha foiz hisoblanishi belgilangan.

Bugungi kunda, to‘lovlarni masofadan amalga oshirish imkonini beruvchi “Click”, “M-Vank”, “Uzcard”, “U-Pay”, “Mobilsavdo”, “Sms to’lov”, “Pay me” to‘lov xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Endilikda plastik kartochkalardan uyali telefonlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri (mijoz o‘zining va boshqa yaqinlarining uy va mobil telefonlari balansini to‘ldirish, ayrim kommunal to‘lovlar, internet, kabel televidenie, boshqa plastik kartochkaga mablag‘lar ko‘chirish) to‘lovlarni amalga oshirish hamda bank plastik kartochkasidagi mablag‘larni boshqarish imkoniyatiga ega. 

– Xalqimiz ushbu imkoniyatlardan foydalanib, o‘z haq-huquqlarini himoya qila olyaptimi, bu borada mutasaddi, hamkor tashkilotlar qanday choralar ko‘rmoqda? – savol beramiz yana bir respondentimizga.

– O‘zbekiston Iste’molchilar federatsiyasiga ham savdo-sotiqqa doir e’tirozlar, murojaatlar bo‘lib turibdi. Bularning bir qismi bank plastik kartochkalari bilan bog‘liq, – deydi O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot va axborot bo‘limi boshlig‘i Umida Mansurova. – O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, qirqqa yaqin davlat va nodavlat tashkilotlari, kompaniyalar, agentlik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda olib borayotgan chora-tadbirlarimizning har birida plastik kartochkalarga oid mavzular bor. Aholining bu boradagi muammolarini o‘rganib, ijtimoiy so‘rovnomalar tashkil qilib kelyapmiz. “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga binoan ko‘rsatilayotgan xizmatlar to‘liq hajmda, belgilangan muddatda va sifatli amalga oshirilishi kerak. Ba’zan iste’molchilarimiz andisha qilib yoki vaqtini qizg‘anib, bizga murojaat qilishdan voz kechadi. Bu esa xizmat ko‘rsatish tartib-qoidalari buzilishi yoki naqd pulsiz hisob-kitob chog‘idagi muammolarning ko‘payishiga olib keladi. 

Tashkilotimiz xorijiy tajribalarni umumlashtirib, o‘rganib bormoqda. Ayni paytda Federatsiyaning bir guruh vakillari Hindistonda iste’molchilar huquqlari, bank-moliya sohasidagi masalalar bo‘yicha tajriba almashinyapti. Bundan tashqari, Birinchi Prezidentimizning 2015 yil 6 maydagi “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalarida plastik kartochkalar orqali hisob-kitob tizimining afzalligini ko‘rsatadigan “Bank plastik kartochkalari zamonaviy, qulay va ishonchli to‘lov vositasi” mavzuidagi plakatlarni 7000 nusxada chop ettirib, hududiy birlashmalarga yetkazib berdik. Ko‘proq samara berayotgan tadbirlarimizdan biri “Ochiq eshiklar kuni”. Qaysi viloyatdan ko‘proq murojaat tushgani hisobga olingan holda, avvalo, o‘sha hududdagi muammolarni o‘rganib, tadbirlar tashkil qilyapmiz. Ularda tegishli sohalar vakillari, jumladan, bank muassasalari xodimlari taklif etiladi va aholining savol hamda murojaatlariga javob berishadi. “Adolat” partiyasi bilan hamkorlikda poytaxtimizning Yashnobod tumanida joylashgan 55 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ishtirokida tashkil etilgan ochiq eshiklar kuni ham samarali bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasi, Markaziy bank, “Ipoteka” banki, “O‘zsanoatqurilishbank” hamda tuman soliq inspektsiyasi vakillari ishtirok etdi. Tadbirda mamlakatimizdagi mavjud plastik kartochkalar, banklarning kun tartibi, pensiya va nafaqa pullarini plastik kartochka orqali olish, savdo-sotiq paytida xarid qilingan mahsulot uchun sotuvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchining ortiqcha mablag‘ yechib olish holatlari singari qator muammolar joyida hal etilishiga erishildi…

Ko‘rib turganingizdek, garchi mavzuga oid vaziyatni yaxshilash borasida sa’y-harakatlar qilinayotganiga qaramay, mutasaddi tashkilotlarga berilgan savollar javobini to‘laqonli deb bo‘lmaydi. Nima ham derdik, hozircha mavjud muammolarga yechim topilishiga umid qilib qolamiz. Axir, bir oilaning kam-ko‘stini bitirguncha necha yillar kerak bo‘lishi ma’lum-ku! Buni davlat miqyosida amalga oshirish uchun qancha vaqt sinovi zarur bo‘lishini ham bir chamalab ko‘raylik. Jarayonni tezlatish esa, albatta, o‘zimizga bog‘liq…  

 

Xolida FAYZIYEVA

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 20 =