HAYOTBAXSH SO‘Z

– Ibrohim aka, o‘zbek adabiyoti jahonning qadimiy va boy adabiyotlaridan biri hisoblanadi. Necha asrlardan buyon Parij, London, Oksford, Berlin singari o‘nlab shaharlarning nufuzli xalqaro kitob jamg‘armalari va muzeylarida saqlanayotgan bebaho ma’naviy boyliklarimizga bugun o‘zimiz egalik qilayapmiz. Endi o‘z adabiy merosimizni asrab-avaylash, ulardan kelgusi avlodni bahramand etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Keling, suhbatimizni azaldan dunyo e’tiborini tortgan mumtoz adabiyotimiz, umuman, Sharq mamlakatlarining o‘ziga xos ruhiy iqlimi haqida boshlasak…

 

– Olam doimiy harakatda: o‘sib o‘zgarishda, yangilanish va yasharishda, tug‘ilish va quvonishda. Sharq bilan o‘arb o‘rtasiga – buni asl xalqimizning tilida kun botish va kun chiqish deb shoirona atab kelishgan – zarracha ham g‘ov qo‘yib bo‘lmaydi. Tabiatning o‘zida bunday g‘ov va to‘g‘onning o‘zi yo‘q. Lekin Quyoshning Sharqdan chiqishi hammaga ma’lum. Quyosh yo‘liga hech qanday g‘ov bo‘lmaganidek, Yer yuzida ham o‘zaro foydali va ezgu bordi-keldilar doim davom etib kelgan, insoniyat bir-birini tanigan-bilgan, bir-biridan o‘rgangan, bir-biriga qarab qaddi-qomatini rostlagan. 

Ayon haqiqat shuki, tarix, madaniyat avvalda Sharqda yaraldi. Quyosh nurlari oldin mashriq zaminlarga yoyilganidek. Odam so‘z aytishni, muloqotni, harf tanish, xat bitish, doston kuylashni Sharqda bildi. Keyin bu ulug‘ ne’matlar asta-sekinlik bilan Kun botar yerlarga tarqaldi. Miloddan ilgarigi ming yilliklar mobaynida Kun chiqish yerlarida shaharlar, qal’alar paydo bo‘ldi, odamlar qo‘rg‘onlarda istiqomat qildi, tiriklik ne’matlarini faqat qurol kuchi va yordami bilan yaratish, saqlash, muhofaza qilish va ilgari siljitish, ibtidoiy darajadan madaniy darajaga o‘tish mumkinligini va bor narsalarni saqlash, avaylash zarurligini anglab yetdi. Ehromlar shuning uchun qurildi: Gilgamesh, Mahobhorata, Iliada-Odisseya, Alpomishlar shuning uchun yaratildi. Normanlar, saksonlar, slavyanlarning eposlari ancha keyinroq, gilgameshlardan ulush, rang-bo‘y, maza olib dunyoga keldi. Meditsina Bobildan chiqib, Misrga va undan Yunonga o‘tdi: Al-Majistiy-Ptolemeylardan so‘ng Ar-Roziy, Ibn Sinolarga o‘tdi. Ibn Sino aylanib Yevropaga, Italiya, Frantsiya, Germaniya, Ispaniyaga o‘tib, Avitsenna bo‘ldi, Al-jabr algebraga, usturlob Astronomiyaga aylandi. Tarixiy-madaniylik mag‘rib zaminlarda madaniylik-zamonaviylik-amaliylik kasb etdi. o‘arb omochni mexanizatsiyalashtirdi. Pifagor, Galiley, Koperniklar chiqdi. Forobiyning “Fozillar shahri”ga muqobala va tabdilan “Quyosh shahri” yaratildi. Mashriq bilan Mag‘ribning ruhiy yaqinliklari cheksiz. Lekin Sharqni o‘arb, o‘arbni Sharq kashf etishi har zamonlarda har turli bo‘ldi. Salb yurishlarida o‘arb Sharqni qilich kuchi bilan o‘zlashtirishga urindi. Lekin yuz yilning nari-verisidan ortiqqa bormadi. Hozirda ham Sharqning qadim makonlari Shom, Iroq, Afg‘on yerlarida shunga o‘xshash harakatlar garchi boshqa maqsadlar bilan bo‘lsa-da, davom etmoqda. Butun insoniyat ko‘z o‘ngida qiyomat qoyim – oxir zamon manzaralari zohir bo‘lmoqda. Ilgari qit’alardan qit’alarga ko‘chish, yangi qit’alarni egallash ezgulik, madaniy alomat bo‘lsa, endigi qochqinlik- ko‘chishlar, aslo ezgulik, madaniy alomat bo‘lmay qoldi. Terroristlarni, ekstremistlarni kim yoki kimlar qurol-yarog‘lar bilan ta’minlayapti, yashirin tarzda qo‘llayapti, – deganga o‘xshash omonsiz savollar hozirgi zamon afkor ommasida tobora qat’iyat bilan o‘rtaga qo‘yilyapti. Terrorni terror bilan yo‘qotishga harakatlar butun zaminda boshi-keti ko‘rinmaydigan og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda tinchlik-omonlik diyorining barpo etilishi yer yuzi xalqlari uchun har tomonlama ibratdir. O‘zbekistonning bironta harbiy askari boshqa yerlarga yuborilmaydi va O‘zbekiston boshqa harbiy ittifoqlarga hech qachon qo‘shilmaydi, O‘zbekiston omonlik mamlakati bo‘lib qoladi degan ulug‘ siyosat yuritilayotgani BMT uchun ibrat namunasidir. Sharqning o‘ziga xos ruhi deganda, biz avvalo, mana shular nazarda tutilayotganligini anglaymiz. Sharqning ruhi bu avvalo omonlik ruhi. Taraqqiyotning asosi urushlar emas, faqat va faqat omonlik! O‘zbek xalqi omonlik xalqi deyilayotganining ma’nosi shu qadar keng va ta’sirli. Omonlikni biz hozirgi dunyo tsivilizatsiyasining eng oliy mevasi va natijasi deb bilamiz. Omonlik va adolat kontseptsiyasi endilikda yer yuzi xalqlari uchun eng umidbaxsh va hayotbaxsh kontseptsiyadir. San’at, adabiyot, madaniyat shunga xizmat qiladi. Bularning boshqa ma’nosi yo‘q va boshqa ma’nolari bor, deyilsa, bu faqat ma’nosizlik, xolos! 

– Siz jahon adiblarining ko‘plab mashhur asarlarini tarjima qilgansiz. Ayniqsa, bitta jumlaning o‘zi kitobda butun sahifani tashkil qiladigan Markesning “Buzrukning kuzi” yoki Jeyms Joysning “Uliss” romanlari mashaqqatli mehnatingiz evaziga ona tilimizda dunyo yuzini ko‘rdi. Bu asarlarning ichiga kirib borganing sari Yevropa adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlari, nafosati va idrokini his etib boraveramiz. Ayting-chi, hozirgi kitobxonlar bunday murakkab asarlarni ommaviy ravishda qabul qilishiga ishonasizmi?

– Yuksak insonparvarlik va insoniy olijanoblik ruhida yozilgan asarlarni ularning shakli va uslubi murakkab, qiyin degan bahona bilan o‘qimaslik bu – andisha va mulohazakorlik bilan gapirganda ham, nari borsa, ma’naviy yoki aqliy yalqovlikdan boshqa narsa emas. Ma’lumki, psixologiyada yalqov odam g‘ayrat bilan ishlamaslik uchun juda-juda ko‘p bahonalarni o‘ylab topadi. Boshi-oxiri yo‘q vaj-korsonlarni to‘qib chiqaradi. Joys, Markes, Kafka singari adiblarning asarlarini o‘qish va uqish qiyin degan gaplarni doim chaynab yurishadi. Lekin keling, rosmana tan olib aytaylik, Navoiyni, Boburni, Forobiy, Sino, Beruniy, Xorazmiylarni o‘qish osonmi, qachon oson bo‘lgan? Ammo shuni unutmaslik kerakki, har qanday o‘qish va o‘rganish odamdan aql va aql kosasi miyaning g‘ayrat-shijoati, qunt-ixlosini talab qiladi. Bular bo‘lmasa, inson o‘qish va o‘rganishda hech qanday natijalarga erisholmaydi. Yuz marta, ming martalab murakkab va qiyin degandan ko‘ra, bir marta yaxshilab o‘qib chiqish kifoya. Aqlli odam bunga vaqt ajrata oladi. Qiyin va murakkab deb ataladigan adiblarning qiyinligi va murakkabligi ulardagi aql, fikr, hissiyot jarayonlarining o‘ta teranligi, zichligi va doim tanglikda ifodalanganligi bilan belgilanadi. Axir, qanday qilib Nitshening “Zardusht tavallosi” yoki “Inson, faqat insonga xos” degan asarlarini o‘qimay, ongimizga o‘zlashtirmay turib, qanday qilib Platon, Suqrot, Arastu va ulardan keyingi yangi platoniklarni, Dekartu Kantlarni, Sino falsafasini, Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”ini tushunamiz. Holbuki, bular hammasi bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Bular va bulardan keyingilarda Mag‘ribu Mashriq, Shimolu Janub juda qattiq tutashib ketgan. Bular ma’naviy ruhiy meridianlarimiz: birining eshigi orqali ikkinchisining, uchinchisining… eshiklari ochila boradi. Buni tushunmaganlar uzoqqa chopolmay ostonasining tagidan nari ketolmay, ko‘lmakdagi tilla baliq bo‘lib o‘tiraveradi. Atrofimizga qaraylik, achchiq bo‘lsa ham, noto‘g‘rimi? Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfining eng yaxshi asarlari nima uchun yozildi? Anglamasak? Xulosa chiqarmasak? o‘afur o‘ulom, Cho‘lpon, Qodiriyning olamshumul gumanizmi qaerga boradi, nima qiladi? Anglamasak? Xulosa chiqarmasak? O‘zimizga kundalik hamroh qilib olmasak? Holbuki, eng yuksak gumanizm, millatparvarlik shularda-ku, shularning eng g‘ayratli izdoshlarida-ku? 

– Maktabda savod chiqarishni o‘qish kitobdan boshlab, sabog‘ini insho bilan yakunlashimiz bejiz emas. Matnni to‘g‘ri o‘qish va uqish, talqin qilish ham bir san’at. Masalan, hazrat Navoiyning g‘azallarini qanday bo‘lsa shundayligicha o‘arb tillariga o‘girish noimkon ko‘rinadi. Bundan ko‘ra asliyati qulay. Sizda ham shunday paytlar bo‘lganmi? Umuman, adabiy til nuqtai nazaridan qaraganda, milliy tilimizning imkoniyatlari qay darajada, deb o‘ylaysiz? 

– Ona tilimizning qudrati va salohiyati Mirrixga va undan olisdagi yulduzlarga ko‘tarilishimizga ham kifoya qiladi. Frantsuz tili o‘z-o‘zidan frantsuz tili deb nom chiqargan va mashhur bo‘lgan emas. Uning mashhurligi va shoni ming yillardan beri bu tilda faol tarzda rang-barang asarlar yozilib kelayotganida, hamon har yili unda necha minglab kitoblar, yangi romanlar yozilayotganida va faol o‘qilayotganida. Agarda faol va tashnalik bilan o‘qilmaganda edi, unda bunchalik ko‘p va xo‘b kitoblar yozilmasdi va teatrlarda qo‘yilmasdi va muxlislar yarim yillab chiptalarga navbat kutib turmasdi. O‘zbek tilining frantsuz tilidan qolishadigan kam-kemtik joyi yo‘q. Grammatikani poeziyadan ham ortiq ko‘raman: matematika, fizika, informatika, astronomiya, geometriyadan ham ortiq menga o‘zbek grammatikasi. Har qanday so‘z, har qanday ifoda yaratsa imkoni bor. Navoiy shu tilda yozib, dunyo va milliy adabiyotda tengsiz ulug‘ oqim yaratgan. Bu tilda yaratiladigan afzalliklarni u o‘n sakkiz ming olamga barobar ko‘rgan. Erkin Vohidov Gyotening olamga mashhur va badiiy jihatdan juda-juda murakkab “Faust” asarini shu tilda maqomi oliy darajada tarjima qildi-ya. Abdulla Oripov-chi? Dantening “Ilohiy komediya”sining “Do‘zax” qismini qanchalar mavzun va uyg‘un o‘zbek tili bilan o‘girmadimi va Italiya she’r shaklining go‘zal o‘zbekiy muqobillarini yaratmadimi! Tarixdan misollar keltiradigan bo‘lsak, Qutb Xorazmiy degan ulug‘ shoirimiz Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Shirin” dostonini eng baland fasih she’r uslubida o‘zbek tilimizga o‘girib bermadimi yoki Sayfi Saroyi degan otashzabon donishmand shoirimiz Sa’diy hazratlarining “Guliston”ini o‘zbek tilida muqobilini yaratmadimi? Keyingi XX asrda jahon adabiyotlaridan o‘zbek tiliga mashhuru manzur tarjimalar esa savodxon kitobxonlarimizga yaxshi tanish. Bular bari ona tili va adabiy tilimizning jahon tillari qatoridagi qudrati va keng imkoniyatlaridan yaxshi daraklar beradi. Fitrat 1919 yilda yozgan “Tilimiz” degan maqolasida o‘zbek tili dunyodagi eng boy va shoirona ifodaviy tillar qatorida turadi. Lekin agarda Xorazmiy, Forobiy, Zamaxshariy, Ibn Sino, Beruniy va shular singari boshqa adibu mutafakkirlarimiz o‘z turkiy tillarida asarlarini yozganlarida, uning shuhrati bundan ming karra ortiq ortgan bo‘lardi deb armon qilgan edilar. Tilda qancha ko‘p asar yozilsa, u shunchalar charxlanadi, sayqallanadi, tilda qancha ko‘p va har bir sohada qancha ko‘p muloqot qilinsa, u shunchalar boyib, kengayib, chuqurlashib boradi. Tilda ibora va so‘z birligi qancha ko‘p va rang-barang bo‘lsa, bu tilning ifoda imkoniyatlari shunchalar qudratli tus oladi.

Kimki muz yurak bo‘lsa, 

O‘ylama eritmakni,

Ming quyosh yoqib qo‘ysang,

Qilmag‘ay asar zoe –

deya Erkin Vohidov kuyib yozgan edi. Shunday til ichida beparvo yurganlar, shunday til yonidan hissiz, shuursiz o‘tib borayotganlar bor. Til ularga asar qilmaydi yoki bu tilning ravnaqi ustida aslo qayg‘urmaydilar. Ona tilimizning ikki rahmsiz dushmani bo‘ladi: biri bosqinchi dushmanlar; ikkinchisi, shu tilga mansub beparvolar, ya’ni parvoyi palaklar. Dunyoda shunday parvosizlik tufayli xudoyim yaratgan necha tillar unutilib, yo‘qolib ketgan, necha tillar juda tor doiralarda cheklanib qolgan. Tilimiz so‘z yasash, yaratish shakllari behad boy til, so‘zlar yasashga, har qanday xorij tillari bilan raqobatga qobil til. Bu tilimizda Navoiy davrida yuzlab harbiy tushunchalar amalda edi. Hozir ularning aksari unutilgan, ya’ni qo‘llanishdan chiqqan, ya’ni boshqa tildan kirgan tushuncha va terminlarga o‘rin bo‘shatib bergan. Bu mustamlakachilik zulmining natijasi. Ularni hozir tilimizga faol olib kirmasak va olib kirishning oqil yo‘llarini izlamasak, bu bizning beparvo mas’uliyatsizligimiz oqibati. Istiqlol tufayli qonun-qoidalarning o‘ziga mos va xos milliy shakllari va uslublari yaratildi. Bu juda katta tarixiy-madaniy g‘alaba, o‘zbek tilining yangi zamonlardagi g‘alabasi. Yaxshi bilib qo‘yish kerak: muomala, muloqot, nutq madaniyati, yozma va og‘zaki madaniyat avvalo — grammatikani yaxshi va chuqur bilishdan boshlanadi. Ona tilini bilmasa ham, yaxshi matematik bo‘lishi mumkindir. Ammo u hech qachon matematikaning yaxshi sharhlovchisi va yana muhimi, matematikaga muhabbat uyg‘otuvchi bo‘lolmaydi. Shuning uchun tilning kimyosi ustida har bir yurtini, millatini, tarixini sevgan odam bosh qotirishga chorlangan. Biz o‘z-o‘zicha emas, tilimiz bilan birga o‘zgarib boramiz. Odam muhitidagi, ruhoniyatidagi, uhroviy, ladunniy dunyosidagi o‘zgarishlar tilga ham ko‘chadi va unda o‘z aksini topadi. Bu shoyon jozibador jarayon. Kecha hech qachon “axborot uzatish”, “ma’naviyat tamoyillari”, “madaniy qadriyatlar”, “muloqot amaliyoti”, “ijtimoiy-madaniy baholash”, “rasmiy-idoraviy til” va hokazo demaganmiz. Hozir bunday tamomila yangi iboralar yuzlarcha, balki minglarcha. Biz bu iboralarni matnlarda uchratganda yo eshitganimizda ular anglatadigan ma’nolarnigina tushunamiz. Umumiy til – koyne doirasida yangi kitobiy, ilmiy, ma’lum darajada sun’iy bo‘lib ko‘rinadigan til jadal rivojlanyapti. Matbuot, televidenie, radio, teatr sahnalarida til ifoda o‘zgarishlari behad katta. Hozir biz Navoiy, Qodiriy, Oybek, o‘afur o‘ulom tilida jonli muloqot qilayotganimiz yo‘q. Bular va ular kabilar adabiy tilimizning bebaho xazinalari. Biz jonli og‘zaki tilda so‘zlashganimizda adabiy-madaniy merosimizni tashkil qilgan manbalarga ham dam-badam murojaat qilamiz. Tilda grammatika qabul qilgan normalardan ham uzoqlashishlar tez-tez uchrayotganiga duch kelamiz. Bu tabiiy tilimizning tinmasdan boyib kengayib borayotganligini ko‘rsatadi. Bu tilda Joysni ham, Kafkani ham, Anna Axmatova, Yevgeniy Yevtushenkoni ham zavqlanib-zavqlanib tarjima qilish mumkin.

– Milliy adabiyotimiz ravnaqi yo‘lida olib borgan ilmiy tadqiqotlaringiz ham tahsinga loyiq. Lekin “Mening romanlarim” deb atagan mansuralaringiz adabiy jamoatchilik e’tiborini tortdi. Erkin she’r janriga juda yaqin bo‘lgan bu nasriy nazmlarni tartibga keltirib, o‘quvchilar hukmiga havola etishingizga nima turtki bo‘ldi? 

– Ijodkor o‘z tabiati, ko‘proq yuragiga mos fikr shaklini, yana ham to‘g‘risi, ifoda shaklini qidiradi. Qanday qilsam men faqat o‘zimga xos, boshqa ijodkorlarni takrorlamaydigan tarzda gapiraman, fikr, muloqot yuritolaman, – deb birinchi navbatda qayg‘uradi. O‘z fikr, ifoda tarzini qidiradi. Busiz u boshqalardan farqli, original ijodkor bo‘lib yetisholmasligini anglaydi. Shuning uchun u birinchi navbatda o‘z ijodiy tilini topishga urinadi. Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshonqul, Isajon Sulton, Abduqayum Yo‘ldoshevning yozayotganlariga e’tibor qiling. Til e’tibori bilan ular juda ham rang-barang. Birontasi o‘tmishdagi bironta adibimizga o‘xshamaydi. Balki mavzularda o‘xshashliklar juda ko‘pdir. Ammo ifoda uslublari g‘oyatda takrorlanmas. Shoyim Bo‘taning tili Qo‘chqor Norqobil yoki Sobir O‘nar tilidan keskin ajralib, o‘z qiyofasi bilan ko‘zga chalinadi. Har kim o‘z qalbiga yarasha usul topadi. Mansuralarda men fikr va eng muhimi, fikrning ifodaviy erkinligini sevib qolganman. Badiiy erkinlik deganda poetik ifoda erkinligini tushunganman. Aqlim, ko‘ksimda fikr qanday hayajonli qobiqda uyg‘onsa yoki tug‘ilsa, shunday hayajoni bilinib turadigan tarzda qog‘ozga tushirishga intilaman. Qog‘ozga tushirganda, juda ko‘p hayajonlar, xayol rang-barangliklari yo‘qoladi. Ijodkor shunday yo‘qotishlardan ko‘p iztirob chekadi. Ammo uzuq-yuluqlikdan qutulolmaydi. Mansuralar fikrlardagi portlashlarning vayronalari. Ulug‘ arab shoiri Qays ibn al-Mulavvahdan “O‘lganlar muhabbat azobidan qutuladilarmi?” – deb so‘raganlarida, u: “Men bormayman oldingga, sen ham meni chaqirmaysan. Qancha zamonlar o‘tti, O‘lgan ko‘zlarimdan oqmas endi ko‘zyoshlar. Mening ruhoniy ko‘zlarim esa yig‘lab yoturlar hamon”, deb javob bergan ekan. Mana shu mansuraviy fikr. Shoir o‘lgan ko‘zning yig‘lab yotishini mislsiz tasvirlaydi. Ko‘z oldingizga keltirasiz bu qurimas ishq bulog‘ini. Mansuralarning fikr burilishlari, tovlanishlari bepoyonligi meni hayratga soladi. 

– Kitob do‘konlarini ko‘p aylanaman. Baribir xalqimiz kitobxon. Xususan, sizda kitobga qiziqish va mehr qachon uyg‘ongan? O‘qigan kitoblaringizni hech hisoblab chiqqanmisiz? Cir bo‘lmasa, ayni paytda kitob javoningizda nechta kitob bor? Hammasini o‘qib chiqqanmisiz?

– Javonimdagi barcha kitoblarni sanamaganman: balki o‘n ming, balki yigirma ming bordir, ehtimol ko‘proqdir. Talabalik yillarimda juda ko‘p kitoblar sotib olardim. Shunchalar ko‘pki, hali hammasini o‘qib ulgurmaganman. Yosh ulg‘aygan vaqtlarda vaqt ko‘proq o‘zingga qolarkan: o‘tgan asrda o‘qiy olmagan kitoblarni endi birin-sirin o‘qiyapman. O‘sha paytlarda o‘qimaganimga achinaman. Ko‘p haqiqatlar ellik yil ilgari emas, mana, endi yuzini ko‘rsatyapti. Ammo baribir kitob o‘qishga o‘tirgan ondan ham va kitob ichiga sho‘ng‘igan ondan ham baxtliroq damni bilmayman. 

– Umuman, yaxshi kitob o‘qiganda qanday holatga tushasiz?

– Bu savolingizga boyagi Mulavvahning bir shohona bayti bilan javob berib o‘tsam. Chunki xuddi mana shu tobda bu savollaringizga javoblarimni o‘ylab o‘tirib, Qays ibn al-MULAVVAHni o‘qiyapman. Jigarso‘zon shoir savolingizga mendan ko‘ra yaxshiroq javob aytadi deb o‘ylayman, ya’ni: “Doimo yangidir mening g‘amlarim, Doimo yangidir muhabbatim ham”. Barchalariga ko‘pdan-ko‘p salomlarim va muhabbatimni yo‘llayman. 

 

 Adiba UMIROVA gurunglashdi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + five =